Toshkent hokimining rus millatchilari tadbiriga izn bergani tarmoq tanqidiga uchradi
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev poytaxt bo‘ylab 9 may kuni Rossiyaning «O‘lmas polki» yurishi o‘tkazilishiga 4 aprelda rasman ruxsat berdi.
Rus armiyasiga oshiq o‘zbek poytaxti hokimi toshkentliklarga urushda o‘lgan askarlar rasmini ko‘tarib, «Mangu olov» yonigacha yurib borishni taklif qildi.
O‘zbekistonda 9 mayni rus armiyasi an'analariga xos nishonlashga har yilgidan oshiqcha g‘ayrat ko‘rsatilmoqda. Shahar hokimining bayonotiga ko‘ra, bu yil 9 mayga atab sovet davridagi «Birodarlik qabristoni» yodgorlik majmuasi ham qayta ta'mirlanadi.
Ayni tadbir ijtimoiy tarmoqda «Bu bizdan emas» fleshmobi faollari tomonidan qoralanmoqda.
«Agar «G‘alaba kuni» Rossiyaning rasmiy kuni bo‘lsa, bu sanani istaganlar borib Rossiya elchixonasida yoki «Rossotrudichestvo» ofisida nishonlashsin», deya taklif qildi tarixchi Anvar Nazir.
O‘zbekistonda bu tadbir prezident Mirziyoev iqtidorga kelganidan keyin, 2017 yildan buyon, ijtimoiy tarmoqdagi milliy mustaqillik tarafdorlari qarshiliklariga qaramay, o‘tkazib kelinmoqda.
2018 yili Rossiyaning 2-jahon urushiga bag‘ishlangan «O‘lmas polk» tadbiri ijtimoiy tarmoqdagi faollar qarshiligiga duch kelgan va ular «Bu bizdan emas!» fleshmobini boshlashgan edi.
Shundan so‘ng Toshkent shahri hokimligi «O‘lmas polk» yurishi o‘tkazilmaydi, degan xabar tarqatgan, lekin bu O‘zbekistonda rus militaristlari shiorlarining ko‘tarilishiga aslo monelik qilgani yo‘q.
Rassom Kirpi
Eltuz.com