Catira
29 yanvar 2020

Qalbaki diplomni tasdiqlagan komissiya tanqid ostiga olindi

O‘zbekistonlik olima Gulsara Shermatova ijtimoiy tarmoqda qoldirgan 28 yanvar kungi postida «chet ellardagi yuqori malakali PhD unvoniga ega kadrlarning» mamlakatga qaytishiga to‘sqinlik qilayotgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tanqid qildi.

«Mamlakatga kelib, chet elda olgan diplomini nostrifikatsiya qilaman, degan PhD unvonli mutaxassis, birinchidan, bizning fan nomzodi bo‘lib qoladi, chunki bizda fan nomzodi chet elning eng yuqori ilmiy darajasi bo‘lmish PhD ga tenglab qo‘yilgan. Ya'ni chet elda yoqlangan diplomning mavqei O‘zbekistonda past baholanmoqda va undan keyin yana doktorlik dissertatsiyasi yoqlash kerak bo‘ladi. Aslida rivojlangan davlatlarining nufuzli jurnallarida 10-15 ta maqolasi chop etilgan, taniqli ilmiy markazlarda ixtirolari tan olingan PhD nomzodlarining saviyasi bizning chetda zo‘rg‘a 2-3 maqola chiqargan fan doktorlari va hatto akademik unvonlariga ega ba'zi olimlarning saviyasidan yuqoridir. Odatda ular xorijiy tillarni yaxshi bilishadi, dunyo fan yutuqlaridan doimo xabardor va O‘zbekistonda ilmiy guruh va markazlar tashkil qilishga, yoshlarga ustozlik qilib, malakali kadrlar tayyorlashga qodir olimlardir», deya yozdi Shermatova feysbuk sahifasida.

Olimaning fikricha, chet elda olingan PhD diplomi fan nomzodi emas, balki fan doktoriga tenglashtirilishi kerak. Ikkinchi muammo esa nostrifikatsiya jarayonining o‘ta byurokratlashtirilganidir.

«Kerakli ro‘yxatlar 8 ta punktdan iborat. Agar biron hujjat yetishmasa, nostrifikatsiya qiyinlashadi. Masalan, ko‘pgina iqtidorli yoshlar o‘z kuchi bilan oliygohni tamomlab, grantlar yutib olib, mustaqil, ixtiyoriy ravishda chet ellarda aspiranturani bitkazib PhD unvoni olishgan», deya yozadi Shermatova.

Chet elda o‘qib kelgan mutaxassisdan talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatiga, Shermatovaga ko‘ra, ilmiy muassasaning chet elga o‘qishga yo‘llanmasi yoki buyruq, talabgorning ish joyidan tasdiqlangan shaxsiy varaqasi, mehnat daftarchasi kabi  hujjatlar kiritilgan.

Lekin chet eldan malakali kadrlarning kirishiga qo‘yilayotgan ayni byurokratik to‘siqlar O‘zbekistonda ayrim shaxslarning qalbaki  PhD diplomini rasmiylashtirib ishga kirishiga monelik qilayotgani yo‘q.

Masalan, shu yilning 7 yanvar kuni qalbaki PhD diplomi fosh bo‘lgan Samarqand «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori bo‘lgan 43 yashar Azamat Akbarov ishdan olindi.

«Ozodlik» radiosining yozishicha, Akbarovning ilmiy darajasi to‘g‘risidagi qalbaki xorijiy diplomni Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tan olgan. Hujjatlarda sobiq prorektorning PhD ilmiy daraja diplomi Saraevo shahrida (Bosniya va Gertsegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universiteti tomonidan berilganligi ko‘rsatilgan.

Ayni universitetda ikkita odamda shunday diplomning borligi va ularning ikki xil ekanligi shubha uyg‘otgan. Diplomlar 2019 yilning dekabrida Tashqi ishlar vazirligi orqali so‘rov jo‘natilib, ilmiy ekspertizaga yuborilgan. Buning natijasida diplomlarning biri, ya'ni OAK rayosatining 2019 yil 28 fevraldagi 262/1-qarori bilan nostrifikatsiya qilingan (tan olingan) xorijiy falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki ekanligi aniqlangan.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 sentyabr 2016
O‘zbek xalqining buyuk shoiri Rauf Parfi 1943 yilning 27 sentyabrida tug‘ilgan edi. Ushbu sana munosabati bilan uning yaqin do‘stlaridan ...
19 oktyabr 2015
Eltuz manbalariga ko‘ra, tuman bo‘yicha hozircha uchta maktab o‘quvchilarining paxta terimiga chiqarilgani haqida aniq ma'lumotlar bor. Bular Oltinko‘l tumani, ...
4 dekabr 2019
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqidagi ...
5 may 2016
O‘zbekiston fuqarosi 36 yashar Muborakxon Usmonova o‘z jazmani 55 yashar Aziz Chalishqon (Aziz Çalışkan) tarafidan 27 aprel oqshomida bo‘g‘ib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...