Catira
17 fevral 2020

Oltinsoyda kim kimni urdi?

Joriy yilning 15 fevral kuni o‘zbek ijtimoiy mediasi IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi videolar muhokamasiga to‘la bo‘ldi.

Tasvirlarda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Xalqobod mahallasi ahli va IIB xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani aks etgan.

Voqea guvohlarining tarmoqdagi iddaolariga ko‘ra, tuman IIB boshlig‘i ham norozilarni do‘pposlagan.

To‘qnashuv aks etgan videodan skrinshot

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati esa mahalla aholisi huquq-tartibot idoralari xodimlariga tayoq, bolta, belkurak va tosh bilan hujum qilgani va oqibatda ikki nafar xodimi yaralanganini ma'lum qildi.

Mazkur voqeaga munosabat bildirgan Bosh prokuratura noqonuniy qurilgan uy-joylar «Oqoltin manzarasi» fermer xo‘jaligiga qarashli paxta va g‘allaga mo‘ljallangan ekin yer maydonining jami 0,39 gektarida ekanligini, 6 nafar fuqaro yerni noqonuniy egallab, 235,35 kvadrat metr maydonda yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan uy-joy qurib olganini yozgan edi.

Bosh prokuratura Surxondaryoda aholi uylari buzilishi ustida chiqqan janjalda ichki ishlar bo‘limining 2 xodimi va 1 fuqaro jarohatlanganini ma'lum qildi.

Bayonot mazmunidan 14 fevral kungi janjal uchun mas'uliyat «noqonuniy qurilgan» uy-joyi buzilishiga qarshi chiqqan oilalarga yuklangani tushuniladi:

“2020 yil 14 fevral kuni ishchi guruh a'zolari yuqorida ko‘rsatilgan manzilga borib ko‘rilganida, 3 nafar fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan bo‘lsa-da, ko‘chib kirib olganligi aniqlangan. Ishchi guruh tomonidan noqonuniy qurilgan uy-joylarni buzib olishlari tushuntirilganida, avvaldan to‘planib turgan fuqarolar hokimiyat vakili va IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatishgan”.

Jurnalist Ibrat Safo o‘zining FBdagi sahifasida Oltinsoydagi qonli to‘qnashuv haqida Bosh prokuratura tarqatgan izohni qanday tushunganini tasvirlaydi.

“Hokim, prokuror va melisalar juda muloyim amakilar, odamga o‘xshab tushuntirib iltimos qilishgan. Ularga choy-poy ham taklif qilinmagan.

Bu fermer xo‘jaligida qurilgan uylar shu to‘qnashuv bo‘lishidan bir kun oldin tap etib osmondan tushgan. Ichidagi odamlari bilan. Yerda yotgan do‘ppili boboy aslida Marsdan kelgan.

To‘qnashuv aks etgan videodan skrinshot

To‘qnashuvda qonga belangan oddiy fuqaro kasalxonaga yotqizilgan. Bitta melisa esa “engil tan jarohati” olgan. Bechora melisa. Boshi yorilgan kishi esa undan muloyimgina o‘z sayyorasiga surish so‘ralayotgan payti shaytonlab o‘zini urib qonatgan, shekilli.

Bu muloyim amakilar odamlarga uy qurish uchun boshqa yer berilishini, iqtibos keltiraman, “va'da qilishgan”. Va'da. Shartnoma yo qaror emas, va'da. (Agar ular yerni noqonuniy egallab olgan bo‘lsa, nega ularga boshqa yer va'da qilinyapti?)

Yerni ularga kimdir sotganmi, kim sotgani, qanchaga, qachon – ma'lumot yo‘q, chunki hali aytganimdek, bu uylar kecha osmondan tushgan.

Prezident unumdor yerlarni qattiq nazorat ostiga olishni buyuribdi. Unumdor yerlarda yashayotgan odamlarning ota-onasini sudrab, ko‘tiga tepib chiqarilsin, degan joyi ko‘rinmadi qarorda.

Osmondan tushgan uylar turgan fermer xo‘jaligining nomi “Oqoltin manzarasi” ekan… Mana oq oltin manzarasi. Balki endi “Qora qon manzarasi”ga o‘zgartirilar».

O‘zbekistonda uylar buzilishi bilan bog‘liq noroziliklar bundan oldin Xorazm va Qashqadaryoda ham yuz bergan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2020
O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida bolalar mehnatiga barham berilishi, kattalar majburiy mehnatining sezilarli darajada kamayishida O‘zbekiston inson huquqlari forumi (sobiq O‘zbekiston-Germaniya ...
23 noyabr 2016
Avvaliga ijtimoiy tarmoqda feyk akkauntlar orqali tarqalgan, Gulnora Karimovaning o‘lgani yoki tirikligiga oid xabarlar tezgina o‘zini jiddiy deya sanagan ...
15 may 2023
«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 1992 yil 15 may sonidan lavha «Islom Karimov ‘Ozodlik’ radiosi va ‘Amerika ovozi’ vakillari bilan uchrashdi» ...
27 dekabr 2018
Toshkentning Nukus ko‘chasida, Mirobod bozori yaqinidagi maydonda 21 dekabr kuni poytaxtlik xonanda Dilnur Komilov qattiq kaltaklandi. Qonga botgan, og‘ir ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...