Vaqt mashinasi
28 aprel 2020

28 aprel – Benito Mussolini va uning jazmani Klara Petachchi qatl etildi

Natsistlar Germaniyasi ittifoqchisi, yangi Rim imperiyasini qurish g‘oyasini ilgari surgan Yevropaning so‘nggi diktatorlaridan biri, duche (dohiy) Benito Mussolinining o‘limi bugungi kun diktatorlari uchun ham o‘rnakdir.

Ikkinchi jahon urushi poyoniga yetayotgan 1945 yili Mussolini Milanga keladi. Bu vaqtda u Italiya shimolidagi Valtelline vodiysida qarshilik harakatlarini boshlash yoki Shveytsariyaga qochib yashirinish niyatida bo‘lgan.

Mussolini avvaliga o‘z ittifoqchilari bo‘lgan nemis generallariga mamlakatda hali ham harakatdagi nemis qo‘shinlari iqtidorda ekanini tushuntirmoqchi bo‘ladi, biroq natsistlar allaqachon taslim bo‘lganini bilgach, qochish tadorigini ko‘radi.

26 aprel kuni Mussolini o‘z safdoshlari bilan vodiyning Komo shahriga kelib, mahalliy hukumat binosiga joylashadi. O‘sha kuni kechasi kichik bir otryad bilan Shveytsariya sari yo‘lga chiqadi.

Mussolinining ko‘pchilik safdoshlari va yaqinlari partizanlarning qasd olishidan qo‘rqib, ulardan o‘zlarini chetga olishga harakat qilishadi.

Jumladan, Mussolinining rafiqasi o‘sha kuni tongda eri bilan xayrlashadi, marshal Gratsiani esa taslim bo‘lishni afzal ko‘radi.

Nemislardan ham ko‘ra o‘z dohiylari dushmanroq

26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi Mussolini o‘ziga hamroh bo‘lgan qochoqlar bilan qariyb 200 kishilik nemis otryadiga borib qo‘shiladi.

Sal o‘tib ularga Mussolinining jazmani Klara Petachchi, Italiya irqchi partiyasi sarkotibi Alessandro Pavolini qo‘shiladi.

Musso qishlog‘i yaqinida kolonnani partizanlar to‘xtatadi. Biroq ularning komandiri kolonnadagi nemis otryadiga yo‘lida davom etishga ruxsat etadi.

Nemis leytenanti Mussoliniga unter-ofitser mundirini kiydirib, uni yuk mashinasi kuzoviga yashirgan edi. Partizanlar mashinani ko‘rikdan o‘tkazishganida ulardan biri Mussolinini tanib qoladi.

Partizanlar asir olingan diktatorni Dongo qishlog‘idagi bir uyga olib borishadi.

Diktatorning 10 yil sarson bo‘lgan jasadi

28 aprel kuni soat 16:10 da Metsegra qishlog‘i chekasida Mussolini va uning jazmani Klara Petachchi qatl etiladi.

Mussolini va Petachchi murdalari Milanga keltiriladi va Pyatstsa Loreto maydonida oyog‘idan osiladi.

Ayni maydonda 1944 yilning 10 avgustida 15 nafar aksilfashist partizan qatl etilgan edi. Sirtmoqni uzishganidan keyin ham ularning jasadi bir muddat oqova suv arig‘ida yotgan.

1 may kuni Mussolini va Petachchining murdalari Milandagi qashshoqlarga mo‘ljallangan Chimitero Majiore qabristonidagi nomsiz lahadga ko‘miladi.

1946 yili Mussolinining jasadi Domeniko Lechchizi boshchiligidagi uch nafar irqchi fashist tomonidan qazib olinadi va o‘g‘irlab ketiladi.

Jasadni o‘sha yilning avgustida topishadi, biroq o‘n yil davomida bir siyosiy qarorga kelinmagani bois ko‘milmasdan qolib ketadi.

Hozirgi paytda Italiyaning so‘nggi diktatori jasadi u tug‘ilgan Predappio shahridagi oilaviy qabristonga dafn etilgan.

2011 yili Italiyada «Dohiyning jasadi» (ital. Il corpo del Duce) hujjatli filmi ishlangan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 sentyabr 2016
«Kun.o‘z» sayti banklardan hatto tashkilotlar ham maosh uchun naqd pul olishda muammolarga duch kelayotganini yozdi. O‘zbek matbuotidagi bu kabi ...
9 iyun 2023
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib siz bilan birgaman. Sizlarning yuzingizga qarab tabassum qilish imkoniga ...
21 may 2017
O‘zbekiston prezidentining tergov jarayoniga oid yangi qarori ijobiy baholanayotgan bo‘lsa-da, mamlakatda kuchli advokatura, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot ...
12 iyun 2022
Avangard san'atning minglab qimmatli namunalari saqlanayotgan o‘zbek muzeylari va mamlakatda faol ijod qilayotgan 500 dan ortiq rassom ijodi O‘zbekiston ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...