17 may – Gazli zilzilasi
1976 yilning 8-17 aprelida O‘zbekistonning tabiiy gaz olinadigan hududida joylashgan Gazli shahrida birin-ketin turkum yer qimirlashlari yuz berdi.
Dahshatli voqea guvohlari birinchi bo‘lib shaharni hayvonlar, itlar, mushuklar, eshaklar tark etib qochishga urina boshlaganini eslashadi.
Ilk zilzila 8 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:41 da 8-9 ball atrofida yuz berdi va shaharning yarmi yakson bo‘ldi.
Ikkinchisi, dastlabkisidan ancha kuchli zilzila o‘sha yilning 17 mayida 12 ballik shkalada 9-10 ball darajasida yuz bergani qayd etildi.
Voqea guvohlari yer avvaliga vertikal, keyin gorizontal tarzda borib-kelib silkina boshlaganini eslashadi.
Zilzila natijasida Gazli shahri yer bilan yakson bo‘lgani, bino va inshootlarning 90 foizi vayron bo‘lgani, 20 mingdan ziyod aholi jabr ko‘rgani aytiladi.
Seysmologlarning ogohlantirishi tufayligina bu safar qurbonlar kam bo‘lgani aytiladi, garchi bu yuzadan shaharda ilmiy ish olib borayotgan moskvalik aspirant qizning gapini ko‘pchilik jiddiy qabul qilmagan.
Gazli zilzilasi bo‘lgan davrda shaharga yondosh aholi maskanlarida ham turli darajada yer qimirlashi kuzatilgan.
Jumladan, Buxoro va Romitonda 7 ball, Zarafshon, Tomdibuloq, Qorako‘l va Chorjo‘yda 6, Beruniy, Urganch, Xiva, Navoiy, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand va Jizzaxda 5, Toshkent, Olmaliq, Angren, Chirchiq, Qarshi, Denov va Termizda 4, Nukus, Andijon va Farg‘onada 3 ball yer qimirlashlari qayd etilgan.
1984 yili shaharni tiklash uchun qurilishlar boshlangan ayni zilzila o‘chog‘ida 7.2 magnitudadan ziyod darajadagi yer qimirlashi hali o‘zini o‘nglashga urgurmagan shaharni tag‘in vayron qildi.
8 yil ichida bitta joyda 7 magnitudadan ziyod darajadagi zilzilalarning takrorlanishi dunyo seysmologiya tarixida kamdan-kam kuzatilgan holatdir.
Gazli zilzilasi texnogen xarakterga ega bo‘lgani, ya'ni ekspertlar falokatning hududdagi konlardan nazoratsiz tarzda tabiiy gaz olinishi natijasida yuz berayotganini aytishadi.
To bugungacha Gazlida har yili 5-8 bor turli darajadagi yer qimirlashlari muttasil qayd etib kelinadi…
Eltuz.com