Toshkentda transvestitlar «ovi»
Kvartirada uch nafar yosh yigitlar bo‘lishgan. Kadrda shuningdek, ayol ichki libosi va parik kiygan, shuningdek yuziga quyuq upa-elik qilib olgan yigit ham namoyon bo‘ladi.
Videoda hokimiyat vakillarining uyatsiz gaplar bilan so‘kingani, voqea joyidagilarni tiz cho‘ktirib qo‘yishgani, ayol libosini kiygan yigitdan pasportini keltirishni talab qilishgani aks etgan.
Yigit pasportini olib kelib, ko‘zida yosh bilan uni qo‘yib yuborishlarini yalinib so‘raydi. «Mening oilam bor, iltimos, buni mening oilam bilsa, o‘zimni o‘ldiraman», deydi u.
Bunga javoban, militsiya xodimlari bilan birga kelgan, fuqarolik kiyimidagi shaxs, ayol kiyimidagi shaxsning yuziga qarab tepadi. Tikka turgan, videoga olmaslikni iltimos qilayotgan boshqa erkaklarini ham tiz cho‘kishga majbur qiladi. Transvestitga qarab, TIIBga shu alfozda, ya'ni ichki kiyimida borishini aytadi.
Videoni chop qilgan telegramm tarmog‘idan foydalanuvchiga ko‘ra, 2015 yilning avgust oyida, Toshkent TIIB profilaktika nozirlaridan biri ushlanganlarga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 120 moddasi, ya'ni «besoqolbozlik» (erkak bilan erkakning zo‘rlik ishlatmasdan bir biriga jinsiy ehtiyojini qondirishi) ayblovini qo‘ygan, bunga ko‘ra uch yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
O‘zbekistonda seksual ozchiliklar huquqi va gomoseksualizm mavzusi mahalliy OAV va jamoatchilik munozaralari uchun to‘la yopiq, erkaklar bilan erkaklar o‘rtasidagi seksual aloqalar esa mamlakat jinoyat kodeksiga ko‘ra taqiqlangandir.
Eltuz.com