O‘FF Vadim Abramovni tiliga erk bergani uchun futboldan chetlatdi
16 dekabr kuni Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov futboldan chetlatildi.
O‘zbekiston futbol federatsiyasi – O‘FF qo‘mitasi uning futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlashtirilgani haqida qaror chiqardi.
Qarordan ayon bo‘lishicha, Abramov O‘zbekiston futbol federatsiyasi yig‘ilishida o‘z fikrini aytgani uchun chetlatilgan.
Qarorda, jumladan, uning «O‘FF va O‘zPFL hamda ularning rasmiylari sha'niga nisbatan noto‘g‘ri fikrlar bildirganligi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar bo‘yicha keng jamoatchilik o‘rtasida nosog‘lom fikrlar vujudga kelishiga sabab bo‘layotganligi uchun» chetlatilgani bildiriladi.
Biroq Abramov yig‘ilishda aynan nimalarni gapirgani va kimlarni yo‘ldan urgani haqida rasman hech qanday ma'lumot yo‘q.
Abramov shu yilning 5 iyunida Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan edi.
Qarorda Abramovning jazo muddati qachon tugashi haqida ma'lum qilinmagan, uning nomuayyan muddatga futboldan chetlatilgani aytiladi.
Eltuz.com