Ruhiy shifoxona tutquni Jamshid Karimov haqidagi film treyleri chiqdi
Marhum prezidentning jiyani Jamshid Karimov haqida tasvirlar olayotgan jurnalist Ulug‘bek Ashur 22 dekabr kuni film treylerini taqdim etdi.
U 40 minutlik hujjatli filmning «Eltuz» nashri orqali to‘liq namoyishini yanvar oyi oxirlariga rejalagani haqida bildirdi.
Filmda Jamshid Karimov Samarqand ruhiy kasalliklar shifoxonasida unga nisbatan bo‘lgan shafqatsiz munosabat, orttirgan asoratlari haqida gapiradi.
Mustaqil jurnalist Jamshid Karimov o‘z faoliyati bois, deyarli 11 yil Samarqanddagi ruhiy kasalliklar shifoxonada majburiy hibsda saqlangan edi.
Jamshid Karimov amakisi boshqargan hukumatni tanqid qilgani va xalqaro ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilgani uchun 2005 yilning sentyabrida hibsga olingan edi.
Sud uni majburiy ruhiy davolash haqida hukm chiqardi. Karimovning o‘zidan esa majburiyatga rozilik 2006 yili majburlash yo‘li bilan olindi. U 2011 yili qisqa muddat ozod etildi, biroq ikki oy o‘tmay, tag‘in majburiy davolanishga qaytarildi.
Jamshid Karimov 2017 yilning boshida ozod etildi. Bu haqdagi film «Eltuz» nashri bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.
Video: https://youtu.be/OKh4H0VyMDg
Eltuz.com