16 yanvar – Talabalar shaharchasidagi isyon bostirilgan kun
1992 yilning 16 yanvarida Toshkentning Talabalar shaharchasida stixiyali namoyish Islom Karimov buyrug‘i bilan shafqatsiz bostirilgan edi.
Shu kuni men odatdagidek hamkasbim Muhammad Bekjon bilan birga «Erk» gazetasini sahifalayotgan (vyorstka qilayotgan) edik… Gazetaning shu kungi soni mutlaqo boshqa fotosuratlar va materiallar bilan bosilishini xayolimga ham keltirmagan edim.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, qo‘zg‘olonni tarqatish chog‘ida ikki talaba halok bo‘lgan, o‘nlab namoyishchilar yaralangan.
Biroq o‘sha kuni gazetamiz fotografi Abdug‘anining avzoyini, uning yuzidagi qo‘rqinchli titroqni ko‘riboq voqea ko‘lami ancha katta ekanini tasavvur qildim.
Garchi talabalarning chiqishiga non va boshqa oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi sabab bo‘lgani aytilsa-da, bu voqeaga mamlakatda demokratiyaning tanazzuli boshlangan nuqta deya baho berish mumkin.
Siyosiy faoliyat o‘chog‘ining tugatilishi
16 yanvar voqeasigacha Toshkentdagi Talabalar shaharchasi mamlakat yoshlarining siyosiy faoliyatini belgilovchi norasmiy markaz vazifasini bajarib kelayotgan edi.
1988 yili boshlangan norasmiy harakatlar – o‘zbek tiliga davlat maqomini berish, mustaqillik uchun namoyishlar, parlament va prezident saylovlaridagi ommaviy faollikni bunga misol keltirish mumkin.
Qayta qurish shiddati bilan Boltiqbo‘yi mamlakatlarida boshlangan mustaqillik uchun kurash to‘lqini bu paytda Toshkentga yetib kelgandi.
1987 yili yotoqxonada uch-to‘rt hamfikr kursdosh g‘oyasi o‘laroq tuzganimiz «O‘zbekiston erkin yoshlari» harakati tezgina butun Talabalar shaharchasi bo‘ylab kengaydi.
Uyushma nizomi uzoq-yaqin boshqa o‘quv yurtlari bo‘ylab yashinday tarqala boshlaganini ko‘pchilik safdoshlarim bugun ham eslaydi.
Keyinchalik bu harakat mamlakatdagi demokratik muxolifat – ya'ni «Birlik» va «Erk»ning asosiy tayanch kuchiga aylandi.
Shu bois, talabalarning 1992 yilgi isyoni hukumatning ulardan, keyin esa mamlakatdagi muxolifatdan birato‘la qutulishiga bahona bo‘lib xizmat qildi.
Voqeadan so‘ng Toshkentdagi talabalar zudlik bilan rejadan tashqari ta'tilga chiqarildi, viloyatlardan kelib o‘qiyotgan talabalar esa avtobuslarga solinib, poytaxtdan olib ketildi.
Talabalarni poytaxtga qaytarmaslik choralari
Ayni voqeadan so‘ng Karimov hukumati tuzgan komissiya viloyatlardagi talabalarning poytaxtga qaytmasligi choralarini ko‘ra boshladi.
Toshkentga viloyatlardan kelib o‘qish kvotalari keskin qisqartirildi.
Siyosiy faoliyat o‘chog‘i sanalgan ToshDU jurnalistika fakulteti Talabalar shaharchasidan ancha uzoqda joylashgan eski huquqshunoslik kafedrasi o‘rniga ko‘chirildi, huquqshunoslik kafedrasi esa butunlay tugatildi.
Viloyatlarda ilmiy mutaxassislar, professor domlalarning kamligi, oliy ta'lim sifatining pasayishi kabi muammolar hech kimni o‘ylantirmadi.
Talabalar shaharchasidagi oliy o‘quv yurtlari va yotoqxonalar atrofida baland panjaralar paydo bo‘ldi.
Keyingi o‘zgarishlar esa demokratik qadriyatlardan birin-ketin yuz o‘girish bilan davom etdi.
Qudrat Bobojon
Eltuz.com