Andijon tug‘ruqxonasi farroshi IIB xodimlari uni urishganini aytmoqda
Andijon shahri 2-tug‘ruqxonasi farroshi 33 yashar Odinaxon Ergasheva 9 iyun kuni ichki ishlar xodimlari uni telefon o‘g‘irlaganlikda gumon qilib, Andijon shahri 4-IIBga olib borib kaltaklashgani, majburlab aroq ichirishganini iddao qildi.
«Bitta kasalning telefoni yo‘qolib qoldi. Mening smenamda yo‘qolgan. O‘sha kuni topilibdi ham. Meni urib, qiynashganidan keyin…».
Ergasheva o‘z intervyusida 6 iyun kuni uni Andijon shahri 4-IIB qidiruv bo‘limi xonasiga olib kirishib, qidiruv bo‘limi boshliqlari nazorati ostida kaltaklashganini bildiradi.
«Ko‘kartirmaydigan qilib ur. Ko‘kartirma buni. Ichini to‘k», deb rosa o‘rgatib turdi ikkitasi. Qolgan uch kishi esa meni urdi», dedi u.
Ergasheva, shuningdek, IIB xodimlari uning og‘ziga majburlab aroq quyishganini aytadi:
«Bo‘ynimni bunday qilishib, achchiq narsa quyishdi. «Nima bu?» dedim, «aroq» deyishdi, burnimni bekitib turib, ichasan, deyishdi».
Andijon viloyati IIB 9 iyun kuni voqea yuzasidan tarqatgan xabarida chindan ham yo‘qolgan telefonning bemor yotgan xonadan topilganini e'tirof etdi.
Biroq IIB Odina Ergashevani ichki ishlar xodimlariga tashlanib, bezorilik qilganlikda ayblamoqda.
Odina Ergasheva kaltaklardan keyin tez-tez hushidan ketayotganini, shifoxonadagi hamkasblari esa uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga ham rozi bo‘lishmayotganidan shikoyat qilmoqda.
«Eltuz» 12 iyun kuni kun davomida Ergasheva bilan bog‘lanishga urindi, biroq uning telefoni aloqadan uzilganicha qoldi.
Eltuz.com