Asosiy mavzular
13 yanvar 2020

Bosh prokuratura Gulnora Karimova villasidan topilgan san'at asarlari xatlanganini bildirdi

11 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hibsda saqlanayotgan Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyidan topilgan san'at ashyolari haqida bayonot berdi.

Prokuraturaning bayon qilishicha, Shveytsariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda Gulnora Karimovaning Jeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san'at ashyolari milliy boylikka taalluqli hamda ularning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Avval Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi yashash manzillarida tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyatga ega deb topilgan, umumiy qiymati 12,7 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan 985 turdagi san'at asari (rangtasvir, so‘zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog‘ochdan ishlangan milliy hunarmandlik buyumlari va hokazolar) aniqlangan va xatlangan.

– Qayd etilgan rangtasvir va san'at asarlari, sud hukmiga ko‘ra, davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘zbekiston amaliy san'ati va hunarmandlik tarixi davlat muzeyi, Farg‘ona viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi, Andijon viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi, Chirchiq shahri tarix muzeylariga topshirildi, – deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Shu kuni Gulnora Karimovaning farzandlari tomonidan yuritilayotgan Instagram sahifasida raddiya paydo bo‘ldi, unda Bosh prokuraturaning bayonoti «yolg‘on» deyiladi.

Imon va kichik Islom Karimovlar o‘zbek prokuraturasi bayonotida onasiga tegishli bo‘lmagan uy surati taqdim etilganini bildirgan.

«Shu bois, biz singlim bilan haqiqiy uy fotosurati va manzilini taqdim etamiz», deyiladi Karimova farzandlari bayonotida. 

Biroq Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyida ilgari O‘zbekiston muzeylarida bo‘lgan san'at asarlarining borligi 2013 yilda tasdiqlangan. Shveytsariyada yashovchi siyosiy qochqin Safar Bekjonov Karimovaning bo‘sh yotgan uyiga kirib, u yerdagi mulklarni videotasvirga olgan edi. U o‘z aktsiyasi bilan o‘shanda jamoatchilik e'tiborini «diplomat» Karimovaning hashamatli uyiga sarflangan pullarga qaratmoqchi bo‘lgan edi.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, Karimova Jeneva ko‘li sohilidagi bu uyni 2009 yili 18 million shveytsariya frankiga xarid qilgan. 

Joriy yilning 8 yanvar kuni Toshkent shahri sudida Gulnora Karimovaga qarshi qo‘zg‘atilgan to‘rtinchi jinoyat ishi bo‘yicha yopiq sud boshlandi. Karimova davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va O‘zbekiston manfaatlariga zid bitimlar tuzishda ayblanmoqda.

Aniqlanishicha, Gulnora Karimova «boshqa shaxslar bilan til biriktirib, davlatga tegishli «Quvasoytsement» va «Bekobodtsement» paket aktsiyalarini pasaytirilgan narxlarda sotib olgan, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

2019 yil mart oyidan boshlab Gulnora Karimova Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-umumiy rejimdagi koloniyada saqlanmoqda. 

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2017
O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilariga darsxonalarni isitish uchun o‘tin solig‘i solinmoqda. Jumladan, «Eltuz»ning Andijondan olgan xabariga ko‘ra, shahardagi 29-maktab o‘quvchilariga ko‘mir ...
4 mart 2021
Til mavzusi bizni 70-80-yillardan boshlab qiynab kelayotgan mavzu edi. Albatta, u paytda o‘zbek tili davlat tili sifatida emas, balki ...
27 fevral 2021
26 fevral kuni tuzilajak «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial- demokratik partiyasi tashabbuskori, iqtisod fanlari doktori Xidirnazar Allaqulov uyidan kuch ishlatar ...
2 iyun 2017
1 iyundan mamlakat ichki bozorida GM Uzbekistan avtomobillari milliy valyuta – so‘mga sotiladigan bo‘ldi. Bu haqda shirkat raxbariyati 31 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...