Asosiy mavzular
13 yanvar 2020

Bosh prokuratura Gulnora Karimova villasidan topilgan san'at asarlari xatlanganini bildirdi

11 yanvar kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hibsda saqlanayotgan Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyidan topilgan san'at ashyolari haqida bayonot berdi.

Prokuraturaning bayon qilishicha, Shveytsariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda Gulnora Karimovaning Jeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san'at ashyolari milliy boylikka taalluqli hamda ularning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Avval Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi yashash manzillarida tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyatga ega deb topilgan, umumiy qiymati 12,7 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan 985 turdagi san'at asari (rangtasvir, so‘zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog‘ochdan ishlangan milliy hunarmandlik buyumlari va hokazolar) aniqlangan va xatlangan.

– Qayd etilgan rangtasvir va san'at asarlari, sud hukmiga ko‘ra, davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘zbekiston amaliy san'ati va hunarmandlik tarixi davlat muzeyi, Farg‘ona viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi, Andijon viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyi, Chirchiq shahri tarix muzeylariga topshirildi, – deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Shu kuni Gulnora Karimovaning farzandlari tomonidan yuritilayotgan Instagram sahifasida raddiya paydo bo‘ldi, unda Bosh prokuraturaning bayonoti «yolg‘on» deyiladi.

Imon va kichik Islom Karimovlar o‘zbek prokuraturasi bayonotida onasiga tegishli bo‘lmagan uy surati taqdim etilganini bildirgan.

«Shu bois, biz singlim bilan haqiqiy uy fotosurati va manzilini taqdim etamiz», deyiladi Karimova farzandlari bayonotida. 

Biroq Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyida ilgari O‘zbekiston muzeylarida bo‘lgan san'at asarlarining borligi 2013 yilda tasdiqlangan. Shveytsariyada yashovchi siyosiy qochqin Safar Bekjonov Karimovaning bo‘sh yotgan uyiga kirib, u yerdagi mulklarni videotasvirga olgan edi. U o‘z aktsiyasi bilan o‘shanda jamoatchilik e'tiborini «diplomat» Karimovaning hashamatli uyiga sarflangan pullarga qaratmoqchi bo‘lgan edi.

G‘arb matbuotiga ko‘ra, Karimova Jeneva ko‘li sohilidagi bu uyni 2009 yili 18 million shveytsariya frankiga xarid qilgan. 

Joriy yilning 8 yanvar kuni Toshkent shahri sudida Gulnora Karimovaga qarshi qo‘zg‘atilgan to‘rtinchi jinoyat ishi bo‘yicha yopiq sud boshlandi. Karimova davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va O‘zbekiston manfaatlariga zid bitimlar tuzishda ayblanmoqda.

Aniqlanishicha, Gulnora Karimova «boshqa shaxslar bilan til biriktirib, davlatga tegishli «Quvasoytsement» va «Bekobodtsement» paket aktsiyalarini pasaytirilgan narxlarda sotib olgan, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

2019 yil mart oyidan boshlab Gulnora Karimova Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-umumiy rejimdagi koloniyada saqlanmoqda. 

Tag‘in o‘qing
6 yanvar 2024
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta maktubni o‘qiymiz ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Namangan va Jizzax viloyatlaridan. Dastlabki maktubni bizga Koson tumanidan, ...
25 iyun 2020
O‘zbekiston inson huquqlari forumi (Uzbek Forum) tashkiloti e'lon qilgan yangi hisobotda majburiy mehnatni bartaraf etishda erishilgan sezilarli olg‘a siljish ...
12 yanvar 2018
O‘zbekistonda va chet ellarda shu paytgacha yashirin biznes bilan shug‘ullanib kelgan o‘zbekistonliklarning o‘g‘irlik pullari prezident Mirziyoev tomonidan amnistiya qilinishi ...
9 iyun 2022
Bugun «Eltuz portali»da muhokama qilmoqchi bo‘lganimiz shikoyatlar mavzui shu kunlarda O‘zbekistonda ro‘y berayotgan maktab direktorlari attestatsiyasi natijalariga bag‘ishlanadi. Aksariyat ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...