Asosiy mavzular
28 fevral 2020

RTdan va'z: O‘zbekistonda satira o‘ldimi?

Ëzuvchi Leonid Solovyovning «Osoyishtalikni buzuvchi» kitobi qahramoni Nasriddin Buxoro amiri va uning mullalarini tanqid qiladi. 

Bunga javoban amir Nasriddinni qatlga buyuradi. 

Ya'ni hajv qilgan odam osoyishtalikni buzgani uchun qatl etilishi kerak.

Amir shunday deb o‘ylaydi.

Bu kitob asosida taniqli kinochi Yakov Protazanov 1942 yilda «Nasriddin Buxoroda» filmini ham suratga olgan.

Ikki kun oldin bu filmni tomosha qilgan edim.

Filmda Buxoro amiri va uning ulamolari satira va tanqidga chidamsiz bo‘lgani tasvirlanadi.

Film bosh qahramoni Xo‘ja Nasriddin Bag‘doddagi tazyiqlardan qochib Buxoroga keladi va bu yerda ham satira nimaligini tushunmaydigan johillar bilan yuzma-yuz bo‘ladi.

Satira nima o‘zi?

«Satira» so‘zi frantsuz tilidan olingan bo‘lib, shov-shuvli holatlarning turli vositalar – sarkazm, istehzo, giperbola, grotesk, allegoriya, parodiya va boshqalar yordamida poetik san'at darajasida keskin hajv qilinishini anglatadi.

Basharang qiyshiq bo‘lsa, ko‘zgudan o‘pkalama

Ëzuvchi Jonatan Svift nazarida satira o‘ziga xos ko‘zgudir. Bu ko‘zguga har bir odam qarab, o‘zidan boshqalarning aksini ko‘radi.

Ikki ming yil ilgari ham satira bo‘lgan. Hatto sovet davrida ham satira bo‘lgan. Arkadiy Raykin satirasi qilichdan o‘tkir edi.

Sovet O‘zbekistonida esa «Mushtum» jurnali va «Nashtar» kinojurnalini  yoshi kattalar eslaydi. Radioda «Tabassum» radiojurnali va «Qarmoq» kabi eshittirishlar bor edi. 

Bir vaqtlar Abdulla Qodiriy Julqunboy taxallusi bilan satira yozgandi.

Ammo bugun O‘zbekistonda satira yozadigan odam yo‘q. Askiyachi bor, masxaraboz, qiziqchi bor, baxmaldan ishton kiyib dorbozga shogird bo‘lgan ho‘qqachilar bor.

Ammo satira yo‘q. Otangdan yaxshiroq aql o‘rgatadigan aqllilar pand-nasihatlari bisyor. Ammo voqelikka ko‘zgu tutadigan Julqunboy yo‘q.

Dunyoda G‘arb, Amerika, Eron va hatto arab satirasi rivojlanmoqda. Ammo o‘zbek satirasi yo‘q.

Holbuki, hayotimiz tomoshabop

Prezident va uning sonsiz qarindoshlari kechirayotgan “ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” qabilidagi hayot tarzi Charli Chaplin kinolari kabi kulgili.

Prezidentning bitta qizi labini shishirib, olam eliga aql o‘rgatayotgan paytda undan oldingi prezidentning qizi qamoqda roba kiyib, balanda ichmoqda.

Kechagina Mo‘ynoqda qurigan dengiz tubiga rayhonu jambil ekkan bosh prokuror Otabek Murodov 50 ming dollar pora olgani uchun 5 yilga qamaldi. 

DXXga rais bo‘lishi bilan “Erk” lideri Muhammad Solihni xalq dushmani deb atagan Ixtiyor Abdullaevning o‘zi esa millat dushmani o‘laroq keyingi 19 yilni qamoqda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Satira bo‘lsa, shunchalik bo‘lar. Satira – bu kulib turib yig‘latish va yig‘lab turib kuldirishdir.

Kulgi bilan kulgining farqi bor. Teatrda artistning ishtoni tushib ketsa ham zaldagilar kuladi. 

Ba'zan qiziqchilar kal, ko‘r, duduq, soqov va jinnilar haqida hikoya aytib, xalqni kuldirishadi. Bu to‘g‘ri emas. Odamning jismoniy nuqsoni yoki jinsiy orientatsiyasi ustidan kulish insofli ish emas. Navoiy aytganidek: 

Kulgiki o‘z haddidin o‘ldi yiroq,

Yig‘lamoq andin ko‘p erur yaxshiroq…

Aslida hayotda nima bo‘lganini o‘zimni aldamay yozsam, achchiqqina satira bo‘lardi.

Gdlyan «o‘zbeklar o‘g‘ri» deganida, «doood, unday emas, biz to‘g‘rimiz», dedik. SSSR ketdi. O‘rislar yo‘q. Yana paxtani qo‘shib yozishdi. O‘zbek muzeychilari Usmon mushabini 70 yil gard yetkazmay saqlab berishdi. Dindorlar bizniki deb baqirishdi. KGBda ishlaydigan bitta sallali mufti muzeydan ko‘tarib olib ketdi nodir qo‘lyozmani. Bir oy o‘tmay 9 varag‘ini diniy idoradagi mulla sotvordi.

Davlat san'at muzeyini 70 yil o‘ris va yahudiylar qorovulladi. Mayli, o‘zbekdan ham rahbar chiqsin, deb eski shaharda kalish sudrab yurgan amakini bosh muhofiz qilib qo‘yishdi.

O‘zbekiston davlat san'at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonov birinchi ish kunidan boshlab muzeydagi asarlarni tashmalab sotdi. Uni 9 yilu 3 oyga qamashdi.

Farg‘ona muzeyidagi million dollarlik asarni hozir qamoqda nola chekayotgan Gulnoraxon Rossiya siyosatchilariga ustvosh tikadigan Yudakin degan kuturega sovg‘a qivordi. Hadyani olishni sunnat deb bilgan kuture o‘zbek xalqining mulki bo‘lgan asarni Londondagi olibsotarlarga tepvordi. 

«Mikrokreditbank»ka Eshmatovni rais qilib qo‘yishdi. 3 oyda 80 million dollarni o‘g‘irladi.

Leningraddagi ocharchilik paytida onalar o‘z bolasi o‘ligini yegan ekan. U paytda ocharchilik edi. Tushunsa bo‘ladi.

Mana, 30 yildan beri minglab o‘zbek ona bolasini sotib yeb yotibdi. Kecha bittasi 8 yashar bolasini sotmoqchi bo‘ldi.

Yana bitta e'lon ko‘rdim internetdagi «V kontakte» degan tarmoqda. «Poshlost Tashkenta – qo‘shuv 18» degan o‘zbek guruhida bir o‘zbek amaki xotinining ishtonsiz rasmini qo‘yib, pulini to‘lab bemalol jinsiy aloqa qilaveringlar, lichkaga yozsangiz, narxini gaplashamiz, deb o‘tiribdi.

Toshkent hokimining «lyubaya biznes xorosho» degan gapiga isbot bu.

Darvoqe, shu kunlarda Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaev turk biznesmenidan pora olgani uchun qo‘lga tushib, muammoni pora berib yechibdi, degan gap-so‘z tarqaldi.

Satira bo‘lsa, shunchalik bo‘lar. 

Davom etaveraymi… Bitta mehribonu mushfiq o‘zbek xotin o‘z erini so‘yib, hojatxonaga cho‘ktirdi… Yana aytaymi? Payg‘ambar yoshiga kirgan o‘zbek Piterda bir ayolni Neva daryosiga itarib yubordi. Keyin u ayolni qutqaraman deb o‘zi Nevaga cho‘kib baliqlarga yem bo‘ldi. Qachon deysizmi? O‘tgan jumada. 

Bu voqealar hech bo‘rttirilmagan hayot hikoyalari. Eng usta satirik ham bundan o‘tkazib yoza olmaydi.

Sizlar o‘qib charchamasangiz, men yozib charchamayman.

Biz o‘zbeklar satira yoza olmasak-da, maqol to‘qishni boplaymiz. 

 Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga. 

Qarzga botgan O‘zbekistonda keyingi 3 yilda 11 ta yangi vazirlik tuzildi. Jami 32 ta bo‘ldi. Eng boy davlat Shveytsariyada bor-yo‘g‘i 7 ta vazir bor. Shuning uchun ham boy-da, dersiz.

Mixail Saakashivili Gruziyadagi islohotni vazirlik va qo‘mitalarni radikal kamaytirishdan boshlagan edi. Mishaning onasi ham davlat byudjetidan boqiladigan idora gumashtasi bo‘lgan.

O‘sha idora tugatilganida onasi ishsiz qolgan. Mixail Saakashivili G‘arb maktabini ko‘rgan islohotchi. Mirziyoev bo‘lsa Karimov davrida oybolta bosh vazir bo‘lgan sobiq kommunist kallavaram. 

Davlat xavfsizligi, byudjet va, umuman, milliy istiqror nimaligidan xabarsiz oddiy bir dastyor. Xullas, oq choynakka oq qopqoq, ko‘k choynakka ko‘k qopqoq. Qanaqa eshak bo‘lsa, shunga yarasha bo‘yniga ip bog‘lanadi. Battar bo‘lishini kutish kerak emas. Siz shunga loyiqsiz. Biz bunga loyiqmiz. Men bunga loyiqman.

Aytayotganlarim buguning gaplari. Kechagi gaplar esa ertakka aylanadi. Aslida bugun kechaning davomi. Bugungi imorat kechagi fundament ustiga qurilgan.

Tuz og‘a, satira kerak emas, bitta ertak aytib  bering, ikkita bo‘lsa yana yaxshi, deb so‘rashadi.  Ertak emas, hikoya ayta qolay.

Bu hikoya 10 yilcha oldin, Karimov tirikligida yozilgan¸ ammo o‘qib ko‘rsam hali ham dolzarbligini yo‘qotmabdi. O‘zi hozir hech narsa yozmay, oldin yozganlarimni perepost qilib o‘tirsam ham bo‘laveradi.

Aqllilar mamlakati turkumidan

Nemissevar mirshab

Bundan o‘n besh yilcha oldin Germaniyadan Manya ismli talaba qiz Xorazmda mehmon bo‘ldi.

Mavjud qoidaga ko‘ra¸ Manyani Urganch tumani IIBda qayddan o‘tkazish lozim edi. O‘sha paytda bunday mehmon tansiq bo‘lgani bois, melisaning kattasi Manyani o‘z kabinetida mehmon qildi.

– Germaniya buyuk davlat, u yerda intizom bor, deb gap boshladi melisaning yoshullisi.

Shu payt eshikdan yordamchi bosh suqib, “tayyor pasportlarga qo‘l qo‘yib bering, egalari bir haftadan beri kutib o‘tiribdi”, deya bir dasta pasportni uzatdi.

– Ko‘rmayapsanmi, mehmon bor oldimda. Bor, chiq ket, ramazondan keyin kelishsin, degan melisa yoshullisi o‘z monologida davom etdi:

– Bizda intizom yo‘q¸ hamma kechikadi. Masalan, bir pasport olishning o‘ziga bir oy vaqt ketadi. Germaniyada bir soatda pasport olasiz. Mana qarang, bizda OVIR degan dardisar ochildi. Bunday narsa Germaniyada yo‘q. Pasport bo‘lsa bas, xohlagan mamlakat vizasini olib ketaverasiz. Germaniya pasporti bilan 175 mamlakatga vizasiz sayohat qilasiz. Bizning pasport bilan Oyoqdo‘rmonga ham bora olmaysiz. Propiskang qani, paxta paytida falonimni yeb yuribsanmi, deb bizning bolalar mazgingni falon qiladi, dedi o‘zbek tilining benormativ kalimalarini samarali qo‘llagan yoshulli.

– Yaxshiyam Germaniya bor. Pasportni ularga zakaz qildik. Faqat OVIR bosadigan alohida varaq qilishga rozi bo‘lishmadi. Xalqaro normada yo‘q ekan. Shuning uchun biz vizalar degan joyga o‘z fuqaromizga OVIR bosib berib kulgiga qolyapmiz,- dedi melisaning kattasi.

– Kulgiga qolganimiz bir yonga, oyligimiz ozligi ikkinchi yonga. To‘g‘ri, avtoritetmiz. Oshxonalarda ovqat yesak, hurmat qilib pulini olmaydi. Odamlarga rahmat podderjka uchun. Lekin mana shu kabinetning remontiga ham hukumat pul bermadi. O‘zim yonimdan pul sarflab remont qildim. Egnimdagi melisa kiyimimni ham pulga sotib olganman. Oddiy milisa bolalar milisa zavxozidan olatayoqni ham pul berib oladi. Radarni aytmay qo‘ya qolay. Unijenie.

Masalan, yaqinda ulli yoshulli (Karimovni nazarda tutadi) keladi deb bizlarni aeroport yo‘lida bir metrdan tashlab chiqishdi. Pistoletlarimizni ham olib qo‘ydi. Bo‘sh kobure bilan turdik.

Yo‘lda tursak ham mayli¸ bizni otizga (dalaga) tushirib qo‘yishdi. SNBning aytishicha, bizning ko‘rinishimiz obshiy vidni portit qilar ekan. Bizdan hazar qilsang, bizga ishonmasang, nega bizni melisa qilib qo‘yibsan, deb hech kim savol bermaydi. Germaniyada unday emas, menga o‘xshagan lavozimdagi politsiya ofitseri besh ming dollar oylik oladi. Ishdan ketsa, pensiya tayin. Undan tashqari, qancha imtiyoz bor. 

Germaniyadagi politsiyaga pora bersangiz olmaydi. Chunki zor emas u. Biz-chi, gadoymiz, gadoy!

Ëzning kuni bo‘lgani bois xona isib ketgan edi. Ëshulli borib derazani ochdi. Hovlida gilosrang, quyon ko‘z farali Mersedesni haydovchi shlanka bilan yuvar edi.

– Nemislar mashina yasashni boplashadi. Men Tiko, Neksiyalarni tan olmayman. Shu mashinani yoqtirib Germaniyaning Shtutgart shahridan podzakaz oldirdim. Avtomat korobka. Salon koja. Rasxod oz. Nemislar zo‘r-da. Biz esa odam bo‘lmaymiz, dedi zarda bilan yoshulli.

Shu payt telefon jiringladi. Ëshullining yoshullisi telefon qildi shekilli, milisa doyi juda mutavoze gaplashdi. Keyin menga qarab ikki qo‘lini qanot kabi yoyib, hasratiga yakun yasadi:

– Endi nemis sestraga choy ichirmoqchi edim. Xuddi mafiyaning restoranida, afsus, meni chaqirishdi. Bug‘doy o‘rimini kontrol qilishga Bog‘otga borar ekanman. Mayli, choyni mensiz ichaveringlar.

Germaniyaning Humbold universitetida turkiy tillarni o‘rganayotgan talaba qiz Manya o‘zbek mirshabiga o‘zbek tilida ikki og‘iz tashakkur bildirdi:

– Sizga rahmat, herr politsay prezident. Ammo men siz aytgan gaplarning bir qismini tushunmadim,- dedi hijjalab Manya.

-Tushunmaysan, chunki nemissan. O‘zbek bo‘lib men ham tushunmayman. Masalan, nega agronom emas, men kontrol qilishim kerak bug‘doyni? Nemis politsiyasi bug‘doyni kontrol qilmaydi-ku?

Nemisparvar aqlli o‘zbek mirshabi nemis mashinasiga o‘tirib, bug‘doy o‘rimini kontrol qilishga jo‘nab ketdi.

Bu hikoya yozilganidan beri yillar o‘tdi. Ammo nimadir o‘zgardimi? Bu yozganlarim satira bo‘lsa, uni nega o‘zbek matbuoti e'lon qilmaydi? Boz ustiga, “Eltuz” sayti O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan.

Faylasuf Stanislav Yeji Lets aytganidek, “Satira hech qachon konkursda yutib chiqmaydi. Chunki u masxara qilgan mulozimlar hakamlar hay'atida savlat to‘kib o‘tirishadi”.

Ammo dunyo o‘zbek mulozimlari belgilagan tartibda ishlamaydi. Biz achchiq gaplarni Amerika Silikon vodiysi mahsuli bo‘lgan tarmoqda aytamiz. Buyuk amerikalik ish odami Ilon Mask ko‘kka uchirgan sun'iy yo‘ldoshlar tarqatadigan tekin vay-fay, mahalliy mulozimlar yaratgan ramkalarni sindirib, bizning achchiq so‘zimizni kerakli quloqlarga yetkazadi. Biz chizgan manzarani esa ochiq ko‘zlar ko‘radi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
21 may 2017
Turkiyaning Istanbul shahri Fotih tumani Qumqopi mahallasida 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi Dildora Inomovani o‘ldirib jasadini musorga tashlagan muhtamal qotil ...
16 yanvar 2022
1992 yilning 16 yanvarida Toshkentning Talabalar shaharchasida stixiyali namoyish Islom Karimov buyrug‘i bilan shafqatsiz bostirilgan edi. Shu kuni men ...
10 sentyabr 2015
O‘zbekiston xukumatining OAVlari, nashiryotlari, voqealarni yoritishda sovet propagandasidan qilcha farq yo‘q. Sovet davrida ham ko‘zga ko‘ringan adib, shoir, san'atkorlarni ...
23 mart 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevning taklifiga binoan 22 mart kuni davlat tashrifi bilan Ostona shahriga keldi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...