UzPoster
16 mart 2020

Stalin o‘ldirtirgan jadidlar

Assalomu alaykum, hurmatli o‘quvchi! 

“Vaqt mashinasi” ruknida e'tiboringizni bugun Turkiston tarixining sovetlar hokimiyati o‘rnatilgan dastlabki davriga qaratamiz. Zotan, ulug‘ o‘zbek adibi Abdulla Qodiriy aytganidek, “moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir”.

Turkiston jadidchiligining tarixiy zarurati

Jadidchilik 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Turkiston o‘lkalaridagi musulmonlar orasida tomir otgan qadimchilikka qarshi yuzaga kelgan modernistik mafkuradir.  

Turk dunyosi qadimiy va shonli tarixga, madaniyatga ega. Ammo u 19-asr oxiriga kelib o‘zining chuqur siyosiy-iqtisodiy, balki ma'naviy desak ham bo‘lar, inqirozini boshidan kechirayotgan edi. 

Bir paytlar dunyoni larzaga solgan Temuriylar saltanatidan asar ham qolmagan. Turkiy davlatlar va hududlarning katta qismi butunlay yoki qisman Yevropaning buyuk mamlakatlari tomonidan mustamlaka qilib bo‘lib olingandi. 

Eng qudratli turkiylar davlati – Usmoniylar saltanati oldingi kuch qudratini yo‘qotgan va u islohotlarga muhtoj edi. 

Usmoniylar imperiyasida tashkil topgan Yosh turklar harakati, Rossiya imperiyasida Ismoil Gaspirinskiy ta'limoti asosida boshlanib ketgan harakatlar O‘rta Osiyoga ham yetib kelgandi. 

Bu harakatning dastlabki namoyandalari, albatta, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidov edi. 

Jadidlar Turkiston xalqlarini ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotda Yevropa, Amerika va Sharqning rivojlangan mamlakatlaridan ancha orqada qolib ketgani va bu oradagi masofa borgan sari ortib borayotganini anglab yetgan edilar. 

Ular Turkiston va, umuman, butun turkiy xalqlarning birlashishini orzu qilardilar. Zero, turkiylar birlashsa, kuchli davlat tuzish mumkin, kuchli mamlakatda iqtisodiy va harbiy qudratga erishish osonroq bo‘ladi, deya hisoblardilar. 

Jadidlar Rossiya mustamlakasiga aylanib qolgan Turkistonda bunday islohotlarni o‘tkazish naqadar qiyin bo‘lishini ham yaxshi tushunganlar.

Mazkur mushkul vazifani amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, millat tafakkurini, bilimini oshirish kerak edi. 

Jadidlar bilimi va fikrlashi sayoz bo‘lgan xalq hech qachon buyuk millat bo‘la olmasligini anglashar va bu xalqni avval mustaqillikka, so‘ngra taraqqiyotga olib chiqish kabi mashaqqatli, lekin sharafli vazifani o‘z gardaniga olishgandi. 

Buning uchun xalq ta'limida islohotlar o‘tkazish kerak edi. Jadidlar an'anaviy diniy maktablarni evropacha uslubda o‘qitiladigan zamonaviy usulga o‘tkazmoqchi bo‘ladilar va jadidlar uslubidagi maktablarni ochishga erishadilar ham.

Ammo taraqqiyot bosqichidan orqada qolib ketgan feodal tuzum mexanizmlariga o‘rganib qolgan mahalliy amaldorlar, din ulamolari jadidlarning ezgu maqsadlarini tushunishmasdi. 

Boylarning katta qismi, ulamolarning deyarli barchasi jadidlarga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqishadi. Bu ixtilofni sezgan rus mustamlakachilari jadidlarga qarshi kurashda ayni qatlamlardan foydalanadi. 

Mahalliy aholi esa, shubhasiz, ulamo va boylarga quloq solgan, shuning uchun ham jadidlar harakati keyinchalik mag‘lubiyatga uchragan edi. 

Fevral inqilobi va fuqarolar urushi

Rus chorizmining qulashi, Rossiyadagi 1917 yil fevral va oktyabr inqiloblari Turkiston o‘lkasining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayoti tubdan o‘zgarishiga olib keldi. 

Birinchi jahon urushi ta'siri nafaqat Rossiya imperiyasining Yevropa qismi, balki boshqa hududlarini, ayniqsa, sanoati, transporti, umuman olganda, infratuzilmasi yaxshi taraqqiy qilmagan Turkistonni ham qamrab olgan, uni borgan sari yemirib bormoqda edi.

Mahalliy aholining mustamlakachilarga qarshi noroziligi oshib borardi.

1916 yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni buning isbotidir. Rus inqiloblari va buning natijasida kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz o‘zi shundoq ham zaif bo‘lgan Turkiston iqtisodiga qaqshatqich zarba beradi. 

Iqtisodiy ahvolning tanglashuvi, o‘lkada ocharchilik, yuqumli kasalliklar ortadi. Fuqarolik urushi natijasida hudud aholisi soni keskin qisqara boshlaydi. 

Bolsheviklar partiyasining Turkiston bo‘ylab zafarli yurishlari haqida sovet tarixchilari va mafkurachilarining uzoq yillar ommaga uqdirib kelgan gaplari haqiqatga unchalik yaqin emas. 

Shuni unutmaslik kerakki, Turkiston va uning Rossiya imperiyasi tarkibiga kiruvchi hududlari orasidagi murakkab siyosiy-ijtimoiy tabaqalanish, davlatchilik shakllaridagi tafovutlarning kattaligi bilan bir-birlaridan ajralib turardi.

Buxoro amirligi va Xiva xonligi iqtisodiy-siyosiy jihatdan Turkiston general-gubernatorligi hududida yarim asr yashab qo‘ygan Farg‘ona, Toshkent, Zarafshon, Yettisuv viloyatlaridan orqada qolib ketayotgandi. 

Rossiya O‘rta Osiyoni bosib olgach, Turkistonga ko‘chib kelgan ruslar va Yevropaning boshqa xalqlari katta qismining turmush darajasi, farovonligi, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, ta'lim darajasi, ularning haq-huquqlari muhofazasi, ular va mahalliy aholiga nisbatan munosabatlar o‘rtasida keskin farq bor edi. 

Milliy ozodlik harakatlari, diniy-milliy nizolarning haqiqiy sabablarini yoritish sovet tarixchilarini o‘ng‘aysizlantirib kelgan. Shuning uchun sovet tarixida Dukchi eshon qo‘zg‘oloni, Jizzax qo‘zg‘oloni kabi milliy ozodlik harakatlari deyarli yoritilmagan. 

Bu tarixiy voqealarni haqqoniy o‘rgangan va yoritgan tarixchi olim G‘. Safarov bo‘ladi. Safarov aslida jadidlarning yirik namoyonlaridan biri edi. U sinfiy inqilobiy kurash bilan milliy ozodlik kurashlarini alohida ajratib o‘rganish g‘oyasini ilgari surgan ilk tarixchidir. 

Ammo so‘ngra sovet tarixchilari Safarovning qarashlarini noto‘g‘ri hisoblashdi. Ular Turkiston milliy ozodlik harakatlari bolsheviklar g‘oyalari ta'sirida va hatto bolsheviklarning rahnamoligi ostida bo‘lib o‘tganday qilib ko‘rsatishga harakat qilib kelganlar. 

Jadidchilik etakchilaridan biri Turar Risqulov ham Safarov singari Turkiston milliy ozodlik harakatlarini kommunistlarning inqilobiy harakatlaridan ajratib o‘rganish kerakligini ta'kidlaydi. Bu haqda Turar Risqulov ikkita yirik ilmiy to‘plam ham chop ettirgan. Ammo uni Safarovning taqdiri kutadi. 

Sovet tarixchilari Turkistondagi 1917-1924-yillar oralig‘idagi voqealarni 1917 yilning oktyabrida bolsheviklar boshchiligidagi yuz bergan inqilobning uzviy davomi sifatida ko‘rsatishga urinib keladilar. 

Shuning uchun bu o‘rinda ko‘plab uzilishlar va nomutanosibliklarni kuzatish mumkin. Sovet tarixchilari Turkiston xalqlari tarixidagi olamshumul voqea bo‘lgan Qo‘qon muxtoriyatining tarixiy ahamiyatini va rolini ko‘rsatmaslikka yoki faqat qora bo‘yoqlar bilan ko‘rsatishga intilganini ko‘ramiz. 

Vaholanki, bu Turkiston xalqlari tarixidagi dastlabki demokratik respublika edi (muxtor bo‘lsa-da). Sovet tarixchilari bolsheviklarning bu qonuniy muxtoriyatni qanday noqonuniy yo‘llar bilan tor-mor qilgani va Farg‘onani shafqatsizlarcha qonga botirgani haqida lom-mim demasdi. 

Uzoq yillar vatanimiz tarixidagi bu shonli sahifalar o‘rganilmay kelindi. Faqatgina 1997 yilga kelibgina jadidar, Qo‘qon muxtoriyati tarixi o‘rganila boshlandi. 

Tariximizning bizga va kelajak avlodlarga kerak bo‘lgan bu sahifalari haligacha yetarlicha tadqiq qilinmay qolmoqda. Chunki bu jarayonlarga tegishli asosiy hujjatlar, adabiyotlar Rossiya Federatsiyasi va O‘rta Osiyo davlatlari xavfsizlik xizmatlari (FSB, KNB, DXX va boshqalar) arxivlarida saqlanmoqda.

Ularni o‘rganib chiqishga, tanishishga esa olimlarimizga, tarixchi va adabiyot namoyondalariga etarli darajada ruxsat yo‘q. Jadidchilar va jadidlar xarakati haqidagi haqqoniy ma'lumotlarni rossiyalik tarixchi olim Vladimir Genisning asarlaridan olsa bo‘ladi. 

Genisning jadidlar haqida yozgan uchta ajoyib asari bo‘lib, ularda bolsheviklar rahbarlari, sovet hukumatining Turkistondagi avantyuristik siyosatini ko‘rish mumkin. Bu asarlarida Genis bolsheviklar va jadidlar orasidagi ziddiyatlar mohiyatini bor bo‘yi bilan ochib beradi. 

Tarixchilar Mark Persits va Viktor Gilensenlar ham jadidchilar tarixini odilona yoritib bergan. Jadidlar va jadidchilik harakati tarixini nafaqat sovet, keyinchalik o‘zbek tarixchilari, balki chet ellik tarixchilar ham o‘rganishga harakat qilganlar va qilmoqdalar. 

AQSh, Germaniya, Frantsiya, G‘arb va Sharqning turli mamlakatlari tarixchilari bu masalalarni o‘rganishga intilayotganiga qaramay, Rossiya va O‘rta Osiyo davlatlarining xavfsizlik xizmatlari arxivlarida oshkor etilgan ma'lumotlar juda kam. Shunga qaramay, italiyalik tarixchi olim Marko Buttino, yaponiyalik olim Yamamuchi jadidchilar haqida katta izlanishlar olib borganlar. 

Buttinoning fikricha, O‘rta Osiyodagi jadidchilik harakatining shakllanishiga rus chorizmining mustamlakachilik siyosatidagi jiddiy xatolar sabab bo‘lgani e'tirof etiladi.

Turkistonni mustamlaka qilgan ruslar bu yerga 19-asrning 60-yillaridan ko‘chib kelishni boshlaydilar. Turkistondagi rus (umuman yevropalik) aholini uch guruhga bo‘lib o‘rgansa bo‘ladi. 

Birinchisi, shaharlarga o‘rnashgan rus tilida gapiruvchi aholi. Bularga hokimiyat apparati mulozimlari, ishchilar, temiryo‘lchilar, hunarmandlar, xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kirardi. 

Ikkinchi guruh qishloq aholisi – dexqonlar va chorvadorlar (rus mujiklari) qatlamidir. 

Uchinchi guruhga esa askarlar va ofitserlar kirgan. Chor Rossiyasi, so‘ngra bolsheviklar ham rus tilida gapiruvchi aholiga alohida e'tibor qaratgan. 

Masalan, shahar markazlaridagi yaxshi joylar, hosildor yerlar, sanoat korxonalariga va savdo-sotiqqa qulay bo‘lgan hududlar albatta rus tilli aholiga berilgan. 

Natijada mahalliy aholining kelgindi, to‘g‘rirog‘i, bosqinchilarga bo‘lgan nafrati oshib borgan. Bu muammolar, ayniqsa, Yettisuvda keskin ko‘rinish olgan. 

Ko‘chmanchi qozoq va qirg‘izlarning hosildor yerlari, chorva yaylovlari ruslar kelishi munosabati bilan qisqarib ketgandi. 

Qozoq va qirg‘izlar rus mustamlakachilariga qarshi muttasil qo‘zg‘olonlar qilib turganlar. Chor Rossiyasi hukumati Turkistonga juda qattiqqo‘l va shafqatsiz bo‘lgan Kuropatkinni general-gubernator qilib yuborgach, ahvol jiddiylashgan. 

Kuropatkin turkiy xalqlarning qo‘zg‘olonlarini shavqatsizlarcha bostirib turgan. Qozoq-qirg‘iz ko‘chmanchilari bejiz Xitoygacha qochib bormaganlar. 

Chor Rossiyasi 1-jahon urushiga kirgach, strategik mahsulot hisoblangan paxta ekin maydonlari kengaytiriladi. Bu, ayniqsa, hosildor Farg‘ona vodiysi va Toshkent vohalari yerlariga ta'sir ko‘rsatmasdan qolmasdi. 

G‘alla va donli ekin maydonlari qisqarishi non narxi oshib ketishiga sabab bo‘ladi. 

1915-1920-yillar orasida O‘rta Osiyodagi ekin maydonlari 50%, qoramollar soni 75% qisqarib ketadi.

O‘lka aholisi soni esa 25% qisqargan. 1918-1919-yillardagi qattiq ocharchilik natijasida Yettisuv qozoqlari janubga, ayniqsa, Toshkent shahri va shahar atrofiga kelib qolgan.

1917 yilgi fevral inqilobi ta'siri, albatta, Turkistonni chetlab o‘tmaydi. Turkistonda allaqachon shakllanib katta siyosiy kuchga aylanib borayotgan jadidlar fevral inqilobini zo‘r hayajon va katta umidlar bilan kutib oladilar. 

Finlyandiya, Polsha va Boltiqbo‘yi, undan keyin Ukraina, Kavkazortidagi mustaqillik yo‘lidagi kurashlar jadidlarni ham ilhomlantiradi va katta kurashlarga da'vat etadi. 

Ta'kidlamoqchimanki, jadidchilikning Rossiya imperiyasining qolgan hududlaridagi milliy ozodlik harakatlaridan ma'naviy va siyosiy jihatdan hech qanday kam joyi yo‘q edi. Jadidlarning siyosiy kuch bo‘lib ulgurganini bolsheviklar hokimiyati o‘zlarini dastlabki kunlaridanoq his qilgandi. 

Oktyabr inqilobi g‘alabasidan bir necha kun o‘tgach, Toshkent temir yo‘l ishchilari (masterovoylar) siyosiy uyushgan kuch sifatida o‘z harakatlarini boshlaydilar. 

Ular Toshkent shahri dumasida ishchi deputatlar sovetini tashkil qilib, 19 kishidan iborat ijroiya qo‘mitasini tuzadilar. Bu qo‘mitaga rais qilib mo‘'tadil menshevik V.Nalivkin saylanadi. 

Toshkent va boshqa shaharlar markazlari aholisini rus tilli xalqlar tashkil qilgani tufayli hokimiyat asosan siyosiy faol bo‘lgan rus ishchilari qo‘lida qoladi, deb o‘ylagandi bolsheviklar. 

Ular 1905-1907 yillardagi birinchi rus inqilobi davridagiday mahalliy aholi deyarli hech qanday siyosiy faollik ko‘rsatmasa kerak, deb hisoblagandi. Ammo ular mutlaqo kutmagan voqealar shiddat bilan avj ola boshlaydi. 

Ular Turkistonda yangi siyosiy kuch, kuch bo‘lgandayam progressiv kuch –  jadidlar harakati bor bo‘yi bilan qad rostlayotganini dahshat bilan kuzatib turardilar. 

Bolsheviklar Turkistonda ular uchun eng katta xavf aksilinqilobchi feodal to‘dalar va ruhoniylar emas, aynan aqlli, bilimli va dunyo geosiyosatini teran tushuna oladigan jadidlar bo‘lishini, asosiy kurash aynan shular bilan kechishini juda yaxshi tushunib yetgandilar. 

Jadidlar yangi tuzilgan ishchi deputatlar sovetlaridan mahalliy aholi vakillarining bu sovetlarga va ijroiya qo‘mitalariga kiritilishni qattiq talab qila boshlaydilar. 

Bu talablarni va takliflarni kiritishda jadidlar harakatining yetuk namoyondalari Mustafo Cho‘qaev, Turor Risqulov, Muhammadjon Tinishboev, Munavvar qori Abdurashidov va boshqalar muhim rol o‘ynaydilar. Ularning ichida, ayniqsa, qozoq aslzodalaridan chiqqan, Peterburg yuridik universitetini tamomlagan Mustafo Cho‘qaev ajralib turardi. U yuridik masalalarda bolsheviklarga kerak bo‘lsa dars beradigan salohiyatga ega edi. 

Umuman olganda, jadidlar Turkistondagi ancha-muncha rus ziyolilaridan ham kuchliroq edilar. Ammo bolsheviklar dohiylari Turkiston ozodligini istaydigan kuchlarni aslo birlashtirmaslikka, ularning ichidagi ichki ziddiyatlardan, kelishmovchiliklardan, mahalliychilik, g‘urur, nafs kabi omillardan foydalanib, bu kuchlarni bir-birlariga qarshi qayrab zaiflashtirishga urinib ko‘rishga qaror qiladilar. 

Jadidlarda Turkistonni birlashtirish, so‘ngra mustaqillikka olib chiqishdek ezgu niyat bor edi. Ammo O‘rta Osiyo aholisining katta qismi hali dunyoqarashi tor, bilimsiz, qobiqqa o‘ralib qolgan qatlamlardan iborat edi. 

Ular Yevropacha, yangicha fikrlaydigan ziyolilarga emas, ming yillardan beri rahnamolik qilib kelayotgan ulamolar, imomlarga ergashishi tayin edi. Bolsheviklar aynan mana shu jihatlardan unumli foydalanib qoladi.

Jadidlar ulamolarni butun Turkiston musulmonlarini birlashtirishga va mustaqillikka erishish yo‘llarini izlashga chaqiradilar. Natijada dastlab Toshkent shahrida, so‘ngra boshqa shaharlarda «Sho‘roi islom» tashkiloti tuziladi.

Rus bolsheviklari dastlab bu harakatga jiddiy qaramaydi. “Sho‘roi islom”chilar ishchi deputatlar soveti (parlament)dan musulmon aholidan yig‘iladigan soliqlar faqat musulmonlar yashaydigan hududlar infratuzilmasiga ishlatilishini talab qilib chiqadilar. 

Bunga ishchi deputatlari soveti mutlaqo qarshi edi. Chunki byudjet ularning nazoratidan chiqib, hokimiyat “Sho‘roi islom” qo‘liga o‘tishi aniq bo‘lib qolardi. 

1917 yil 31 mart kuni Toshkent soveti deputatlari Turkistonning sobiq general-gubernatori Aleksey Kuropatkinni hibsga olib, o‘lkadan chiqarib yuborish qaroriga keladi. Petrograd bolsheviklarning oliy hukumati Toshkent sovetini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Bolsheviklarning Turkistonni qo‘ldan chiqarish niyati yo‘q edi. Petrograd Turkiston bolsheviklari yacheykalariga moliyaviy, harbiy va kadrlar bilan muttasil yordam berishga qaror qilgandi. 

1917 yil 16 aprelda Turkiston musulmonlar siyosiy harakati o‘z o‘qqisiga chiqadi. Shu kuni Toshkentda Turkiston musulmon deputatlari sovetining 1-qurultoyi ish boshlagandi. Bu Turkiston xalqlari tarixidagi buyuk burilish edi. Bu millat majlisi, ya'ni Turkiston xalqlarining birinchi parlamenti desayam bo‘ladi. Mazkur qurultoyga jadidlar bosh-qosh bo‘ladilar. 

Jadidlar butun Turkiston ahlini ilg‘or mamlakatlar, ilg‘or xalqlar qatoriga olib chiqish yo‘llarini, siyosiy, iqtisodiy, sud, diniy, moliyaviy, yer, sanoat va ishlab chiqarish, soliq islohotlarini o‘tkazishni yoqlab chiqadilar. Iyul oyida o‘lkada erkin demokratik saylovlar o‘tkazish taklifini bildiradilar. Ammo bu saylovlarda jadidlar emas, ulamolar g‘alabaga erishadilar. Bu, albatta, tabiiy g‘alaba edi. 

Saylovlarda g‘alaba qozongan ulamo va jadidlar ishchi deputatlari soveti revkomiga (inqilobiy qo‘mita) o‘z a'zolarini kiritishni qat'iy talab qiladilar. 

Petrograd Toshkent rus ishchilari qo‘mitasiga Turkiston ozodlik harakatini bostirish uchun qo‘shin bilan yo‘llaydi. 1917 yil 27 oktyabrda Peterburgdagi inqilobiy harakatlardan ilhom olgan askarlar hokimiyatni qo‘lga olishni boshlaydilar.

1 noyabr kuni askarlar hokimiyatni egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Ishchi-askarlar, ya'ni bolsheviklar hokimiyati Turkiston ozodlik harakatini, uning saylovda g‘alaba qozongan deputatlarini tan olmaydilar. 

Bunga javoban Turkiston ulamolari va jadidlari o‘lkaning 98% aholisi musulmonligi, ular hokimiyat va qonun chiqaruvchi organda bo‘lishi shartligini bolsheviklar hokimiyatidan talab qila boshlaydilar. Inqiroz chuqurlashayotgan edi.  

Bolsheviklar bilan kelishib bo‘lmasligini his qilgan jadidlar butun Turkiston xalqlarini bu ishchi va askarlar hokimiyatini tan olmaslikka chorlaydilar. 

Toshkentda bolsheviklar harbiy kuchlarining ko‘pligi inobatga olinib, 1917 yil 27 noyabr kuni Qo‘qon shahrida butun Turkiston musulmon deputatlari 4-qurultoyi ish boshlaydi. Uning dastlabki kunidayoq bir ovozdan Turkiston muxtoriyati e'lon qilinadi. 

Sakkiz kishi rahbarligidagi muvaqqat ijro hukumati tuziladi. Bu hukumatga 54 kishi kiritilib, ulardan 32 tasi musulmonlardan, qolgan 18 kishi nomusulmon tashkilotlar a'zolaridan saylab olingan edi. 

Yangi tuzilma rahbarligiga jadidlarning M.Tinishboev kabi yetuk namoyandalari kiradi. 1917 yil 27 noyabr tariximizning buyuk kuni edi. 

Turkiston muxtoriyati butunlay mustaqil davlat sifatida Rossiya tarkibidan ajralib chiqmagan bo‘lsa-da, yarim mustaqillikka erishgandi. Keyinchalik to‘liq mustaqil bo‘lish istiqbollari ko‘rinib turardi.

Turkiston muxtoriyati tuzilganidan xavotir olgan bolsheviklar qarshi choralarni qo‘llaydi. 28 noyabr kuni Toshkent harbiy komissarlar soveti (sovnarkom) qizil gvardiyani tashkil qilish qarorini chiqardi. 

Bolsheviklar Qo‘qon muxtoriyatini tan olishdan mutlaqo bosh tortdilar. Buxoro amirligi va Xiva xonligidagi Qo‘qon muxtoriyatidan ilhomlangan muxolif progressiv kuchlar a'zolarining katta qismi jadidlar edi. 

Bolsheviklar bu kuchlardan keyinchalik qanday foydalanish mumkinligini ham o‘ylab qo‘ygandi. Ular jadidlarni birlashtirmaslik va alohida-alohida guruhlarga bo‘lib tashlab, keyin tor-mor qilish rejalarini ishlab chiqadilar. 

1917 yil 29 dekabr kuni Toshkent sovnarkomi qaroriga binoan butun o‘lkada harbiy holat e'lon qilinadi. 1918 yilda bolsheviklar hukumati Toshkentga tajribali bolshevik Pavel Poltaratskiyni safarbar qiladi. 

Aynan Poltaratskiy Turkiston muxtoriyatini tor-mor qilishda asosiy rolni o‘ynagan. Uning boshchiligidagi Qizil armiya Qo‘qonga kelib, davlat bankidagi 8 mln. rublni musodara etadi va Qo‘qon muxtoriyatini pulsiz qoldirib, iqtisodiy kuchsizlantiradi. 

Bolsheviklar muxtoriyat ichidagi parokandalik va mahalliychilik omillaridan foydalanib, ba'zi kuchlarni o‘z tarafiga og‘dirib olishga ham muvaffaq bo‘ladi. 

Qo‘qon muxtoriyati hukumati Qo‘qon shahri mahalliy militsiyasi boshlig‘i Ergash (qo‘rboshi)ni bosh qo‘mondon qilishga majbur bo‘ladi. Muxtoriyat armiyasida ofitser kadrlar, mutaxassislar, qurol-yarog‘, artilleriya yetishmasligi natijasida birinchi to‘qnashuvlardayoq bolsheviklar ustun keladi.

Jadidlar haqida bilishning bugungi ahamiyati

Jadidlar va jadidchilik tarixining na sovetlar davrida, na mustaqillik yillarida keng yoritilmayotgani, ularning murakkab fojeali qismatlari chuqur o‘rganilmayotganining asl mohiyatini ochib berish uchun, eng avvalo, jadidchilikning Yevroosiyoda yashovchi turkiy xalqlarni birlashtirishdagi muhim  ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy rolini anglab yetishimiz kerak. 

Bu davrga e'tibor qaratishimizni keyingi yillarda O‘zbekistonda bolsheviklar siyosatini oqlash va stalinizmni ulug‘lashga urinishlar kuchaygani bilan izohlash mumkin.

Masalan, so‘nggi uch yil davomida poytaxt ko‘chalarida 9 may kunlari Stalin portreti va sovet shiorlarini ko‘targan, rus harbiy kiyimlarini kiygan “Barhayot polk” tadbiri qatnashchilarining namoyishlari tag‘in urf bo‘ldi. 

O‘zbek hukumati esa rus militaristlari shiorlari ko‘tarilishiga, Georgiy tasmalari tarqalishiga qarshilik qilayotgani yo‘q.

Holbuki, mustaqillikning dastlabki davrida mamlakatda mutlaqo boshqa holat kuzatilgan edi. O‘tgan asrning dastlabki davrida Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan, uning istiqboli va fojealarini ko‘ra olgan millat oydinlari, jadidlari nomlari birin-ketin oqlanib, ulug‘lana boshlangandi. 

Jadidchilikning yirik namoyandalari Munavvarqori Abdurashidxon, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Elbek, Botu va boshqa o‘nlab shaxslarning aziz nomlari tiklangan bo‘lsa-da, ular qatag‘on qilingan siyosiy davrga hanuz yetarlicha baho berilmadi.

O‘zbek intelligentsiyasi yo‘q qilingan 1937-38 yillar qatag‘oni haqida birorta durustroq badiiy asar yoki jiddiy roman, haqqoniy hujjatli yoki badiiy film ishlanmadi. Keyingi o‘ttiz yil davomida millat oydinlarining uy muzeylariga, avlodlariga, adabiy merosiga jiddiy e'tibor berilmaganiga guvohmiz. 

Buning asl sabablari nimada, degan  savol tug‘ilishi tabiiy. Men bu e'tiborsizlik ortida kommunistlar va ularning merosxo‘rlari bo‘lmish totalitar diktatura yaratgan siyosiy elita va ularga xizmat qilayotgan adabiyotchilar, tarixchilar va fan-maorif, san'at arboblari turibdi, deb o‘ylayman. Bu ayblov jiddiy, albatta, lekin asoslidir. 

Adabiyot va tarix fanlari darg‘alari marhum prezident Islom Karimov va uning hukumati jadidlar xotiralarini tiklagani, abadiylashtirganini dastak qilib, menga tashlanishlari aniq. 

Men ularga bunday javob beraman. Totalitarizm o‘z hokimiyatini mustahkamlash va populistik maqsadni ko‘zlab, mustaqillikning dastlabki davrida xalqning milliy his-tuyg‘ulari, uning tarixi, madaniyatidan foydalanishi tabiiy edi va u shunday qildi ham. 

Lekin sekin-sekin uning asl basharasi ko‘rina boshladi. Bunga asos qilib birorta jadidning nomi mamlakatdagi yirik geografik hududlar yoki ob'ektlarga berilmagani, ularning uy muzeylari tashkil qilinmagani, ta'mirlanmagani, ular haqida haqqoniy asarlar, filmlar yaratilmagani faktlarini keltiraman. 

Buni bee'tiborlikka, moliyaviy nochorlikka bog‘laydiganlar topiladi. Lekin unda nega allaqanday ma'naviyat markazlari, sovet mafkurasiga xizmat qilgan davlat va madaniyat arboblari xotiralarini abadiylashtirishga topilgan mablag‘lar buyuk ajdodlarimiz, millatning asl o‘g‘lonlari bo‘lgan jadidlari xotirasi uchun topilmayapti? 

Jadidlarning hayoti va ijodi to‘liq o‘rganilmayotgan bir paytda ularni Stalin qatag‘oniga yem qilib yuborgan shaxslar nomini ulug‘lash davom etmoqda.

Jadidlar hukumati bo‘lgan Turkiston muxtoriyatini qabihona yenggan Poltaratskiy, Frunze kabi mustamlakachilar o‘zbek sovet adabiyotida tarannum etiladi. 

Bu asarlar mualliflari hozirgi kunda adabiyot darsliklarida, xiyobonlardagi haykallarda va boshqa ko‘plab joylarda qo‘r to‘kib turibdi. Buni buyuk ajdodlarimiz, vatan ozodligi yo‘lida chinakam kurashib shahid ketgan jadidlar ruhi oldidagi haqorat, deb bilaman.

Bu xoin, maddoh sovet adabiyoti namoyondalarini nomlarini o‘chirish, ularning kirdikorlarini fosh qilish davri keldi chamamda.

Ixtiyor Esanov
tarixchi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 yanvar 2022
1992 yilning 16 yanvarida Toshkentning Talabalar shaharchasida stixiyali namoyish Islom Karimov buyrug‘i bilan shafqatsiz bostirilgan edi. Shu kuni men ...
18 avgust 2017
Abduvohid Hayit – 1967 yilda Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan.Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. Hozir Kanadada yashaydi. Kech Vakt ...
30 noyabr 2017
Noyabr oxiriga kelib Mirziyoevning «qishloqlardagi har bir xonadonning tovuq boqishi va limon yetishtirishi»ga imkon yaratishga oid tashabbusi o‘zini oqlamagani ...
7 iyun 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 31-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Albatta, bu orzuga erishish ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...