UzPoster
30 mart 2023

Abdulla Qodiriy. Rus istibdodini qoralagani uchun otilgan adib

Rossiya imperiyasi hududlari Alyaska yarim orolidan tortib to Finlyandiya va Polshagacha, Qora dengiz qirg‘oqlaridan to Tinch okeani sohillarigacha, qirg‘oqlarini Shimoliy muz okeani yuvib turadigan Taymir yarim orolidan to Qozog‘iston cho‘llarigacha yastanib yotardi. 

Ammo shu qadar katta hududlar ham Chor Rossiyasiga kamlik qilayotgandi. Rossiya imperiyasining O‘rta Osiyoni bosib olish rejasi ancha oldin, Pyotr I zamonasidayoq tug‘ilgandi. 

Avvaliga Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi va keyinchalik Orenburg gubernatori Perovskiyning bosqinchilik urushlari natijasida Turkistonning bosib olingani haqida O‘zbekistonda bugun kam eslanadi.

Rossiya bosqini arafasidagi davr haqida ilk bor Abdulla Qodiriy o‘z romanlarida yozishga jur'at etgan va buning uchun Stalin jallodlari tomonidan millatchilikda ayblanib, 1937 yilda qatl etilgan edi.  

“Vaqt mashinasi” rukni ostidagi navbatdagi hikoyamiz buyuk adib Abdulla Qodiriy hayoti va qismati haqida. “Eltuz” nashri o‘zbekistonlik tarixchi Ixtiyor Esonov maqolalari asosidagi uchinchi ko‘rsatuvni taqdim etadi. 

Abdulla Qodiriy eslagan davr

Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani qahramoni Yusufbek hojining kuyunchalik bilan, tashqi ulug‘ dushman vatanimiz ostonalarida qo‘r to‘kib o‘tirganini eslatib, beklarga tanbeh berganini eslaymiz. 

Turkiston ishg‘olini rejalagan Rossiya imperiyasi uchun qipchoq-sart (qorachoponlilar) ixtilofi ayni muddao edi. Ruslar Oqmachitni olishga tayyorlanib, bostirib kelayotgan bir paytda bu yoqda Qo‘qon xoni Xudoyorxonning qaynotasi Musulmonqul boshchiligidagi qipchoqlar va Qo‘qon xonligi lashkarboshisi Mallabek o‘rtasida Bilqillam jangi bo‘lib o‘tadi.

Qodiriy yozganidek, rostdan ham Qo‘qon, Toshkent va boshqa shaharlarda qipchoq og‘a-inilarning qirg‘inbaroti davom etayotgan edi.

Turkiston xonu beklari bir-birining go‘shtini yeb taxt talashayotgan bir paytda Rossiya oqsuyaklaridan bo‘lgan graf Aleksey Razumovskiyning nikohsiz tug‘ilgan o‘g‘li, Orenburg general- gubernatori Vasiliy Perovskiy boshchiligidagi 2168 ta saralangan askar Oqmachitni olish uchun kelayotgandi. 

Bu qo‘shinning 89 ta zobiti, uchta generali va o‘n yettita zambaragi bo‘lgani inobatga olinsa, ularning niyati nechog‘li jiddiy bo‘lganini ko‘rish mumkin. 1853 yilning 3 iyul kuni Oqmachit mudofaasi boshlanadi.

Buzilgan tarix

Sovet tarixchilari go‘yo O‘rta Osiyo xonliklari o‘z xohishi bilan Rossiya tarkibiga kirgan, degan absurd yolg‘on g‘oyani targ‘ib qilib, Turkiston xalqlari tarixini soxtalashtirishga zo‘r berishadi. O‘zbek sovet tarixchilarining katta qismi ham ayni tuturuqsiz g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi. Bu mavzuda ne-ne olimlar dotsent, professor, akademik unvonlarini olishmagan. Eng achinarlisi, ayni olimlar va ularning shogirdlari bugun ham eski ma'ruzalarini o‘qishda davom etishmoqda. 

Aslida Turkistonning yaqin tarixi Rossiya manfaati yo‘lidagi qonli urushlar, xoinliklar va qabohatga to‘la. Shuningdek, rus imperiyasi Turkiston ekspantsiyasini mag‘lubiyatga uchragan Qrim urushidan oldinroq boshlagani ma'lum.

Xullas, yuqorida aytganimizdek, Orenburg general-gubernatori Vasiliy Perovskiy Amudaryo va Sirdaryoning ikkala sohilida joylashgan Qo‘qon va Xiva xonliklariga tegishli qal'alarni bosib olish va buzib tashlashni taklif qilib, imperator Nikolay I ga xat yo‘llaydi. 

Bu yo‘lda dastlab Oqmachit qo‘rg‘onini olish zarurligini uqtiradi. Darhaqiqat, Oqmachit (hozirgi Qozog‘istonning Qizilo‘rda shahri) Turkiston o‘lkasining darvozasi edi. Bu qal'ani Qo‘qon xoni Amir Umarxon 1817 yilda forpost sifatida bunyod qildirgandi. 

Oqmachit Toshkent-Buxoro-Xivaga olib boruvchi yo‘llar kesimida G‘arbiy Sibir-To‘rg‘ay platformalarini, Troitsk-Orenburg yo‘llarini bog‘lovchi o‘ta muhim strategik hududda joylashgandi. 

Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoni bosib olishga qaror qilganini 1852 yilning bahorida rus armiyasining Avliyootaga hujum qilganidan ham bilsa bo‘ladi. Bu hujumni Aralsk qo‘rg‘onida shakllantirilgan general ober-kvartirmeyster Blaromberg boshchiligidagi 170 kishilik otryad amalga oshiradi. 

Rossiya imperiyasining dastlabki hamlasini Qo‘qonning Yoqubbek ismli beki mardonavor qaytaradi. Ruslar Oqmachitni ololmasdan chekinadilar. Perovskiy ikkinchi hamlaga tayyorlana boshlaydi. 

Qo‘qon xonligi begi Muhammad Valixon o‘zining bor-yo‘g‘i uch yuz askari bilan qal'a himoyasiga otlanadi. E'tirof etish kerak, harbiy qurol-aslahaning takomilligi jihatidan ruslarda katta ustunlik bor edi.

Kapitalizmga qadam qo‘ygan Yevropa va jahonning qudratli davlatlaridan bo‘lgan Rossiya armiyasi bilan taraqqiyotdan ortda qolib ketgan mamlakat armiyalari o‘rtasida farq katta edi.

Lekin bu degani bosqinchilarni yengib bo‘lmaydi, degani emasdi. Buni 170 yil oldin Oqmachitni himoya qilgan qahramon ajdodlarimiz isbotlab berishgan, o‘sha jangda qatnashgan rus zobitlarining o‘zlari ham buni tan olishgandi.

Qo‘qon sarbozlarining aniq nishonga otishlariyu, qo‘lbola bombalarni uloqtirishdagi mahorati haqidagi e'tiroflar tarix sahifalariga bitilgan.

Qal'ani himoya qilgan uch yuz jangchidan 242 tasi shahid ketgani, 52 tasi yarador bo‘lib safdan chiqqani, mudofaa uchun bor-yo‘g‘i olti kishi qolsayam, jangni davom ettira olishgani haqiqiy qahramonlik edi.

Rus armiyasi Oqmachitni 160 ta snaryad bilan o‘qqa tutib, nihoyat devorlarini qulatib, keyin shaharni ishg‘ol qilganini qanday baholash mumkin?

Agar mudofaga o‘n-o‘n besh ming qo‘shini bilan Qo‘qon xoni yordamga kelganida, ehtimol, tarix mutlaqo boshqa tarzda yozilgan, rus armiyasi Oqmachitni ololmasligi aniq edi.

Ammo Rossiya imperiyasi Oqmachitni nafaqat oldi, balki Turkiston ostonasidagi o‘z pozitsiyasini to‘la mustahkamladi.

Eng kir va qora kunlar…

Qodiriy yozganiday, tariximizning eng kir va qora kunlari kelmoqda edi. 1853-1855 yillarda Rossiya Qrim urushiga tortiladi. Bu davrda u Turkistonga mutlaqo e'tibor bera olmasdi.

U barcha kuchlarini Yevropaga safarbar qilgan edi. Shunday paytda qnday qilib Oqmachitni qaytarib olmaslik mumkinligiga bugun faqat hayron qolish mumkin.

Demak, tashqi siyosatni o‘sha paytda chindan ham Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i qahramoni Yusufbek hojini “uzoqdagi yovni ko‘ryapti”, deya masxara qilgan kalvak va nodon odamlar boshqargan edi. Ana shunday kaltabin siyosat oradan o‘n-o‘n besh yil o‘tib Turkistonning  Rossiya tarafidan bosib olinishiga olib keldi.

Abdulla Qodiriy «O‘tkan kunlar» romani qahramonlari Otabek va Kumushning sevgi-muhabbati tarixi fonida, birinchi navbatda, Turkiston xalqlarining nima sababdan Rossiya mustamlakasiga aylangani, xonliklar mag‘lubiyatlari sabablarining asl mohiyatini tushuntirmoqchi bo‘lgan.

Agar Qodiriy faqat ikki yosh muhabbati fojeasini yozganida, bu voqealarni tarixiy jarayonlarga bog‘lab o‘tirmasdi. 

Abdulla Qodiriy o‘z asarlarida, avvalo, xonliklarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy tizimi, infratuzilmasining  naqadar ayanchli holga kelib qolgani, davlat tepasida iqtidorli odamlarning nihoyatda kamligi, boshqaruv apparati, sud, ta'lim va boshqa sohalar vijdonsiz, amalparast, xoin, pastkash odamlar qo‘liga o‘tib qolganini alam va iztirob yozadi.

Lekin Qodiriy o‘sha chirkin davrda ham Turkistonda bilimli, tadbirli, ziyoli va halol odamlar bo‘lganini e'tirof etadi. 

Asar qahramonlari Yusufbek hoji, Otabek, O‘taboy qushbegilar shaxsida Turkistonni yaqinlashib kelayotgan balo-qazodan, Rossiya imperiyasi istibdodidan qutqarib qolishi mumkin bo‘lgan odamlarni ko‘radi.

Abdulla Qodiriy jadidlar ichidagi nisbatan yosh avlod bo‘lsa-da, ularning eng istedodlisi edi. Men bemalol qo‘rqmasdan shuni ayta olamanki, o‘zbek adabiyotida Abdulla Qodiriydan oldin ham, keyin ham bunday ulkan romanchi adib bo‘lmagan.

Donishmand tujjorning o‘g‘li

Abdulla Qodiriy 1894 yilning 10 aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi Qodir bobo davlatmand tujjorlardan bo‘lgan. Qodir bobo juda uzoq umr ko‘rib, 102 yoshga kirib vafot etgan. Qodir bobo juda donishmand, ko‘pni ko‘rgan, zehnli odam bo‘lgan. 

Abdulla Qodiriy otasidan ko‘p narsalarni, hayot maktabini o‘rganadi. Otasining ibratli hikoyalarini  eshitib katta bo‘lgan Abdulla Qodiriyning dunyoqarashi yuksak shakllanadi. Menimcha, «O‘tkan kunlar»dagi Otabek bejizga savdogar obrazida berilmagan. Abdulla Qodiriy Otabekda o‘z otasining kasbini, uning olijanob, vatanparvar qalbini ko‘rgan. 

Abdulla Qodiriy 1904-1906-yillar musulmon maktabida ta'lim oladi. Aynan shu davrda jadidlar harakati Turkistonni qamrab ola boshlagan edi. 

Zamonasining ilg‘or kishilaridan bo‘lgan Qodir bobo Abdullani rus tuzem maktabida o‘qitadi. Bu bejiz emasdi. Ko‘pni ko‘rgan Qodir bobo Rossiyaning taraqqiyot bosqichi Turkistondan ancha oldinga ketganini ko‘rib-bilib turgan.

“O‘tkan kunlar”dagi Otabekning Ziyo shohichining uyidagi ziyofatda O‘rusiya taraqqiyoti haqida aytgan gaplarini eslang. 

G‘arb taraqqiyoti bilan tanishish uchun o‘sha davrda rus tili va rus adabiyoti bilan tanishish zarurligini adibning otasi juda yaxshi tushungan. Bu narsani jadidlar ham yaxshi anglashgan. Chunki u davrlarda hali ingliz va boshqa yevropa tillarini o‘rganishning deyarli iloji yo‘q edi.

Shuning uchun otasi Abdullani rus tuzem maktabida o‘qitgandi. 1908-1912 yillarda rus tuzem maktabida tahsil olgan Abdulla Qodiriy rus va g‘arb adabiyoti bilan tanishgan. 1912 yildan uning ijodiy faoliyati boshlangan.

Abdulla Qodiriy 1917 yilda Abulqosim madrasasida tahsil olib, arab va fors tillarini o‘rganadi. 

1924-1925 yillarda Moskvada Bryusov adabiy kursida oshiradi.

1926 yildan “Mushtum” satira jurnalida ishlagan adibning haqiqiy iste'dodi  ko‘rina boshlaydi. Inqilobdan keyin Turkiston muxtoriyati va jadidlar harakatining tor-mor bo‘lishi Abdulla Qodiriyni iztirobga soladi.

Qodiriy haybatli imperiyaning bolsheviklar timsolida yangilangan talqini millat uchun qanchalik kasofatli ekanini, shuningdek, o‘zini dunyodagi eng adolatli, eng xalqparvar, eng insoniy ko‘rsatayotgan va bunga avom xalqni ishontira olgan, qo‘y terisini yopingan tuzum – bolshevizmga qarshi ochiqdan-ochiq kurashib bo‘lmasligini ham yaxshi anglardi. 

Adibga shuhrat keltirgan asar 

Abdulla Qodiriy bu tuzumga qarshi o‘z ijodi orqali, adabiyot, ya'ni qalam orqali kurashishga bel bog‘laydi. Uning “Mushtum” jurnalidagi karikatura va hajviyalari Turkiston jamiyatini mana shunday qullikka olib kelgan illatlarni ayovsiz fosh qilardi. 

Alifni kaltak deydigan ulamolar, xalqni bid'at va xurofot botqog‘iga botirayotgan kazzob mullalar, ochko‘z, maishatparast, ma'naviy buzuq boylar, ilmsiz, kim nima desa ishonib ketaveradigan laqma, sodda, ham ma'naviy, ham moddiy qashshoqlarning ustidan kulardi.

Bu kulgular ostida aslida Qodiriyning iztirobi, dardlari yotardi. O‘z iztiroblarini u o‘zbek romanchiligidagi dastlabki asari “O‘tkan kunlar”ga jo etgandi.

Adib bu o‘lmas asarini uch yil – 1922-1925 yillar mobaynida yozadi. Roman chop etilgach, adibga  millat miqyosidagi olamshumul shuhrat olib keladi. 

Xalq bu asarda o‘zining haqiqiy tarixini, o‘z mohiyatini, orzu umidlarini va, nihoyat, ulkan fojeasini ko‘ra olgandi. 

Asar shu darajada mashhur bo‘lib ketadiki, xalq o‘z farzandlariga Otabek, Kumush ismlarini ko‘plab qo‘yadigan bo‘ldi. 

1929 yili Qodiriy ikkinchi katta asari – «Mehrobdan chayon» romanini yozib tugatdi. Bu asarida ham Qodiriy o‘sha-o‘sha Rossiya imperiyasining Turkistonni bosib olishi davrida bo‘lgan Xudoyorxon zamoni haqida hikoya qiladi.

Asarda Qodiriy o‘z qahramonlari Anvar va Ra'no timsolida xuddi Otabek va Kumush kabi jamiyatni, xalqni yangi davrga olib chiqa oladigan yoshlar bo‘lganiga, ammo ular ozchilik bo‘lgani uchun muffaqiyatsizlikka uchraganiga ishora qiladi. 

Qodiriy o‘z asari bilan jamiyat tizgini o‘sha paytda ochko‘z va pastkash odamlar qo‘lida bo‘lganini ko‘rsata olgandi.  

Bu ikki asardan keyin faqatgina bitta asar – «Obid ketmon» yaratildi. Nima uchun buyuk adib boshqa asar yaratmadi ekan, deb o‘yga tolaman. Chunki adib daho edi. U stalinizmning yirtqich, xalqlarni bir qolipga soluvchi manqurtlashtirish siyosatini ko‘tara olmadi. 

Adib boshqalar kabi bu tuzumni ulug‘lash bilan stalinizmga sidqidildan xizmat qilishni istamadi. 

Abdulla Qodiriy millatning bor yutuqlariyu kamchiliklarini, illatlarini, uning mentalitetini, xarakterini juda yaxshi bilgan.

Asarlarida u  o‘zining fojeali  tugaydigan taqdirini xuddi oldindan ko‘ra olganday tuyuladi. U xuddi chaqimchi ig‘vogar Homid-u, mehrob ichida yurgan chayon mulla Abdurahmonlarni oldindan bashorat qilganday tuyuladi.

Abdulla Qodiriy haqida eslarkan, shoir Muhammad Yusufning:

«Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar –

Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor»,

degan misralari charx uraveradi xayolimda.

Mehrobdan chiqqan chayonlar 

1937 yil tarixga Stalinning qaqshatqich terror yili sifatida kirdi. Aynan o‘sha yili Qodiriyning ustidan NKVDga adabiyot namoyondalarining chaquv xatlari boradi. 

Yozuvchi Nabijon Boqiy o‘tgan asrning 80-yillarda O‘zbekistondagi KGB arxivlariga kirishga muvaffaq bo‘lgan kamgina yozuvchilarning biri. U o‘zi ko‘rgan hujjatlar asosida Qodiriy va Cho‘lponlarning qatl etilishiga G‘afur G‘ulom, G‘ayratiy, Olim Sharofutdinov kabi yozuvchilar chaquvi sabab bo‘lganiga oid hujjatlarni ochiqlagan edi.

“Eltuz” nashriga bergan intervyusida 63 yashar adib Nabijon Boqiy o‘zining “Qatlnoma” kitobiga asos bo‘lgan ayni hujjatlarni eslaydi. 

Qodiriyni o‘zlariga ustoz sanagan, orqasidan nayza sanchgan bu haqiqiy mehrobdan chiqqan chayonlar, haqiqiy Homidu mulla Abdurahmonlar buyuk adibni Stalinning repressiv o‘lim mashinasiga yem qilishadi. 

Abdulla Qodiriy 1937 yilning 31 dekabr kuni NKVD tarafidan millatchilik, aksilinqilobiy, burjuaziya adabiyotini, boy feodallarni ulug‘lash va yana bir qancha tuturug‘i yo‘q ayblovlar bilan ayblanib qamoqqa olinadi. Qodiriyni salkam bir yil NKVD tergov izolyatorida so‘roq qilishadi. 

Qodiriyning siz ko‘rayotgan oxirgi surati o‘sha qamoqxonada olingan. 

Bu surat meni larzaga soladi. Qodiriyning ko‘zlarida qanchalik katta iztirob, dard, xvotirni ko‘rish mumkin. Bu faqat jismoniy qiynoqlarninggina aksi bo‘lmasa kerak. 

Qodiriy o‘z jismining mahv etilishidan emas, avlodlari, millati kelajagini kutayotgan fojealarni o‘ylab iztirob chekayotganday go‘yo.

1938 yil 4 oktyabr kuni bir guruh jadidlar bilan birga Turkistonning ulug‘ farzandi, buyuk adib Abdulla Qodiriy NKVD jallodlari tarafidan otiladi.

Adibni sotganlar, albatta, o‘sha paytda amal pog‘onalariga ko‘tarilishgan, bolsheviklar bergan sadaqalarni olishgan yoki muqarrar jazodan omon qolishgan. Shundan so‘ng Qodiriyning nomi, uning asarlari sovet hukumati tarafidan taqiqlangan.

Tasavvur qiling, o‘sha mudhish 30-yillarda agar uyingizda «O‘tkan kunlar»,  «Mehrobdan chayon» yoki hatto sovet mafkurasiga ozmi-ko‘pmi xizmat qilgan «Obid ketmon» asari topilsa, tamom, xalq dushmani sifatida uzoq yillarga qamalishingiz va hatto otilib ketishingiz ham hech gap bo‘lmagan.

Abdulla Qodiriy nomi 1956 yilgi  KPSSning 20-s'ezdidan, ya'ni Nikita Sergeevich Xrushchyovning Stalin shaxsi va uning qatag‘onlari tanqid qilingan nutqidan keyin oqlanadi. 

1957 yili Abdulla Qodiriy to‘liq oqlanib, asarlari yana qayta chop etila boshlanadi. 

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari asosida badiiy filmlar ishlangan. 

Ayniqsa, rejissyor Yo‘ldosh A'zamov sahnalashtirgan «O‘tkan kunlar» badiiy filmi xalq orasida xuddi o‘sha roman chop etilgan dastlabki yigirmanchi yillar oxiridagiday shon-shuhratga burkanadi.

Hozirgi kunda buyuk adib nomiga Toshkentda metro bekati, xiyobon va turli ko‘chalarning nomlari qo‘yilgan. Uy muzeyi ham yaqinda qayta ta'mirlandi. Ammo Qodiriy yashagan davr va adabiyot hamon chuqur o‘rganishga muhtoj.

Qodiriyni kim qatl qilgan?

Bilmadim, balki bu tasodifdir. Ammo Qodiriy va boshqa buyuk jadidlarimizni qatl etishga hukm chiqargan O‘zbekiston SSR NKVD maxsus uchlik tribunali raislaridan birining ismi Abdujabbor Abdurahmonov bo‘lgan ekan.

Sizning ham xayolingizga “Mehrobdan chayon”dagi ayni personaj, yoshligida bachabozlik ziyofatlarining guli bo‘lgan, soqoli nish urgach, bozori kasod bo‘lib, hasadguy, chaqimchi shaxsga aylangan mulla Abdurahmon kelgandir?

Har holda o‘zining manfur qahramonini Qodiriy shunday ta'riflagan edi. Ammo ko‘p o‘tmay, taqdirning o‘yini bilan Qodiriyning qatl hukmiga aynan Abdurahmonov doxil uchlik imzo chekadi. Buyuk adib go‘yo o‘z asari qahramoniga ism qo‘yarkan, kelgusida o‘z qismatida mudhish rol o‘ynaydigan shaxs familiyasi, ya'ni bobosining ismi aynan Abdurahmon bo‘lishini bashorat qilganday edi.

Biroq Abdujabbor Abdurahmonovning tarjimai holida 1907 yili uning ham Usmon Yusupov kabi kambag‘al bir oilada tug‘ilgani yozilgan.

Qodiriy Moskvada o‘qib yurgan kezlari, 1924-25 yillarda Abdurahmonov ham Moskva to‘qimachilik fabrikasida ishchi bo‘lib ishlayotgandi.

U ham Yusupov kabi komsomol faoli bo‘lib, bolsheviklar nazariga tushadi.

1928 yilda uni Farg‘ona to‘qimachilik fabrikasini tashkil qilish ishlariga bosh qilib yuborishadi.

1929 yili Abdurahmonovni Marg‘ilon shahri partiya qo‘mitasi birinchi kotibligiga saylashadi. Keyinchalik Farg‘ona, Yangiyo‘l, Qo‘qon shaharlari, Buxoro viloyati partiya qo‘mitasi rahbarligiga tayinlanadi. 

Abdurahmonovning bunday tez ko‘tarilishiga uning bolsheviklarga sidqidildan qilgan xizmatlari yotardi. U 1938 yilning 23 iyulidan O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti raisi, NKVD maxsus uchlik guruhi a'zosi bo‘ladi.

1938-1939 yillardagi repressiyalarda aktiv qatnashadi. 

1946 yilning 15 martidan O‘zbekiston SSR Ministrlar soveti raisi. SSSR Oliy soveti deputati. Maxsus tergov guruhi raxbari bo‘lgan Abdurahmonov bolsheviklar va Stalinga qanchalik qulday xizmat qilmasin, 1948 yili o‘zining ham yo‘q bo‘lib ketishiga bir bahya qoladi.

1947 yilgi paxta rejasini bajara olmagani uchun hayfsan oladi. 1950 yili esa O‘zbekiston SSR Ministrlar soveti raisi lavozimidan ozod qilinadi.

Abdurahmonov yana uzoq yillar turli lavozimlarda ishlaydi. Sovet hukumati va partiyasiga qilgan uzoq yillik sadoqatli mehnati uchun 3 marta Lenin ordeni, Mehnat Qizil bayroq ordeni, 1-darajali Vatan urushi ordenlari bilan taqdirlanadi. 1975 yilda Moskva shahrida olamdan o‘tadi.

Sovet hukumati Abdurahmonovning “xizmatlari”ni qanchalik e'zozlagan bo‘lmasin, bugungi kunda Qodiriy kitobxonlari uni ehtimol o‘zbek mehrobidan chiqqan ayni chayon – Abdurahmon kabi past bir mahluq timsolida eslaydi, ehtimol eslamaydi ham.

Ixtiyor Esonov
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 fevral 2020
Quyidagi maqola telegra.ph saytida e'lon qilingan. “Eltuz” bu maqola tarjimasini e'tiboringizga havola etmoqda. Iddao va taxminlar ustiga qurilgan bu ...
24 yanvar 2024
Jurnalistika fakulteti rektori Sherzod Qudratxo‘ja ruslarga qadar o‘zbek millati va davlatchiligi yo‘q deb chiqqan rus shovinisti Smolinning iddaolariga qarshi ...
28 fevral 2020
Aleksey Volosevich Bir necha o‘n yillar davomida O‘zbekistonda eng mashhur bo‘lgan rusiyzabon «Ilhom» teatri binosining ko‘chirilishiga oid shov-shuvlar hamon ...
4 fevral 2019
Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘tgan hafta matbuot anjumanida Tashkent City qurilishiga o‘zining shirkati investorlik qilayotanini tasdiqladi. «Bu mening ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...