Asosiy mavzular
28 fevral 2020

Manba: «Ilhom» teatri binosini prezidentning katta kuyovi o‘zlashtirgan

Aleksey Volosevich

Bir necha o‘n yillar davomida O‘zbekistonda eng mashhur bo‘lgan rusiyzabon «Ilhom» teatri binosining ko‘chirilishiga oid shov-shuvlar hamon to‘xtagani yo‘q. 

Binoning ko‘chirilishiga uning o‘rniga mazkur inshoot egasi 5-6 qavatli Biznes markazi qurishni loyihalashtirayotgani sabab bo‘lmoqda. 

Rasmiylar ushbu inshootning haqiqiy egasi kimligini oshkor qilishni istashmayapti. Madaniyat vazirligi bino egasining istaklarini qanoatlantirishga intilmoqda, OAV esa bu muammoni yoritishdan ochiqchasiga qo‘rqmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, binoni kimdir qo‘lga oladi, ammo kimligini muhokama qilish istalmagan mavzu bo‘lganligi tufayli mumkin emas. 

7 fevral kuni “Shodlik palas” mehmonxonasi (sovet davrida u «Yoshlar uyi» deb atalgan) bilan yagona me'moriy majmuani tashkil etadigan eski restoranning uch qavatli binosi yerto‘lasida 1976 yildan beri 1800 kvadrat metr maydonda faoliyat yuritib kelayotgan «Ilhom» teatri rahbariyati binoning yangi egasidan xat oldi. 

Xatda «Ofelos Plaza» qo‘shma korxonasi rahbariyati «Ilhom» teatri rahbariga teatr uchun yangi bino qidirishni taklif qilgan. Shuningdek, Toshkent shahri Shayxontohur tumani hokimligi iltimosiga binoan binoni to‘liq rekonstruktsiya qilish rejalashtirilgani, markazdagi yaroqsiz bino shahar ko‘rkini buzayotgani qayd etilgan.

«Shodlik Palace» mehmonxonasi 1994 yilda xususiylashtirilgan. Biroq 2017 yilda sud tomonidan xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinib, bino davlat nazoratiga o‘tkazilgan. 

Yuridik shaxslarning ochiq reestriga ko‘ra, «Ofelos Plaza» MChJ 2019 yil 3 dekabrda 1 milliard so‘m (105 ming AQSh dollari) ustav kapitali bilan ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi — turar joy bo‘lmagan binolarni ijaraga berish va boshqarish. 

Kompaniya rahbari lavozimiga Albert Aradovskiy tayinlangan. Muassislari Ne'matulla Haydarov (75%) va Olga Shavrina (25%). Ikki oy oldin tashkil etilgan kompaniya qanday sharoitda binoning egasiga aylangani haqida hech qanday ma'lumot berilmagan. 

O‘zlariga yangi bino topish taklif qilinayotgan teatr jamoasi kompaniyaning ikir-chikirlariga tushuna olmaganidan keyin «Ilhom» teatrini saqlab qolish bo‘yicha jamoatchilikdan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan. 

«Ilhom» teatrining ko‘chirilishi haqidagi xabar, birinchi navbatda, rusiyzabon jamoatchilik, OAV, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning jamoat arboblari va san'atkorlari, shuningdek, xorijiy diplomatlarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. 

10 fevral kuni Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati «Ilhom» teatrini ko‘chirish nimalarga bog‘liqligini o‘rganib chiqishini ma'lum qildi. 

Matbuot xizmati «Shodlık Palace» mehmonxonasi shahar hokimligi balansida emasligini va ushbu hududdan foydalanish bo‘yicha har qanday qaror uning egasi tomonidan qabul qilinishini ta'kidladi. 

11 fevral kuni prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva teatr himoyasiga otlanib, telegram kanalida: «Men o‘zim teatr san'ati muxlisiman. Ushbu masala atrofida aytilayotgan tashvishli gap-so‘zlarni eshitib, sizni ishontirib aytamanki, biz teatrimizni hech kimga xafa qildirib qo‘ymaymiz! «Ilhom» – madaniy hayotimizning faxri!» deb yozdi.

Shu kuni kechqurun madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov «Ilhom» teatri badiiy rahbari Boris G‘ofurov va «Ofelos Plaza» qo‘shma korxonasi vakili Olga Shavrina bilan uchrashishi natijasida tomonlar yagona qarorga kelganini, teatr o‘z joyida qolishini ma'lum qildi. 

Nizo tinchlik bilan yakunlangani, teatr muammolari to‘liq hal qilingani OAVda yoritildi. Biroq ertasi kuni bu jamoatchilikning g‘azab to‘lqinini tushirishga qaratilgan aniq aldov ekanligi ma'lum bo‘ldi. 

12 fevral kuni «Ilhom» teatrida teatr jamoasi, «Ofelos Plaza» qo‘shma korxonasi vakili Olga Shavrina va Madaniyat vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jaeva ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Unda teatr joylashgan bino faqat ta'mirlanishi emas, balki butunlay buzilib, o‘rniga 5 yoki 6 qavatli Biznes markazi qurilajagi ayon bo‘ldi. 

Shavrinaning so‘zlariga ko‘ra, yangi quriladigan Biznes markazida «Ilhom» teatri uchun albatta joy ajratiladi. 

Biroq va'dalar hech qanday qonuniy asoslarga ega emasligi tufayli teatr jamoasi noroziligini vujudga keltirdi. 

Xullas, binoning haqiqiy egasi kimligiga doir ikkita versiya mavjud. Birinchisi, mazkur binoni rossiyalik investorlar yoki qaysidir investor sotib olgan. 

11 fevral kuni «Ozodlik» radiosi muxbiri Shuhrat Bobojonov «Shodlık Palace» mehmonxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Ne'matulla Haydarovning yordamchisi sifatida tanishtirgan odam bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. 

U shimoliy kavkazliklar lahjasida teatr joylashgan bino «oldin sizniki edi, endi bizniki bo‘ldi», deya javob bergan. 

Ikkinchi versiya – bu «Ilhom» teatri joylashgan «Shodlık Palace» mehmonxonasining haqiqiy egasi prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunovdir. 

Ammo binoga tegishli ishlarni Oybek Tursunovning akasi, Toshkent shahri IIBB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Ulug‘bek Tursunov yuritadi. 

Ulug‘bek «Shodlık Palace» mehmonxonasiga IIBBning jinoyat-qidiruv bo‘limi sobiq boshlig‘i Ne'mat Haydarovni direktor qilib tayinladi. U esa mahalla va oilalarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpievning jiyani bo‘ladi. 

Hozirgi kunda Shavkat Mirziyoevning katta kuyovi O‘zbekistondagi eng yirik xususiy banklardan biri – «Kapitalbank»ni nazoratga olishga muvaffaq bo‘lgan. 

Shuningdek, norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, uning otasi va ukasi Markaziy bank, Uzkard, APEX Sug`urta, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organi bilan hamkorlik qilmoqda. 

2016 yilda qurilgan Hayyat Tashkent mehmonxonasi arab kompaniyasi sifatida qayta ro‘yxatga olingan, uning qurilishi uchun davlat kamida 205 million AQSh dollari sarflagan. Mazkur mehmonxonaning haqiqiy egasi ham Oybek Tursunov ekanligi aytiladi.

Asiaterra nashridan «Eltuz» tarjimasi

Tag‘in o‘qing
10 noyabr 2018
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1991 yildan to shu bugunchaga bu mamlakat hukumati chet elda boshiga ish tushgan birorta vatandoshini himoya ...
2 oktyabr 2019
«Yozarning sasi» ruknida «Eltuz» nashri marhum shoir Rauf Parfining o‘z do‘sti Muhammad Solihga bag‘ishlagan kitobidan o‘qigan she'riy turkumni muxlislar ...
16 avgust 2019
Bundan bir qancha vaqt muqaddam internetda e'lon qilingan “Pufak” sarlavhali maqolasi ortidan taniqli yozuvchi, Karimov davrining nufuzli mulozimlaridan biri ...
7 noyabr 2017
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi internetdagi «ichki ishlar idoralari obro‘sini to‘kuvchi» ma'lumotlarni ...
Bloglar
3 yanvar 2023
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 20-qismida jurnalistning «Adabiyot nima?» degan ...
25 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 18-qismidan 90-yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim ...
20 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih suhbatning 17-qismi muxolifat va hokimiyatning kelajagi haqida ...