Vaqt mashinasi
12 aprel 2024

Abdulhamid Cho‘lpon. Millat va erk kuychisi

Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoni bosib olgach, tabiyki, rus millatiga mansub aholi ham Turkiston hududlariga ko‘chirib kelina boshlandi.

Mustamlakachilar hech qachon rus va mahalliy aholi orasidagi yaqin va uzoq kelajakdagi ixtilof, to‘qnashuvlar bo‘lishi ehtimolini nazardan qochirishmagan.  Turkistonning ko‘p millionli xalqi birlashsa, bu yerdagi etnik ozchilik sanalgan ruslarga qiyin bo‘lishi tabiiy edi.

Shu bois Chor Rossiyasi Turkistondagi rus aholisi kelib joylashgan hududlar atrofiga arman jangari guruhlari – dashnoqlarni keltirib joylashtirgan edi.

Millat erkini kuylagan Cho‘lpon aynan Andijonning bolshevik dashnoqlar tomonidan baza qilingan hududida dunyoga keladi.

“Vaqt mashinasi” rukni ostidagi navbatdagi hikoyamiz 1938 yili sovetlar hukumati tomonidan qatl etilgan Abdulhamid Cho‘lpon hayoti va qismati haqida.

Shoirning yoshligi

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1897 yil 5 oktyabrda Andijon shahrining Qoraterak mahallasida dunyoga kelgan.

Cho‘lponning otasi Sulaymon Mulla Muhammad Yunus o‘g‘li zamonasining ilg‘or odamlaridan, nihoyatda ziyoli kishi edi. Savdogar bo‘lsa-da, “Rasvo” taxallusi bilan she'rlar ham yozib turardi.

U o‘g‘li Abdulhamidning o‘qimishli odam bo‘lishini orzu qilgan. Shuning uchun Cho‘lponning bolaligidan ilm olishida bor sarmoyasini ayamagan.

Cho‘lpon dastlab madrasada falsafa, mantiq, tarixni o‘rganadi. Firdavsiy, Sa'diy, Hofiz Sheroziy, Umar Xayom asarlarini o‘qib yod oladi.

Cho‘lpon ham Qodiriy kabi o‘sha davrning ilg‘or ta'lim tizimi bo‘lgan rus tuzem maktabida o‘qiydi. Rus tilini o‘rganib, rus va jahon adabiyoti bilan tanishadi.

Pushkin, Dostoevskiy ijodi Cho‘lponni o‘ziga maftun qiladi. Jadidlar harakati asoschisi Ismoil Gaspirinskiy va turk dunyosi namoyandalari ijodi bilan tanishgach, dunyoqarashi shakllanadi. U mazlum Turkiston xalqlari qismatini bor bo‘yi bilan his qila boshlaydi.

Cho‘lpon o‘n to‘rt yoshidan jiddiy she'rlar yozgan. 15-16 yoshida “Maorifparvar bobomiz Ismoil Gaspirinskiy hazratlari haqida taziyanoma” asarini qoralaydi.

O‘sha davrdagi jadidlar chop etayotgan eng mashhur gazeta – “Sadoyi Turkiston”da “Adabiyot nadur”, “Doktor Muhammadyor” nomli maqolalari chiqadi. Turkiy nazm osmonida yangi yulduz porlab kelmoqda edi.

Behbudiy, Avloniy, Hamza, Fitrat, ulug‘ hind mutaffakiri Robindranat Tokur asarlaridan ruhlangan Cho‘lpon millat kelajagini, uning istiqbollarini ko‘ra boshlagan.

Yosh bo‘lishiga qaramay, 1917-1918 yillarda Boshqirdiston hukumati raisiga kotiblik qiladi.

1919 yilda Farg‘onaga kelib, “Yangi sharq” gazetasiga ishga kiradi. 1921-22 yillarda “Axbori Buxoro” gazetasiga muharrir etib tayinlanadi.

So‘ngra Andijondagi “Darxon” gazetasida muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Turkiston muxtoriyati va milliy ozodlik harakatlari tor-mor qilingani yosh shoirni chuqur iztirobga soladi. Buni Cho‘lponning o‘sha davrda yaratgan asarlaridagi tushkun kayfiyatdan ham sezsa bo‘ladi.

Turkistonda istibdod haddan oshgan davr

Cho‘lponning yoshligi, avvaliga Chor Rossiyasi istibdodi, Turkiston muxtoriyatining tugatilishi va keyinchalik bolsheviklar zulmi haddan oshgan ziddiyatli davrga to‘g‘ri keldi. Afsuski, Cho‘lponning ayni ziddiyatli holatlar aks etgan qo‘lyozmalari NKVD bosimi ostida yo‘q qilingani aytiladi.

1898 yilning may oyida Andijonda mashhur Dukchi eshon qo‘zg‘oloni bostirilgach, rus bosqinchilarining milliy isyonlardan xavotiri yanada oshdi. Yuqorida qayd etganimizdek, mustamlakachilar endilikda ruslarga qalqon bo‘ladigan vositani o‘ylab topishi kerak edi. Shunday vosita sifatida arman xalqi tanlanib, O‘rta Osiyoga ko‘chirib keltirila boshlandi.  Mustabid chorizm, to‘g‘rirog‘i, rus shovinizmi armanlardan kardon, ya'ni o‘ziga to‘siq sifatida foydalanmoqchi edi.

1910 yilda rus armiyasi general-mayori B.Litvinovning yozishicha, Rus armiyasi ortidan keltirilgan armanilar Turkiston bozorlariga suqilib kirib, mahalliy hunarmandlar – etikdo‘zlik, soatsozlik, sartaroshlik, mebelsozlik va boshqa ko‘plab serdaromad sohalardan siqib chiqara boshlaydi. Hatto Samarqand yahudiylaridan zargarlik, tilla va qimmatbaho metallar savdosini ham o‘z qo‘llariga olish harakatiga tushadilar.

Albatta, bularning barchasi chor Rossiyasi hukumatining bevosita yo‘rig‘i va yordami bilan bo‘ladi. Armanlar Turkistonda bemalol o‘z cherkovlari, diasporalari, maktablarini tashkil qilishadi.

Arman boylari Toshkent, Andijon, Qo‘qon, Farg‘ona, Samarqand va boshqa yirik shaharlarda maishiy xizmat, vino va spirtli ichimliklar savdosi, restoran tijorati, paxta tozalash zavodlari, sovun va attorlik kabi eng serdaromad sohalarni sekin-sekin qo‘lga ola boshlaydilar.

1913 yili Turkistondagi armanilar soni 3292 nafar edi. Eng qizig‘i, arman kvartallari rus va mahalliy o‘zbek aholi punktlari orasiga forpost kabi joylashtirilgandi.

Muxtoriyatga qarshi dashnoqlarning oyoqlantirilishi

1917 yilda Turkiston muxtoriyati tuzilib, bolsheviklarning O‘rta Osiyodan mosuvo bo‘lishi istiqbollari ko‘rinib qoldi. Chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosatining uzviy davomi bo‘lgan bolshevizm Turkiston xalqlariga, ayniqsa, o‘zbek millatiga qarshi aynan o‘sha forpostdan, ya'ni arman millatchilaridan foydalanishga qaror qiladi.

Birinchi jahon urushida Rossiya tarafida turib urushgan armanlarni Usmoniylar qirg‘in qilgandilar. Buni qaranki, bu qirg‘in to‘lovini boshqa turkiy xalqlardan arman millatchilari qo‘li bilan olmoqchi bo‘lishdi.

Shunday qilib, ashaddiy arman millatchilari ishtirokida “Dashnoqtsutyun” ekstremistik jangovar partiyasi tuziladi. Buni qarangki, bolsheviklar Turkiston hukumati tepasiga kelgan kunning ertasigayoq, barcha kasbdagi armanlar birdaniga bolsheviklarga aylanib qolishadi.

Bolsheviklar dashnoqlar yordamida Qo‘qonda Turkiston muxtoriyatini qonga botirishadi. Qo‘qon, Andijon, O‘sh, Jalolobod shaharlarida Turkiston muxtoriyatiga mutlaqo aloqasi yo‘q begunoh mahalliy aholini qirg‘in qilishadi.

Ular Qo‘qonda yosh go‘daklaru qariyalarni ham ayamay o‘ldirdilar. Qiz-juvonlarni zo‘rladilar. 1918 yil 18 dekabrda Xonul qishlog‘idagi ayollarni go‘yoki o‘lja sifatida Andijon qal'asiga haydab kelib, bir necha kun zo‘rlaydilar. Bozorqo‘rg‘onda esa qabristonga bostirib kirib, janoza o‘qiyotganlarni vahshiylarcha o‘ldiradilar.

Turkiston musulmon komunistlari byurosi boshlig‘i Turor Risqulov 1919 yilda sovet rahbarlarini dashnoqlarning turkiy xalqlarga qilgan va qilishda davom etayotgan manfur jinoyatlaridan xabardor etadi.

Turor Risqulov dashnoqlar qilgan barcha jinoyatlarni hujjat va dalillar asosida isbotlab beradi. Dashnoqlarning bu jinoyatlari marksizm, kommunizmning olijanob g‘oyalari soyasida bo‘layotganiga sha'ma qiladi.

Nihoyat bolsheviklar agar dashnoqlar xunrezligini to‘xtatmasa, butun Turkiston xalqlari ularga qarshi oyoqqa turishi mumkinligini tushunib yetadi. 1919 yilning 25 may kuni Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi arman millatchilarini, umuman, armanlarni qizil armiya saflaridan chiqarish haqida qaror qabul qildi.

Bolsheviklarning ishi bitgan edi, ular dashnoqlar yordamida Turkiston muxtoriyatini tor-mor qilishgandi. Endigi kurashda dashnoqlar ularga faqat zarar keltirishi mumkin edi.

Endilikda bolsheviklar yanada makkor siyosat yuritib, turkiylar ichidan chiqqan xoin, adashgan va laqmalardan foydalanishni maqsad qilishgandi.

Shu o‘rinda bolsheviklar keyinchalik arman xalqi vakilidan xalqimizga qarshi yana bir marta foydalanganini eslatib o‘tish o‘rinli. Balki bu tasodifdir, ammo 80-yillardagi “o‘zbeklar ishi” nomi bilan ataladigan qatag‘onlarga bosh qilib yana bir armanni – Telman Gdlyanni yuborishgandi.

Cho‘lponning Moskvadagi ijodi

Abdulhamid Cho‘lpon ijodi va faoliyati ham boshqa jadidlarniki kabi bolsheviklar e'tiboridan chetdan qolmagandi. 1923 yilda shoir va adiblar ishtirokidagi yig‘ilishda millat xoinlari Cho‘lponga hujumga o‘tadilar. Ayniqsa, keyinchalik Abdulla Qodiriy va boshqa millat oydinlarini NKVD jallodlariga yozib berganlarning biri bo‘lgan Olim Sharafiddinov uni qattiq qoralab chiqadi.

U Cho‘lponni yo‘qsil kambag‘allar emas, burjua shoirligida ayblaydi.

Cho‘lpon majlisni tashlab chiqib ketadi. Ammo keyinroq, o‘z oilasi, yaqinlarini taqdirini o‘ylab, tavba-tazarru qiladi. Bolsheviklar mafkurasini targ‘ib qiladigan she'rlar, maqolalar yozadi. Ammo Cho‘lponning bu asarlari ham xuddi Qodiriyning “Obid ketmon”i singari xalq ko‘nglidan joy olmasligi aniq edi. Chunki bu majburiy, soxta adabiyot edi.

Cho‘lponning dushmanlari, ya'ni bolshevizm malaylari tantana qilmoqda edi. Ular Cho‘lponni ochiqdan-ochiq masxara qila boshlashadi. Shunda O‘zbekiston rahbarlaridan biri, asli jadidlardan bo‘lgan Fayzulla Xo‘jaev Cho‘lponga yordam berishga qaror qiladi.

U Cho‘lponni Moskvadagi O‘zbek teatr studiyasiga rahbar qilib yo‘llaydi. 20-yillar Moskvada faoliyat yuritgan bu teatrda keyinchalik Abror Hidoyatov, Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Sora Eshonto‘raeva va boshqalar ijod qilishgan. Shubhasiz, san'atimizning bu namoyandalari qaysidir ma'noda ulug‘ Cho‘lponning shogirdlari ham edilar.

Cho‘lpon Moskvada erkinroq ijod qiladi. Qarang, u o‘z vatanida bunday qila olmaganidan ko‘rinadiki, stalinizm qatag‘onlarida, asosan, o‘zimizdan chiqqan millat xoinlari roli ko‘proq bo‘lgan ekan-da demak.

Mashhur “Chingizxon” tarixiy romani mualifi Vasiliy Grigorevich Yan o‘z ijodi uchun Cho‘lpondan ko‘p maslahatlar oladi. Cho‘lpon o‘zi rahbarlik qilayotgan teatrda Gogolning “Revizor” asarini tarjima qilib sahnalashtiradi. Shuningdek, “Malikai Turondot”ni ham Cho‘lpon tarjima qilgan.

1936 yilda Cho‘lponning shoh asari “Kecha va kunduz” bosilib chiqadi. Bu asar mohiyati haligacha to‘liq o‘rganilgani yo‘q. Cho‘lpon bu buyuk asarida Rossiya imperializmining Turkistondagi maqsadlarini, uning asl basharasini, kuchli va zaif tomonlarini ochib beradi.

Cho‘lpon o‘sha o‘ttizinchi yillardagi qo‘rqinchli davrda, albatta, hamma fikrini ochiq ayta olmagani tabiiy. Lekin buyuk adib mustamlakachi chorizm va bolsheviklar o‘rtasida unchalik katta farq yo‘qligi, u bilan qanday kurashish mumkinligi, bu kurash yo‘llariga ishora qiladi.

Xalqining kelajagi aynan jadidlar bilan birga bo‘lishda ekaniga urg‘u beradi. Asar qahramonlaridan biri, aqlli, tadbirli Miryoqub aynan ma'rifatchi jadid Sharafuddin Xo‘jaev bilan tanishgachgina dunyoqarashi tubdan o‘zgaradi. Cho‘lpon bu bilan aynan Miryoqubga o‘xshagan odamlar millatni boshqara olishiga ishora qiladi.

Xotinboz, maishatparvar, ammo aqli kalta Akbarali mingboshiga o‘xshagan odamlarni ham millat foydasiga aynan Miryoqubday kishilar bura olishiga ishonadi.

“Kecha va kunduz”da Cho‘lpon millatning fojeasini ko‘rsata olgan.

Yana bir asari – “Qor qo‘ynida”da ham, “Kecha va kunduz”da ham Turkiston xalqlarini jamiyat taraqqiyotida ortga tortib kelayotgan chirkin odatlarimizni fosh qiladi. Diniy ulamolarning kazzobligi, pastkashligini, boylarning o‘z nafsidan boshqasini ko‘ra olmaydigan badnafslar ekanini fosh qiladi. Shu chirkin odatlar tufayli Zebi singari yosh qizlarning umrini xazon qilayotgan otalar fojeasiniaks ettiradi.

Ko‘pchilik mutaxassislar “Kecha va kunduz”ning birinchi qismi yozilgan, ikkinchi qismi ham yozilgan bo‘lishi kerak, deb hisoblaydilar. Menimcha, Cho‘lpon buyuk asarining ikkinchi qismini yozishni istamagan. Yoki yozsayam yo‘q qilgan bo‘lsa kerak. Chunki, Stalin qatag‘onlari borgan sari iskanja olib kelmoqda edi.

Shu yillarda Cho‘lpon ko‘proq tarjima ishlariga beriladi. Orenburg, Moskvada ishlaydi. Lohutiyning “Yevropaga sayohat”, Pushkinning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov”, Gorkiyning “Ona”, “Yegor Bulichev”, Shekspirning “Gamlet” asarlarini tarjima qiladi.

Cho‘lpon Soliha ismli ayolga uylangan bo‘lib, undan farzand ko‘rmagan edi. Umrining katta qismi Rossiyada o‘tayotgani uchun Yekaterina Ivanovna degan ayolni nikohlab oladi.

Cho‘lpon bejizga o‘z asari qahramoni Miryoqubni rus ayoli bilan uchrashtirmagan edi. Bu obrazning ba'zi qirralarida Cho‘lpon o‘z taqdirini ko‘rganday go‘yo.

Cho‘lponning umri oxirlab kelayotgandi. Buyuk adib o‘zi va millatimizning mudhish kelajagini oldinday sezgandek, o‘z asarlari qahramonlari tilidan gapiradi.

Masalan, “Jaholat qurboni” asari qahramoni Eshmurod: “Biz odam bo‘lmaymiz, bitamiz, inqiroz bo‘lamiz, oh jaholat, bitduk, bitduk, o‘lduk, tirilmaymiz”, deydi.

Millatning hozirgi ahvolini ko‘rib, Cho‘lpon naqadar haq bo‘lgan ekan, deb o‘ylayman:

Na isyon, na to‘lqin, na to‘fon, na o‘t,

Ko‘zimda og‘ir bir taslim nuri bor.

Ey o‘tli kechmishim, yuzingni berkit,

Senda shaytonlarning haqsiz zo‘ri bor.

Iblislar davri

Dostoevskiy bashorat qilgan iblislar davri kelgandi. 1937 yil Cho‘lpon boshqa jadidlar, millat oydinlari kabi NKVD maxsus uchligi buyrug‘i bilan qamoqqa olinadi. Aksilinqilobchilik, burjuaziya adabiyotini tarannum qilganlik, g‘arb xufiyasi va yana allambalo tuturug‘i yo‘q ayblovlar bilan aybdor deb topiladi.

1938 yil 5 oktyabrda zamonaviy o‘zbek poeziyasi asoschisi, shoir, yozuvchi, dramaturg, noshir va ajoyib inson, millatimizning guli bo‘lgan Abdulhamid So‘laymon o‘g‘li Cho‘lpon Toshkent shahrida NKVD jallodlari tomonidan otib o‘ldirildi.

Abdulhamid Cho‘lpon ham 50-yillarga kelib kommunistlar tomonidan oqlanadi. Lekin uni sotgan xoinlar vatanimiz adabiyotini boshqarayotgan odamlar edilar. Ular Cho‘lponning adabiy-ilmiy merosini o‘rganishga yo‘l qo‘ymaydilar yoki qo‘rqadilar.

Xullas, 80-yillar oxirlarigacha Cho‘lponning asarlari bosilmay, o‘rganilmay qolib ketaverdi.

Faqatgina 80-yillar oxiridagina bir guruh o‘zbek ziyolilari, aytish mumkinki, yangi jadidlar Cho‘lpon merosiga e'tibor qaratishadi.

Cho‘lponga haykal o‘rnatildi, ko‘plab joy nomlari Cho‘lpon nomiga qo‘yildi, yirik nashriyot ham Cho‘lpon nomidaligi albatta quvonarli. Ammo Cho‘lponning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yirik asarlar, tarixiy maqolalar, badiiy filmlar yaratilmadi va haligacha yaratilmay kelinmoqda.

Buning sababi nimada ekan, deb o‘ylayman ba'zan. Balki bu Sharafiddinovlar, Abdurahmonovlar, Yusupovlar, Segizboevlar avlodlari hamon egarda qolishayotganidandir.

Culton Segizboev – millatning yana bir jallodi

Millat oydinlarini qatag‘on qilishga bosh qo‘shganlardan yana biri Sulton Segizboev bilan tanishsak.

Segizboev NKVD maxsus uchlik guruhi a'zosi sifatida Cho‘lpon, Qodiriy va boshqa oydinlarimizni hibsga olishga farmon bergan bosh jallodlardan biridir.

Sulton Segizboevich Segizboev 1899 yilda Toshkent uezdi Jag‘albayli ovulida tug‘iladi. Segizboev rus chorizmiga qarshi 1916 yilgi qo‘zg‘olonda ishtirok etgan.

Segizboev milliy ozodlik harakatida qatnashgan bo‘lsa-da, jadidlardan emas edi. Jadidlarda bor bo‘lgan ilm va dunyoqarash unda yo‘q edi. Bunday kurashchilar bolsheviklar mafkurasi asiriga aylanishi oson edi.

Segizboevga bolsheviklar harakati ma'qul keladi va ular safiga kiradi. Bunday tashkilotchi, etakchilik qobiliyati bor, partiyaga sodiq odamlar bolsheviklarga havo va suvdek zarur edi.

Sulton Segizboev kar'erasi inqilobning dastlabki yillaridan yuksala boshlaydi. 1918-1919 yillarda Oqqo‘rg‘on kommunistlar (bolsheviklar) partiyasi volost qo‘mitasiga rais bo‘ladi.

1921 yilda Kronshtadtda bolsheviklarga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirishda qatnashadi. Aynan o‘sha yerda bolsheviklarning terror usullarini ko‘radi va o‘rganadi.

1923 yilda Farg‘ona viloyati KP(b)ning mas'ul kotibi. 1924 yil Toshkent uezdi partiya markaziy qo‘mitasida targ‘ibot-tashviqot ishlari bo‘limi mudiri o‘rinbosari.

1925 yilda Ukrainaga ishga o‘tkaziladi. Storobelsk okrugi kompartiyasida instruktorlik qiladi. 1928-30 yillarda yirik partiya arboblari o‘qiydigan qizil professura institutida tahsil oladi.

1930-32 yillarda Lenin nomidagi SSSR Fanlar akademiyasi huzuridagi qishloq xo‘jaligi bo‘limining O‘rta Osiyo filialiga direktorlik qiladi.

SSSR Xalq komissarlari ishchi-dehqonlar inspektsiyasining paxta-irrigatsiya qo‘mitasi rahbari. 1932-34 yillari asli kelib chiqishi qozoqlardan bo‘lgan Segizboev Qozog‘iston VKP (b)si tashkiliy instruktsiya bo‘limiga rahbarlikka tayinlanadi. 1934-37 yillari Qozog‘iston VKP (b) ijroiya qo‘mitasida qishloq xo‘jaligi bo‘limi raisi.

Shu o‘rinda aytmoqchimanki, Yusupov, Segizboev singari odamlar nafaqat millat oydinlarini yo‘q qilishda rol o‘ynadilar. Ular kelajakda Kreml manfaatini ko‘zlab Turkistonning hosildor yerlarini, Orol dengizini quritishda jonbozlik ko‘rsatishdi.

Shu yo‘lda ular O‘rta Osiyo melioratsiyasi va tuprog‘idan foydalanish istiqbol rejalarini ishlab chiqqan va ko‘rsatma bergan shaxslar edilar.

1937 yilda Sulton Segizboev Shimoliy Qozog‘iston oblasti VKP(b) qo‘mitasining birinchi kotibi.

1937-38 yillar, qatag‘on davrida O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti raisi.

Biroq, ko‘plar qatori sovetlarga qullarcha xizmat qilgan Segizboevning o‘zi ham 1938 yil oxirida hibsga olindi va tergov uchun Moskvaga olib ketildi. 1939 yil 25 fevralda u NKVDning sobiq rahbari Yejov xatolari ishtirokchisi sifatida qatl etildi.

Ixtiyor Esonov
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 may 2018
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 30 aprel kungi tashrifi chog‘ida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonni o‘z ota yurti deya ta'rifladi. «Ota ...
15 avgust 2017
Yodgor Obid – 1940 yilda Toshkent tumani Ko‘kterak mavzeyida tug‘ilgan. Moskvadagi Oliy adabiyot Institutida tahsil olgan. «Oqqush ertagi» nomli ...
5 avgust 2020
Marhum prezident Islom Karimovning kenja kizi Lola Karimova (Tillaeva) Amerikadagi uchta villasini sotuvga qo‘ydi Rassom Tuz
15 sentyabr 2023
Aziz asrimizning aziz onlari Aziz odamladan so‘raydi qadrin Fursat g‘animatdir. Shox satrlarla Bezamoq chog‘idir umr daftarin MS. Go‘tarildi shamal. Go‘rindi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...