Asosiy mavzular
22 aprel 2020

BMT Inson huquqlari qo‘mitasi O‘zbekistonga: Ozroq homilador bo‘lish mumkin emas

Joriy yilning mart oyida Jeneva ko‘li sohilida joylashgan muhtasham Vilson saroyida (Wilson Palais) O‘zbekistondagi inson huquqlari masalalari muhokama qilindi. U yerda BMT Inson huquqlari qo‘mitasi O‘zbekistonning beshinchi hisobotini ko‘rib chiqdi.

Tarixga nazar. BMT 1966 yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt deb nomlangan muhim hujjatni qabul qilgan. 

Ushbu paktga dunyoning 170 dan ortiq mamlakati ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan bo‘lib, ular insonning fuqaroviy va siyosiy huquqlarini hurmat qilish majburiyatini zimmasiga olgan.

Bunday huquqlar sirasiga yashash huquqi, diniy erkinlik, so‘z erkinligi, yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi, harakatlanish erkinligi, saylov huquqi, odil sudlov huquqi kiradi.    

O‘zbekiston mazkur paktga 1995 yilda qo‘shildi. Bu BMT Inson huquqlari qo‘mitasi oldida O‘zbekiston hukumatining o‘z fuqarolari erkinliklari xususida doimiy ravishda hisobot berishini anglatadi. 

Shunday qilib, O‘zbekiston mulozimlari besh yilda bir marta Inson huquqlari qo‘mitasi a'zolari savollariga javob berishadi.

Jenevaga delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov, Senat a'zosi Orol Otaniyozov, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov, Xavfsizlik kengashi katta maslahatchisi Oqil Ubaydullaev va O‘zbekistonning Shveytsariyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Lapasov tashrif buyurdi. 

***

Karimov rejimining sobiq xizmatchisi 62 yashar Akmal Saidov 20 yil ichida muntazam ravishda inson huquqlari O‘zbekistonda a'lo darajada himoya qilingani to‘g‘risida gapirib kelgan. Bu safar Saidov prezident Shavkat Mirziyoev hukumat tepasiga kelishi bilan mamlakatda qator ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergani haqida gapirib berdi. 

Saidov mamlakatda inson huquqlarini himoya qilishga doir barcha ishlar xalqaro qonun hujjatlariga muvofiq tarzda olib borilayotgani haqida uzoq so‘zladi.

Masalan, u O‘zbekistonda dunyodagi noyob demokratik institut yaratilgani haqida aytdi. Bu O‘zbekiston Respublikasi prezidentining xalq qabulxonasidir. Xalq qabulxonasi tashkil etilgan kundan boshlab u yerga 3.5 milliondan ortiq murojaat tushgan. Murojaatlardan 90 foizi joyida hal qilindi. Bu xalqning davlat rahbari bilan yangicha muloqot usuli, dedi Akmal Saidov. 

Akmal Saidov prezidentning xalq qabulxonalari haqida g‘urur bilan gapirdi. Ammo o‘ylab ko‘rilsa, qisqa vaqt ichida 3.5 million odamning prezidentga shikoyat bilan murojaat qilishi, tabiiyki, O‘zbekistonda davlat idoralari samarali ishlamayotganini anglatadi.   

Saidovning nutqidan so‘ng qo‘mita a'zolari savol berishni boshlashdi. Aksariyat savollar O‘zbekiston delegatsiyasi uchun juda yoqimsiz edi.  

Ben Ankour (Y .Ben Achour), BMT Inson huquqlari qo‘mitasi eksperti. 

Nega nodavlat tashkilotlar xodimlarining qamoqxonalarga kirishiga ruxsat berilmaydi? 

Nega xalqaro tashkilotlar jazoni ijro etish muassasalariga borishga haqli emas? 

Mamlakatingizda bu 2013 yildan beri taqiqlangan. 

Siz Qizil yarim oy jamiyati 200 dan ortiq hibsxonaga tashrif buyurgani haqida gapirdingiz. Lekin ular tashriflarini to‘satdan to‘xtatib qo‘ygan. Nega? 

Tashriflar qanday sabablarga ko‘ra to‘xtatildi? 

Nahotki ular qamoqxonalarga tashrif buyurishdan ixtiyoriy ravishda bosh tortgan bo‘lsa? Sabablari bo‘lishi kerak. Qizil yarim oy vakillari harakatiga biron kishi to‘sqinlik qilmadimikin?

Nima uchun penitentsiar muassasalar ro‘yxati e'lon qilinmagan? 

Nima uchun bunday ro‘yxat nodavlat tashkilotlar ixtiyoriga taqdim etilmagan? 

Har bir mamlakatda jazoni ijro etish muassasalari manzili qayd etilgan rasmiy ro‘yxat mavjud. Hech kim buni yashirmaydi. Nodavlat tashkilotlardan biz olgan ma'lumotlarga ko‘ra, ular bunday ro‘yxatni ololmaymiz, deb arz qilishadi.  

Bizga qamoqxonalardagi majburiy mehnat to‘g‘risida ham aytishgan. 

O‘zbekiston uchun paxta terimi muhim masalalardan biri ekanini men bilaman. Lekin mahbuslarni paxta terimiga majburan jalb qilish, rejani bajarmaganligi uchun jazolash uchun bu sabab bo‘lishi mumkinmi? Majburiy mehnatga oid ma'lumotlarga nisbatan sizning munosabatingiz qanday?  

V Sansin (V. Sancin), BMT Inson huquqlari qo‘mitasi eksperti

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda korruptsiya aksincha kuchaymoqda, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, qurilish, ta'lim sohalarining ayrim tarmoqlarida. Davlat korruptsiyaga qarshi samarali kurashish uchun qanday qo‘shimcha choralarni ko‘rishni rejalashtirayotganini bilishni xohlayman. Jamoatchilik korruptsiya holati bo‘yicha qanday fikrda? 

P. Pazartis (R. Pazartis), BMT Inson huquqlari qo‘mitasi eksperti

Yaqinda din erkinligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan qamoq muddati uzaytirilgani haqida xabar keldi. 

«Qamoqda o‘zini tutish qoidalari» bilan tanishish uchun ular qaerdadir rasmiy shaklda chop etilganmi? Nima uchun bu xavotirlarni vujudga keltiradi?

Bizga 1999 yil fevral oyida Jinoyat kodeksining 159-moddasi bo‘yicha 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan janob Jamshid Vosiev haqida aytishdi. 

Uning qamoq muddati o‘zini tutish qoidalarini besh  marta buzganligi uchun uzaytirildi. Oxirgi marta 2017 yil may oyida uzaytirilgan. 

U 2020 yil may oyida ozodlikka chiqishi kerak. Ammo uning qarindoshi «o‘zini tutish qoidalarini buzganligi sababli» qamoq muddati yana uzaytirilishi mumkinligidan xavotirga tushmoqda. 

S. A Bulkan (S.A Bulkan), BMT Inson huquqlari qo‘mitasi eksperti

Bir qator nufuzli tashkilotlar jinsiy ozchilikka oid shaxslarga nisbatan kamsitish va zo‘ravonliklar bo‘layotgani haqida bizga xabar berishdi. Hatto o‘lim holatlari ham kuzatilmoqda. Ularni zo‘ravonliklardan himoya qilish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Gomofoblarning tanloviga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslar ishi bilan bog‘liq jinoiy tergovlar soni bo‘yicha qandaydir hujjatlar bormi?  

Qonun asosida bunga qarshi kurashish bo‘yicha qandaydir chora-tadbirlar belgilanganmi? 

Jinsiy ozchilik vakillariga nisbatan nafratli bayonotlar, ularni hibsga va qamoqqa olish bilan bog‘liq asossiz hodisalar jismoniy jinsiy zo‘ravonlik xavfini keltirib chiqaradi. Bunday voqeani hal qilish uchun biror chora ko‘rilishi kerakmi? Shunga o‘xshash bayonotga ega bo‘lgan mustaqil mexanizm politsiyaning zo‘ravonligi va shafqatsizligini tekshira oladimi? 

Agar bunday ishlarga doir chora-tadbirlar mavjud bo‘lsa, ularni qanday amalga oshirish mumkin va bu bo‘yicha qancha shikoyatlar tushgan? Jinsiy kamchilikka oid odamlarni ish joyida kamsitishning, o‘zboshimchalik bilan ishdan bo‘shatishning oldini olish va huquqlarini himoya qilish uchun qanday shaxsiy himoya choralari mavjud?  

M. Kran (M Kran), BMT Inson huquqlari qo‘mitasi eksperti

Andijon voqealari xususida gaplasharkanmiz, siz bilan birga o‘qotar quroldan foydalanish standartlarini ham muhokama qilamiz. 

Biz bilamizki, 2005 yilda Andijonda harbiy xavfsizlik kuchlari yetti yuz nafar tinch aholi vakili o‘limiga sabab bo‘lgan. 

2010 yilda qo‘mita O‘zbekiston hukumatiga ushbu voqeani samarali mustaqil tekshirishni tavsiya qildi. 

Sizning hozirgi hisobotingizda asosiy tergov haqida ma'lumot mavjud. 

Siz Andijon voqeasi bo‘yicha jinoiy tergov ishlari boshlandi, deyapsiz.

Bizga tinch aholini o‘ldirish va yaralashda ishtirok etganlarni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha kelajakda amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar bo‘yicha ma'lumot bersangiz. 

Bizga hujum qilganlarga qarshi jinoiy ishlarning borishi haqida gapirib bersangiz. 

Qanday tekshiruvlar olib borildi yoki olib borilmoqda? 

Jabrlanganlar va ularning oilalariga yetkazilgan zararlar bo‘yicha nimalar qilinmoqda?

Yetkazilgan zararlarni qoplash masalasi juda muhim ahamiyatga ega. Andijon voqeasi haqida hisobotni oshkor qilish bo‘yicha reja bormi?    

O‘qotar quroldan foydalanishga kelsak, 2019 yildagi «O‘qotar qurollar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, maxsus organlar va harbiy qismlarga o‘q-dorilar va o‘qotor qurollarni ishlatish, olib yurish va ulardan foydalanishga ruxsat beriladimi? 

O‘zbekiston hukumatga ushbu turdagi qurollarni ishlatishga ruxsat berishda sadoqat mezonlariga rioya qilishni qanday amalga oshirmoqchi? 

BMTning asosiy printsiplariga binoan, o‘qotoar qurollardan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan yetkazilayotgan jarohatlar sonini kamaytirish uchun foydalanganmi?   

Qiynoqlar haqida. Biz sizlarning yaqinda, 2019 yil noyabr oyida Qiynoqlarga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan muloqot o‘tkazganlaringizdan xabardormiz. Ushbu qo‘mita tizimdagi boshqa bir-biri bilan bog‘liq organlar bilan hamkorlikda qiynoqlar qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini tushunishi kerak. Shuning uchun men muloqot jarayonida qiynoqlar masalasiga bag‘ishlangan ishlanmalarimdan foydalanishga harakat qilaman. 

Bizning qo‘mitamiz O‘zbekistondagi qiynoqlarga oid tasniflar Qiynoqlarga qarshi konventsiyada qayd etilishi tarafdori. 

Siz yangi asosiy kodeks yaratilayotgani va 2018 yilda qabul qilingan qiynoqlarga qarshi kurash qonunida 1994 yilda qabul qilingan Jinoyat kodeksining 235-moddasi yanada takomillashtirilgani haqida gapiryapsiz. Bu borada ta'rif keng bo‘lishiga qaramay, jabrlanuvchi va zulm yetkazuvchiga berilgan ta'rif juda tor bo‘lib qolmoqda. 

Jinoiy protsess ishtirokchilari va ularning qarindoshlari jabrlanuvchilar bo‘lib qolmoqda. 

Jinoyat kodeksining 235-moddasi ko‘rib chiqilganda, zulm yetkazuvchilar huquq-tartibot organlari yoki boshqa davlat organlari a'zolari ekani oydinlashmoqda. 

Qiynoqlarga qarshi konventsiyalarga binoan, qiynoqqa solingan har qanday odam jabrlanuvchi sifatida qaralishi mumkinligiga qanday ishonch hosil qilmoqchi ekaningiz haqida gapirib bersangiz. 

Aybdor-shubhalanuvchi shaxsning ma'lumotiga barcha davlat xizmatchilari, shuningdek, rasmiy shaxslar sifatida harakat qiladigan jismoniy shaxslar kirishini qanday ta'minlaysiz? Ta'kidlamoqchimanki, 1994 yilda qabul qilingan Jinoyat kodeksi qiynoqqa yoki noinsoniy muomalaga aloqador amnistiyalarni taqiqlamaydi.      

Siz qiynoqlar qo‘llashda ayblanganlardan hech kim prezidentning 2017 yilda qabul qilingan «Amnistiya to‘g‘risida»gi farmoniga asosan avf qilinmagan, demoqdasiz. Biroq bizda ana shunday shaxslar amnistiya to‘g‘risidagi farmonga ko‘ra ozod etilgani to‘g‘risida faktlar bor, ya'ni noinsoniy muomalalar orqali qamoqqa mahkum etilganlar 2017 yilgacha ham amnistiya bilan ozodlikka chiqqan. Bunday jinoyatlar uchun amnistiyani taqiqlash to‘g‘risida tuzatishlar kiritilayotganiga oid takliflarni qo‘llab-quvvatlayman.

Taklif etilayotgan tuzatishlarni ko‘rib chiqish jarayoni to‘g‘risida bizga ma'lumot bersangiz. 

Qanday qilib qiynoqlar va noinsoniy muomalalarni Jinoyat kodeksining jinoyatlar ro‘yxatiga kiritishni rejalashtirmoqchisiz? 

11-savol: Davlat rahbari 2017 yil noyabrda sud tomonidan qiynoq ostida olingan dalillardan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini qayd qilmoqchiman. 

Ushbu farmonga binoan, butun qaror sud jarayonida olingan dalillarga asoslangan bo‘lishi kerak, ammo minglab odamlar siyosiy sabablarga ko‘ra, shu jumladan, ekstremistik ayblovlar bilan qamoqda saqlanayotgani haqida xabarlar mavjud.      

Ulardan ba'zilari qo‘pol muomalalarga duch kelmoqda, qiynoqqa solinmoqda. Bunday qiynoqlar sirasiga jinsiy zo‘rlash va huquqlarini poymol qilish kiradi. 

Siz mahbuslarga nisbatan qiynoq va noinsoniy munosabat to‘g‘risidagi ushbu xabarlarni qanday tekshirishni rejalashtirmoqdasiz? 

Siz jabrlanganlarga qanday tovon to‘lash masalalarini ilgari surmoqdasiz yoki amalga oshirishni taklif qilmoqchisiz? 

Siz mahbuslarning qiynoqqa solinmasliklariga qarshi qanday choralar ko‘rmoqdasiz? 

Qiynoq haqida xabar bergan shaxslarga nisbatan qasos choralari haqida xabarlar mavjud. Kelgusida bunday qasos harakatlarining oldini olish uchun qanday choralar ko‘rmoqdasiz? 

Siz ushbu qo‘mitaning bir qator xulosalari va fikrlarini amalga oshirmadingiz. 

Qiynoq qurbonlariga kompensatsiya berish qaerda tavsiya etiladi? 

Ushbu takliflarni qanday amalga oshirmoqchisiz?    

BMT qo‘mitasi ekspertlarining ushbu savollariga Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidovning javoblari quyidagicha bo‘ldi:

O‘zbek delegatsiyasi javoblari

Akmal Saidov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori

Biz qo‘mita tomonidan tilga olingan ayrim holatlarga doir fikrlarga qo‘shilmaymiz. 

Bu yerda juda sub'ektiv xususiyatga ega savollar bor. To‘g‘ri, ahamiyatsiz va qonunning asosiy tamoyillariga zid narsalar ham bor. 

Men Qiynoqlarga qarshi qo‘mitaning jinoyat sodir etgan shaxslar amnistiya yoki avf etish huquqiga ega emas, degan pozitsiyasiga mutlaqo qo‘shilmasligimni ta'kidlashni istayman. Xayriyatki, hatto o‘limga hukm qilingan odamlar ham avf etish va amnistiya olish huquqiga ega.      

Qonun printsipi qaerda? Adolat tamoyili-chi? Kran xonim bu mumkin emas, deb da'vo qilmoqda. Va u qaerda yozilgan? Bu qadimgi Rim huquqida mustahkamlangan adolat tamoyili, qonun tamoyilining mutloq buzilishidir. 

Men doktrinal xususiyatga ega bo‘lgan savollar ham berishim mumkin. Shu bilan birga, biz qo‘mita a'zolaridan O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qiziqish va xohish uchun chin dildan minnatdormiz.   

Aziz Tashpo‘latov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida 43 ta penitentsiar muassasa faoliyat ko‘rsatmoqda. Bular 25 manzil koloniyalar, 18 ta jazoni ijro etish koloniyasi, shu jumladan, bitta o‘quv-tarbiya koloniyasi va mahkumlar uchun bitta maxsus kasalxona. 

So‘nggi 18 yil ichida jazoni ijro etish muassasalari cheklovsiz ishlamoqda. 

Bugungi kunda muassasalardagi mahbuslar soni bir yarim barobardan ko‘proq kamaydi. 

Respublika bugungi kunda dunyoda va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida eng past ko‘rsatkichga ega.

Barcha mahkumlarga kuniga uch mahal sifatli issiq ovqat beriladi. 

Barcha penitentsiar muassasalarda sutka davomida tibbiy yordam ko‘rsatiladi. 

Muassasalarda statsionar va ambulatoriya yordami ko‘rsatiladigan tibbiy bo‘lim mavjud.  

Tibbiyot bo‘limi zarur tibbiy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan. 

Sil kasalligi bilan og‘rigan mahbuslarning ambulator davolanishini ta'minlash uchun ular Toshkent shahridagi mahbuslar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonaga yuboriladi. Shuningdek, Buxoro viloyatidagi jazoni ijro etish tizimidagi koloniyada ham sil kasaliga chalingan mahkumlar davolanish huquqiga ega.  

2004 yilda O‘zbekiston Respublikasi maxsus xizmatida BMT va JSST tomonidan tavsiya etilgan sil kasalligini davolash uchun DOTS tizimi joriy etildi. 

Agar raqamlarda aytadigan bo‘lsak, 2017 yilda maxsus kasalxonada 536 kishi, 2018 yilda 380 kishi, 2019 yilda 263 kishi ro‘yxatga olingan. 

Har yili bemorlarning soni o‘rtacha 30-40 foiz kamaymoqda. 

Mahkumlarni tutib turish, ularga bo‘lgan munosabatni o‘rganish va qiynoqqa solish holatlarini aniqlash maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, O‘zbekistonda joylashgan turli diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan jazo turlarining ijrosi doimiy ravishda monitoring qilib borildi.  

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari… 268 mahkumning barcha murojaatlari rasman ko‘rib chiqildi. Natijada 162 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Shulardan 15 nafari ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi. 

2015 va 2016 yillarda 3 qamoqxona xodimi Jinoyat kodeksining 235-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. 

2017 yildan boshlab fuqarolarning salbiy qiynoq holatlariga oid barcha turdagi signallariga o‘z vaqtida javob berish uchun Ichki ishlar vazirligida ishonch telefonlari tashkil etildi. 

1102 qisqa raqami orqali fuqarolar har qanday mansabdor shaxsning rahbariga shikoyat qilishlari mumkin. 

2017 yildan beri O‘zbekiston penitentsiar markazlarida zo‘ravonlik bilan o‘lim holatlariga oid faktlar qayd etilgani yo‘q.

Barcha jazoni ijro etish muassasalarida ariza va shikoyatlar uchun qutilar mavjud. 

Inson huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, prokurorga va inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmen vakiliga murojaat qildi. 

Shuningdek, fuqarolarni qabul qilish uchun huquqiy burchaklar va jihozlangan xonalar tashkil etilgan. 

Ta'kidlamoqchimanki, 2019 yilda ikkita penitentsiar muassasa yopildi. 

Ushbu jazoni ijro etish muassasasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan edi.   

O‘zbekistonda jinsiy ozchiliklarga nisbatan diskriminatsiyalar haqida BMT qo‘mitasida yangragan fikrlariga e'tiroz bildirgan O‘zbekiston Xavfsizlik kengashining katta maslahatchisi Oqil Ubaydullaev bu holatni milliy zehniyatga oidligi bilan oqlashga urindi.

Oqil Ubaydullaev, O‘zbekiston Xavfsizlik kengashining katta maslahatchisi

O‘zbekiston qonunchiligida LGBTlarni ishga qabul qilish, o‘qitish va tibbiy yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladigan hech qanday qonun me'yorlari yo‘q. 

Shuni kelishib olish kerakki, O‘zbekiston aholisining 97%ini tashkil etadigan xalq uchun bunday hayot tarzi maqbul emas. Bu Islom dini tomonidan ma'qullanmagani bois jamiyat a'zolari o‘z mentaliteti va an'analariga mos emas, degan tushunchaga ega. Ammo mamlakatda ozchilikka nisbatan hech qanday radikal choralar ko‘rilmaydi.   

Bir jinsli munosabatlarni dekriminallashtirishga nafaqat musulmon ahli, aholi va ayniqsa, dindorlar qatlami ham jiddiy e'tiroz bildirishmoqda.

Jinoyat kodeksidan dekriminallashtirishning 120-moddasini chiqarib tashlash masalasiga kelsak, bu masala uzoq vaqt davomida ekspert doiralar tomonidan muhokama qilingan. Biroq hozirgi paytda ushbu masala bo‘yicha aniq kontseptsiyaga erishilmagan. 

Diniy, axloqiy, madaniy ildizlarni hisobga olgan holda, yakuniy qarorda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan mavzular bo‘yicha O‘zbekiston aholisining dunyoqarashi va mentaliteti aholi va jamoatchilik orasida keng muhokama qilindi.

O‘zbekiston hisoboti muhokamasiga yakun yasarkan, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi eksperti Muxumuza o‘zbek delegatsiyasi mamlakatdagi ahvolni gul-lolagul qilib ko‘rsatishga uringani haqida gapirdi: “Ularga qarshi qo‘mitaning go‘yo biror siyosiy g‘arazi borday. Hech fachon haqiqat bunchalik uzoq chekinmagan edi.

Meni to‘g‘ri tushuning, men yuqoridan kelib fikrlamyapman, men shunchaki butun dunyoda inson huquqlari vaziyati yaxshilanishini istayapman, keling, bir-birimizni tushunishga harakat qilaylik. Bizning madaniyatimizda, ozroqqina homilador bo‘lish mumkin emas, deyishadi. Inson huquqlari bilan ham shunday, bu ozgina bo‘lishi mumkin emas. To‘liq bo‘lishi kerak”, dedi qo‘mita eksperti o‘zbek delegatsiyasi vakillariga.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 yanvar 2020
Bosh vazir Abdulla Aripov 28 yanvar kuni koronavirus xatari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Har bir idora va tashkilotlar, shu jumladan, ...
9 may 2022
Abdulaziz Mahmudov bir necha bor mendan video intervyu olishni so‘ragan. Bunga vaqt ham, istak ham bo‘lgani yo‘q. Men uning ...
17 aprel 2017
Hurmatli taxririyat, Mushtumning izdoshi bo‘lgan Eltuz, men sizga o‘zim ishlagan «Mushtum» haqida o‘ylarim “Mushtum” kecha va bugun degan ma'nodagi ...
22 yanvar 2023
Joriy yil boshida sobiq jismoniy tarbiya va sport vazirligining  bir nechta yuqori mulozimi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining  167-moddasi 3-qismi, «a» ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...