Mirziyoev hokimlari holva yeydi
Gohida sizni gar o‘rtasa alam,
Qora bo‘lib ketsa bu yorug‘ olam,
Ko‘zlarda aylansa adashgan bir nam,
Odamlar bor ko‘ngilga malham,
Biling, yaxshilar-la go‘zaldir olam.
Jonlarga jondosh yaxshi odamlar,
Mehribon sirdosh yaxshi odamlar.
Ham ko‘zu ham qosh yaxshi odamlar,
Qalblari quyosh yaxshi odamlar,
Jonlarga jondosh yaxshi odamlar.
Mana, hafta aylanib, siz, mehribon, sirdosh yaxshi odamlar bilan yana yuzlashdim. Sizlar qo‘shiqlarda kuylangan eng yaxshi odamlarsiz. Balki qimmat mashinangiz yo‘q, balki boshliq, er yoki xotin dashnomi ostida ezilgansiz. Balki salomatligingiz chatoq, cho‘ntagingiz bo‘m-bo‘sh.
Ammo bu kamchiliklar sizning oltin qalbingizni yo‘qqa chiqara olmaydi. Oltin balchiqqa tushsa ham oltinligicha qolaveradi. Siz xuddi quyoshga o‘xshaysiz, yaxshiga ham, yomonga ham bir xilda nur tarqatasiz. Zotan, quyosh qoraymas, oltin zanglamas.
Aziz do‘stlarim. Eski va yangi qadrdonlarim. Aslida siz baxtli bo‘lishga haqlisiz.
Baxt o‘zi nimadur, men bilolmadim,
Sevgi nima ekan, tushunolmadim.
Ammo armonlarning azoblaridan
Qancha kurashsam ham chiniqolmadim.
Bu dunyo sig‘magan ikki ko‘zimga
To‘lib qoldi ikki tomchi achchiq yosh.
Peshona deganga yozilgan ekan,
Rohat emas, faqat chidam va bardosh.
Baxt nima o‘zi? Uning formulasi bormi? Olimlarning aytishicha, odam holva yesa, baxtli bo‘lar ekan. Ammo Mirziyoev O‘zbekistonida holvani hokim, kaltakni yetim yeydi.
Keyingi 10 kun ichida tarmoq, ya'ni internetdagi o‘zbek ijtimoiy mediasi mansublari bitta orzu bilan yashadi. Cho‘ntagimga million dollar pul kirsin, kasal yotgan onam tuzalsin, demadi.
Import mashinadan boj solig‘i olinsin ham demadi. Tarmoq xuddi qadim Rimdagi gladiatorlar jangini tomosha qilayotib, barmog‘ini yerga qaratgan olomon kabi o‘z istagida yakdil edi.
Farg‘ona hokimi ishdan olinsin, deyishdi.
Farg‘ona hokimining ishdan olinishi ijtimoiy mediadagi barcha uchun mushtarak baxtning yagona formulasi edi.
Agar hokim ishdan olinsa, tovuqlar kuniga ikkita tuxum tug‘adi, agar hokim ishdan olinsa, qisir sigirlar ham chelak-chelak sut berib boshlaydi. Ersizlarga er, yersizlarga yer ato bo‘ladi. Ko‘salar iyagidan ham soqol chiqib, barbi qo‘g‘irchoqlar ham paranji kiyadi.
Ana sizga baxt. Ana sizga kayf. Ana sizga armonlarning azoblaridan bira to‘la qutulishning yagona universal yo‘li.
Ammo tarmoq mansublariga bu baxt nasib qilmadi. Farg‘ona hokimi o‘z joyida qoldi. Bitta hokim almashgani bilan hech narsa o‘zgarmasligini bilmaydimi tarmoq mansublari?
Neojadid Sardor Salim yozganidek, “vint emas, tuzum o‘zgarishi kerak emasmi?
Barcha sa'y-harakatlarimizni Stanislav Lets bir aforizmda ifodalagan: “Kalla qo‘yaverib, qamoq devorini qullatding ham deylik. Ammo qo‘shni kamerada nima qilmoqchisan?”
O‘zi bu mavzuda gapirmoqchi emasdim. Tepadagi bitta birod parxona haqida jimip turing, yeb iltimos qilgandi. Birod ko‘p narsani bilib, men bilan bilganini baham ko‘radigan foydali hasharot. Gapini ikki qilmay devdim.
Nima haqda yozay desam, parxonadan boshqa lyuboy mavzu, boring, ana oq karkidon haqida yozing, dedi.
Oq karkidon
Mayli oq karkidon haqida yoza qolay. Oq karkidon kattaligi jihatdan fildan keyin turadigan maxluq. 9 yil o‘tlagani 5 tonnagacha boradi (oddiy karkidon buning yarmicha keladi).
Oddiy karkidonning tumshug‘idan bitta shox o‘sib chiqsa, oq karkidonda ikki shox bor. Bu shoxlarning uzunligi ba'zan salkam ikki metr bo‘ladi.
Oq karkidon Qizil kitobga kirgani uchun 9 yil o‘tlab semirib ketganini ham otib tashlash yoki shoxini kesib olish mumkin emas. Oq karkidonni o‘rmon kattakonining xotiniga qarindosh, deyishadi. Lekin bu haqda ilm ham sukut saqlaydi.
Darvoqe, oq karkidonning shoxini kesib, maydalab talqon qilib ichsa, impotentsiyaga foyda ekan. Ammo bu haqda ham aniq ilmiy xulosa yo‘q.
Umuman, ilm xulosa berishga shoshmaydi. Mana, koronavirusga ham hanuz da'vo topilmadi. Ammo koronavirus bois ko‘p odamlar dunyoga aql ko‘zi bilan qaray boshladi. Hindistonda insonlar koronavirusdan saqlay olmayotgan ikki mingdan ziyod xudoni tamsil qilgan butu sanamlarini daryoga uloqtirishdi.
O‘zbekistonda kimdir Hasan tabibni Katta Farg‘ona kanaliga irg‘itsa bo‘larmidi. Ëki anavi virusolog olimni. Hali mart oyida institutni koridorda bitkazgan o‘zbek virusolog TVga chiqib, koronavirus issiqda o‘ladi, degan edi.
Mana, Toshkentda bir kunning o‘zida 80 dan ziyod odam virusga chalindi. Issiq Hindiston va Turkiyada ham virus o‘lgani yo‘q. O‘zbek olimi degani avom yoki jinni degan mazmunni bildiradimi?
Kechgan haftada Mirziyoev hech kimdan so‘ramasdan, O‘zbekistonning 200 gektar yerini arab shayxlariga shikor qilsin, deb sovg‘a qilib yuboribdi.
Shu haftada Toshkent markazidagi gazeta korpusini ham qaysidir arzandaga nol so‘mga sovg‘a qilishdi.
Ey, Mirziyoev!!! O‘zbekiston sen va oilangning shaxsiy mulki emas. Haddingni bil.
Cho‘lpon aytganidek, xalq dengizdir, xalq kuchdir. Yana xalq o‘chdir. Xalq istasa, saltanating yiqilgay. Xalq istasa, daf bo‘larsan ko‘lanka.
Rivojlangan mamlakatlarda xalq o‘z irodasini partiyalar yordamida ifodalaydi. Shu tariqa yosh bola ketidagi pampers almashgani kabi prezidentlar almashadi.
Tarvuz partiyasi
O‘zbekistonda mabodo inqilob bo‘lsa, unga tarvuz inqilobi deb nom qo‘ygan ma'qul. Nega? Mamlakatda istagini amalga oshira olmay kelgan ikki qavm bor (elektorat demay oddiy yozdim).
Birinchi qavm O‘zbekistondagi shariat asosida faoliyat yuritiladigan islomiy davlat – ID qurishni istovchilar. Bu toifaga moyillarning o‘z istagini nima deb atashi va qanday o‘ramga solishidan qat'i nazar, pirovard istagi bitta – xalifalik qurish.
Bu xuddi To‘ytepaga boradigan odamning oxirgi bekati To‘ytepa bo‘lgan avtobusga chiqqaniday gap. Avtobus jadvalida boshqa turoqlar ham bor, ammo oxirgi boradigan yeri To‘ytepa. Buni avtobus sho‘piri, ham yo‘lovchilar ham biladi.
Ammo Bi-Bi-Si yoki machit.o‘z degan saytdagilar aytganidek, shariatga asoslangan, zinokor toshbo‘ron qilinib, o‘g‘rining qo‘li kesiladigan, shaxmat va musiqa taqiqlanadigan jamiyatni orzu qiladiganlar mamlakat aholisining 99 foizini tashkil qilmaydi.
Jamiyatni bir tarvuz deb olsak, shariat davlati istovchilar shu tarvuz po‘sti qadar massaga ega, deb taxmin qilsak bo‘ladi. Masalan, tarvuzni 100 foiz desak, uning 10 foizini po‘choq tashkil qilish mumkin. Plyus-minus.
Islomiy elektorat an'anaviy tarzda yashil rangda belgilanadi (qora rangga oxirida o‘tiladi).
Demak, jamiyat degan tarvuzning usti yam-yashil ekanini ko‘rdik. Tarvuzning ichi qizil bo‘lishini bilamiz. Jamiyat deb tasavvur qilganimiz tarvuzning ichki qismi qizil. Bular sovet formatidagi kommunizmni orzu qiladigan va SSSR qaytishini istovchilar qavmi.
Bu ikki qavm istagi so‘nggi 30 yil ichida istalmagan bo‘lib keldi. Karimov shakllantirgan tepa bu ikki qavm istagi amalga oshmasligi uchun ancha ish qildi.
Shu bilan birga, bu ikki qavm tashqi kuchlar tarafidan muttasil boqib parvarishlandi. Putin Rossiyasining targ‘ibot-tashviqot matbuoti sovetparastlar urchishini ta'minladi.
Mamlakat ichidagi rus tilli qatlam va ularni tamsil qilgan rus tilli jurnalistlar ham SSSRni u yoki bu tarzda targ‘ib qilib yotishmoqda. Afg‘oniston, Suriya, Pokiston va Turkiyadagi siyosiy islom targ‘ibot markazlari shariatchilarni parvarishladi.
Albatta, mahalliy klerikallar ham bunga o‘z hissasini qo‘shishdi. O‘z vaqtida “Ozodlik”, endi esa Bi-Bi-Si ham mullakratik jamiyat targ‘ibiga hissa qo‘shdi. Hozir o‘ziga bloger deb nom qo‘ygan, aslida klerikal tuzum targ‘ibotchilarining hissasiga guvohmiz.
Kichik va ilmiy bo‘lmagan xulosamga ko‘ra, O‘zbekistonda siyosiy qo‘zg‘alish bo‘lib, odamlar ko‘chalarga chiqsa, buni tarvuz inqilobi, deb atash mumkin.
Bayrog‘iga birdaniga ikkita totalitarizm shiori yozilgan bu massaning intilishi oxir-oqibatda tanazzulga yuz tutishini taxmin qila olamiz.
Borsa kelmas
Ertaklardagi qahramonning yo‘li ikkiga ayrilganda, biriga “borsa kelmas”, biriga esa “borsa kelar” degan yozuv bitilgan bo‘ladi. Bu ikki qavm istagan ikki yo‘lning ham oti “borsa kelmas”.
Bir vaqtlar Orol hali qurimagan paytda dengiz o‘rtasida Borsakelmas oroli bo‘lgan. Orolda moxovlar yashaydigan leprazoriy faoliyat yuritgan. Bu orolga borgan moxovlar qaytib kelmagan.
Jamiyat faqat yashil va qizillardan iborat emas. Oq, qora, pushti, moviy va kulranglar ham bor. Ammo ularning istaklari aniq fokuslangan emas.
Ertaklar, asosan, o‘tmishda bo‘lgan kechmishlardan bahs qiladi. Bir tajriba qilib, kelajak haqida ertak yozib ko‘rdim.
Kelajakdagi imtihon
2025 yil O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridagi bitirish imtihonlarini Britaniyaning Oksford universiteti professori olsin, deb qaror qabul qilishibdi.
Imtihon topshirayotgan qiz imtihon olayotgan professorga qarab mo‘ltirab turibdi. Qizgina o‘qituvchining o‘ninchi savoliga ham javob bera olmadi. Har safar bechora qizgina “variant bering”, deb yolvoradi.
Professor bo‘lsa, “Mana shu matnni o‘qib, nima tushunganingni gapirib ber, qizim”, dedi. Qiz bo‘lsa, “O‘qish yozishni bilmayman professor tog‘a”, dedi.
Britaniyadan kelgan professor savol alomati bilan mahalliy o‘qituvchiga qaradi. Mahalliy o‘qituvchi bo‘lsa, “Bu qiz bir vaqtlar Sanginov va o‘g‘illari o‘pirgan to‘g‘on joylashgan Sardoba qishlog‘idan. Prezident limiti bilan o‘qishga imtihonsiz kirgan. O‘zi kirgan paytida ham savodi yo‘q edi. Prezident menga savodi muhim emas, sadoqati bo‘lsa bo‘ldi, degandi. Bu qizning ismi Sadoqat”, dedi o‘qituvchi.
Britaniyalik professor hayron bo‘lib, “Kim o‘qitdi buni?” desa, “Buni ilmiy ishi daryoga oqib ketgani uchun olim unvoni berilgan xola o‘qitdi. Bu xola ham o‘qish-yozishni bilmaydi”, degan javob oldi.
Xullas, Sadoqat diplomsiz qolishini bilib, izillab yig‘lashga tushdi. Bu qizning ko‘z yoshlari shu qadar mo‘l-ko‘l edi. Bu ko‘z yoshlardan Sardoba suv ombori bemalol to‘ldi.
Tibbiyot bo‘yicha o‘qib, vrach diplomini olmoqchi bo‘lib, bitirish imtihoni topshirayotgan Nurafshon degan yigitning ham butkul savodsiz ekani ayon bo‘ldi.
“Sening qo‘lingga diplom bersak, ertaga odamlarni davolash o‘rniga o‘ldirasan-ku. Sen qanaqa qilib o‘qishga kirib qolding?” deya savol berdi professor.
Mahalliy o‘qituvchi tog‘a masalaga aniqlik kiritdi: “Bu bola prezidentga she'r aytib bergani uchun medinstitutga imtihonsiz kirgan”.
Navbatdagi uch qizning ismlari bir xil ekan – Adolat, Adolat, Adolat. Bu qizlar Zulfiya mukofotini olgani uchun o‘qishga imtihonsiz kirishganini bidillab, o‘zlari shessekundda aytib berishdi.
Britaniyalik professor mahalliy o‘qituvchi tog‘aga birinchi sinf alifbo kitobini olib kelishni iltimos qildi.
Kitobdagi O harf yozilgan joydagi “Olim olma ol” degan so‘zni bu uchala Adolat o‘qiy olmadi.
“Biz raqs tushishni va prezident kelganida gul ko‘tarib, urra deb baqirishni bilamiz”, deyishdi qizlar.
Qoshlari o‘sgan o‘ttizta yigit ham imtixondan o‘ta olmadi. Ularga qarab, professor: “Yer sayyorasining shakli qanday?” deb savol berdi.
“Akajon, variant bersangiz, patinkangizni yalaymiz!” deyishdi ular. Bu So‘x eksklavidan imtihonsiz o‘qishga kirgan yigitlar edi.
Shu tariqa milisani, prokurorni, milliy gvardiyani, klasterchini, Joxa akfachi va Murod bildingchi, Ozod otarchi va boshqalarning prezident imtiyozi bilan imtihonsiz kirgan savodsiz bolalari qator tizilishdi.
Bular ertaga doktor bo‘lib, odam davolashi, o‘qituvchi bo‘lib bilim berishi, chet tillardan tarjima qilishi kerak bo‘lgan mutaxassislar edi.
Ularni birlashtiradigan ikki xususiyat bor edi. Birinchisi, xuddi gitleryugend askarlar kabi o‘z fyureri, ya'ni Mirziyoevga ko‘r-ko‘rona sadoqat. Ikkinchisi, mutlaqo savodsizlik.
Ertak oxirida professorning qorni og‘rib qoldi. Doktor chaqirishmoqchi edi, professor rad qildi.
“Men bunday sadoqatli savodsizlar qo‘lida o‘lganimdan ko‘ra, Dubaydan sanitar vertolyot chaqirishni afzal ko‘raman. Bu savodsizlarning qo‘liga diplom berish hujjatiga imzo chekmayman”, dedi professor.
Professor sanitar vertolyotga chiqib, O‘zbekistonni tark qildi. U vertolyot oynasidan qarab: “Eh, O‘zbekiston, sening kuning kimlarga qoldi?” dedi.
Musibatning o‘n yilligi
Kechgan haftada Turkiston tuprog‘idagi bir musibatli sananing o‘n yilligi eslandi. O‘zlariga titul millat deb nom qo‘ygan etnomaxluqlar bundan 10 yil oldin O‘sh va Qorasuvdagi o‘zbeklarni o‘zbek bo‘lgani uchun o‘ldirishdi.
Bu qashshoq va bitiga botgan, ishsiz etnozo‘ravonlar o‘zbeklar yashaydigan go‘zal uylarga o‘t qo‘yishdi, mol-mulklarni o‘marishdi. Qo‘y-mollarini yetalab ketishdi, qizlarini zo‘rlashdi.
Do‘kon va yemakxonalariga bir kunda ega chiqishdi. Odatda falokatlar texonogen yoki tabiat fojeasi bo‘ladi. 10 yil oldin O‘sh va Qorasuvdagi falokat o‘zini titul millatman degan to‘da qo‘li bilan yaratildi. Qirg‘in va xo‘rlikni biz eslaymiz va eslashni itsmaganlarning esiga ham solamiz.
So‘zim bitdi. Men botinib izhor qila olmagan xo‘rsiniq o‘shlik o‘zbek shoiri Shavkat Rahmon misralarida yangrasin.
Bu qanday kun o‘zi,
qanday kun o‘zi,
hattoki mushuklar, itlar ishshaydi.
Soxta qahramonlar ketdilar to‘zib,
yolg‘on daholarning og‘zi qiyshaydi.
Elning boshiman deb yurgan kaslarda
bosh o‘zi yo‘qligi xo‘b bo‘ldi ayon.
Pokiza ko‘ringan ne-ne dastlardan
parron bir yog‘duda yolqinlandi qon.
Bu qanday kun o‘zi,
qanday kun o‘zi,
joy-joyiga qo‘yar hamma narsani,
qay bir munofiqning o‘ynatib ko‘zin,
bir necha yuziga tortar tarsaki.
Chekka-chekkalarda qilgancha g‘iybat,
ishratni omol deb bilgan o‘ysizlar
qo‘ymijoz bu elning tili yo‘q derdi,
og‘zingni och elim,
ko‘rib qo‘ysinlar.
Filodim bu kunning sasin eshitib,
soxtalar zirillar — panoh topilmas.
Narxi ko‘tarilar sichqon teshigin,
hayratdan og‘izlar endi yopilmas.
Ey, dilim,
dunyodan ozurda bo‘lma,
kelajak kunlarga ishonmoq xo‘bdir.
Bitta katta kunni ko‘rding hozircha,
bu elning kattakon kunlari ko‘pdir.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz