IIB xodimlari Alijonni qiynab o‘ldirdi
Andijonlik 44 yashar Alijon Abdukarimov ichki ishlar xodimlari tarafidan urib o‘ldirildi. Alijonning ortida homilador xotini va uch farzandi qoldi. IIBning Abdukarimovni urib o‘ldirgan uch xodimi qamoqqa olindi. Prokuratura mahbusning o‘limidan taassuf bildirdi.
Bundan oldin IIV matbuot kotibi o‘zbek tergov izolyatorida mahbusning o‘lishi tabiiy hol, degan edi. Bu tabiiy hol emas, jinoyat. Jinoyat bo‘lganida ham o‘zbek millatiga qarshi qaratilgan mudhish jinoyat. O‘zbekiston IIV xodimlariga to‘xta, mahbusni o‘ldirma, deb baralla aytmoq zamoni allaqachon keldi.
Men, «Eltuz» muxbiri Qudrat Bobojon bu oshkora qotillik qissasi tafsilotlaridan sizni xabardor qilaman.
Avvaliga rasmiy ma'lumot
Bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lumotnomasi:
Joriy yilning 30 may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga Andijon shahri Salohiyat ko‘chasida yashovchi 1976 yil tug‘ilgan Alijon Abdukarimov tan jarohatlari bilan olib kelingan.
Holat yuzasidan Andijon shahri prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahri IIO FMB 4-IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvidagi ariza yuzasidan Abdukarimovni IIB ma'muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turishgan. Buning oqibatida Alijon Abdukarimovning sog‘lig‘i yomonlashgach, Andijon shahri IIO FMB 4-IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida shu yilning 1 iyun kuni 3 nafar ichki ishlar xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206 (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234 (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 235-moddalari (qiynoqqa solish) bilan ayb e'lon qilinib, ular qamoqqa olingan.
Jabrlanuvchi Alijon .Abdukarimovga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, u 11 iyun kuni shifoxonada o‘lgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oshkora qotillik qissasi
12 iyun kuni Alijon Abdukarimov dafn qilindi. 13 iyunga kelib Andijon militsiyasi kaltaklagan mahbusning o‘limi xabari o‘zbek blogosferasida tarqalib, artistlar haqidagi memni ikkinchi planga surib qo‘ydi. Blogerlar AQShda politsiya urib o‘ldirgan afroamerikalik Floyd bilan bog‘liq janjal bilan o‘zbek jamiyatidagi sassizlikni taqqoslashdi.
12 iyun kuni Abdukarimov o‘limi xabarini «Eltuz»ga yetkazgan vatandoshimiz ham ismi sir qolishini istadi:
“Marhumning ismi va rasmini topib berishga harakat qilaman. Operlarning ham ismini bilishga harakat qilaman. Faqat mening shaxsim sir qolaversin. Andijondanman, o‘zingiz tushunasiz, melisaning yaxshisi go‘rda bo‘ladi. Keyin menga o‘chakishib bermasin. Lichkaga qarab turing, aniqlab yozvoraman”.
Kun davomida bu manba bizga voqealar silsilasini yozib turdi. Uning aytishicha, marhumning yuragida klapanlar bo‘lgan va u meni urmanglar, yuragim chatoq, deyishiga qaramasdan, IIB xodimlari do‘pposlashda davom etgan:
“Aka, aslida juda yomon urgan melisalar. Andijonda 4-militsiya bo‘limida 3 ta oper Alijonni o‘lasi qilib kaltaklagan. Yigitning yuragida klapanlari borakan, kaltakni ko‘tarolmayman, urmanglar, desayam urishgan. Yigit hushidan ketib qolgan, atay qilyapsan, deb yana urishgan. Yigit shifoxonada o‘ldi. 3 ta farzandi va 4-farzandga homilador xotini qoldi”.
Militsiya xodimlari kaltagi oqibatida o‘lgan Abdukarimov qanday qilib IIB tergov izloyatoriga borib qoldi. Sabab nima?
Qisqasi, marhum bittasi brilliant sotaman, deganida xaridor ro‘para qilgan. Xaridor brilliantni olib, pulini bermay ketgan, toshniyam qaytarmagan. Toshning egasi melisaga arz qilgan. Melisa ushlab ketgan 30 may kuni marhum oshxonada bo‘lgan. DXXda ishlaydigan bitta odam, ya'ni marhumning tanishi ham oshxonada ekan. Sen boraver, aybingni bo‘yningga qo‘ysa, javob berasan, bo‘lmasa yo‘q degani uchun borgan 4-bo‘limga. Keyin marhumni Po‘lat ismli oper va yana ikki nafar melisa darrov ura boshlagan. Ëmon urgan, sheriksan, degan.
Shveytsariyada yashayotgan sobiq diplomat va jurnalist Alisher Taksanov voqea guvohlaridan maktub oladi. Taksanov bu maktubni to‘lalichiga e'lon qildi:
«Xayrli kech, Alisher aka. Siz IIV jallodlari tarafidan urib o‘ldirilgan Andijon turg‘uni bilan bog‘liq yangi mojarodan xabardorsiz, deb o‘ylayman. Bu jallodlarni IIB xodimi deyishga tilim bormaydi. Bilganingizday, bu yigit 4-IIBda do‘pposlangan, FBda uning o‘lar holatda yotgani aks etgan video tarqalgan. Tasodifga ko‘ra, bu qotillik AQSh koplari Floydni o‘ldirgan bir davrga to‘g‘ri keldi…. O‘zbek mentlari andijonlik yigit o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlarni xaspo‘shlashga urinishmoqda. Bu yigitning ismi Abdukarimov Alijon. Salohiyat ko‘chasida yashardi. Oldingi Gagarin ko‘chasi. Tarmoqda uning 7 iyun kuni o‘lganini yozishdi. Bu noto‘g‘ri, u 11 iyun kuni kechqurungi soat yettilarda o‘ldi. U 10 kun komada yotdi. 11 iyun kuni ko‘zini ochdi. Shundan keyin intensiv terapiya boshlandi. Ammo hammasi samarasiz bo‘ldi. Jasad 11 iyun kuni kechqurungi soat 11. 30da yaqinlariga berildi. 12 iyun kuni ertalab soat 7 da Alijon dafn qilindi…».
Maktub egasi marhumni yaxshi tanigani va uning jinoyatchi bo‘lmaganiga e'tibor qaratadi:
“Alijon jinoyatchi emas edi. U ilgari sudlanmagan. U barcha andijonliklar kabi uyim-joyim deya tirikchilik ketidan yugurgan vatandosh edi. Xususiy biznes bilan shug‘ullangan. Asosan, ol-sot ishlarida dallollik qilib, umumiy summadan foiz olib yurgan. Ko‘rinishicha, shunday dallollik uning umriga zomin bo‘ldi. Qo‘shnilari bu yigit haqida faqat yaxshi gap aytishdi. Kommunikabel¸ kirishuvchan bo‘lgan¸ hech kimdan yordamini ayamagan”.
Andijondan Shveytsariyaga yozilgan maktubda IIB xodimlari urib o‘ldirgan marhumning so‘nggi kuni haqida ham tafsilotlar bor:
«O‘sha kuni u uyda edi. Do‘stlari bilan karantin tugaganini nishonlashdi. Menga ma'lum bo‘lishicha, ular konyak ichishgan. Xuddi o‘sha paytda militsiya naryadi kelgan. Nomersiz mashina ichidan to‘rtta kishi tushgan. Ular biz bilan yurasiz, deb talab qilishadi. O‘rtada gap-so‘z chiqadi. Militsiya kuch ishlatadi. Kuch bilan Alijonning qo‘lini qayirib, militsiya mashinasiga tiqishadi. Boshqalarga qarata, militsiya xodimlari o‘ta qo‘pol tarzda jim bo‘lish va aralashmaslikni talab qilishadi.
Alijonning qarindoshlari uni 5 soat izlashdi. Barcha IIBlar qamoq faktini inkor qilishdi. Nihoyat Alijon topildi. U o‘lasi qilib kaltaklangan, bosh chanog‘i sindirilgan edi. O‘sha paytda Andijon IIBsi voqeani bekitishga chandon urinadi.
Alijonning singlisi prezident portaliga ariza yozdi. Toshkentdan komissiya keladi.
Aytishlaricha, prezident buyrug‘i bilan to‘rtta odamsimon maxluq qamoqqa olinadi.
Viloyat IIB dafn qilish uchun o‘z katafalkini berib turadi. IIB kattalari esa Alijon yaqinlariga da'vo arizam yo‘q denglar, deb bosim qila boshlaydi. Shunday qilib, odam o‘ldirildi. Oila boquvchisiz qoldi. Oila kambag‘al. Mahalladagi eng xarob darvoza bu oilaniki. Xotini ikkiqat. Shu oyda tug‘ishi kerak. Hozir xotin shokda. Ikki-uch marta o‘zidan ketib yiqilib qoldi. Qo‘shnilar militsiya qotilligidan g‘azabda. Eng daxshatlisi, militsiyaning odam o‘ldirishi normaga aylangani. Mayli, Alijon nimagadir aralashdi, deb taxmin qilaylik. Marhamat, ayblovni taqdim qiling. Sud qarorini ko‘rsating. Advokat bering. Yo‘q. Bularning birortasi ham yo‘q. Shunchaki ordersiz kirib sudrab obketishdi. O‘lasi qilib urishdi. Besh soat davomida oila a'zolaridan yashirishdi. Keyin o‘ldirishdi. Men sizning kecha qandaydir Po‘latov bilan muloqotingiz haqida yozganingizni o‘qidim. U “Mana, Amerikada ham negrlarni o‘ldirishyapti-ku”, deb voqeani xaspo‘shlashga urinibdi.
Mening unga savolim bor. Biz O‘zbekiston vatandoshlari mentlar qilgan ishni ularga nisbatan qila olamizmi? O‘sha kuni kechqurun Alijonning jasadi mahallaga keltirilganda xalq oshiqcha g‘azabga to‘lgan edi. O‘sha paytda kimdir “mentlarni o‘ldir”, deb chorlaganida, balki O‘zbekistonda ham AQShdagi kabi g‘alayonlar sodir bo‘larmidi.
Menimcha, ertami-kech O‘zbekistonda ham bu yuz beradi. Shaharda mentlar bilan kamida bitta to‘qnashuv yuz berdi, tafsilotdan xabarim yo‘q, lekin pichoq borib suyakka yetdi.
Jonimizdan to‘ydirib yuborishdi. Asablar bomba prujinasi kabi siqilgan. Bilmayman qachon portlaydi, ammo portlashi aniq. Yana bir gap. Aholi orasida mentlar mast ekan, degan gap yuribdi. Mentlar qo‘lga olinganida bu holat rasmiylatirilgan ekan. Hozir esa protokolni qayta yozib, mentlar hushyor, deb o‘zgartirishibdi».
Bu oshkora qotillik qissasi edi.
Bundan bir oy oldin Quvasoy IIBda bir yigit tergov paytida o‘ldi, degan xabar chiqqanida Farg‘ona IIB bu yigitning qiynoqqa solingani, ammo o‘lmagani haqida xursand bo‘lib ma'lumot bergan edi. Tarmoq esa “u yigit o‘lsa hisobmidi”, deya aftini bujmaytirgandi.
Joriy yil iyun oyiga kelib esa IIV tergovxonasida kaltaklangan yigit kasalxonada o‘ldi. Bu birinchi holat emas.
2020 yilning 30 yanvarida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi SIZOda mahbus o‘limini izohlagan edi.
“IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas, balki oddiy holatdir. Oldin ham shunday voqea bo‘lgan. Ba'zilar o‘z joniga qasd qiladi. Boshqalarning esa salomatligi yomonlashadi”, degan edi vazirlik mulozimi janob G‘iyosov.
O‘z biografiyasida O‘zbekiston muvaqqat prezidenti degan yozuv bo‘lgan Bosh prokuror Nig‘matjon Yo‘ldoshev 1 oy avval bunday degandi:
«Tergovda qiynoqqa solish bo‘yicha qonunbuzilish hollari o‘z kasbida yetarli tajriba, malakaga ega bo‘lmagan, saviyasi past xodimlar tomonidan sodir etilishini ham alohida ta'kidlash kerak. Ular qonuniy tarzda jinoyatni fosh qilish yo‘lini bilmagani uchun shunga qo‘l urishadi». Shu so‘zlarni aytish barobarida Bosh prokuror Chiroqchidagi holatni qo‘shimcha qilgandi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 26-moddasida esa bunday deyilgan:
«Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas».
Bu yozuv 30 yildan beri bor. Bu yozuv yozilib siyohi qurimasdan turib IIV qamog‘ida yozuvchi Emin Usmonov urib o‘ldirilgan edi.
Muammo tizimda. Ko‘plar talab qilayotganidek, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste'fosi vazirlik tizimidagi qotillik, qiynoq va korruptsiyaga barham bera olmaydi.
2019 yilning yanvarida Andijon IIBning to‘rt nafar xodimiga nisbatan mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va qonunga xilof ravishda hibsga olish ayblari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
2017-2018 yilda hibs va turmalarda qiynoq qo‘llanilgani ustidan 1069 ta shikoyat kelib tushgan.
Undan avvalgi yil bu ko‘rsatkich atigi 189 ta edi, demak shikoyatlar soni qariyb 10 baravar oshgan.
Bu rasmiy raqamlarni 2019 yil noyabrida O‘zbekiston hukumati BMTga taqdim qilgan hujjatdan oldim.
BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi Shveytsariyaning Jeneva shahrida o‘tgan 68-sessiyasida nega qiynoqlar ustidan shikoyatlar bu qadar oshganiga qaramay, jazolanganlar soni keskin kamayib ketganini ta'kidlagan edi.
Jazosizlik
Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafot etdi. 3 nafar IIB xodimi hibsga olindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda IIB xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilishi natijasida gumondor fuqaro komaga tushib, oxir-oqibat vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati, IIV nashrlari ayni xabarni tasdiqladi.
Andijon shahri IIO FMB 4-ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Husanboev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi.
Andijon shahri IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmonov va Andijon shahri IIO FMB 4-ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimga turli ko‘rinishdagi qat'iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda bo‘lib o‘tgan tadbirda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova keyingi yillarda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qiynoqqa solish holatlari ko‘payganini afsus bilan qayd etgandi.
29 may kuni Svetlana Ortiqova O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha mustaqil qo‘mita tashkil etilishini bildirdi.
2003 yilda esa O‘zbekistonda qiynoqlarga qarshi milliy reja ishlab chiqilgan bo‘lsa ham bu tashabbus qiynoqlarni to‘xtata olmagan edi.
Nemis fashistlari yo‘lboshchilaridan biri German Gering politsiyachilarga qarata: “Oldin otib tashlang, keyin so‘roq qiling, xato qilsangiz, men sizga akaxonlik qilaman”, degan edi.
Qissadan hissa, politsiya davlatida faqat politsiya aybdor emas. Ayb tuzumning buzuqligida.
So‘zim oxirida milisalar o‘ldirgan Alijon haqida menga kelgan SMSlardan birini o‘qisam.
“Aka juda kambag‘al, sharoiti og‘ir ekan. Uchta yetimga, homilador tul ayolga aktsiya uyushtirib pul yig‘ib beraylik. Yoki siz maqolada masalani shunday ko‘taringki, IIV o‘sha oilaga bir umrlik kompensatsiya to‘lasin”.
Eltuz.com