Asosiy mavzular
7 avgust 2020

RTdan va'z: Mirziyoev davrida yashash nega maza?

Uzoq ko‘rmagan va siz uchun aziz bo‘lgan yaqiningiz eshikni qoqmasdan ochib kirib, qarshingizdagi stulga kelib o‘tirdi.

Siz unga qaraysiz, u esa sizga. Quchoqlashib ko‘rishishdan oldin ko‘zlar uchrashadi. Yuraklar barobar uradi. Ko‘ngilni tushkunlik, tamkinlik va huzun tark qiladi. Yaqinlar bilan yuzma-yuz va betma-bet bo‘lmoq aslida eng saodatmand fursatdir. Mana, bir muddat tanaffusdan keyin yana siz bilan uchrashdim.

Sochlarda oq, vujudda dard, qalbda esa armon ko‘paygan. Ammo o‘sha-o‘sha mehribon ko‘zlar…

Bayrutni ham taladilar…

Suhbatni olis Livandagi portlashga oid mulohaza bilan boshlasam. Livan motamda. Poytaxt Bayrutni zir titratgan ulkan portlashda yuzdan ko‘p kishi o‘ldi, to‘rt mingdan ko‘proq odam jarohatlandi.

Tasvirga tushib qolgan ulkan portlash Xirosimadagi atom bombasi portlashiga mengzaydi.

Bayrutdagi portlash bilan Sardobadagi o‘pirilishning ildizi bir – korruptsiya. 9 yil oldin Bayrut bojgiri kimnidir qaqshatib, selitrasini musodara qilib, ichkariga olib kirib qo‘ydi. O‘sha selitra portladi. Shoir aytganidek:

Bayrutni ham taladilar,
Bu yurtni ham taladilar,
la'natilar, la'natilar…

(Sirojiddin Sayyid)

O‘zbekiston xabarlariga ko‘z tashlasam.

Mahalliy xabarlar

Yana bir mulozimcha pora olibdi.

2018 yildan buyon tuman kadastr bo‘limi muhandisi lavozimida ishlab kelayotgan, 1996 yilda Sayxunobod tumanida tug‘ilgan bu mulozimcha mijozdan 500 dollar pora olganida qo‘lga tushdi.

Har holda qamalib, keyin amnistiyaga tushib, ochiqqa chiqsa kerak.

Odamlarni poraxo‘rlikdan ko‘ra koronavirus ko‘proq tashvishga solmoqda.

Korona azroili doktorning jonini oldi

Rossiyada koronavirusga chalingan kasalga vertolyotda hamrohlik qilgan reanimatolog, 54 yashar vrach Ilya Jitkov o‘ldi. Diagnoz: COVID-19

U 26 iyul kuni yuqtirdi, 6 avgustda joni uzildi.

O‘zbekistondagi doktorlardan qanchasi o‘ldi ekan? Bu savolni yozishim bilan Samarqandda ikki vrach o‘ldi, deyishdi. Ularning umr yo‘lini korona qisqartirdi.

Haqqul umr

Bir marta Termizdagi Hayraton ko‘prigidan Mozori sharifga o‘tganimda Afg‘oniston tomonidagi soqoli bir metr odam mendan pul so‘radi. Nega va nima uchun, desam, “Haqqul umr”, dedi. Umr degani o‘tish ekan.

Aslida bu tilamchilikning bir turi edi. Dunyoda pul to‘lab yuriladigan trassalar bor. Bu yo‘ldan yursangiz, bergan pulingizga achinmaysiz. Ammo eng qimmat turadigan yo‘l ham Germaniyadagi tekin avtoban bilan solishtirganda baqlajon dalasidan boshqa narsaga o‘xshamasligini sezasiz.

Masalan, Bulg‘oristondagi o‘ydim-chuqur yo‘llarda yurish uchun 10 yevrodan 40 yevrogacha pul olinadi. Bu yo‘llarni bir vaqtlar kommunistlar qurib ketgan. Bulg‘oristonning korruptsioner mulozimlari Yevropa Ittifoqidan yo‘l ta'miri uchun pul olib uxlatishgan. Sovet o‘tmishiga xos asorat.

Xullas, Mirziyoev atrofidagi ochko‘z mulozimlar O‘zbekistondagi yo‘llarni pulli qilishmoqchi. Ilk loyiha “Toshkent-Andijon” pulli avtomobil yo‘li. Karimov aytganiday, “tagini qarasang” kuyovlarning qulog‘i ko‘rinadi. Rejim talonchilik bilan tilanchilikni birga olib bormoqchi. Sizga to‘zim tilayman, elim.

Mirziyoev davrining ijobiy tomoni

Yuqoridan iltimos tushdi. Mirziyoev faoliyatining ijobiy tarafini ham yorit, degan. Hech ijobiy tarafini topa olmadim.

Jurnalistikada ikkinchi tarafga minbar berish qoidasi bor. Masalan, biz doimo ezilganlarga minbar berdik.

Afzal Salimov: Qalampir ektirgani ijobiy bo‘ldi, ammo bu qalampir sotilmay chirib ketdi.

Umarbek Haqnazar: Misol uchun, institutga kirish imtihonlari shaffof o‘tkazilganini yozsangiz bo‘lur.

Gulshoda Kurbanova: Propiskasiz uy olish yangilik bo‘ldi. Lekin shuni ayta olaman baralla.

To‘xtaxon Ahmedova: Eslaringdan chiqibdi asosiy ijobiy tomoni, matbuotda tsenzura yo‘qoldi, erkin fikrlashga erishildi, IAK davri qaytmasin!!! Bemalol o‘tirib FBda gap sotilyapti, lekin xalqning ahvolini yaxshilash zarurligini davlat boshqaruvi tizimi tushunmayapti.

Shuhrat Nematov: Sudlar oqlov hukmlari chiqara boshladi, plastik kartalardagi va hisob raqamlardagi pullarni naqdlashtirishda muammolar bartaraf etildi, chet el valyutalari oldi-sotdisi erkinlashtirildi, prokuror va boshqalarning g‘o‘ddayib yurishlariga barham berilib, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga safarbar etildi, soliq tizimining bo‘lar-bo‘lmas tekshirishlariga nuqta qo‘yilib, erkin tadbirkorlik muhiti yaratildi, huquq-tartibot organlari xodimlarining fuqarolar bilan o‘zaro xushmuomala bo‘lishi shart qilinib, tergov va boshqa surishtiruv o‘tkazilayotganda qiynoqlar, kamsitishlar sezilarli ravishda kamayishiga erishildi. Bu ishlarning o‘tgan 4 yillikda amalga oshirilganini tan olish ham kerak!!!

Doniyor Ahmedov: Yangi uylar ko‘p qurilgani uchun ko‘pchilik uyli bo‘ldi.

Xo‘sh, xalqning qonini zulukday so‘rayotgan sinf vakili nima deydi?

“SIZLAR XOR BO‘LIB O‘LIB KYeTAVYeRLARING. ZATO BIZ MAZA QILIB YaShAYMIZ”, dedi u baralla.

Ishonmasangiz, mana, eshitib ko‘ring.

(Audio)

Ushbu ovoz egasi o‘zining Toshkent shahridagi Yunusobod tumani prokurori o‘rinbosarining jiyani ekanini aytgan va u yozgan ba'zi ma'lumotlarni skrin qilishga ulgurishgan. Birpasdan keyin ovoz egasi o‘z yozganlarini o‘chirib yuborgan. Ammo Bulgakov aytganidek, qo‘lyozmalar yonmaydi.

Odatda va'z ichida ertak bo‘ladi. Ertaksiz va'z xuddi shakarsiz choy kabi bemaza, muhabbatsiz hayot kabi mazmunsiz. Buni 2017 yil avgust oyida yozgandim. Uch yil o‘tib menga bu yozganim ertakday tuyuldi.

Mazardan alhazar

Vodiy tarafda to‘ydan keyin kuyovning uyiga kelin taraf bir oy ovqat tashiydi. “Nasiba oborishadi”. Kuyov tarafning ochofat qarindoshlari bir oy mobaynida kelin taraf yuborgan ovqatlarni “tanqidiy analizdan o‘tkazib” tanovul qiladi. “Go‘shtni ozroq sopti”, “damlagan kofesi bemaza”, “guruch yaxshi dam yemabdi”, degan replikalar bilan. Endi umrida tuzukroq choy ham ichmagan kuyov bolaning gastronomik e'tirozlarini aytmay qo‘ya qolaylik. Xuddi milliarder Abramovich restorandagi ofitsiantni tergagandek tutadi o‘zini. Kuyov tarafni mazar bilan bir oy boqish uchun transport masalasi ham bor. Mashinasi borlar amallaydi, benzin xarajatini aytmay qo‘yaqolay.

Andijonda kambag‘alroq bir oila quda tarafga mazarni bir oy valasapitda tashigan. Bitta tog‘ora rulning o‘rtasida, bitta tog‘ora orqa g‘ildirak ustidagi bagajnikga boylangan. Kelinning ukasi ketyaptiii Ozodbekning qo‘shig‘ini xirgoyi qilib, “mazar oborgan mendirmaaaan”, deya.

Endi har kun yuradigan yo‘li. Mazar oborishning 26-kuni deganda hokim buva asfaltga chuqur qazdiribdi. “Yoshlar – bizning kelajagimiz” degan shior osiladigan pannoning oyog‘ini tiqish uchun qilingan chuqurda endi.

Osmonga qarab erta saharda qo‘shiq aytib valasapitda mazar tashiyotgan bola ana shu chuqurga bexosdan tushib ketdi. Tog‘oralardagi somsalar, termosdagi kofe, osh, mastava – hammasi yer bilan bir bo‘ldi. Bonusiga valasapit sindi, bolaning qanshari ham yorildi…

Endi shu yerda kuyovning uyidagi manzarani tasvirlasam. Kuyov, qaynota, qaynona, qayinsingil va boshqa parazit elementlar erta bilan turib bo‘m- bo‘sh dasturxon ustida ishtahalarini karnay qilib o‘tirishibdi. Besh minut o‘tdi, o‘n minut o‘tdi, mazardan darak yo‘q. Hammaning darg‘azab ko‘zi kelinga qaragan. Bu ko‘zlarda bir savol bor: “Nega mazar kechikdi?” Kelin onasiga telefon qilib yig‘lamsiraydi. Ona mazar ortilgan valasapit 6.30 da uyni tark etganini bildiradi. Bu orada darg‘azab va och qaynota tomog‘ini qiradi. Qaynona shang‘illaydi… Kuyov mushtini tugadi…

Hikoyaning davomini o‘zingiz rivojlantirsangiz mumkin. Fakt shuki, mazari valasapitda olib kelinadigan kelin uydan haydaldi.

Mazar haqidagi matnga omma qiziqdi. Yana bir qirra. Yuz ko‘rdida qudalar oldida choynak jo‘mragiga 100 dollar tiqish urf bo‘libdi. Ana shunaqa gaplar.

Qushlar ko‘chib ketdi qoshimdan,
Tushlar cho‘chib ketdi yoshimdan,
Hushlar uchib ketdi boshimdan,
Kelmading.

Xazonlar to‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Osonlar yo‘q bo‘ldi yillab men uchun,
Armonlar ko‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Kelmading.

G‘amlarning bariga to‘zdim — chidadim,
Namlarning bahrida suzdim — chidadim,
Damlarning shahdidan o‘zdim — chidadim,
Kelmading.

Kunlarim hijronga o‘qdek yoqqanda,
Ruhim oti qonga cho‘g‘dek botganda,
So‘nggi o‘qni jonga o‘zim otganda,
Sen kelding uzr so‘rab…
Sen kelding nechun?!

(Omon Matjon)

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 noyabr 2016
1991 yili Qarag‘andada olamdan o‘tgan rassom Robert Grabbe 1903 yilda Novorossiyskdan Odessaga qarab suzayotgan kema ichida tug‘ilgan edi. Firibgaru ...
25 sentyabr 2018
Shunday qilib… bugun men Oybek uy muzeyiga, shoir va vatanparvar Rauf Parfining 75 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kechaga bordim. Frantsiya ...
7 dekabr 2021
1 dekabrdan 2 dekabrga o‘tar kechasi Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykali buzib tashlandi. Shu kuni uning demontaj qilingan haykali 53-008-harbiy ...
7 noyabr 2016
Ayrim siyosiy partiyalarning nashrlari siyosiy hushyorlikning yorqin namunasini namoyon etdi. «Adolat» partiyasining shu nomdagi gazetasi (4.11) ilk sahifasini saylovchilarni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...