Asosiy mavzular
29 sentyabr 2020

Mirziyoev qadamini sanayotganlar kim?

Prezident Shavkat Mirziyoevning eng ishongan davlat amaldorlari MXX (hozirgi DXX)ning sobiq raisi Rustam Inoyatovning josuslaridir.

Bunday aql bovar qilmas iddao bilan «Eltuz»ga maktub yo‘llagan shaxs o‘zini «hukumatda muhim vazifa» bajarishini ta'kidlaydi.

«Hukumatda muhim vazifa» bajaruvchi anonim shaxs yo‘llagan maktub ikki qismdan iborat. Maktubda, shuningdek, O‘zbekiston hokimiyatining yuqori eshelonlarida prezident Karimov o‘limidan so‘ng yuz bergan evrilishlar tahlil qilingan.

“Eltuz” mazkur maktubdagi da'volarning ba'zilarini tekshirdi. Ba'zilariga aniqlik kiritdi. O‘zining hukumatdagi manbalari orqali maktubda keltirilgan ma'lumotlarni qisman tasdiqlatdi.

Maktub bilan tanishganlardan biri uni yo‘llaganlar “yangi bosh vazir uchun yo‘l ochish maqsadida amaldagi bosh vazirni yomonotliq qilish” maqsadini ko‘zlagan, deya fikr bildirdi.

Ayni paytda O‘zbekiston boshqaruv elitasining yopiqligi bois barcha iddaolarni tekshirish imkoni yo‘q. Ammo biz taqdim etilayotgan ma'lumotlarning O‘zbekiston kelajagiga ta'siri va potentsial ahamiyatini inobatga olib, maktubni boricha nashr etishga qaror qildik.

Quyida uning dastlabkisini e'tiboringizga havola etamiz. Hukm chiqarish aziz o‘quvchilarga, ma'lumotni tekshirish O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari e'tiboriga havola. Maktub-maqola “Inoyatovning ayg‘oqchilari” deya sarlavhalangan.

Inoyatovning ayg‘oqchilari

2015 yilning 21 aprelda prezident Islom Karimov Ixtiyor Abdullaevni O‘zbekiston bosh prokurori etib tayinladi.

Bosh prokuror vazifasida Ixtiyor Abdullaev qaltis harakat qilmaslikka urindi, chunki uning atrofini o‘rab olgan o‘rinbosarlari sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov va MXXning o‘sha paytdagi raisi Rustam Inoyatov bilan yaqin aloqalarga ega edilar.

Shaxs sifatida o‘ta qo‘rqoq va mustaqil fikrga ega bo‘lmagan Ixtiyor Abdullaev har qanday buyruqni so‘zsiz ijro etishga o‘rgatilgandi. Prezidentning davlat maslahatchisi bo‘lgan davrda ham hech bir qarorni mustaqil qabul qilmas, I.Karimov bergan har qanday topshiriq haqida to‘g‘ri borib R.Inoyatov va R.Qodirovga hisobot berardi.

Xavfsizlik xizmati, prokuratura, prezident apparati va boshqa vazirliklardagi vazifalarni taqsimlashni amalda Rustam Inoyatov va Rashidjon Qodirov hal qilardi. I.Karimov stoli ustiga qanday hisobot va ma'lumotnomalar borib tushishi ham shu ikki shaxs nazoratida edi.

Shavkat Mirziyoev va uning oilasiga qarshi prokuratura o‘tkazgan rejali bosimlar ortida esa bir shaxs – Rustam Inoyatov turardi.

Sxema juda oddiy edi: Ixtiyor Abdullaev bosim ko‘rsatadi, Rustam Inoyatov esa tiz cho‘ktiradi.

Shavkat Mirziyoev yoki oilasi kichik xatoga yo‘l qo‘ysa yoki qonundan ozgina tashqari chiqsa, Rashid Qodirov darhol bu faktlarni kovlashni boshlardi. Lekin Rashid Qodirovda hokimiyat oliy esheloniga oid operativ ma'lumotlar yo‘q edi.

Prokuratura huzuridagi departamentga operativ xizmat sifatida qarash kerak emas – u prokuratura va MXX o‘rtasida ma'lumot tashuvchi organ vazifasini bajarardi.

Sh.Mirziyoev haqidagi barcha operativ ma'lumotlarni R.Qodirovga yo R. Inoyatovning o‘zi yoki uning MXXdagi sodiq odamlari berishardi.

Bunday holat birgina Rustam Inoyatovga qo‘l kelardi – shu tarzda u Shavkat Mirziyoevni doimiy qo‘rquvda ushlab turardi. U o‘ziga qulay fursatda R.Qodirovni bir qo‘ng‘iroq bilan to‘xatatar va so‘ngra Shavkat Mirziyoev orqali o‘ziga aloqador biznes yoki boshqa masalalarni hal qilardi.

I.Karimov vafotidan keyin boshlangan hokimiyat uchun ichki kurashni Ixtiyor Abdullaev bir chetda qo‘l qovushtirib kuzatib turdi. Ammo kezi kelganda eng qudratli shaxslar – Zelimxon Haydarov va Rustam Inoyatovning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi.

Bosh prokuror etib tayinlangandan keyin Rashid Qodirovdan farqli Ixtiyor Abdullaev Shavkat Mirziyoev, uning oilasi a'zolari va qarindosh-urug‘larini ta'qib qilishni to‘xtatdi.

2016 yil sentyabrida Shavkat Mirziyoev prezident vazifasini ijro eta boshladi. Xuddi shu paytdan Ixtiyor Abdullaev prezident ishonchini qozonish yo‘llarini izlay boshladi.

E'tirof etish kerak, Shavkat Mirziyoev avvaliga unga ishonchga loyiq shaxs sifatida qaramadi. Ammo keyinchalik muqobil nomzodlar bo‘lmagani sababli, qolaversa, o‘zi va yaqinlari muammolari qaerdan paydo bo‘layotgani haqida ma'lumotlar berib turgani uchun Ixtiyor Abdullaevni yoniga oldi.

Bosh prokuror Ixtiyor Abdullaev Mirziyoev va uning oilasiga qarshi Rashid Qodirov to‘plagan ko‘plab kompromatlarni yo‘q qilib tashladi va Shavkat Mirziyoevning eng ishonchli odamiga aylandi.

Ana undan keyin Ixtiyor Abdullaev o‘z odamlarini prokuratura tizimlaridagi eng muhim vazifalarga joylashtirishga o‘tdi va bir paytning o‘zida istalmagan shaxslarni yo‘q qilib bordi.

Endi Bosh prokuraturadan faqat Iixtiyor Abdullaevning og‘zidan chiqqan ma'lumotlargina Shavkat Mirziyoevga yetib bora boshladi. Ixtiyor Abdullaevga qarshi Rashid Qodirov tomonidan ko‘plab kompromatlar to‘plangan edi. Shuning uchun ham Ixtiyor Abdullaev ongli ravishda Rashid Qodirovni ta'qib etmadi.

Ixtiyor Abdullaev xavfsizlik xizmatiga rais bo‘lib o‘tgach, uning o‘rniga bosh prokuror etib tayinlangan Otabek Murodov Rashid Qodirovga qarshi kampaniyani sidqidildan boshlab yubordi va prezident topshirgan boshqa vazifalarni ham muvaffaqiyat bilan bajara boshladi.

Ammo yangi bosh prokuror bir xatoga yo‘l qo‘ydi – Otabek Murodov zimmasiga yuklatilgan vazifalar Rustam Inoyatovning qulog‘iga borib yetdi. U esa tajribasiz bosh prokurorning kar'erasiga mohirlik bilan nuqta qo‘ydi.

Shavkat Mirziyoev xavfsizlik xizmatiga rais etib tayinlangan Ixtiyor Abdullaevga quyidagi vazifalarni yuklagan edi:

1. Shavkat Mirziyoevning yaqinlari va davlat mulozimlari orasidagi yollangan agentlar ro‘yxatini qo‘lga kiritish;

2. MXX tomonidan Mirziyoevga qarshi to‘plangan barcha kompromatlarni tozalash va yo‘q qilish;

3. R. Inoyatov tayinlagan, unga ishlaydigan barcha mulozimlarni topish va vazifalaridan chetlatish;

4. Rustam Inoyatov va Zelimxon Haydarovga qarshi kompromat to‘plash.

Shavkat Mirziyoev bu vazifalarni bajarishi uchun Ixtiyor Abdullaevga ilk navbatda o‘z jamoasini tuzishga ruxsat berdi. Muhim postlarga ishonchli odamlarini qo‘yib chiqqan Abdullaev prezident bergan vazifalarni birin-ketin bajara boshladi.

Shu asnoda MXXning cheksiz qudrat va vakolatlarga ega ekanidan shoshib qolgan I.Abdullaev o‘z komandasi bilan Sh.Mirziyoevni o‘z yo‘rig‘iga solish va alal-oqibat mutlaq hokimiyatga ega bo‘lishi mumkinligini anglab yetdi. Buning uchun sekin, hisob bilan va xatosiz harakat qilish zarur edi.

Ammo maxsus xizmatlarda ishlash tajribasi va vaziyatni chuqur tahlil qilish uquviga ega bo‘lmagan I.Abdullaevning rejasi yashin tezligida chilparchin bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi vakolatlaridan foydalanib Ixtiyor Abdullaev o‘zi va yaqinlari haqida to‘plangan ma'lumotlarni ham yo‘q qilib tashladi. Eng qizig‘i, uning o‘zi ham MXXning yollangan agenti edi.

Ixtiyor Abdullaev va uning komandasi Shavkat Mirziyoev va oilasi haqidagi maxfiy ma'lumotlar nusxalarini saqlab qolishdi. Shu bilan birga, kelajakda asqatadi, degan umidda Shavkat Mirziyoev atrofidagi ba'zi yollanma agentlar haqidagi ma'lumotlarni ham yashirib qo‘yishdi.

Ixtiyor Abdullaev komandasi bir yil davomida bu agentlardan mohirlik bilan foydalandi. Ular bergan ko‘plab ma'lumotlar OAVga sizdirildi va turli biznes manfaatlarida ishlatildi.

Xo‘sh, Mirziyoev atrofidagi agentlar kimlar?

01 – bosh vazir Abdulla Aripovdan boshlaymiz. Butun dunyoda axborot tizimlari va kommunikatsiyalarga mas'ul shaxslar maxsus xizmat agentlari hisoblanadi.

02 – bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochil Ramatov ham MXX tomonidan yollangan.

Ularning ikkalasi o‘tmishda ham, hozir ham o‘z xo‘jayinlariga Shavkat Mirziyoev haqidagi ma'lumotlarni shipshib turishadi. Ularning xo‘jayini bu ma'lumotlarni o‘zi ishongan shaxslarga, ular esa ommaviy axborot vositalariga sizdiradi.

03 – Zaynobiddin Nizomiddinov MXXga yollangan agentdir. U bu sohada ko‘p yillik tajribaga ega.

Shavkat Mirziyoev Nizomiddinovni o‘ziga bunchalar yaqinlashtirmagan bo‘lardi, ammo MXX o‘z maqsadiga nihoyatda asta-sekinlik va ehtiyotkorlik bilan erishdi.

Bir paytlar Shavkat Mirziyoevning yordamchisi bo‘lardi. U xalq orasida Baxtiyor shtangist laqabi bilan tanilgan edi. Rustam Inoyatov odamlari uni bir necha bor yollashga urinib ko‘rganlar, ammo tabiatan o‘ta qaysar va qaytmas bo‘lgan Baxtiyorni o‘z tomonlariga og‘dira olmaganlar.

Ammo DXX o‘z maqsadiga qanday qilib bo‘lmasin erishadi – yo ularga ishlaysan yoki umuman ishlamaysan. Rejalari amalga oshmagach, Baxtiyor shtangistni bir kunga o‘g‘irlashadi. Eng sodiq odami yo‘qolganidan xavotirga tushgan Shavkat Mirziyoevni Baxtiyorning MXX josusi ekaniga ishontirishadi.

Bu shaklda MXX bir o‘q bilan ikki nishonni uradi: Baxtiyor shtangist Shavkat Mirziyoevdan uzoqlashtiriladi, Zaynobiddin Nizomiddinovga yo‘l ochiladi.

Zaynobiddin Nizomiddinov Shavkat Mirziyoevning har qanday topshirig‘ini silliq qilib bajara boshladi. Shavkat Mirziyoev qanday qilib yoshgina bir yigitning og‘ir vazifalarni mohirlik bilan bajargani haqida o‘ylab ko‘rganmikin?

Javob: Nizomiddinovni professionallar qo‘llab-quvvatlashardi.

Nima uchun ommaviy axborot vositalarida Shavkat Mirziyoev va oilasi haqida salbiy ma'lumotlar ko‘payib ketganini endi ko‘pchilik anglab yetgan bo‘lsa kerak?

Abdulla Aripov, Ochil Ramatov va Zaynobiddin Nizomiddinov o‘z xo‘jayinlari Rustam Inoyatovning sodiq itlaridir. Ammo Rustam Inoyatov hech kimga ishonmaydi.

O‘zini himoyalab olish maqsadida Rustam Inoyatov Aripov, Ramatov va Nizomiddinov haqidagi ma'lumotlarning bir qismini Rossiya GRUsiga berib qo‘ygan.

Abdulla Aripov, Ochil Ramatov va Zaynobiddin Nizomiddinov nima uchun Shavkat Mirziyoev ishi va uning oilaviy muammolari haqida juda ko‘plab salbiy ma'lumotlarni matbuotga sizdirib turishadi?

Bu uchlik Shavkat Mirziyoev, uning xotini, qizlari va kuyovlari xarakterini yaxshi o‘rgangan. Salbiy xabarlarni tarqatish orqali Shavkat Mirziyoev oilasi a'zolarini o‘zaro kelishmovchiliklarni hal qilish bilan band qilib qo‘yib, ular o‘z masalalarini hal qilib olishmoqda.

(Maktub-maqola muallifi davomini yozishni va'da qildi)

Maqolada keltirilgan fikr-mulohazalar “Eltuz”ning nuqtai nazarini aks ettirmaydi. Shu bilan birga, “Eltuz” bu maqolada keltirilgan iddaolarni rad qiluvchi yoki to‘ldirmoqchi bo‘lganlarga ham minbar beradi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 dekabr 2017
Prezident Shavkat Mirziyoev parlamentdagi 22 dekabr kungi chiqishida Moliya vazirligini keskin tanqid qilishi ortidan vazirlikda tekshirish, xodimlarni ommaviy ishdan ...
30 avgust 2023
Rassom va jurnalist Shuhrat Bobojonov o‘zining tarix¸ tasviriy san'at va mumtoz adabiyotga oid kitoblar yig‘ilgan kutubxonasini Urganch zamonaviy san'at ...
5 aprel 2019
Sizga omad tilayman, azizim. Oddiygina omad. Ko‘chada ketyapsiz, sizni mashina bosib ketmadi. Tasodifan o‘rmonda murdani ko‘rib qolib, politsiyaga xabar ...
20 iyun 2024
Keyingi kunlarda Eltuz tomonidan qo‘yilgan har bir materialga, o‘zini din himoyachisi deya hisoblovchilar nomidan haqoratli komentlar qo‘yilishi avj olgan. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...