Jamiyat chekkasidagi hayot: O‘zbekiston lo‘lilari
Suratkash Aleksandr Barkovskiy mulohazalari
O‘tmishda O‘rta Osiyodagi bir qancha muazzam saltanatlar va yuksak madaniyatli xalqlarga beshik bo‘lgan bugungi O‘zbekiston aholisi allaqachon 30 millionli dovondan oshgan ekan, mamlakatning boy tarixi uning ko‘p millatli etnoxaritasida ham o‘z aksini topgan.
Aholining aksar qismini tabiiy tarzda o‘zbeklar tashkil qilsa-da, kam sonli lo‘lilar jamoasi 50 ga yaqin boshqa guruhlar qatori ushbu zaminda azaldan yashab keladi.
Aytish mumkinki, O‘zbekiston jamiyatining chekka kanorasida umrguzaronlik qilayotgan mazkur elat aynan kelib chiqishiga ko‘ra kamsitilishlarga duchor bo‘ladi.
Lo‘lilar Ovro‘pa va Yaqin Sharqning “Roma” va “Sinti”lariga yaqin deb aytilsa-da, ularning kelib chiqishi baribir u qadar aniq emas. Shu tufayli ushbu jamoani ingliz tilida qanday nomlash kerakligi haqida hozirga qadar bir to‘xtamga kelinmagan.
Rus tilida iste'molda bo‘lgan “tsыgan” atamasini inglizchaga odatda “Gypsies” tarzida o‘girish mumkin bo‘lgani holda, bu nom, ya'ni “Gypsies” haqorat va masxara kabi tuyulgani bois, aksar hollarda “Roma” so‘zi qo‘llaniladi.
2019 yilda o‘zbek tadqiqotchisi Komila Zokirova olib borgan izlanishlarga ko‘ra:
O‘rta Osiyo lo‘lilari o‘zlarini “mugatlar” deb atashadi. Ushbu atama esa zardushtiylarga nisbatan qo‘llaniladigan so‘z bo‘lib, “otashparastlar” ma'nosini beradi.
Ularning ajdodlari asrlar avval hozirgi Pokistonning Panjob viloyatidan ko‘chib kelganliklari haqida ma'lumotlar bor. Hozirgi paytda lo‘lilarning umumiy soni haqida aniq ma'lumotlar mavjud emas, chunki ularning ko‘plari shaxsini tasdiqlovchi qonuniy hujjatlarsiz yashaydi.
Men ushbu mavzuda kontseptualist rassom va fuqarolik jamiyati faoli Aleksandr Barkovskiy bilan suhbat qildim. O‘zining millati rus bo‘lgan Aleksandr ko‘pdan beri lo‘lilar hayoti va o‘tmishi bilan shug‘ullanib keladi, ular haqida bir necha qisqa metrajli filmlar ham suratga olgan. Quyida suhbatning qisqartirilgan shakli havola etiladi.
Filip Nubel (FN): Bugungi kunda lo‘lilar to‘qnash kelayotgan asosiy ijtimoiy muammolar nimalardan iborat?
Aleksandr Barkovskiy (AB): Avvalo, ta'lim-tarbiya masalasi. Bu masalada, ya'ni bilim olishning bu elat vakillari uchun imkonsizligi va qisman nozarurligi borasida har ikki tomonning o‘zaro norasmiy kelishuvi borga o‘xshaydi.
Bir tarafdan, patriarxal an'analar o‘ta kuchli bo‘lgan lo‘lilar jamoasida barcha qudrat ushbu jamoa boshlig‘i qo‘lida jamlangan, o‘ziga xos yakka hukmdor bo‘lgan bu oqsoqol yoshlarning ta'lim olishidan ko‘ra asrlar davomida o‘zgarmay kelayotgan qat'iy an'analarni ma'qul biladi.
O‘z navbatida, jamiyatda lo‘lilarning o‘zlari bilim olishni istashmas ekan, ularning o‘qishlariga sharoit yaratish va muayyan kasblarga yo‘naltirish befoyda, degan qarash shakllangan.
Ammo lo‘lilar orasida so‘rov o‘tkazsangiz, ularning ko‘plari o‘z qismatlarini o‘zgartirishni istashlariga guvoh bo‘lasiz. Yoshi kattalar ham o‘z farzandlari tuzukroq kasb-hunar egallab, yaxshiroq hayot kechirishlarini istashadi, buning birdan-bir yo‘li esa sifatli ta'lim olish ekanini ular yaxshi anglashadi.
FN: Yuqorida aytganingiz holat lo‘lilarning farzandlari ta'lim olishlari uchun jiddiy to‘siqlar mavjudligini ham anglatadimi, bu to‘siqlarni yana nimalarda ko‘rasiz?
B: Lo‘lilar jamoasidagi eng katta muammolardan biri bolalik baxtidan mosuvo bo‘lgan bolalardir. Lo‘li oilalarida tug‘ish ko‘rsatkichi juda yuqori, ammo farzandlarning yarmi, balki undan ham ortig‘i go‘dakligidayoq nobud bo‘ladi.
Chunki hali suyagi qotmagan chaqaloqni ko‘tarib, onalari jazirama yozu izg‘irin qishda ham shaharma-shahar sadaqa tilanib kezib yurishadi. Sut bilan kirgan – jon bilan chiqadi, deganlaridek, lo‘li bolalarining bu dunyoda ilk bor ko‘rib ko‘nikkanlari ham tilanchilik, xoru zorlik hamda uy va ko‘chadagi zo‘ravonlikdan iborat.
Surxondaryo viloyatidagi lo‘lilar maktabida tahsil olayotgan o‘quvchi bola. Suratkash (s): Aleksandr Barkovskiy. Surat muallif ijozati bilan foydalanilmoqda.
FN: Lo‘lilar jamoasi ichida ayollarning mavqe-o‘rni qanday?
AB: Ularning mavqei bilan erkaklarniki o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. Ayollarning bir dunyo majburiyatlari oldida huquqlari mutlaqo bilinmaydi.
Istasa-istamasa, lo‘li xotinlar etak-etak bola tug‘ishga majbur, faqat shu yo‘l bilangina ozmi-ko‘p hurmatga sazovor bo‘la olishadi. Lo‘lilar jamoasida ayolga beriladigan birinchi savol ham uning farzandlari miqdoriga doir.
Juda istaganlari turmushga chiqmasdan avval ta'lim olishga ulgursa ulgurdi, bo‘lmasa, aksariyat uchun bu ushalmagan orzu bo‘lib qolaveradi. Bundan tashqari, qizlarni 14-15 yoshligidayoq – juda erta turmushga uzatib yuborish odatiy holatdir.
O‘zbekiston poytaxti Toshkent yaqinidagi ko‘chma manzilgohda istiqomat qilayotgan lo‘li otaxon va onaxon. Suratkash (s): Aleksandr Barkovskiy. Surat muallif ijozati bilan foydalanilmoqda.
FN: Lo‘lilar hayotida dinning tutgan o‘rni haqida nima deya olasiz?
B: Lo‘lilar o‘zlarini sunniy musulmon deb bilishadi, boshqalar qatori namoz o‘qishadi, barcha islomiy bayramlarni nishonlashadi, din talablariga amal qilishadi.
Tojiklar singari o‘zbeklar ham lo‘lilarning majusiy o‘tmishi va kundalik turmushida hamon saqlanib qolgan kasta-tabaqa tizimi, otashparastlik unsurlari tufayli ularni chin musulmon tarzida qabul qilishmaydi.
Lo‘lilarning islomiy tushunchalari butparastlik kechmishi qoldiqlari bilan omixtalashib ketgan diniy qarashlar yig‘indisidan iborat, deyish mumkin.
Toshkentdagi rus-pravoslav qabristonida Pasxa kunini nishonlayotgan lo‘lilar oilasi. Suratkash (s): Aleksandr Barkovskiy. Surat muallif ijozati bilan foydalanilmoqda.
FN: Lo‘lilar jamoasi to‘qnash kelayotgan ijtimoiy muammolarga hukumat qay darajada e'tibor qaratadi?
AB: Lo‘lilarning ijtimoiy jihatdan himoya qilinmagani sabablaridan biri ularning turmush tarzi va muammolari haqida jamiyatda aytarli ma'lumot yo‘qligidir. Ular qaerda, qanday sharoitda yashaydi va nufusi qancha – bularni hech kim bilmaydi.
Shunday ekan, hukumat lo‘lilar jamoasi borasida qanday siyosat yurgizmasin, buning hech bir samarasi bo‘lmaydi. Konstitutsion huquqlarini ta'minlash uchun imkon qadar shaffoflik va ko‘proq axborotlar lozim, o‘z navbatida, ularning o‘zlarida ham muayyan huquqiy bilimlar bo‘lishi talab etiladi.
Maqola Global Voices Internet nashridan olindi