Asosiy mavzular
4 noyabr 2020

Egasiz hayvonlar uchun maxsus boshpana talabi

​Farg‘onada bir guruh ko‘ngillilar daydi it-mushuklar uchun maxsus joylar tashkil etilishini talab qilmoqdalar. Ularning fikricha, hayvonlarga mehrli munosabatda bo‘lish lozim va har qanday tirik jonzot yashashga haqli. 

“Farg‘ona shahri obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari har kuni ko‘chadagi qarovsiz it va mushuklarni tutib, ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lishadi. Ba'zi hayvonlarni qiynab o‘ldirishgacha borishadi, – dedi o‘zini hayvonlar himoyachilari tashkiloti a'zosi deb tanishtirgan ayol. 

Hayvonlar himoyachisi, mahalliy hukumat diqqatini o‘ziga tortmaslik uchun o‘z ismini ochiqlashni istamadi.

– Men doimo ko‘chada qarovsiz qolgan kuchuklar va mushuklarni o‘z uyimga olib kelaman. Hozir uyimda 40 dan ortiq hayvon bor. Ularni parvarishlash, oziqlantirishda menga hayvonlarni himoya qilishga bel bog‘lagan bir guruh ko‘ngillilar yordam bermoqda. 

Ammo men bunday ko‘p hayvonni har doim ham o‘z uyimda boqa olmayman. Sababi, ular ham tirik jon bo‘lgani uchun vaqtida ovqatlantirish, yuvintirish, parvarishlash zarur. Bunga mening mablag‘im ham, kuchim ham yetmaydi. 

Ammo bu hayvonlarni ko‘chaga ham tashlab ketolmayman. Agar uyimda shuncha hayvon boqayotganimni bilib qolishsa, Farg‘ona shahri obodonlashtirish boshqarmasi ularni mendan tortib oladi. 

Ular esa bu hayvonlarga mehrli munosabatda bo‘lmaydi. Chunki obodonlashtirish xodimlarining itlarni sim bilan bo‘g‘ib o‘ldirishayotganini o‘zim ko‘rganman. 

Shuning uchun biz Farg‘ona viloyatidagi mutasaddi tashkilotlardan hayvonlar uchun maxsus joylar tashkil etilishini so‘ramoqdamiz”. 

Ismi sir qolishini istagan mas'ullardan birining aytishicha, viloyat obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi daydi hayvonlarni tutish bo‘limi xodimlari hayvonlarni dahshatli sharoitda saqlaydi. 

“Ular kasal it va mushuklarni urib o‘ldiradi, sog‘lom hayvonlarni esa koreys oshxonalariga go‘shtga topshiradi. Jamoatchilik talabi bilan Ekologiya qo‘mitasi, Davlat sanitariya-epidimologiya osoyishtalik markazi bu masalaga e'tiborini qaratdi. Ammo hali amaliy ishlar qilingani yo‘q”, deydi mas'ul. 

Uning fikricha, mahalliy hokimliklar bu muammoga e'tibor qaratishi, joylardagi ekoko‘ngillilar bilan birga har bir hududdagi uysiz jonivorlar uchun boshpanalar tashkil etishga yordam berishi kerak. Veterinariya xizmatlari (sterillash, emlash) uchun mablag‘ ajratish lozim. Shuningdek, tutib kelingan daydi jonivorlarni parvarishlash uchun ko‘ngillilar jalb qilinishi kerak. 

Farg‘onalik jurnalistlardan biri “Eltuz”ga mana shu masalada bir necha marta viloyat obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qilgani, daydi hayvonlar taqdiri bilan qiziqqani, ammo unga daydi hayvonlar saqlanayotgan joyga kirishga ruxsat berishmaganini bildirdi. 

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida “Farg‘ona vodiysi zoohimoyachilari” guruhi faoliyat yuritmoqda. Guruh a'zolari butun dunyoda va O‘zbekistonda hayvonlarga bo‘layotgan munosabatlar haqida ma'lumot almashib turishadi. 

Guruhning faol a'zosi Salomat Valitova o‘z uyida parvarishlayotgan hayvonlar haqida hikoya qilishdan erinmaydi.

– Men har kuni ikki bekat naridagi do‘kondan kuchuk va mushuklarim uchun tovuq oyoqlarini olib kelaman. Ularni guruch oqshog‘i qo‘shib qaynatib beraman. O‘zimga 40 dan ortiq hayvonni boqish juda qiyin. Bu ishda menga farg‘onalik ko‘ngillilar yordam bermoqda,  – deydi u. 

Salomat Valitova ham uysiz va boshpanasiz hayvonlarga davlat ham e'tibor qaratishini istamoqda. Chunki qish yaqinlashgani sari uning uyida hayvonlar ko‘paymoqda. 

Agar davlat tomonidan maxsus boshpanalar ochilsa, hayvonlarni o‘sha yerga topshiradi hamda o‘sha yerda ko‘ngilli ravishda bemalol borib ularni parvarish qilaveradi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2021
Bu Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi nochor oilaning uyi. Bu uyda Norbek xotini va ikki bolasi bilan yashaydi. U ...
15 noyabr 2016
O‘zbekistonda 4 dekabrda o‘tadigan saylov har galgidek cho‘ntak partiyalarning o‘zaro kelishuvi natijasida o‘tishi aytilmoqda. Birorta partiya hokimiyat tepasiga kelishni ...
3 aprel 2017
Oy oxirlayotgan kunlarda prezident videoselektor majlis o‘tkazdi. «Kun.o‘z» sayti o‘z manbalariga asoclanib, davlat rahbari bu majlisda «O‘zbekiston» va «Yoshlar» ...
27 aprel 2024
26 aprel kuni Samarqanddagi DXX tergov izolyatoridan navoiylik ko‘zga ko‘ringan tadbirkor, 56 yashar Azamat Xalikovning jasadi chiqdi.                             Shu oy ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...