Asosiy mavzular
13 noyabr 2020

RTdan va'z: Qaysar eshakni kim aldadi?

Hazratim, ochlikdan o‘ldim, yegani non ber menga,

Kofir o‘lg‘ayman agar desamki, bahmon ber menga.

Moshu bug‘doyu guruch berkim, shular menga kerak,

Hech aytmasman aqiqu la'lu marjon ber menga.

Bu radifli she'r 19-asr boshida Qo‘qonda bitilgan. Muallif ochlikdan tinkasi qurigan Gulxaniydir.

Oz vaqt hammomda o‘t yoquvchi — go‘laxlik qilgani uchun Gulxaniy taxallusini olgan. Keyinchalik Qo‘qon xoni Olimxon navkarlari safida xizmatda bo‘lgan.

Gulxaniy bir necha yil navkar bo‘lib xizmat qilib, janglarda qahramonlik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ammo xondan muruvvat ko‘rmadi. Ochlik, yupunlik, muhtojlik uning hamrohi bo‘lib qolaverdi. U xondan aqiqu la'lu marjon emas, bor-yo‘g‘i moshu bug‘doyu guruch so‘ragandi. Chunki u paytlar iste'mol savati degan tushuncha yo‘q edi.

Oradan ikki yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgan esa-da, O‘zbekistonda haliyam iste'mol savati qanchani tashkil etishi borasidagi ma'lumotlarni jamoatchilikka oshkor etmaslik afzal ko‘riladi.

Iste'mol savati nima?

Iste'mol savati insonning salomatligi hamda yashashini saqlab turish uchun talab qilinadigan eng oz oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlarning jamlamasidir.

Dunyodagi turli mamlakatlarning turli iqlim sharoitlari va aholi ehtiyojlaridan kelib iste'mol savatiga mahsulot va xizmatlar kiritiladi. Masalan, AQShdagi iste'mol savatida 300 ta, Buyuk Britaniyada 350, Germaniyada 470 mahsulot va xizmat bor.

Bu mahsulotlarning oziq-ovqat turiga kiradiganlarining asosiylari non va un mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, yog‘, go‘sht, tuxum, poliz mahsulotlari, meva-cheva va boshqalar. Nooziq-ovqat mashulotlariga ko‘ylak, kostyum-shim, poyabzal, bosh kiyim, paypoq, ichki kiyim turlari, sanitariya va gigiena mahsulotlari, maktab va ta'lim olish uchun zarur tovarlar kiritiladi.

O‘tib borayotgan hafta boshida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ijtimoiy tarmoqlarda kalaka nishoniga aylandi. Sababi, iqtisodchi «2020 yilda O‘zbekistonda kuniga 5600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas”¸ deb qovunning kattasini tushirdi.

Obid Hakimovning bu gapi ijtimoiy tarmoqda memga aylandi va o‘zbekistonliklar prezident maslahatchisi o‘rinbosari darajasidagi amaldorni “reallikdan uzilganlik”da ayblashdi.

O‘tirippan onqayiib,

Sovuq uyda cho‘nqayib.

Shomallappan, gapirdim

Burunlarim monqayib….

Men ham do‘ppini bir chetga qo‘yib, O‘zbekistondagi narx-navoga qiyosan 5600 so‘mga nima olish mumkinligini o‘zimcha hisob-kitob qilib ko‘rdim.

Toshkentda bir dona non narxi  2000 so‘m. Demak, kuniga uch dona non sotib olmoqchi bo‘lsangiz, nonvoydan 400 so‘m qarzdor bo‘lib qolasiz.

Namanganda esa bir qassob 5600 so‘mga qancha go‘sht olish mumkinligini aniqlashga harakat qilgan.

Egnima yopu-uq berib, qornimni to‘yg‘iz non bilan,

Senga billohim demasman, dinu iymon ber menga.

Navkaring ochlikdan o‘lsa, nega hayfing kelmagay,

Ey tabibi hoziqim, doriyu darmon ber menga.

Cho‘pon va qo‘ylar

O‘ris millatchi siyosatchisi Vladimir Jirinovskiy O‘zbekiston sobiq prezidenti Karimov siyosatiga baho berarkan, “O‘zbekistonda bitta cho‘pon va 20 million qo‘y bor”, degandi.

Bu gapdan chorak asr o‘tdi. O‘zbekiston aholisi 35 millionga yetib qolay dedi. Cho‘ponning o‘lganigayam to‘rt  yildan oshdi.

Bir cho‘pon qishloq aholisining qo‘ylarini dalaga olib chiqib boqardi. Bo‘ri har mavsum qo‘ylar galasiga o‘zini urib, bitta qo‘yni yeb ketardi.

Cho‘pon esa o‘nta qo‘yni bo‘ri bo‘g‘izlab ketdi, deb aybni bo‘riga to‘nkardi. Yesayam, yemasayam bo‘rining og‘zi qon. Lekin vaqt o‘tib bo‘ri o‘ldi. Bo‘ri topa olmagan cho‘pon mushuk sotib oldi.

Mushuk bo‘ri emasdi. Lekin o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas. Cho‘pon  endi o‘nta emas beshta qo‘y o‘lyapti, deyishga o‘tdi. 10 ta emas, 5 ta qo‘y zarar ko‘rayotgan qishloq ahli bundan xursand edi.

Mushukka aylangan qoplon

Ey, mushuk. Kel, ko‘kragimda yastan. Lekin tanamni tirnama. Sening dengiz kabi moviy ko‘zlaringa boqib g‘arq bo‘lmoqchiman. Ko‘zlaring yashma toshi kabi vahshiy va qo‘rqinchli yaltiraydi.

Ertalab kun boshlanmasidan sening yumshoq yunglaringni qo‘lim bilan silashni chandon sevaman. Qadim qoplonlar sulolasidan bo‘lgan yaratig‘im manim. Seni silaganimda azbaroyi rohatlanganingdan erkalanib miyovlaysan.

Bu miyovlashdan ko‘ra ingrashga o‘xshaydi. Sening o‘tli qarashlaring sevgilim Oygulning qattol qarashlariga o‘xshaydi. Sovuq, jiddiy va xanjar kabi keskir.

Sendan mast qiluvchi jozib bir ifor taraladi. Gipnoz qiluvchi tarovat. Hali kecha yotganim chorpoyadan qalqmadim. Ko‘kragim ustiga har subhi saboh kelib yotadigan mushuk kecha va bugun orasini belgilaydigan belgi.

Bilaman. Sen birozdan so‘ng zerikib ustimdan sakrab pastga tushasan. Men esa dushga kirib, qadimgi odam g‘ordan chiqib sharshara ostida turgan kabi ibtidoiy hislarga cho‘maman. Keyin pahmoq xalatga o‘ralib, g‘irchillagan parketni bir-bir bosib oromkursi sari boraman.

Oromkursida meni bir finjon issiq turkcha jezvida qaynatilgan qora qahva kutadi. Qahvadan xo‘plarkan, ko‘zim seni qidiradi. Haa, mana sen. Tasodifan yerga tushgan kalava ip koptogini dumalatib o‘ynayapsan. Eh, qoplonim mening.

Mushuklar dunyoda eng sezgir jonivor. Yer qimirlashini ham oldindan biladi. Ekologik o‘zgarishlarni ham. Yangi uyga kirishdan oldin bitta mushukni kiritvorish kerak. Mushukka yoqsa, demak uyning ekologiyasi yaxshi.

EKOLOGIYa

O‘zbekiston hududida dunyodagi ekologik falokatga misol bo‘lgan Orol dengizi bor. To‘g‘risi, o‘sha dengizdan qolgan asorat. Yillar davomida shu dengizni to‘ldiramiz, degan yolg‘on chayqovchiligi bilan shug‘ullangan ekologlar arava-arava pullarni yo‘q qilishdi. O‘sha pullarga baklashkali suv sotib olib ham dengizni to‘ldirsa bo‘lardi.

Xullas, shu kunlarda O‘zbekistonda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga rais tayinlanmoqda. Bu lavozimga Alisher Maqsudov nomzodi deputatlar tomonidan ma'qullandi.

Alisher Maqsudov shu kunga qadar «O‘zpaxtasanoat» AJ boshqaruvi raisi lavozimida mayda tishlab ishlab kelgan edi. Endi ekologiyaga o‘tdi.

Mirziyoev prezident bo‘lgandan keyin ekologiyaning rahbari 4 marta almashdi.Oldin ekologiya qo‘mitasi nazorat organi edi. Senatga bo‘ysunar edi.

Keyin konstitutsiyaga o‘zgarish kiritilib, Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadigan bo‘ldi.Oldin daraxtlarni kesib byudjetga pul tushirish rejasi bo‘lgan.

Aqlga sig‘maydigan reja. Rejani bajaramiz deb qancha daraxtlar kesilgan. Ishonmasangiz, Toshkent markazidagi  Amir Temur haykali atrofini borib ko‘ring. Bir vaqtlar o‘q o‘tmas bog‘ edi. Hozir ekologlar soyasida cho‘lga aylandi. Buni ko‘rgan odam achchiq-achchiq sharob ichib unutsam, deb o‘ylaydi.

***

Xorazmning Pichoqchi qishlog‘ida yashovchi 39 yashar yigit ichib, g‘irt mast bo‘lib, temir yo‘l ustida ko‘ndalang yotib uxlab qoldi. Xivadan Toshkentga kelayotgan poezd mashinisti buni ko‘rishi bilan tormozni bosdi.

Poezdning to‘xtashi qiyin bo‘ldi. G‘iyyyiq etib g‘ildiraklaridan o‘t chiqargan poezd rels ustida yotgan odamdan 5 sm uzoqda to‘xtadi. Mashinist tushib bu mast akani uyg‘otaman deb chandon urindi.

Uyg‘ongan piyon birat bir poezdga, bir mashinistga qarab, “nerdaman man og‘o”, deb so‘radi. Mashinist unga qarab «onangni falonidasan» desa, bu piyon birat ta'sirlanib ketib yig‘lashga tushdi.

Mashinist milisa chaqirdi. Piyon biratni olib ketishdi. Poezd soat 18:29da to‘xtab, soat 18:45da o‘z yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettirdi. Fuqarolar, ehtiyot bo‘linglar, poezd uchinchi yo‘ldan safarga chiqdi. Churrrrr…

***

Mabodo havo shari uchishga qiynalsa¸ shar savatidagi ortiqcha yuk tashlab yuboriladi. Hokimlik ham ortiqcha yuklansa, rivoj o‘rniga cho‘kadi.

Surxondaryo hokimi 1 mlrd 194 mln so‘mga 3 ta Traiblazer olibdi. Men shu hokimning o‘zini parvozga xalaqit bergani uchun savatdan yerga otardim.

Yangi ochilgan Pillachilik va  qorako‘lchilik qo‘mitasi 795 million so‘mga «Taxoe», 635 millionga «Malibu» va 115 millionga «Lasetti» olgan. Uchinchi renessans bu.

***

O‘zbekistonda bojxonachi degani o‘g‘ri, talonchi va qaroqchini o‘zida birlashtirgan maxluq. Ishga borganda kimnidir qaqshatib kelmasa, grijasi og‘riydi bu dabbalarning.

Bosh prokurorning ma'lum qilishicha, “Arkbuloq” bojxona posti boshlig‘i boshchiligidagi bir guruh bojxona xodimlari pora evaziga turli sub'ektlar tomonidan import qilingan tovarlar qiymatini pasaytirib ko‘rsatib, davlat manfaatlariga qariyb 9 mlrd. so‘m zarar yetkazgan.

Tergov jarayonida post boshlig‘ining uyida o‘tkazilgan tintuvda pora sifatida olingan 311 ming dollar naqd pullar topilgan.

Bundan tashqari, jinoiy yo‘l bilan topilgan pullar evaziga Bo‘stonliq tumanida 8 sotixli dala hovli qurgani, “Toshkent – siti” majmuasidan 2 ta xonadon va bitta noturar joy hamda “Kaptiva” avtomashinasini sotib olgani aniqlangan.

***

O‘zbekistonda xonadagi koronavirusni o‘ldiruvchi qurilma yaratildi. Bu haqda ishonchli manbalar xabar bermoqda, deb yozdi «Effektiv.o‘z» sayti.

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur uskuna bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan va 12 voltli tokda ishlaydi.

“Qurilmaga vaktsina yoki boshqa biror dori qo‘shilmagan. Texnologiyaning o‘zi stol-stul, kiyim-kechakdagi virusni daf qiladi. Yaqin kunlarda uni ishlab chiqarish boshlanadi”, deydi ixtirochilardan biri.

Ishonavering (kulgu ovozi ketadi).

***

Shu haftaning chorshanba kuni Toshkentda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Jizzax akkamulyator zavodining sobiq direktori va Mirziyoevning eski oshnasi bo‘lgan Qudratilla Rafiqov bir ovozdan federatsiya raisi lavozimiga qayta saylandi.

Ishtirokchilarining bildirishicha, anjuman misli ko‘rilmagan darajada dabdabali o‘tgan. Nega bu dabdaba seni o‘ylantiryapti, deb so‘rarsiz?

Gap shundaki, har bir ishlaydigan odam har oyda o‘z maoshining bir foizini Kasaba uyushmalari federatsiyasi byudjetiga o‘tkazadi. Biroq hech kim bu tashkilot yillik byudjeti miqdorini va ishchilarning puli qaerga sarflanayotgani ko‘rsatilgan hisobotini bilmaydi.

Tili zaharlarning aytishicha,  Mirziyoev bu lavozimga o‘z ulfatini behudaga qo‘ymagan. Chunki ayni federatsiyada ko‘ngling istagancha sarflash mumkin bo‘lgan juda ko‘p pul bor.

Bugungi ma'ruzamda ochlikdan sillasi qurigan Gulxaniy, go‘l qo‘y, sanitar vazifasini o‘tovchi bo‘ri va iforli mushuk haqida gapirdim. Navbat eshakka! Darvoqe, AQShda g‘alaba qozongan demokratlar timsoli ham eshak.

Eshak o‘jarligi bilan tanilgan uy hayvoni. Uzunquloq hayvonlar orasida eshakdek qaysari yo‘q. Na yaxshi gapga ko‘nadi va na qamchiga bo‘ysunadi.

Gulxaniy zamonida eshakni ishlatish uchun bir hiyla o‘ylab topishgan. Uzun tayoqning boshiga sabzi osiltiriladi. Dehqon eshakka minib, o‘sha tayoqni shunday tutadiki, sabzi eshakning tumshug‘i oldida bo‘ladi.

Eshak sabziga yetish umidida yura boshlaydi. Sabzi esa hech yaqinlashmaydi. Eshak yukbilan manzilga yetmagunicha egasi sabzini unga bermaydi. Qissadan hissa shuki, harakat qilmasang, sabzi yo‘q! Gulxaniy xonga ishonib, ochlikda o‘lib ketdi.

Nonu to‘n ber, benavolik dardidan qutqar meni,

Men qachon aytdimki, Qorun ganjidek kon ber menga…

Gulxaniyni er yigitlar to‘pidan kamsitmagil,

Fo‘ta ber, ot ber, to‘nu chakmon ber menga.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!



Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
15 noyabr 2023
Tarmoq, ya'ni sotsial media o‘zbek segmentida kuzatishlarimga ko‘ra xotin-qizlar orasida ashaddiy diniy fanatizmga moyillik kuchli. Moskva, Seul, Istanbul va ...
26 avgust 2023
Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida jang qilayotgan “Rusich” neonatsistlar guruhi «har qanday jangovar topshiriqlarni bajarishni to‘xtatganini» bildirdi. Hammasi jangari guruhning ...
26 fevral 2020
25 fevral kuni Gulnora Karimovaning Londonda yashayotgan qizi Instagram sahifasida onasidan prezident Mirzieevga yo‘llangan maktubni joylashtirdi.  Maktubda Karimova G‘arb ...
27 aprel 2017
Prezident Mirziyoevning tabiiy gazni sotishni xususiy operatorlarga o‘tkazishga oid hujjatni imzolashi ortidan, o‘zbek matbuotida bu qarorni olqishlovchi materiallar paydo ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...