Anons
9 noyabr 2024

Toshkentda ilk til bayrami qanday uyushtirilgan edi?

Kuzda ketib kuzda qaytdim sovet armiyasi safidan. Bizni armiya safiga oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limidan chaqirishgandi. Bu esa noodatiy edi, armiyaga oddiy askarlar yetishmay qolgan emish.

Ofitserlar dovdirab qolishgandi, butun harbiy qismlar ruschani yaxshi biladigan aqlli, olifta, gapqaytarar yigitlar bilan to‘lib toshgandi. Ikki yillik xizmat o‘tdi-ketdi, lekin alam qiladigan joyi shundaki, qaytib kelsak, o‘sha qonun bekor qilinibdi. Nimayam derdik, buyam peshonadan bo‘lsa kerak.

Toshkentga kelganimda dekabr oyining boshlari edi, o‘qishlar allaqachon boshlanib ketgandi. Yotoqxona masalasi qiyin bo‘ldi, bizga talabalar shaharchasidagi 85-yotoqxonadan joy berishdi.

Yotoqxona ikki qismdan iborat edi, kirishda chap tomonda universitetning fizika fakulteti talabalari, o‘ng tomonida esa xorijdan kelgan turli fakultetlar talabalari yashardi.

Menga o‘xshab xizmatdan qaytgan jurnalistika fakulteti talabalariga o‘sha xorijlik talabalar istiqomat qilayotgan yotoqxonadagi bo‘sh joylardan berishgandi.

O‘zbeklar yashaydigan chap qismdagi chala ta'mirlangan ko‘rimsiz xonalarda temir karavotlar, oddiy idish-tovoqlar, xullas, ularning yashash tarzi xuddi ularning o‘y-fikrlari kabi oddiy, odmigina edi.

O‘ng tomonda esa afg‘on, arab, hind, vetnam va Afrika mamlakatlaridan talabalar yashardi. Ularning xonalarida divan-kreslolar, rangli televizorlar qo‘yilgandi, salkam shohona yashardilar, biroq ularning aksariyati o‘qishga asosiy e'tibor qaratishmasdi… Xullas, xorijlik talabalar bilan yashashdan ko‘nglim to‘lmadi, ijaraga joy topish harakatiga tushib qoldim.

Yangi kursdoshlarim endi o‘zimdan ikki yosh kichik yigit-qizlar edi. Haftalar o‘tgan sayin ular bilan chiqishib ketdim. Ular keng va chuqur dunyoqarashi va ilmga chanqoqligi bilan e'tiborimni tortardi.

Ayniqsa, xorazmlik ikki yigit – Qudrat va Rashid boshqacha edi. Ularning darslardagi bahslar davomida faqatgina darsliklar bilan cheklanib qolmay, boshqa ilmlarni ham mutolaa qilishlari yaqqol sezilib qolardi.

Kunlarning birida Qudrat yashayotgan kvartirasiga mehmonga taklif qildi. Shanba kuni ularning Qoraqamishdagi kvartirasiga bordim. Meni xorazmchasiga kutib olishdi. Qizig‘i, ular o‘zaro Xorazm shevasida gaplashardi, ularning gaplarini ba'zan tushunmay qolardim.

O‘zaro suhbat va bahslar davom etdi, o‘sha kuni deyarli gaplashmagan mavzumiz qolmadi, adabiyot, san'at, tarix va kelajak, dunyo taraqqiyoti. Suhbatimiz shu darajada qizib ketgandiki, hatto tong otib ketganini sezmay qolibmiz.

Nihoyat ular bilan xayrlasharkanman, istasangiz biz bilan birga kvartirada yashashingiz mumkin, deb qolishdi, o‘ylab ko‘raman, dedim. Talabalar shaharchasi tomon piyoda yurib ketarkanman, ayni muddao, ajoyib, dilkash yigitlar, deya xayolimdan o‘tkazdim. Oradan bir hafta o‘tgach, ularning kvartirasiga ko‘chib keldim.

Oradan uch oylar o‘tib Xorazm shevasini bemalol tushunadigan bo‘lib qoldim. Qudrat va Rashid doimiy ravishda o‘zbek va rus tillaridagi kitob, gazeta va jurnallarni o‘qirdilar.

Rashid falsafiy fikrlashni yaxshi ko‘rar, har bir so‘zning ma'nosini chuqur bilishga, rus, arab va ingliz tillarini imkoni qadar o‘zlashtirishga intilardi.

Ikkovlon ham she'r yozardi, Qudrat o‘sha paytlarda yapon falsafiy uchliklariga alohida mehr qo‘ygandi. Xorazm tarixi, san'ati va adabiyoti hamda buyuklari haqida deyarli har kuni faxr bilan to‘lqinlanib hikoya qilishardi.

Biz soat sayin bilimlarimizni oshirib borardik. Faqat bir narsadan cho‘chirdik, go‘zal qizlarni sevib qolishdan. Ha, bu sohada qiyin edi, universitetda biri biridan go‘zal, shirinsuxan qizlar juda ko‘p edi, qaysi biriga qarashni bilmay esankirab qolardik.

Ichimizdan birontamiz bir qizga ko‘ngil qo‘ysak, tamom, ishlar pachava bo‘lardi, o‘sha yigit kamgap, bilimga ishtiyoqsiz bo‘lib qolardi.

Oshiqning sevgi-muhabbat sahnasi to‘satdan poyoniga yetib qolsa, tuppa-tuzuk aqli raso yigit bo‘lib sog‘ayib ketganing qulluq bo‘lsin, deb yarim chin ma'noda hazillashardik. Bir kuni og‘ir xo‘rsinib Qudratga qarab, “Qizlar bilarmikan o‘g‘riligini” degandim, u shartta she'r yozib tashlagandi.

O‘sha yillari dunyo siyosat maydonida o‘zgarishlar ham ildamlab ketgandi. Olmaotadagi talabalar namoyishi fojeasini uchovlon alohida tahlil qildik va bu Sovet Ittifoqining muqarrar ravishda qulashining aniq belgisi, degan yakdil xulosaga kelgandik.

Keyin Lenin asarlarini qunt bilan o‘rgandik. U sotsializm haqida xulosaga qanday asoslarda kelganini bilish uchun Feyerbax, Karl Marks va boshqa faylasuflarning asarlarini alohida o‘qidik. Qizig‘i shundaki, biz boshqacharoq xulosalar chiqardik.

Bahslarimiz kundan kunga qizir va chuqurlashib borardi. Kunlarning birida uyga olib kelingan rus va o‘zbek tillaridagi yangi gazetalarni o‘qib o‘tirib, rus tili bayrami o‘tkazilgani haqidagi maqolaga ko‘zim tushdi.

O‘ylab qoldim, rus tili bayramini o‘ziga xos tantanalar bilan o‘tkazishibdi. Yonginamda kitob o‘qib o‘tirgan Rashid bilan Qudratga murojaat qildim. Yigitlar, qaranglar, rus tili bayrami o‘tkazishibdi, deya to‘xtab qoldim.

Ikkovi ham menga hushyorlik bilan nazar tashlashdi, kutilmaganda biz ham o‘zbek tili bayramini o‘tkazamiz, devordik bir ovozdan. Faqat qanday qilib, dedim. Kelinglar, til bayrami kechasi rejasini tuzamiz, dedi Qudrat va qo‘liga ruchka bilan qog‘oz olib yozishni boshladi. Hash-pash deguncha reja tayyor bo‘ldi.

Rejaga ko‘ra tashabbuskor guruh tuzilib, o‘zbek tili bayrami o‘tkazish haqida Toshkentdagi barcha o‘quv yurtlari xabar beriladigan, til bayramiga o‘ziga xos ko‘rinishlarda ishtirok etishni istagan barcha ijodkor talabalar jalb etiladigan bo‘ldi.

Bayramda kimdir she'r o‘qiydi, kimdir ashula aytadi, raqsga tushadi, yana kimdir o‘zbek tili haqida ma'ruza tayyorlaydi. Birinchi navbatda, universitetning jurnalistika va filologiya fakultetlari talabalari jonbozlik ko‘rsatishlari kerak, deyildi.

Aytganday, bizning bayrog‘imiz ham bo‘ladi, dedi Qudrat. Bayrog‘imiz qanaqa bo‘lishi kerak, deb so‘radim undan. Biz tarixiy yashil bayrog‘imizni ko‘taramiz, dedi u.

Ertasidan Qudrat astoydil harakat boshladi. Talabalar shaharchasiga borib talabalar bilan uchrashuv o‘tkazibdi. Quvonarlisi, Toshkentdagi barcha talabalar o‘zbek tili bayrami o‘tkazishni to‘la qo‘llab-quvvatlashgan.

Yigitlar o‘zbek tili bayrami o‘tkazish tashabbusi bilan ToshDU komsomol komiteti rahbariga uchrashgan, boshi qotgan komsomolchilar respublika komsomol komiteti rahbariyatiga murojaat qilib, ruxsat so‘rash kerakligini aytishgan.

Qudratning aytishicha, Salim ishtirokida bir guruh talabalar respublika komsomol komiteti rahbari bilan shaxsan uchrashib, bayram haqidagi rejalarini to‘la bayon qilishgan. Tashabbuskor guruh ishtirokchilarining gaplarini eshitgan komsomol rahbari kapalagi uchib, rangi oqargan holda bu jiddiy masalani yuqoridagi katta rahbarlar bilan kelishib, bir hafta o‘tib javobini aytishini ma'lum qilgan.

Aytilgan vaqt kelib tashabbuskor guruh ishtirokchilari komsomol rahbari qabuliga borishganida u qochib ketgan. O‘sha zamon rahbarlari o‘z ona tili bayrami o‘tkazish haqidagi taklifni eshitib vahimaga tushib ko‘karib qolishgan. Vaqtlar o‘tsa-da, yuqoridan hech qanday sado chiqmagan.

Toqati toq bo‘lgan tashabbuskor guruh a'zolari (o‘zbek tili bayrami o‘tkazish uchun madaniyat uyi kabi joylarni berishmagan) o‘zbek tili bayramini talabalar shaharchasida 9 qavatli yotoqxonalar oldidagi yalanglikda o‘tkazishga qaror qilishgan.

Bayram boshlanishiga besh minutlar qolganida bayram sahnasi ro‘parasiga hukumatning qora rangli xizmat mashinalarida shlyapali rahbarlar kelib, g‘udayib saf torta boshlashdi. Ularning ichida respublika komsomolining rahbari, hukumat, tuman rahbarlari va bir qancha kazo-kazo rahbarlar bor edi.

Ular bayram ahli – talabalarga qovog‘idan qor yog‘ib sovuq nazar tashlab gezarganlaricha tik turardilar. Nihoyat o‘zbek tili bayrami shodiyonasi boshlandi.

O‘rtada boshlovchilar Minhojiddin va Gulchehra tantanani ochdi. Ma'ruzalar, she'rlar, raqs va kuylar davom etdi. Yoshlar o‘zbek tilini ulug‘ladilar.

Tomoshabin sifatida bir chetda turardim, orqa tomonda g‘alati ovozlar eshitilganday bo‘ldi, hayron bo‘ldim. 86 –yotoqxona tomonga qarab yurdim, ko‘zlarimga ishonmasdim, yotoqxona orqasida maxsus kiyim, kaska, qalqon va rezina kaltaklar ko‘targan bir necha yuzlab militsiya xodimi buyruqqa shay bo‘lib saf tortib turishardi. Bu dahshat edi!

Ortimga qaytdim, bayram avjida edi. Chamasi bir soatlar o‘tib tarixda birinchi marta o‘tkazilgan o‘zbek tili bayrami yakunlandi. Faxr tuyg‘usi bilan to‘lqinlangan talabalar tarqadi. Kazo-kazolar yana lom – lim demay qora mashinalarida juftakni rostlashdi. Nihoyat o‘sha kuni kimga bayram, kimga g‘am bo‘ldi.

Ertasiga “Komsomolets Uzbekistana” gazetasida “A dalshe…” sarlavhasi ostida talaba yoshlarni millatchilikda ayblagan maqola chop etildi. Keyinchalik o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlagan harakatlar yanada ommalashib ketdi, nihoyat kuni kelib o‘zbek tili davlat tili deb e'lon qilindi.

Hayrat

Tag‘in o‘qing
9 may 2016
GM Uzbekistan shirkatiga aloqador yuqori mulozimlar uzoqlikka yugurish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatmoqda. Avtosanoat ishi bilan bog‘liq ikki MXX mulozimi ...
17 noyabr 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Dastlabki shikoyat Qashqadaryodan Koson tumanidan. Odamlar 11 kundan beri suvsiz ...
26 aprel 2018
O‘zbekiston mudofaa vazirligi ansambli artistlari Toshkent metrosida 9-mayga kuniga atagan aktsiyalarni boshlashdi va bunga qarshi rossiyaparastlik tadbirini to‘xtatish chaqiriqlari ...
8 aprel 2021
Sobiq qo‘shiqchi Jahongir Otajonov 5 aprel kuni aeysbukda jonli chiqish qilib, “Erk” demokratik partiyasiga a'zo bo‘lib kirganini e'lon qildi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...