Asosiy mavzular
28 noyabr 2020

RTdan va'z: Kollektiv aqlsizlik

Afu et meni

Taqlid qilolmadim, kechir, Vatanim –
Tosh kabi bardoshli bo‘lolmadim hech.
Sapchib turgan esam, aybsitma meni,
Afu et, axir men o‘lolmadim hech.
Kechir, sapchib turdim og‘ir uyatdan –
Tarixidan judo bo‘lgan xalq kabi
Kelajagi qaro insoniyatday –
Eng so‘nggi lahzada turdim men qalqib!
Turdim, sapchib turdim, o‘zimga keldim,
Shakkok farzandingni afu et, Vatan –
Go‘zal kafanlarni egnimdan yuldim,
Tushdim, sakrab tushdim tilla tobutdan!…

Muhammad Solih

O‘tgan hafta voqea va hodisalarga boy bo‘ldi. Sovuq shunchalar qattiq keldiki, suv isitgich qozonlar dosh bera olmay qoldi, chiroq Toshkentning qoq markazida o‘cha boshladi – O‘zbekiston zimistonga aylandi, she'rini eshitganingiz Muhammad Solih muxolifat yetakchiligidan iste'fo berishini bildirdi.

Hammasini oxiridan boshlasam.  

Liderning iste'fosi

“Erk” demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solih iste'foga chiqish niyatini ochiqladi. Solih “agar hukumat uning va partiyaning musodara qilingan mulkini qaytarib, reabilitatsiya qilsa, Toshkentga borib “Erk” qurultoyida iste'fo berishini” bildirdi.

Ayni paytda Muhammad Solih “shartlari bajarilmagan taqdirda muxolifatdagi faoliyatini davom ettirajagi”ni ta'kidladi.

Har xolda rasmiy Toshkent Solih talablarini bajarmasligi ehtimoli katta. Demak, iste'fo haqidagi so‘zning amalga oshishi kelajakka havola.

Muhammad Solih 1949 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetini, Moskvadagi Oliy adabiyot kursini tugatgan.

U o‘zining 1977 yilda nashr etilgan ilk she'riy kitobi – “Beshinchi fasl” bilan avangard shoir sifatida taniladi.

20 dan ortiq she'riy, nasriy va publitsistik kitob muallifi.

Muhammad Solih Frants Kafka asarlari va 20-asr frantsuz shoirlari, shuningdek, atoqli turk shoiri Yunus Emro she'rlari hamda turkiy xalqlarning mashhur eposi sanalmish “Dada Qo‘rqut kitobi”ni o‘zbek tiliga o‘girgan.

Sho‘ro davrida ayrim tanqidchilar Muhammad Solihni milliy an'analardan uzoq, G‘arbga taqlid qiluvchi shoir sifatida tanqid qilishadi.

Ammo aynan Muhammad Solih o‘zbek tili, milliy adabiyot va tarixga nisbatan sho‘rolar siyosatini tanqid qilib chiqqan ilk o‘zbek ziyolisi bo‘ladi.

SSSRning so‘nggi yillaridagi oshkoralik siyosati Muhammad Solihni o‘tkir publitsistga aylantiradi.

U O‘zbekistondagi paxta yakkahokimligi, Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojea mavzularida ko‘plab maqolalar e'lon qilgan.

Muxolifat lideri Muhammad Solih va uning bayonotiga oid mavzuga xabarlardan so‘ng qaytamiz.

Muzlayotgan O‘zbekiston

23 va 24 noyabr kunlari Namangan shahrida va Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida qahraton sovuqda gazsiz va elektrsiz qolgan aholi norozilik bildirib ko‘chaga chiqdi. Qattiq sovuqdan dumbalarigacha muzlagan aholi ko‘cha-ko‘yda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham bir odamni – Mirziyoevni qarg‘adi.

Vaholanki, shu yil kuzida qishki mavsumga tayyorgarlik haqida yig‘ilish o‘tkazib, qaror chiqargan prezident Mirziyoev bu yil qish qattiq kelishini aytib, Toshkentda tayyorgarlik uchun Bosh vazir Abdulla Aripovni, viloyatlar uchun Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovni mas'ul qilgandi.

Bu gaplar Aripov va Ramatovning u qulog‘idan kirib, narigi qulog‘idan chiqib ketgani 18 noyabrdan keyin ayon bo‘ldi. Shu kuni yoqqan qor Abdulla okaning ham, Ochilboy og‘aning ham ketlarini ochib tashladi. 

Ular qishga umuman tayyorgarlik ko‘rmagani oshkor bo‘ldi. Toshkentda va viloyatlarda qozonxona, quvurlar ishdan chiqdi, aholi gazdan va elektr energiyasidan uzib qo‘yildi.

O‘zi oxirgi paytlarda shu Abdulla Aripov va Ochilboy Ramatovning o‘zlari ham, mo‘ylovlari ham juda shubhali bo‘lib bormoqda. Ikkovlon Mirziyoevga qarg‘ish keltiradigan ishlarni do‘ndirishyapti.

So‘nggi ikki yil ichida butun O‘zbekiston bo‘ylab gigant qurilishlar ketayotganday tuyulmoqda. Yo‘q, hukumat yo‘llarni ta'mirlamayapti, yangi isitish quvurlari ham yotqizayotgani yo‘q. Davlat qandaydir dabdabali siti va biznes markazlar qurmoqchi. Bu biznes markazlari esa bizning uylarimiz joylashgan yerda qurilishi kerak ekan. 

Agar siz uy o‘zimniki deb o‘ylasangiz xato qilasiz

Toshkentlik faol Farida Sharif quyidagilarni yozdi:

“Ko‘p qavatli turar joy binosida sizning uyingiz yoki kvartirangiz bor. Siz uni sotib olgansiz yoki u sizga meros qolgan. Sizda ushbu mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatlari mavjud.

Ammo to‘satdan sizning oldingizga allakimlar kelib, “Huynia Project” MChJ uylaringiz tagidagi 2 gektar maydonni olgani to‘g‘risidagi hujjatning A5 formatda ko‘chirilgan nusxani silkitib, bu ham yetmaganday, kadastr xizmati ushbu “Huynia Project”ga mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida yozilgan yana bir o‘shanday A5 formatdagi hujjatni ko‘rsatib tursa… Qarabsizki, uyingiz endi sizniki emas.

Va O‘zbekiston sudi / prokurori / advokati bunday deydi: “Ha, albatta, endi uyingiz sizniki emas, bo‘shatib qo‘ying”.

Siz aytasiz: “Qanaqasiga meniki emas? Mana mening shaxsiy mulk huquqimni tasdiqlovchi hujjat!”

O‘zbekiston sudi / prokurori / va har qanday advokat sizga bunday deydi: “Ha, sizning shaxsiy mulkingiz endi sizga tegishli emas. Mansubligiga ko‘ra, u davlatga tegishli, ya'ni munitsipaldir”.

Siz aytasiz: “Ammo mening uyim davlat ehtiyojlari uchun emas, balki hech kimga noma'lum “Huynia Stroy” MChJning tijorat manfaatlari uchun berilmoqda”.

Sudya / prokuror / har qanday o‘zbek advokati esa sizga bunday deydi: “Hokim hukmdor, demak, shunga o‘xshash tarzda “Huynia Stroy” ehtiyojlari davlat ehtiyojidir”.

Siz aytasiz: “Xususiy mulk daxlsizligi yozilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qaerda qoldi? Xususiy mulk to‘g‘risidagi qonun-chi?”

Sud / prokuror / va o‘zbek advokati esa bunday deydi: “Bu yerda shiorlarga o‘rin yo‘q”. Shoh va mot.

Ommaviy ikkiyuzlamachilik

Bir paytlar bizning qishloqqa Buxorodan Razzoq noschi degan odam ko‘chib kelib, nos ishlab chiqarishni sanoat miqyosida yo‘lga qo‘yib boyib ketdi. Nosga kul qo‘shardi.

Razzoq noschi bir kuni o‘g‘il uylab to‘y qildi. Odamlar rosa yayradi. Razzoq ota bo‘lsa, “Bemalol yayranglar. O‘zingizning pulingiz – o‘zingizning kulingiz”, degan edi. 

Shunga o‘xshash Toshkent hokimi davlat xazinasidan mehmonlarni to‘ydirishga o‘zining firmasiga buyurtma bergani bugun o‘rtaga chiqdi. 

Toshkent shahri hokimligi 2020 yilning 24 yanvar kuni davlat tadbiriga tashrif buyurgan mehmonlarni ovqatlantirish uchun qariyb 1,5 mlrd so‘mlik ketring xizmatiga buyurtma bergan. Buyurtmani AKFA Dream World kompaniyasi bajargan.

Odamlar ayni ziyofatda yoki Razzoq noschining to‘yida yayrayotgan paytda, tabiiy, to‘yxonaga yig‘ilgan bir to‘da erkaklar oldida raqqosa o‘ynaydi. Busiz o‘zbekning to‘yi to‘y emas. 

Rassom Tuzga maktublar

Shu o‘rinda tarmoq faoli Mitra Anaxita yozgan maktubni o‘qib bersam:


“Hurmatli rassom Tuz, bu xatni to‘yxonada o‘tirib yozyapman. Erkaklar xira pashshaday raqqosa qizga yopirilgan. Lekin nega bu o‘zbek erkaklari Asalxon “faoliyati” haqida haqoratli kommentlar yozishadi?

Ular to‘ylarda o‘z farzandlari oldida ochiq orgiyalar qilsa, hech kimning ishi yo‘q. Hamma xotirjam. O‘zbek o‘spirinlari 14 yoshidan boshlab fohishaga borishadi. Buniyam odatdagidek qabul qilishadi. 

Statistikaga ko‘ra, o‘zbeklar porno saytlarga kirish bo‘yicha dunyoda peshqadam. Ular hatto Pokistonni ham quvib o‘tib, ro‘yxat boshiga chiqishdi. Jamiyatda qandaydir ommaviy ikkiyuzlamchilik kuzatilmoqda”.

TILChINING DYeGANI

“Erk” so‘zi
Otasi emasmikin “erkak” so‘zining?
Shunday bo‘lishi mumkin,
Faqat – o‘tgan zamonlarda.

“Erk” so‘zida balki,
Umuman ma'ni yo‘qdir,
“Erk” so‘zi shunchaki
O‘layotgan askarning bo‘g‘izidan chiqqan
“Hiq”illashdir?

Shunday bo‘lishi ham mumkin,
Faqat afg‘on tomonlarda.
Biz uchun esa
Erinchoq odam to‘qigan so‘zday tuyular u,
Shunchalar qisqa:
Erk.

Muhammad Solih

Saylov psixologiyasi

U nuqul irrigatorni so‘kdi. Kim uni saylagan bo‘lsa, limoni qurisin, tovug‘i o‘lsin, dedi. Mana, saylov keldi. U g‘oz turib uydan chiqarkan, “qarshi ovoz beraman”, dedi qat'iy qilib. 

Saylov uchastkasiga yaqinlashganida esa qat'iylik uni tark eta boshlagan edi. Xuddi miyasidagi isyonni atrofdagi milisalar rentgen qilib ko‘rib turganday terlab ketdi qish bo‘lsa ham. 

Mana, saylov uchastkasiga kirib, byulletenni qo‘lga olib, mulozimlarga qarab ayanch jilmaydi. Baxmal parda bilan o‘ralgan quti ichiga kirib chuqur nafas oldi. Orti-oldiga alanglab qaradi. 

Keyin irrigator yana saylansin degan joyga “HA” deb rozilik yozib, kabinadan chiqdi. U xuddi katta qahramonlik qilganday atrofga qarab, “men uni yana sayladim”, deb quvonch bilan baqirishni istardi. 

Xuddi tsirkda eshak ustidan hatlagan ko‘ppak kabi bozingardan qand kutardi. Ammo katta telpaklarni kiyib olgan kattalarga bu chmoning ichki tuyg‘ulari poxxuy edi. Ular qog‘ozlarga binnasalar yozib, tilponlarida gaplashib o‘tirishardi. 

Qib qo‘ygan ishiga rag‘bat ko‘rmagan bu taviya bo‘ynini qisib, kaltaklangan urg‘ochi itday uchastkani tark etdi. Uni sovuq va elektrsiz uy, bo‘m-bo‘sh muzlatkich va doim och bola hamda o‘qlov ko‘targan norozi xotin kutib turardi. “Axir…”, dedi u o‘ziga o‘zi.

“Axiiirr”, degan edi, birdan oyog‘i yo‘ldagi chuqurga kirib ketdi. Kimdir kechasi o‘sha yerda katta hojat chiqarib, ustini ko‘mib ketgan ekan. Botinka ham ado bo‘ldi. Shu qishda uni yuvsak qachon quriydi, deb o‘yladi bu qashshoq fuqaro. 

O‘sha kuni kechqurun O‘zbekiston televideniesi irrigatorning 98 foiz ovoz olgani haqida to‘g‘ri xabar berdi. Haqiqatan ham millionlab qashshoq va taviyalar ovoz bergan edi. “Yashasin musaffo va serquyosh yangi istonimiz”, deya yana 30 yillik uyquga ketdi bu ra'iyat. Erkinlik neligin bilmay uyquga ketdi.

Qamoqxona hovlisidagi erkinlik

Davlat bergan erkinlik – qamoqxona hovlisidagi erkinlik, degandi Amerika prezidenti Henri Turau. Davlat o‘zi nima? Gaz, chiroq yo‘qligi haqida yozsam, feysbuk foydalanuvchilaridan biri “buni har kim o‘zi hal qilsin”, deya e'tiroz bildirdi. 

Ya'ni davlatning ishi emas bu. Tasavvur qilaylik, maktab yo‘q. Bolani o‘qitish uchun o‘zingiz maktab qurasiz. Maktabga boradigan yo‘l yo‘q. Buldozer yollab kelib yo‘l qilasiz.

Chiroq yo‘q. Dvijok olib kelib, chiroq yoqasiz. Ko‘mir sotib olib, uy isitasiz. Kasalsiz, ammo kasalxona yo‘q.

Kasalxona qurib, doktorni pulga yollab, o‘tqazib qo‘yasiz. Yo‘lda yurishga banditlardan qo‘rqsangiz, to‘rtta barzangini yollab telex qilasiz. 

Xavfsizlik ham sizga kerak. Chunki maktabda bola o‘qitmoqchi, yo‘lda yurmoqchi, yorug‘ va issiqda o‘tirishni istamoqchi bo‘lgan siz. Davolanmoqchi bo‘lgan ham siz. 

Demak o‘zingning muammoingni o‘zing yech. Davlat Qirg‘iziston va Tojikistonga yordam jo‘natsin. Muz saroyi qursin, SSSRni maqtaydigan kino uchun million dollar ajratsin. O‘ris xokkeychilariga kvartira sovg‘a qilsin.

Shundaymi? Davlat nima? Davlat – bu 35 million kishi soliq to‘lab ushlab turadigan tuzilma. Uning vazifasi yo‘l qurish, maktab va sog‘liqni saqlash tizimini ulshab turish va xalqni gaz, suv, kanalizatsiya va elektr bilan ta'minlash. 

Aynan muz saroyi qurish, kuyov boqish, xalq mulkini o‘zining nomidan qo‘shnilarga sovha qilib yuborish davlatning vakolatida emas. 

Gaz O‘zbekiston hududidagi boylik. U gazni Xitoyga sotgan palonchi mulozimning hovlisidan otilib chiqqani yo‘q. Oltin ham, davlatga oid boshqa boyliklar ham shunaqa. Bular xalqqa farovonlik keltirishi kerak. To‘rtta qorinboy amaldorga emas.
Men kundalik muammolar uchun hokimiyatni tanqid qilsam, ba'zilar doimiy qurollarini ishga solishadi:

“Sanga emas tanqid qilish. Chetda turib gapirish oson. Bir oilani zo‘rg‘a boshqaramiz, butun boshli mamlakatni boshqarish osonmi? Kattalar nima qilsa, to‘g‘ri qiladi!”  

Damba o‘pirilsa baliqlarni, devor ag‘darilsa qurilish mollarining sifatsizligini, qiz zo‘rlansa uning xulq-atvorini, mol qimmatlasa dallolni, hammomda suv bo‘lmasa go‘laxni, bozorda narxlar ko‘tarilsa hammolni ayblaymiz.

Mas'uliyat tuyg‘usining yo‘qligi bizni yo‘qqa aylantiradi.
Kimni gapirsang gapir-u, hokimiyatga, davlatga til tekkizma. Davlat –  muqaddas.

Yo‘qolgan mas'uliyat tuyg‘usi

“Mas'uliyat tuyg‘usining yo‘q bo‘lishi hokimiyatga bo‘ysunishning eng katta natijasidir” (Stenli Milgram).

Diktatura va demokratiya  o‘rtasidagi eng katta farq  ifoda erkinligidir. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, insonning o‘z fikrini erkin izhor etish erkinligidir. Demokratiya imtihonlaridan biri “Maydon” imtihoni deb ataladi.

Siz Toshkent shahri markazidagi Mustaqillik maydoniga chiqib, qamoqqa olinmaslik yoda o‘ldirilmaslikdan qo‘rqmay, o‘z fikringizni emin-erkin baralla bildira olasizmi? 

Agar bunday imkon sizda bo‘lsa, demak sizning mamlakatingizda so‘z erkinligi ta'minlangan, mamlakat demokratikdir. 

Ikkinchi imtihon esa “ovoz berib hayda”, deb nomlanadi. Siz saylovda ovoz berib, mamlakat prezidentini qudratdan chetlata olasizmi? Agar shunday imkoniyat bo‘lsa, demak siz demokratik davlatda yashayapsiz. 

Lekin dunyoning uchdan ikki qismidagi mamlakatlarda siz kimgadir ovoz berib saylashingiz mumkin, lekin ayni shaklda uni hokimiyatdan chetlata olmaysiz.

Misol uchun, Rossiya  va O‘zbekiston singari davlatlarda saylovlar bor. Lekin bu saylovlar bema'nidir.

Chunki natijalar oldindan ma'lum! Chunki saylanuvchi nomzodlar oldindan tanlab olingan va ular o‘rtasida farq yo‘q – ularning bari ayni fikr va qarashga egalar. 

Esingizda bo‘lsa, prezidentlikka nomzod bir falsafa professori saylov varaqasini qutiga tashlab bo‘lgach, muxbirlarga raqibi Karimovni yoqlab ovoz berganini aytgan edi. 

Yoki parlament majlislarida Mirziyoev nutq qilsa, eng kuchli qarsakni prezidentlikka nomzod bo‘lgan Ketmonov chaladi. Chunki raqibiga ovoz bergan professor Jalolovda ham, raqibi chiqishini olqishlagan Ketmonovda ham mas'uliyat tuyg‘usi yo‘q. Bu esa hokimiyatga bo‘ysunishning eng katta natijasidir.

Nima kerak senga?
Nima izlaysan?
Ko‘nsang bo‘lmaydimi shu hayotga?
Do‘stlarim ko‘rsatgan o‘sha hayotga
Atir hidi anqib turgan hayotga
Uzoq tikilaman
Yana tikilaman…
Ko‘nmayman.
M. S.

Kollektiv aqlsizlik

Nega odamlar inqilob qilib hukmdorlarni ag‘daradi? Nega ular ko‘chaga chiqib haq talab qiladi? Chunki ular mamlakat boyligini davlat tepasidagi to‘rtta o‘g‘ri o‘margan qashshoq yurtda yashashni istashmaydi.

Gaz va chiroq barqaror keladigan, boshqaruv elitasining amma-xolasi tuvagi oltindan bo‘lmaydigan tuzum xohlashadi. Andishayu murosa qilib ko‘chaga chiqmaydigan, o‘ng yuziga ursang chap yuzini tutadigan, ko‘tiga tepsang, “ayag‘ingiz og‘rimadimi, xo‘jayin”, deydiganlar esa bu ishi uchun tovon to‘laydi. 

Ularning sassiz muteligi evaziga qashshoq, notavon hayot keladi. Bu hayotda faqat tepadagi to‘rtta o‘g‘rida huquq, imkoniyat va boylik sarvat bo‘ladi. Qolganlar mo‘r-malax va sassiq alaf. O‘zlaringiz saylab, tilab olgansizlar bu rahbarlar-u, bu tizimni. 

Muxolifatman deb bosh ko‘targan odamni haligacha masxara qilasizlar. «Menga qanday yashashni o‘rgatma”, deb Iqbol Mirzo shig‘ir yozsa, ikki karra hoji ona Yulduz buni qo‘shiqqa soldi.

Sizlar esa chapak chaldingiz. Ammo musibatga tushganlar ham chapak chalar ekan. Sovqotmaslik uchun ham chapak chalsa bo‘ladi. Nima ham derdim. Battar bo‘ling. Sizlar buni haq etdingiz. Kollektiv aqlsizlik uchun kollektiv jazo bor. O‘zlaringiz pishirgan oshni aylanib, ham o‘rgilib ham ichaverasiz endi.

Mana shu ketayotgan odamlarga qarab,
Mana shu ketayotgan odamlarga men,
Men javob beraman desa edi kimdir.
Mana shu ketayotgan, tinmay ketayotgan
Odamlarga qarab, shularga men javob beraman,
Men javob beraman, desa edi kimdir.
Mayli baqirmasin,
Mayli, hayqirmasin,
Mayli, jar solmasin dunyoga,
Mayli, pichirlasin,
Loaqal pichirlasa edi,
M.S.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
24 may 2016
«Milliy tiklanish» partiyasi «yoshlarning Vatanga muhabbatini oshirish», «ularni milliy istiqlol g‘oyasiga sadoqat ruhida tarbiyalash»ga qaratilgan ko‘pdan-ko‘p tadbirlari qatorida «Prezident ...
8 oktyabr 2018
O‘zbekistonda plastik kartochkalarga xizmat ko‘rsatuvchi monopolist – UzCard 5 oktyabr kuni yana bir muddat ishlamay qoldi. So‘nggi vaqtlarda bunday ...
5 fevral 2019
Bir vaqtlar qadimiy Rim saltanatining targ‘ibot-tashviqotchilari sifatida voizlar va faylasuflar imperiyaning ravnaq topishida katta hissa qo‘shgan. Aristotel va Suqrotning, ...
24 iyul 2017
«Yashnobod demokratiyasi» aks etgan realiti shouda tuman hokimi Dilmurod Turdiev o‘zidan oldingi mulozimlarga xos bo‘lmagan fazilatni namoyish qildi. «Mahalla» ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...