Asosiy mavzular
30 noyabr 2020

O‘zbekiston kuchishlatar tizimlarida rahbarlar almashinuvi kutilmoqdami?

«Eltuz”ga yaqin va bir-biridan mustaqil manbalarning xabar berishicha, kelayotgan dekabr oyida O‘zbekistonning kuchishlatar tizimlarida rahbarlar almashinuvi kutilmoqda.

“Vazirlarni almashtirish quyidagi variant bo‘yicha amalga oshishi mumkin. Hozirgi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Konstitutsion yoki Oliy sud raisi lavozimiga, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bosh prokuror lavozimiga, Milliy gvardiya boshlig‘i Rustam Jo‘raev ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

Lekin kadrlar rokirovkasining ikkinchi varianti ham yuz berishi mumkin. Unga ko‘ra, ichki ishlar vaziri lavozimiga DXXdan Abdusalom Azizov kelishi, DXX raisi lavozimiga esa Milliy gvardiya boshlig‘i Rustam Jo‘raev tayinlanishi ham mumkin”, deydi “Eltuz”ning Toshkentdagi manbalari.

Ularning aytishicha, bu tariqa rokirovkalarni amalga oshirish prezident Mirziyoevning tashabbusidir.

Ayni paytda bu iddaolarning rasman tasdig‘i yo‘q. «Eltuz»ning hukumat idoralariga yaqin manbasiga ko‘ra, IIV rahbari Bobojonovga bosh vazir o‘rinbosari lavozimi ravo ko‘rilishi ham mumkin.

“Bunday katta rokirovkalarni rejalashtirishga nima turtki bo‘ldi?” degan savolga “Eltuz” manbalari: “Bosh prokuraturadagi navbatdagi poraxo‘rlik mojarolari, shuning ortidan u yerda yuz bergan kadr o‘zgarishlari sabab bo‘ldi”, deya javob berishdi.

Boshqaruv elitasiga yaqin amaldorning muxbirimizga aytishicha, «IIV tizimidagi Zokir Almatov davrida shakllanib qotib qolgan korruptsioner kadrlarni o‘zgartirishga Bobojonovning kuchi yetmagan. Ular butun tashabbuslarni tizimli sabotaj qilishgan. Shu qarama-qarshilik ortidan Bobojonovning salomatligi yomonlashgan».

Eslatib o‘tamizki, bu faqat voqeadan xabardorligini iddao qilgan o‘zbek mulozimining taxmini, xolos.

“Eltuz”ning Bosh prokuraturaga yaqin manbalarining bildirishicha, o‘tgan oyda bu idorada qator kadr o‘zgarishlari yuz berib, bu yerga MXXning sobiq raisi Rustam Inoyatovning chekistlari kelgan.

“Bosh prokuratura qaytadan “globus”chilar (“Globus” – MXX sobiq raisi Rustam Inoyatovning hukumatdagi laqabi – “Eltuz”) nazoratiga o‘tdi, desa ham bo‘ladi. Masalan, Bosh prokuraturaning Kadrlar boshqarmasiga bungacha DXXning Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Alijon Abdullaev tayinlandi. Ichki xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasiga ham Inoyatovning kadrlaridan biri kelyapti”, deydi “Eltuz” manbasi.

Uning aytishicha, bu o‘zgarishlarga Bosh prokuraturadagi navbatdagi poraxo‘rlik mojarolari sabab bo‘lgan.

“Shu kungacha Bosh prokuratura Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Nodir Boytemirov va Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Sodiqjon Nazarovlar poraxo‘rlikda va bir qator boshqa jinoyatlarda gumonlanib, ishdan olindilar”, deydi “Eltuz”ga yaqin manba.

“Mirziyoev ularni jinoiy javobgarlikka tortishni va so‘roq qilishni istamayapti. Chunki ilk tergovdayoq ular barcha jinoyatlarni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahnamoligida qilishganini tan olishadi.

Natijada Yo‘ldoshevni ham ishdan olib, qamashga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan Mirziyoev “to‘rt yilda to‘rtinchi bosh prokurorni ishdan olib qamagan prezident, kadrlar siyosati bir tiyinga qimmat rahbar” nomini olib, sharmanda bo‘lishdan cho‘chimoqda”, deydi O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin manba.

“Eltuz” manbalariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatda Shavkat Mirziyoev oddiy kadrlar rokirovkasi bilan cheklanishni afzal bilmoqda.

“Bu O‘zbekistonga nima beradi?” degan savolga “Eltuz” manbalaridan biri: “Bu o‘zgarishlar mamlakatga va davlatga hech narsa bermaydi. Lekin prezidentga yangi “sadoqat”larning sadoqatini sinab ko‘rish imkonini beradi”, deb javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoev haligacha “O‘zbekiston kuchishlatar idoralaridagi “bardak”ning asosiy sababchisi eski avtoritar tizim emas, noloyiq va sadoqatsiz kadrlar”, deb bilmoqda.

“Mirziyoev bugun ham: “Yaxshi va sadoqatli kadrlarni olib kelsam, ishlar o‘z-o‘zidan yaxshilanib ketadi. Poraxo‘rlik ham shest sekundda to‘xtaydi”, deb xomxayol qilmoqda”, deydi “Eltuz”ga yaqin manba.

Mulozimlarning iddaoli ta'kidicha, bu o‘zgarishlar joriy yilning 7 dekabr kuni yuz beradi. Prezident adminstratsiyadagi manbaning aytishicha¸ o‘sha kuni O‘zbekiston rahbari Mirziyoev IIV binosiga borib majlis o‘tkazadi.

«Eltuz» O‘zbekiston boshqaruv elitasidagi kadrlar tayinlanishi bilan bog‘liq jarayonlar matbuot ko‘zidan o‘ta yopiq ekanini idrok etaroq, bu iddaolarni nashr qilishga qaror berdi.

Ta'kidlaganimizdek, kadrlar almashinuvi borasida rasmiy tasdiq yoki inkor ololmadik. Mabodo O‘zbekiston amaldorlari bu iddaolarga munosabat bildirsa yoki rad qilsa, ularga ham minbar beramiz.

O‘zbekiston boshqaruvidagi kadrlar siyosatidagi manzara Konfutsiy aytgan «qorong‘u xonada o‘zi yo‘q bo‘lgan qora mushukni qidirish» kabi mavhum va absurd bo‘lib qolmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 sentyabr 2017
26 sentyabr kuni tanqidiy fikrlari uchun o‘zbek hukumatining qora ro‘yxatiga kiritilgan 63 yoshli yozuvchi Nurilla Otaxonov Turkiyadan Toshkentga yo‘l ...
26 aprel 2016
Dori darmon muammosi O‘zbekistonda ayniqsa aholiining eng davolanishga ko‘proq muhtoj va ijtimoiy nochor qatlami qariyalar uchun hayot momot masalasi ...
22 dekabr 2016
Rasman tasdiqlanmagan ma'lumotga ko‘ra, 2005 yilda Andijon qirg‘inini uyushtirgan Zokir Almatov prezident maslahatchisi sifatida ishga qaytarilgan. Ba'zi manbadarda 67-yoshli ...
13 yanvar 2021
2019 yil oktyabrda davlat xizmatchilarining daromadi va mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani va 2020 yil boshidan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...