Asosiy mavzular
18 dekabr 2020

RTdan va'z: Shod qullarga ishonmang

Bundan roppa-rosa 100 yil oldin bolsheviklar qo‘mondoni Mixail Frunze avval Buxoroni, keyin uning shotirlari Xivani to‘plardan o‘qqa tutib, ikki shahardagi me'moriy obidalarni vayronaga aylantirgan edi.

Yuzlab buxoroliklar binolar ostida qolib halok bo‘lgan, yana o‘n minglab odam boshpanasiz qolgandi. Rus bolsheviklari Xiva va Buxorodan o‘nlab tonna oltin, yuz minglab chorvani talab ketdi.

Xonlik qulagandan keyin jadidlar tuzgan Xorazm respublikasi bolsheviklar Rossiyasining iqtisodiy bosimi ostida yo‘q bo‘lgan edi. 

Oradan roppa-rosa bir asr o‘tib tarix takrorlandi – 2020 yilning 8 dekabr kuni Rossiyaning “Surgut neft stroy” korxonasi Xivadagi Toshhovli me'moriy obidasining devorini buzib tashladi. Vahshiylik O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni amalga oshirildi. 

Kremlning Toshkent yuziga urgan navbatdagi tarsakisi kabi edi bu. 

O‘z dardingdan ulg‘ay, o‘z dardingdan o‘s,

O‘zgalar dardidan xino qo‘ymagil.

Senga boshqa bino qo‘ysa, ne chora,

Sen o‘zing o‘zingga bino qo‘ymagil.

O‘zingni hamroh qil yo‘lga chiqqanda,

Nuqson, fazilatni olmagin qarzga.

Gar o‘zingdan ketsang, barcha manzillar

Bir kun aylanajak borsa kelmasga.

Ina langur-lungur

O‘zbekning rahbarlari ko‘ndalang qo‘ygan Konstitutsiyaga o‘rislar ham o‘zinikini qo‘yib qo‘yishdi, xullas, xudo urganni payg‘ambar ham hassasi bilan turtadi.

“Surgut neft stroy” korxonasi YuNYeSKO tomonidan muhofaza qilinadigan Toshhovlining sharqiy devorini “shes sekund”da yiqib tashlagan. 

Enag‘arlar xuddi Frunzening to‘plari kabi tez ishlashgan. 

Lekin Frunze va “Surgut neft stroy” vahshiyligi o‘rtasida bir farq bor.

Frunze o‘zbek obidalarini buzish buyrug‘ini Moskvadan, Lenindan olgandi. “Surgut neft stroy” esa Olloqulixonning hovlisini buzish topshirig‘ini o‘zimizning o‘zbeklardan, Ichanqal'a davlat muzeyi rahbariyatidan olgan. 

Muzeydagi og‘alar shu devorni buzib mehmonxonami, soqqa keltiradigan bir narsa qurishni rejalashtirishgan.

Fikrimni xorazm shevasida davom ettirsam: 

Xorazmlik og‘alara “Olatov” oroqini ichib, izinnan ijjon zakuska atmaka, keyin “ono langur-lungir” diyan go‘t o‘yin go‘rib, zapet atmaka pul garak bo‘lib qolg‘on. Bu qorinboylo onoshunnin keyp uchun anasini ham sotadila oxir.

Xorazmni qazsangiz agar,

Yer ostidan daryolar chiqar.

Xorazmni qazsangiz agar,

Yer ostidan dunyolar chiqar.. 

(Matnazar Abdulhakim)

O‘ris shirkatida ishlaydigan o‘zbek shotirlar me'moriy obidani buzayotganda Xorazmning hokimi, prokurori, DXX rahbari kimning tagida yo ustida bo‘lgan? Bilganimiz shuki, ular O‘zbekiston prezidenti keladi deya xo‘jako‘rsin issiqxona qurish bilan band bo‘lgan. 

Xorazm viloyati hokimi, prezident Mirziyovning sevimli kursdoshi Farhod Ermonov Xorazm uchun jon kuydirmaydigan, hatto Xorazmga yot bir kimsa ekanini allaqachon ko‘rsatib bo‘lgan. Lekin viloyat prokurori bilan DXX rahbari kimning putini poylab o‘tirgan ekan shu payt?

Menimcha, tarixiy obida devorini buzib, uning yonida bir mehmonxona qurish g‘oyasi mana shu uch jolotoydan chiqqan bo‘lsa kerak. Aks holda Ichanqal'a davlat muzeyi rahbariyati o‘zidan o‘zi shu ishga qo‘l urarmidi, shu vahshiylikka duxi yetarmidi? 

Darvoqe, bu vandalizmdan O‘zbekiston Madaniyat vazirliginig xabari bo‘lmagan. Qoidaga ko‘ra, Madaniyat vazirligi ruxsatisiz Xivadagi qadimiy obidaning bitta g‘ishtiga ham tegib bo‘lmaydi.

Bundan oldin Xivadagi qadimiy Nurullaboy saroyini Toshkentdan kelgan shabashniklar brigadasi yaltillatamiz deb qadimiy ustunlardagi naqshlarni o‘chirishgan, marmarlardagi qadimiy yozuvlarni silliqlayman deb tarovatdan mosuvo qilishgan. 

2019 yilda uylari buzilib, chodirda yashashga mubtalo qilingan urganchliklarning ko‘chaga chiqqani, viloyat hokimi Farhod Ermonovni quvlaganini hisobga olmasa, Xorazm siyosiy axtalangan viloyat bo‘lib qolmoqda. 

Mening e'tiborimni xorazmliklarning ijtimoiy tarmoqlarda ham jim ekani tortib keladi. Nahotki, feysbukda norozilik bildirishni istamasa bu viloyat aholisi?

Yoki Xorazmda hamma narsa okeymi? 

Shu savol bilan tanish xorazmlikka murojaat qilsam: “Bizarda ham gaz va svet yo‘q. Lekin o‘tiribmiz indamin. Ko‘chaga chiqado‘n, feysbukda gaplab, DXXni qora ro‘yxatina tushadon jillimizmi yo? O‘zbekistonni boshqa yerlari chiqavarsin, yozavarsin! Biza uyda yotib, pul saniymiz, brat!” dedi. 

Gazini kesasanmi, chirog‘ini o‘chirasanmi, Xivadagi obidalarini buzasanmi, xorazmliklarga farqi yo‘q! Hech bo‘lmasa feysbukda ham chiqmaydi kishvari Xorazm. Hech bo‘lmasa yo‘talib qo‘ymaydi. 

Ishonmangiz dabdabalarga,

Shoirlarga ishonmangizlar.

Diyorlarga ko‘z olaytirgan

Diyorlarga ishonmangizlar.

O‘z burnidan narini ko‘rmas

Aymoqlarga ishonmangizlar.

Talonchilar tilidan tomgan

Qaymoqlarga ishonmangizlar.

Ming xil g‘araz bilan berilgan

Baholarga ishonmangizlar.

El qoniga bayroq bo‘yalgan

Daholarga ishonmangizlar.

Dushmanlarga boshin silatgan

Shod qullarga ishonmangizlar.

E'tiqodin aqchaga sotgan

Sotqinlarga ishonmangizlar.

Ishonmangiz jazavalarga,

Aslo xurujlarga ishonmang.

Vatan degan — taqdir in'omi,

In'omfurushlarga ishonmang.

Hammasida aynishi mumkin

Adlu insof, vafo, diyonat.

Hech gap emas sodir bo‘lishi

Ulardan eng jirkanch xiyonat.

Sergak bo‘ling. Yolg‘onga uchmang.

Muxolifat – ichkarida, va'dalar – onasining astarida!

Xorazmliklar “Langur lungir” o‘yini bilan mashg‘ul bo‘layotgan shu sovuq kunlarda qashqadaryolik Xidirnazar Allaqulov yangi tuzayotgan partiyasini ro‘yxatga olish uchun Mirziyoevning hukumati bilan olishib kelmoqda. 

“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasining Yunusoboddagi hovlilardan birida o‘tkazilishi rejalashtirilgan majlisi hukumat tomonidan barbod qilindi.

Mirziyoev hukumatining bahonasiga qarang: DXXning o‘sha mahalladagi qulog‘ini tuqqan ayolning tursigida hayzi qolib ketib, virusga aylangan emish. Shu elga tarqaladigan bo‘lsa, yomon bo‘larmish!

Lekin yangi tuzilayotgan partiya rahbari Xidirnazar Allaqulov bu gaplar hukumatning nayrangi ekanini shu kunning o‘zidayoq qo‘rqmasdan aytdi.

“Navbatdagi yig‘ilishimiz tashqi kuchlar tomonidan barbod qilindi, uyda o‘tkazilgan dastlabki yig‘ilishimizning barbod etilgani, hovliga belgilangan ikkinchi yig‘ilishimizning ham barbod qilingani uchun men sizlardan uzr so‘rayman”, dedi Allaqulov.  

Bundan ikki yil oldin prezident Shavkat Mirziyoev “Muxolifat mamlakat ichkarisidan chiqishi kerak”, degan edi. Mana, muxolifat aynan O‘zbekistonning o‘zidan chiqdi. Endi esa Mirziyoev hukumati turli bahonalar bilan shu muxolifatning ta'sis yig‘ilishiga to‘qsinlik qilmoqda. 

Xullas, muxolifat – ichkarida, va'dalar – onasining astarida!

Ertaklar bizni qayga yetaklar

Boy amaldorning o‘g‘li mashinasida 2 kishini urib yuboribdi. Biri mashinaning old oynasiga urilibdi. Ikkinchisi esa yo‘l chetidagi ariq ichiga tushib ketibdi.

Sud ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilayotganmish:

“Birinchi piyoda mashinaning old oynasini sindirgani uchun 2 yilga, ikkinchi piyoda voqea joyidan yashiringani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etilsin!

Qozichalar bosh qoziga qarshi bosh ko‘tarishdi

O‘tgan haftada Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov ijtimoiy tarmoqda shov-shuvli chiqish qildi. O‘z videomurojaatida prokuror bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi jinoyatlar, jumladan, uning “Mega Bukhara” yirik tijorat kompleksi qurilishiga aloqadorligi to‘g‘risida gapirdi. 

Jasur Fozilovning aytishicha, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Buxoro shahridagi tijorat kompleksini qurayotganlarning jinoyatlarini yopishga urinyapti, hatto ularga kredit olishga yordamlashgan.

“Pullarni naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi firmalarga nisbatan jinoyat ishi tergov qilinishi davrida men tergovchim Sanjar O‘rinovga: “10 mlrd so‘m soliqni yashirgan holati bor. Shu bo‘yicha kim munosabat qilgan bo‘lsa, milliard so‘mdan ko‘p “oborot” qilganlarning hammasini chaqirasan. Kimlar naqdlashtirib olgan bo‘lsa, hammasining javobgarlik masalasini hal qilasan va bu firmaning haqiqiy egasini top”, deganman. Shu chaqirilganlar orasida “Yopiq bozor”ni qurayotganlar bor”, deydi Fozilov.

Bu haftada esa Nig‘matilla Yo‘ldoshevga qarshi yana bir prokuror bayonot berdi. Ba'zilar prokurorlarning dahanaki jangini hukumatda ildiz otgan inqiroz va ichki kurashning ochiqcha tus olishi deya baholashsa, ba'zilar hukumat xalq e'tiborini gaz va chiroq muammosidan boshqa muammoga qaratmoqchi, degan fikrda.  

“O‘ris yaxshi edi”

Bir millatni qullikda ushlab turish uchun aksariyat nodon va aqalliyat xoin bo‘lishi kerak!

O‘tgan hafta O‘zbekistonning Ovroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishining ehtimoliy oqibatlariga to‘xtalgan edim. Putinni televizordan ko‘rsa, shodlikdan siyvoradigan ayrim o‘zbeklar menga tosh ota boshlashdi.

Otabek  Mo‘'minov degan biri o‘ris bizni boqyapti, deyishgacha bordi: “Eltuz, bugun butun o‘zbekni shu rus boqyapti, sizga yoqmasa, qolganlar ham yoqtirmasinmi? Ko‘rdik o‘zimizning qahramonlarni, yurtning enasini asiga tiqib bo‘ldi. Hozir bizga bitta Stalin kerak bu haromxo‘rlikni to‘xtatadigan».

Bunaqa fikrlar oxirgi paytlarda tarmoqda urchiganidan urchigan. Bunday o‘zbeklar uchun o‘ris – insof, Iosif Stalin – halollik, Vladimir Putin – adolat, Ramzan Qodirov – shahomat, ORT telekanali – haqiqat, Alisher Usmonov – saxovat timsoli.

Moskva ko‘chalarini supurayotgan o‘zbek gasterbaytirini churka deb chaqirishsa ham mayliga. 2020 yilning o‘zida Rossiyadan O‘zbekistonga 200 tadan ziyod o‘zbek vatandoshining jasadi kelgan bo‘lsayam hech  gap emas.

Rus avboshlariga ulush berishdan bosh tortgani uchun andijonlik oshpazning barmoqlarini chopib tashlashsa ham hech qisi yo‘q. Chunki bu  o‘zbeklar Stalinni sog‘inishgan, Qizil maydondagi mavzoleyga borib Leninga sajda qilishni qo‘msashgan.

Buni siyosatshunoslikda kolonial o‘tmishni boshdan kechirgan millatlarga xos xastalik deyishadi: o‘zga ishonchning yo‘qligi. Bu xastalikni yengish uchun kamida yana bir avlod o‘zgarishi kerak. 

Sariq chaqa

Adabiyot nadir? Bu eski savolga mening javobim shudir:  Adabiyot bu oramizdagi eng hissiy yetishkin odamning jamiyat haqidagi mustaqil tahlilidir. Chexov, Zoshenko, Aziz Nesin va Dovlatov hikoyalari, Emil Zolya, Tolstoy, Bunin va O‘rxon Pomuq romanlari.

Bu romanlarni yozgan yozarlarning avomdan farqli aytar so‘zi bor. Ular haqiqatda aql zakosi bilan avomdan farqlanadi. Shu ma'noda o‘zbek yozg‘uchi-shoirlarining aytadigan original gapi yo‘q.

Umuman olganda, ko‘pi ilmsiz johil odamlar. Jahon tamadduni, tasviriy san'at, balet, teatr, musiqa va moda dunyosidagi trendlardan bexabar. Bir yo ikki istisno bor, xolos.

Aytadigan gapi avom aljirashidan ham tuban. Masalan, yuqorida tilgan olganim Maxamat Yusup degan shig‘irchi «So‘kavermanglar Stalinni siz. Uni ham ona tuqqan», deb yozishgacha boradi.

O‘zbek she'riy estetikasini tubanlashtirgan bu yig‘loqi kalxoz shoiri minglab o‘zbek oydinlarini o‘ldirish mashinasini Stalin ijod qilganini bilishga aqli yetmaydi. Avom qatori bu qatl mashinasi murvatlarini ayblamoqchi bo‘ladi. Ichi bo‘sh nog‘oradan yaxshi sas chiqadi, ammo ichi bo‘sh yozuvchining yozgani sariq chaqa.

Manqurt olomon!

Bu o‘zbek odam bo‘lmaydigan toifadan chiqdi.

Gorbachyov va Yeltsin in'om etgan mustaqillikni eplay olmadi. O‘ttiz yildan oshdiki, o‘zbek huquqiy va adolatli bir davlat qurolmayapti. Chunki o‘zbek o‘zining tepasiga o‘zidagi eng muttaham, eng o‘g‘ri va eng kazzob kimsalarni chiqarib qo‘ygan. 

Nega shunday? 

Chunki o‘zbekning ichida o‘g‘risi, kazzobi va muttahami ko‘p. Qozonga 90 dona chirigan va atigi 10 dona chirimagan, sog‘lom kartoshka solsangiz, ovqatingiz pishganida cho‘michga chirik kartoshka ilinishi ehtimoli 90 foiz bo‘ladi.

Saylov ham xuddi shunday – xalqda qanday odam ko‘p bo‘lsa, shunday odam saylanadi. O‘g‘ri ko‘p bo‘lsa – o‘g‘ri, to‘g‘ri ko‘p bo‘lsa – to‘g‘ri saylanadi.

Shunday ekan, qahraton qishda ketlari sovuqdan muzlagan o‘zbeklar! Gaz va chiroqsiz o‘tayotgan qismatingizda ko‘proq o‘zingizni ayblang, o‘zingiz saylagan Mirziyoevni emas. Sizlar shu rahbarga loyiqsizlar. 

“Karimov ham, Mirziyoev ham o‘zlarini o‘zlari saylashdi. Biz ularni saylamadik”, demanglar. Shunday saylagansizlarki! 

Yaxshi xalq yomonga o‘zini o‘zi saylashiga imkon bermaydi. Ketiga tepib quvadi unday rahbarni. Hozircha esa o‘sha yomonlar sizlarning ketingizga tepishmoqda. To‘g‘ri qilishmoqda. Chunki sizlar shunday muomalaga loyiqsizlar!

Ey, manqurt olomon, ey, chirkin bashar!

Zolimni boshingga o‘zing ko‘tarding.

Irfonning qo‘llarin, qanotin kesding,

Ojizni ostingda, ezding bag‘ringda.

(Rauf Parfi)

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 noyabr 2024
Kishilik tarixi temir ixtiro qilinganiden keyin dev qadamlar bilan rivojlandi. Bugun oyoqda muhtasham turgan Britaniya va Amerika kabi davlatlarlar ...
26 avgust 2024
Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar, Tolibon hukumati musiqa va zamonaviy madaniyatga qarshi. Toshkentning shprits zavodida portlash sodir bo‘ldi. Jinoiy avtoritet Husan ...
2 aprel 2021
Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritilib, prezidentni haqorat qilish besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadigan jinoyat sifatida belgilandi. Prezident Shavkat ...
18 iyun 2020
Turkiya poytaxti Anqarada 2019 yili halok bo‘lgan o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirovaning ishi Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...