Revizor-4. Prezident qizining kobra bilan raqsi
Odatda revizor taftish qilayotgan sub'ekt hali qamoqqa olinmagan va ko‘p hollarda o‘z jinoiy faoliyatini oshig‘ich g‘ayrat bilan davom qildirayotgan bo‘ladi.
Bu safargi taftishga nishon bo‘lgan xonim esa qamoqda. Gap O‘zbekistonning birinchi prezidentining qizi, o‘ta og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topilib Toshkent viloyati Zangiota qamoqxonasida jazo o‘tayotgan Gulnora Islomovna Karimovadir.
Bir vaqtlar malika, diplomat, olima, rassom, qo‘shiqchi va shoir deya o‘zini tanittirgan bu xonim bugun oddiy mahbusa.
Gulnora Karimovani mazluma qilib ko‘rsatib, qamoqda kasal bo‘ldi, marhum prezident qizi, deya odamlarning ko‘nglini yumshatib, iloji bo‘lsa uning ozod qilinishini istaganlar bor.
Ikkinchidan, “Nima bo‘libdi o‘g‘irlasa? Men ham prezident qizi bo‘lsam o‘g‘irlardim”, degan o‘ta xato va zararli qarash bor. Jamiyat birinchi oila o‘g‘irligini hazm qilgani bois, bu holat surunkali tus olib, mamlakat rahbarligiga yangi kelganlarning bola-chaqasi davlat xazinasiga qo‘lini tiqishini zehniyatda mashru qiladi.
Bu o‘ta xatarli va mamlakatni ochiqchasiga talash uchun birinchi oilada litsenziya bor, degan yangish tushunchani urchitadigan holat.
Uchinchidan, Gulnora Karimova ulkan jinoiy guruh tashkil qilgan. Guruhning o‘zagini o‘zbek mulozim va amaldorlari tashkil qilgan.
Tomog‘igacha korruptsiyaga botgan bu shaxslar Gulnora Karimova mojarosi ommaga ayon bo‘lganidan keyin ham yuqori lavozimlarda ishlashda davom etishmoqda.
To‘rtinchidan, Shveytsariya hukumati O‘zbekiston bilan imzolagan kelishuvga muvofiq, 2012 yilda pul yuvish va korruptsiya yuzasidan Gulnora Karimovaga nisbatan olib borilgan tergov doirasida muzlatib qo‘yilgan mablag‘ning 131 million dollari, «muayyan shartlar asosida», O‘zbekistonga qaytarilishi haqida 11 sentyabr kuni ma'lum qilgan edi.
O‘nga yaqin o‘zbekistonlik huquq faoli, jurnalist hamda sobiq siyosiy mahbus 16 sentyabr kuni imzolagan ochiq maktubda Shveytsariya Gulnora Karimovaning jinoyat ishi doirasida muzlatilgan pullarini O‘zbekistonga qaytarishda shaffoflik kafolatlanishini talab etishgan.
«Uzbekforum.org» saytida e'lon qilingan maktubda O‘zbekistonda ba'zi ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, hali hukumat korruptsiyaga qarshi qat'iy kurashmayotgani aytilgan.
«Shu bois, o‘zbek xalqining korruptsion yo‘llar bilan talon-toroj qilingan boyligi yana qaytib korruptsionerlarning o‘zlariga qaytarilishi ehtimoli yuqori», deyiladi ochiq maktubda.
Xalqdan o‘g‘irlangan bu pul yana xalq manfaatiga xizmat qilishiga katta shubha bor. Ayniqsa, korruptsiyaning bugun orsizlarcha keng quloch otgan davrida.
Jamiyat o‘z o‘tmishidan dars olib, bugungi hukmdorlar oilasining korruptsion ishtahasiga to‘xta deyishi uchun ham Gulnora Karimovaning jinoyatlari silsilasini sizga yana bir bor eslatishga qaror qildik.
Chunki men revizorman.
Qo‘limizda kriminalistika professori Kristaian Laslett tadqiqoti.
«O‘zbekiston hukumati uyushgan jinoiy to‘da kabi faoliyat yuritgan va bundan marhum prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova foyda ko‘rgan».
Londondagi Qirolicha Mariya universiteti (Queen Mary University of London) huzuridagi «Davlat jinoyatlarini o‘rganish xalqaro tashabbusi» (International State Crime Initiative) tashkiloti xodimlari tayyorlagan 102 betli hisobot annotatsiyasi eshitganingiz fikr bilan boshlanadi.
Tadqiqot “Kobra bilan raqs: O‘zbekistonda yirik korruptsiya bilan kurash” deb nomlangan. Kobra kim? U kim bilan raqs tushadi? Kobra O‘zbekistonning birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovami? Ëki Gulnorani panjara ortiga eltgan ochko‘zlik va kibrmi?
Meni shu sovuqda dirdirab bo‘lsa ham tomosha qilayotganlarga yuzlanaman. Men ham sizlarning biriman. Gulnora siz kabi mening ham pulimni o‘mardi. Qanday qilib deysizmi?
Hozir tushuntirib beraman. Oltin, kumush, gaz, neft konlari qanday millat boyligi bo‘lsa, radiochastotalar ham shunday boylik.
Har bir telefon shirkati mamlakatingizdagi radiochastotalarga ega bo‘lib, boyishni orzu qiladi. Bunday holatda davlat millat manfaati uchun bu imkoniyatdan foydalanadi.
Gulnora Karimova esa o‘z manfaati uchun bu imkoniyatdan foydalandi. Mana sizga millionlagan abonentlarni sog‘ish imkonini beradigan radiochastota. Siz marhamat qilib menga pora uzating, deydi Gulnora internet yetkazib beruvchi shirkatlarga.
Darvoqe bu sxemaga hozirgi bsh vazir Aripov ham aloqador bo‘lgan. Ha, to‘g‘ri aytdingiz. Gulnora qamoqda, Abdulla aka esa bosh vazir kursisida.
Hisobot mualliflari Karimova telekom sohasiga aloqador kamida oltita shirkat, jumladan, optik tolali kabellarni yotqizish hamda WIMAX va WIFI xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullangan kompaniyalardan pul undirishda ayni bir xil sxemalardan foydalanganini aniqladi.
U o‘z talablariga ko‘ngan shirkatlarga litsenziya olishda yordam bergan, shartlarni qabul qilmaganlarni, jumladan, AQShga doir uchta shirkatni esa mamlakatdan chiqartirib yuborgan.
Hisobot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Shvetsiya, Norvegiya, Rossiya hamda Germaniyaga tegishli telekommunikatsiya shirkatlaridan pora olishda ko‘maklashgan. Rasmiylardan iborat o‘lponchilar mazkur shirkatlardan 850 million dollardan ortiq mablag‘ undirgan.
Gulnora Karimova o‘zi tuzgan sxemalar yordamida o‘margan millionlar O‘zbekistonda pensiya va sog‘liqni saqlashga yoki gaz va elektr ta'minotini yaxshilashga sarflanishi mumkin edi. Buning o‘rniga bu mablag‘lar prezident qiziga doir offshor hisob raqamlarga tushgan va dunyoning turli nuqtalarida, jumladan, Frantsiyada hashamatli qasr va Hongkongda qimmatbaho pentxauz uy sotib olishga sarflangan.
Bu mablag‘ga minglagan mini elektr stantsiyalari tiklash mumkin edi.
Hammasi nimadan boshlangan edi?
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida “boy amerikalik o‘zbek haqidagi stereotip rivoyatlar og‘izdan og‘izga ko‘chib yurardi.
1989 yili suratga olingan «Kim jinni?» filmida amerikalik o‘zbek kelib, oddiy toshkentlik o‘t o‘chiruvchiga bir million dollar sovg‘a qilib ketadi.
Karimovlar oilasi ham o‘sha stereotip rivoyat ta'siriga tushgani eslanadi.
Amerikalik kuyov
Sana 1991. Xuddi shu davrda AQShda yashayotgan afg‘onistonlik o‘zbek Maqsudiylar oilasi mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidentiga yaqinlashish yo‘llarini izlay boshlagan edi.
Maqsudiy 1979 yil 12 yoshida AQShga emigrant sifatida kelgan va tijorat qilib boyigan oila farzandi edi.
1991 yil 8 iyul. Dushanba. Hali SSSRni parchalashni boshlagan GKChP puchtiga bir yarim oy vaqt bor. Kremlning sevimli mulozimi, O‘zkompartiya 1-kotibi Islom Karimov umrida ilk bor chegara hatlab Hindiston safariga hozirlik ko‘rmoqda.
O‘sha paytdagi «Izvestiya» gazetasi “Mamlakat chet el kapitali uchun ochiq” degan maqolani chop qilgan. Boltiqbo‘yi o‘z mustaqilligini e'lon qilgan, nafaqat havo, balki siyosatning ham harorati ko‘tarilgan davr.
8 iyul kuni Gulnora Karimova 19 yoshga kirgan edi. O‘sha kuni uning uyiga bir dasta gul va chiroyli qog‘ozga o‘ralgan hadya bilan Mansur Maqsudiy kirib keladi.
Cho‘kayotgan va qashshoq Sovet Ittifoqi fonida bu amerikalik boy va kelishgan o‘zbek yanada yarqirab ko‘rinadi. Shu yilning noyabr oyida endi SSSRdan mustaqil bo‘lgan O‘zbekistonda Gulnora Karimova va Mansur Maqsudiyning to‘yi bo‘ladi.
Ular bol oyini AQShning Nyu-Jersi shahrida o‘tkazishadi va o‘sha yerda Maqsudiylarning hovlisida yashashadi. Keyin Mansur Maqsudiy Roz Trading shirkati bosh direktori qilib tayinlanadi. Bu nikohdan ikki farzand – Islom va Imon tug‘iladi.
O‘zbeklarning chanqog‘iga ishontirgan Roz Trading
Kayman orollarida qayddan o‘tgan Roz Trading shirkati Gulnora Karimovaning O‘zbekiston boyliklarini so‘rib shimirishiga vosita bo‘lgan ilk shirkat.
Karimova va Maqsudiy er-xotin bo‘lgani ortidan Roz Trading shirkati O‘zbekiston Adliya vazirligida ro‘yxatga olinadi. Sal o‘tib Roz Trading O‘zbekistondagi sovuq ichimliklar monopolistiga aylanadi.
Oldin “Buratino” ichgan o‘zbeklar endi Coca-Cola ichib, prezident kuyovi va qizining cho‘ntagini qappaytirishga mahkum edi. Chunki faqat bitta ichimlik bor edi – Coca-Cola Export Corporation qo‘shma korxonasi ichimligi.
Oldiniga bu ichimlik eksport qilindi, keyin esa prezident kuyovi bu ichimlikni O‘zbekistonda ishlab chiqara boshladi. Reklamalarda har bir o‘zbekning “chanqog‘iga ishonib, faqat kola ichishi joiz” ekani har kuni ta'kidlandi. Bu absurd edi, chunki Coca-Coladan boshqa tanlov yo‘q edi.
Coca-Cola Bottlers of Uzbekistan qo‘shma korxonasi 1993 yili tashkil topdi.
Bir tarafdan Roz Trading ikkinchi tarafdan Coca-Cola va uchinchi tarafdan O‘zbekiston hukumati. Zavodlar ishga tushdi. Raqiblarsiz monopoliya biznesi gullab-yashnay boshladi.
Ammo tijoratdan farqli o‘laroq, Mansur va Gulnoraning oilaviy hayotida mojarolar boshlandi. Bu mojarolar tafsiloti xalqaro matbuotga sizdi.
Britaniyaning «Independent» gazetasi 2004 yil yanvar oyida chop qilgan maqolada Gulnora Karimova va uning sobiq turmush o‘rtog‘i raqibga aylangani tasvirlangan edi.
Uch oylik tanaffusdan keyin bu oilaviy mojaro yana xalqaro matbuot sarlavhasiga chiqdi. Bu safar AQShning «The Washington Post» gazetasi bu ishga jazm qildi.
«The Washington Post» gazetasi tomonidan chop etilgan «Qirollar jangi» maqolasida O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Mansur Maqsudiy o‘rtasidagi mojarolar yana bir bor tilga olindi.
«O‘zbek prezidenti Islom Karimov qizining ajrashishi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida xalqaro janjalga aylanib ketishi mumkin», deb yozildi maqolada.
Maqola davomida mazkur mojarodagi har ikki tomonning bir-biriga nisbatan iddaolari keltiriladi.
O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich kizi Gulnora Karimova va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Mansur Maqsudiy o‘rtasidagi jangnoma kabi yozilgan maqola mana bu so‘zlar bilan boshlanadi:
«O‘sha kuni u narsalarini yig‘ishtirib, Nyu-Jersidagi uyidan ikki farzandini olib, ikki nafar enaga, ikki tansoqchi va haydovchi bilan qochib ketdi. Stol ustida eri uchun maktub qoldirdi. Maktubda 1989 yil suratga olingan «Atirgullar urushi» komediyasini eslatib o‘tdi».
Shu o‘rinda Gulnora Karimova o‘z maktubida ishorat yoki majoz sifatida keltirgan «Atirgullar urushi» filmi haqida gapirib o‘tsak.
Filmdan parcha. (Er-xotin janjali, sinayotgan idishlar ovozi..) Maykl Duglas va Ketlin Terner ishtirokidagi bu filmda ajrashayotgan er-xotinning bir-biriga qasoskor dushmanga aylanish jarayoni zaharxanda tarzda aks ettiriladi.
Film davomida eru xotin bir-biridan o‘ch olish uchun odam aqli yetmaydigan usullarni qo‘llashadi. Oqibatda har ikkalasi o‘zlari yashaydigan saroyning billur qandili bilan birga yerga qulab halok bo‘lishadi.
Sharqda majoz bilan, ishorat bilan gapirish madaniyati bor. Xo‘sh, Gulnora Karimova o‘z maktubida nimaga sha'ma qildi?
Yana maqolani o‘qishda davom etamiz.
«Karimova filmda tasvirlangan be'manilik o‘z hayotida yuz bermasligi uchun bu maktubni yozganini aytadi.»Men maktubni ko‘z yoshlarim bilan yozgan edim – bu bir shaxsiy maktub edi».
Yana maqoladan iqtibos keltiramiz.
«Bu maktub bashorat edimi yo tahdid. Nima bo‘lganda ham sal o‘tmay janjal boshlandi».
Maqolada Gulnora Karimova sobiq erini Saddam Husayn neftini noqonuniy sotganlikda, islomiy mutaassiblikda va qoloqlikda ayblasa, Mansur Maqsudiy Gulnorani o‘zbekistonlik qizlarni Dubaydagi qo‘shmachilarga yetkazib turganlikda, ko‘pincha kechalari bilan har xil ziyofatlarda qolib ketib, tongga yaqin uyga mast bo‘lib kelganlikda ayblaydi.
Gulnora Maqsudiyning o‘ziga «bikini» (ayollarning yupqa cho‘milish kiyimi) kiyishni taqiqlab qo‘yganidan noroziligini bildirsa, Maqsudiy Karimovaning boy hayot kechirishga o‘rganib qolgani va mol-dunyoga hirs qo‘yganidan shikoyat qiladi.
Janjal ildizlari ancha ilgariga borib taqaladi, deb yozadi maqola muallifi: «Yangi qarindoshlar o‘rtasida muammolar boshidanoq mavjud edi. AQShda Gulnora xar haftada ikki-uch marta qaynonasini ziyorat qilib turganligini aytadi. U yerda Karimova xonim oddiy afg‘onistonlik oilaning an'analari bilan to‘qnashdi».
«Men doim yig‘lab o‘tirardim, – deydi Gulnora Karimova. – Tasavvur qiling, men kun bo‘yi bir o‘zim qolib ketardim. Vaholanki, men faol xayot kechirishga o‘rganganman. Faqatgina universitetdagi darslarga emas, til o‘rganishga, sportga ko‘nikkanman. Men o‘layotgan edim».
Maqsudiyning aytishicha esa holat tamomila boshqacha bo‘lgan.
«U uyga tungi 3 larda, ba'zida mast bo‘lib kirib kelardi. Gohida esa qaerda bo‘lganini ham eslolmasdi», deydi u.
Karimovaning so‘zlariga qaraganda, Maqsudiylar oilasi juda qoloq, sokin hayot kechirgan. Bu oilaning yangi yilni nishonlamasligini eslar ekan, u:
«Ular yerda o‘tirib ovqat yeyishardi, yarim tun bo‘lganida hech kim yangi yil kirganiga xursand bo‘lmasdi. Men esa televizorga tikilgancha yig‘lab o‘tirardim», deydi.
Maqsudiy Karimovlar oilasini buning tom-teskarisi o‘laroq ta'riflaydi. Uning aytishicha, o‘zbek prezidentining oilasida kim ko‘proq baqirsa – o‘sha g‘olib.
«U bilan bahslashganingizda, – deydi Maqsudiy sobiq qaynotasi haqida, – kim qattiqroq baqirsa, o‘sha g‘olib bo‘ladi. Keltirayotgan faktlaringiz yo dalillaringizning ahamiyati yo‘q».
Maqsudiy Karimovlar oilasining hokimiyat va pulga mukkasidan ketganini aytadi:
«Prezident yotoqxonasi yonidagi xonada bo‘yi bir yarim metrlik seyf bor. Bir kuni O‘zbekiston prezidenti rafiqasining yerda o‘tirib pul sanayotganini ko‘rib qoldim».
Bir safar Londonga borishganida Gulnora Karimova sumkachasidan naqd pul chiqarib, 230 ming dollarlik zeb-ziynatlar olmoqchi bo‘lgan. Maqsudiy buning juda qimmatligini aytib, pulni qaerdan olganini so‘raganida, Gulnora uni onasi berganini aytgan.
Maqolada Mansur Maqsudiy raqibga aylangan rafiqasi so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
«U menga agar u bilan ajrashsam, oilam va tijoratimni yo‘q qilishi, bolalar bilan xech qachon ko‘risholmaydigan qilib qo‘yishini aytdi. Ko‘rib turganingizdek, xuddi shunday bo‘ldi ham», deydi Maqsudiy.
Ajrashish oqibatlari Maqsudiylarning Toshkentda yashayotgan qarindoshlari hayotida aks etdi. Boz ustiga Maqsudiy rasmiy Toshkent tarafidan Saddam Husayn bilan noqonuniy oldi-berdi qilganlikda ayblandi.
Maqsudiyning fikricha, uning sobiq turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonda hokimiyatni qo‘lga olmoqchi:
«U hukmronlikning mazasini biladi, ba'zan oramizdan gap o‘tgan paytda men unga sen otang hukmdorligidan mast bo‘lgansan, der edim».
Maqolaning yakuniy qismida mana bu so‘zlarni o‘qiymiz:
«Toshkentdagi tahlilchilar Gulnora Karimova otasiga voris bo‘lishni istayotgani, ba'zilar esa Gulnora har ehtimolga qarshi mamlakatdan boyliklarni chetga olib chiqib ketayotganini aytishadi».
Maqola «The Washington Post» gazetasining «Style» deb nomlangan ilova varag‘ida O‘zbekiston prezidentining rangli fotosuratlari bilan birga chop qilingan va Gulnora Karimovaning korruptsion ishtahasini prognoz qilgan ilk kichik tadqiqot sifatida tarixga kirdi.
Erdan ajragan Gulnora uchun O‘zbekiston oltin koniga aylandi.
G‘ujumsaroy oltinlari
Ko‘pchilik “Biz Gulnora Karimovaning o‘g‘ri ekanini bilmovdik”, deyishadi. Ammo xalqaro matbuot, xususan, «Ozodlik» radiosi 2003 yildayoq Gulnora Karimovaning korruptsion sxemalar asosida O‘zbekistonni shafqatsiz talagani aks etgan turkum maqolalarni e'lon qilgan edi.
Shunday maqolalardan birida Gulnora Karimovaning xususiy korxonasi Revi Holdingning sobiq ijrochi direktori Farhod Inog‘omboev prezident qizining oltin ishlab chiqarish sanoatini qo‘lga olish urinishlarni fosh qilingandi.
“Samarqand viloyatidagi yangi oltin konlaridan biri – G‘ujumsoy Birlashgan Arab Amirliklarining shirkati – United International Groupga berildi, uning sarmoyalar loyihasi 25 million dollarlik ekani haqida hukumat xabar tarqatdi. G‘ujumsoy oltin konining hozirga qadar isbotlangan 60 tonnadan ortiq oltini bor, deyiladi o‘sha xabarda.
Bitta narsasi qiziqki, O‘zbekiston hukumati bu shirkatni BAAning tajribali, oltin izlab topishda dunyoda mashhur kompaniyasi, deb taqdimot qilgan. United International Gpoup rostdan ham BAAning Sharja erkin iqtisodiy savdo hududida joylashgan. Lekin firmaning sohibasi, yuz foiz egasi Gulnora Karimova bo‘lgan.
Boshida hech qanaqa tender bo‘lmagan. Shu G‘ujumsoy to‘g‘risida Gulnoraga kimlardir maslahat bergan. Mana shunaqa yangi tilla koni bor bu yoqda. O‘shani qo‘lga olsa bo‘ladi, degan.
Birga ishlamaydigan, lekin yaqin tanishlari Gulnoraga maslahat bergan. Gulnora United International Group orqali menga xat yozdirgan O‘zbekiston davlat geologiya qo‘mitasiga. Shu xat orqali keyin ozgina bosim o‘tqazgan.
Goskomgeologiyaning raisiga mana shu joyni berasan, deb turib olgan. Keyin Goskomgeologiya biz tender qilgan edik, boshqa kompaniyalarga ham taklif qilgan edik, lekin uni United International Groupga berdik, deb xabar bergan. Lekin aslida hech qanaqangi tender bo‘lmagan.
Goskomgeologiyaga ko‘ra, hozirgi kunda topilgan depozitlari 60 tonnadan ortiq oltin. Endi buni hozirgi bozor narxida sanab ko‘ring, qanaqa bo‘ladi. Bu nimani bildiradi, buning kelajagi agar haqiqiy investor rivojlantirsa, o‘sha joydan oltin topaman desa, buning hajmi juda katta bo‘ladi.
Gulnoraning maqsadi, men u bilan ishlagandagi tajribadan ko‘ryapman, Gulnoraning mexanizmi juda ham aniq. Bepul, tekinga, ba'zi hollarda judayam-judayam arzon narxda davlatdan qanaqadir bosimlar orqali tortib oladi. Keyin uni haqiqiy investorga, chet ellik investorga judayam katta summaga, million-million pullarga sotib yuboradi.
Gulnora Karimova bu kon uchun bir tiyin ham to‘lagani yo‘q. Bir tiyin sarmoya yotqizgani yo‘q. O‘sha loyihaga bir tiyin kiritgani yo‘q”.
Bundan oldin Inog‘omboev «Faynanshl Tayms» gazetiga bergan suhbatida “Gulnoraning nomi G‘arbda, ko‘p joylarda matbuotda chiqib, uning biznes yuritish usullarini ko‘plar bildi. Shuning uchun ko‘plar Gulnora bilan ish qilishdan cho‘chishi ham mumkin”, degan edi. Ammo bunday bo‘lmadi.
Xalqaro matbuotdagi fosh qilishlar Gulnora Karimova bilan tijorat qilishni istagan shubhali sarmoyadorlarni cho‘chitmadi. Pirovardida O‘zbekiston iqtisodini tizimli o‘pirgan jinoiy guruh vujudga keldi.
Kobra bilan raqs
Qo‘limdagi yostiqday hisobot Gulnora Karimovaning jinoiy boyigani tafsilotlari bilan to‘lgan.
Hisobotda xalqaro korporatsiyalar va banklar, jumladan, Citibank, Coca-Cola, Standard Chartered, Lombard Odier va boshqalar katta mablag‘ yuvilishiga olib kelgan reketchilikda ishtirok etgani haqida batafsil yozilgan.
Mablag‘ yuvishda odatda Britaniyaga tegishli hududlardagi proksi shirkatlardan foydalanilgan. Hisobotda yana mazkur offshorlar Karimova uchun qanday qilib millionlab dollar qiymatga ega shubhali transaktsiyalarni amalga oshirgani haqida yozilgan.
Hisobot muallifi professor Kristian Lasslett ta'kidicha, “Dalillar Karimova yaxshi uyushtirilgan sindikatning reketchilik faoliyati O‘zbekistonning ijro etish, qonun chiqarish hamda milliy xavfsizlik tarmoqlari orqali amalga oshirilishini nazorat qilib turganini ko‘rsatadi.
Bularning har biri sindikatning tishi o‘laroq ish yuritgan. Ushbu hisobotdagi dalillar ayrim g‘arblik taraflar Karimova qo‘llagan sxemalarda ishtirok etmagan bo‘lsa-da, ular haqida to‘liq bilganini ko‘rsatadi».
Hisobotda yozilishicha, O‘zbekistondagi korruptsiya faqat yuqori lavozimli hukumat rasmiylari bilan cheklangan emas. Aslida korruptsiya tizimli bo‘lib, hukumatning har bir qatlamida ildiz otgan.
Izlanish mualliflarining ta'kidlashicha, Karimovaning jinoiy sindikatidagi yordamchi va yugurdaklarning aksari yuqori lavozimli rasmiylar bo‘lgan. Bu shaxslar Karimova mojarosi ommaga ayon bo‘lganidan keyin ham yuqori lavozimlarda ishlashda davom etmoqda.
Gulnora – dunyoning eng katta poraxo‘ri
AQSh Adliya vazirligi huzuridagi prokuratura idorasining Nyu- York janubiy hududi bo‘yicha prokurori 2019 yilning 7 mart kuni Gulnora Karimovaga nisbatan rasmiy ayblovlarni e'lon qildi.
Karimova qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali aktsiyalari AQSh birjasida sotuvga qo‘yilgan uch yirik xalqaro telekom shirkati – TeliaSonera, VimpelCom va MTCdan jami 865 million dollar pora olganlikda ayblandi.
Adliya vazirligi bayonotida ta'kidlanishicha¸ Karimova AQShning xorijdagi korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra hozirga qadar eng katta pora olganlikda ayblangan shaxsdir.
Oddiy arifmetika
AQSh prokurorlari yillardan beri aktsiyalari AQSh qimmatli qog‘ozlar bozorida sotuvga qo‘yilgan uch telekommunikatsiya shirkatining O‘zbekistonga kirgani va so‘ngra faoliyat yuritish uchun mamlakat prezidentiga yaqin shaxsga millionlab dollar pora bergani bo‘yicha tergov-tekshiruv olib bordi.
Bu jarayonda¸ vazirlik e'tiroficha¸ Avstriya¸ Belgiya¸ Qibris¸ Frantsiya¸ Irlandiya¸ Isle of Man, Latviya¸ Lyuksemburg¸ Norvegiya¸ Niderlaniya, Shveytsariya¸ Shvetsiya¸ Buyuk Britaniya huquq tizimlari faol ishtirok etgan.
2019 yilning 7 mart kuni AQSh Adliya vazirligi MTS¸ undan avval esa Niderlandiyada joylashgan VimpelCom va Shvetsiyaning Telia (sobiq TeliaSonera) shirkatlari bilan erishilgan shu kabi kelishuvlarda uchala shirkatning porani Gulnora Karimovaga berganini e'tirof etgani va uchala shirkat to‘lagan jami pora miqdori 865 million dollarni tashkil etishini e'lon qildi.
Vazirlik bayonotida yozilishicha¸ VimpelCom 2005-2012 yillar davomida Gulnora Karimovaga 114 million¸ Telia 2007-2010 yillarda 331 million¸ MTS esa o‘z faoliyati davomida 420 million dollardan ko‘proq pora berganini tan olgan.
Uch shirkatning rasman tasdiqlangan jami pora miqdori esa 865 million dollarga tengdir.
Prokurorlar bayonoti
Nyu-York janubiy hududi prokurori Geoffrey S. Berman rasmiy bayonotda bunday dedi:
“Bu O‘zbekiston hukumatining eng yuqori pog‘onalariga borib yetgan va dunyoning ayrim eng yirik telekommunikatsiya shirkatlari tomonidan uyushtirilgan qariyb 1 milliard dollarlik pora sxemasidan tug‘ilgan trilogiyaning uchinchi qismidir.
AQSh moliya tizimi orqali ko‘p million dollarlik pora to‘lovlarini o‘tkazish bilan shirkat va shaxslar global iqtisoddan o‘z manfaatlariga xizmat qilish va cho‘ntaklarini qappaytirish uchun jinoyatkorona foydalanishga urindi.
Ammo bugunga kelib ular bu qilmishi uchun haq to‘lamoqda. Bugun men tamsil qiladigan idora va bizning huquq tizimidagi hamkorlarimiz AQSh moliya tizimi xorijdagi poraxo‘rlik va pul yuvish amaliyotlari xizmatida emasligi haqida keskin va qat'iy mujda berayapmiz.
Prokuratura idorasi dunyoning qaerida bo‘lishidan qat'i nazar, xorijdagi koppuptsion amaliyotlar oldini olish¸ tergov qilish va jazolashga tayyordir”.
AQSh adliya vaziri yordamchisi Brian A. Benczkowski:
“Gulnora Karimova o‘z rasmiy mavqeidan foydalanib¸ aktsiyalari ochiq savdoda sotiladigan telekom shirkatlaridan 865 million dollardan ko‘proq pora talab qilish va olish¸ so‘ngra bu pullarni AQSh moliya tizimi orqali yuvishda ayblanmoqda.
Bugun e'lon qilingan ayblov va korporatsiya bilan erishilgan kelishuv (MTS nazarda tutilmoqda-tahr.)¸ qolaversa, bundan avval Karimovaga pora berganlikda gumonlangan boshqa ikki korporatsiya (Telia va VimpelCom -tahr.) bilan bitim AQSh Adliya vazirligining xorijdagi korruptsiyaga nisbatan munosabatini yaqqol aks ettiradi: biz xorij davlatlaridagi poraxo‘r rasmiylar¸ ayni paytda¸ ularga o‘z biznesi uchun imtiyoz olish maqsadida pora beruvchi kompaniya va shaxslarni qat'iyat bilan ta'qib qilamiz va AQSh moliya tizimini korruptsiya amaliyotlaridan xoli tutish uchun hamma ishni qilamiz”.
Qamoqxona mahbusi
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2019 yil 5 mart kuni e'lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra¸ jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan G.Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.
Ammo Karimova sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagani ortidan 2019 yil 5 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
«O‘g‘ri qamoqda o‘tirishi kerak», deydi Vladimir Visotsskiy film qahramoni tilidan. O‘g‘ri qamoqda o‘tirishi kerak va ana o‘tiribdiyam.
Ammo bu o‘g‘rining hamtovoqlari nega qamoqda emas? O‘g‘irlikka fazo bo‘lgan nepotizmga moyil O‘zbekiston boshqaruvi nega bundan saboq chiqarmadi? Nega ayni spektakl davom etmoqda?
Bir yopiq labirint halqasi – dunyo,
Aylanib chopasan unda befoyda…
Bu she'rni O‘zbekiston birinchi prezidentining poraxo‘rlik, reket va jinoiy sindikat qurishda ayblanib, jazo o‘tayotgan mahbusa qizi Gulnora Karimova 2007 yil yozganini aytgan edi.
U shoirlikdan tashqari o‘zini qo‘shiqchi, rassom, dizayner, haykaltarosh, bastakor, zargar, muqova ustasi, misgar, qora belbog‘ sohibli jang ustasi, diplomat va milliarder tadbirkor sifatida ham tamsil qilgan edi.
Ba'zan shisha sinig‘i uzoqdan gavhar bo‘lib tuyuladi. Millionlab o‘zbek talpingan bu qiz ayni o‘zbeklarga oid milliardlarni o‘margan oddiy o‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
Gulnora Karimova o‘z she'rida yozganidek, «osmon endi jim» , o‘zbeklar endi o‘ziga boshqa malika topishga shoshilmoqda.
«Korruptsiya — hokimiyatning vatandoshlarni emas, balki faqat o‘zini boyitishga xizmat qilishidir. Korruptsiya davlat va millatni yemiradigan zang, ya'ni korroziyadir.
Buguncha shu. Taftish kitobini yopaman. Nishonda esa bugun taxtda va ehtimol ertaga hibsda bo‘ladigan korruptsionerlar.
Eltuz.com