Asosiy mavzular
3 fevral 2021

Surxondaryoda tanqidchi bloger Otabek Sattoriy hibsga olindi

Joriy yilning 30 yanvar kuni Termiz shahrida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi xodimlari tomonidan yutubdagi «Xalq fikri» kanali asoschisi, 42 yoshli bloger Otabek Sattoriy hibsga olindi. 

Surxondaryo viloyati IIB katta tergovchisi X.Xushboqov imzolagan tintuv o‘tkazish qaroriga ko‘ra, «fuqaro To‘raev Lochin Aliyorovich arizasi yuzasidan 30.01.21 yilda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Termiz shahrida yashovchi Otabek Sattoriy fuqaro To‘raev Lochindan tovlamachilik yo‘li bilan kimyoviy ishlov berilgan, narxi 5.040.000 so‘mlik bitta “Vivo-X50” rusumli qo‘l telefoni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlangan». 

«Fuqaro Sattoriy Otabek ustidan Jinoyat kodeksi 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Surxondaryo viloyati IIB xabarida.

«O‘g‘limiz to‘rt kundan beri qamoqda qolmoqda. Hozirgi ahvoli haqida hech narsa bilmaymiz», dedi Otabekning 3 yanvar kuni «Eltuz» suhbatlashgan otasi Abdumannon Sattoriy.

Blogerning yaqinlari «Eltuz»ga jo‘natgan videoda blogerning hibsga olinishi jarayoni aks etgan. Videoda darvoza oldida to‘xtagan mashinadan blogerning tushayotgani, shu zahoti ikkita oq mashina yetib kelgani, unda fuqarolik kiyimidagi shaxslar tushib kelgani aks etgan.

Ularning ikkitasi blogerni ushlab, o‘z mashinasiga o‘tqazadi. Oradan ikki daqiqa o‘tgach, mashina ushlangan Otabek bilan birga jo‘nab ketadi.

Otabek Sattoriyning otasi, 69 yoshli Abdumannon Sattoriy «Eltuz»ga voqea tafsilotlarini gapirib berdi:

«Bu telefonni aslida Sherobod hokimi yuborgan. Bu sovg‘ani yuborgani sababi, Otabek Sattoriy yana bir bloger Farhodjon Ismoilov bilan «O‘zbekiston prezidenti buyrug‘iga asosan, tuman va shaharlarda qishki-kuzgi mavsumga atab yarmarkalar tashkil etilishiga bag‘ishlangan tadbir»ni o‘rganish uchun Sherobod tumaniga borishgan.

U yerda bozorqo‘mning odamlari «Nimaga ruxsatsiz bu yerga keldilaringiz, rastalardagi mahsulotlarni ruxsatsiz suratga olayapsizlar», deb Otabekni urib, kurtkasini yirtishgan, telefonini sindirib tashlashgan…».

Blogerning otasiga ko‘ra, shundan keyin Sherobod hokimligidan qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan, singan telefoni o‘rniga yangi telefon olib berishni va'da qilishgan.

30 yanvar kuni Otabek (blogerning otasiga noma'lum shaxslar) olib kelgan qog‘oz paketga o‘rog‘liq telefonni olayotgan paytida hibsga olingan.

Blogerning yaqinlariga ko‘ra, shu kuni ikkita xolis va bir qancha ichki ishlar xodimlari ishtirokida uning uyida tintuv o‘tkazilgan, blogerning kompyuteri, beshta flesh karta va unga tegishli boshqa buyumlar musodara qilingan. 

Otabek Sattoriy 2013 yili ochilgan «Xalq fikri» yutub kanali muallifi sifatida Surxondaryo aholisi muammolarini yoritib keladi.

«Xalqim uchun kurashib, uning duosini olib yashashga nimalar yetsin! Har kim ham duo uchun ishlay olmaydi, DUX yetmaydi», deb yozilgan uning kanali tavsifida.

Ayni maqola nashrga tayyorlanayotgan 3 fevral kuni tushdan keyin «Eltuz»ga sud ushbu holat bo‘yicha allaqachon ajrim chiqargani ma'lum bo‘ldi.

Sudga raisi Y.Yo‘ldoshev 1 fevral kuni chiqargan ajrimda «ayblanuvchi Otabek Sattoriyga ehtiyot chorasi sifatida» qamoq belgilangani va u Termiz shahri 9-tergov hibsxonasida qolishi yozilgan.  

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 sentyabr 2024
O‘zbekistonda oylik maoshlar yiliga bir marta bilinar-bilinmas oshadi. Lekin narx-navo kuniga ko‘tariladi.  Joriy yilda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ  foydalanuvchilarni kutilmagan ...
16 iyul 2024
O‘zbekistonda haqqini talab qilgan fermer vafot etdi, Finlyandiya rossiyalik migantlarning mamlakatga kirishini rasman taqiqladi, Tramp suiqasd natijasida qulog‘idan jaroxatlandi, ...
27 aprel 2024
26 aprel kuni Samarqanddagi DXX tergov izolyatoridan navoiylik ko‘zga ko‘ringan tadbirkor, 56 yashar Azamat Xalikovning jasadi chiqdi.                             Shu oy ...
13 fevral 2017
Aloqa xodimlarining aytishicha, pensionerlar bu borada pochtalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori e'lon qilingan kunning ertasigayoq murojaat eta boshlashgan. Ular ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...