Asosiy mavzular
19 mart 2021

Eshaklar erkin o‘tlagan mamlakat

Ey ahli vatan! Bosdi sani muncha g‘afolat,
G‘arq ayladi muncha sani daryoi jaholat,
Tushdiy sani boshing uza shum zallayu razolat,
Boq! Holingga nalar bo‘la? Gar bo‘lsa basorat?
Qoplab kelur millatingni zulmatu g‘orat,
Inson sifating vor esa tur! Ayla jasorat!
G‘aflat uyqusidan ko‘zing och! Boq bu zamona…
(Hamza)

Mana, bahor kunlaridan birida yana siz bilan uchrashdik. Singlim, opam, inim, og‘am, zamondoshlarim, dardkashlarim. Tiyran aql va yetuk zehn sohibisiz.

Uzoqda yaltirab ko‘ringan har narsa olmos emasligi, shunchaki shisha sinig‘i ekanini bilasiz. Ya'ni soxtani haqiqiydan ajrata olasiz.

Masalan, muhabbatni olaylik. Ona o‘z bolasini bag‘riga bosib erkalar ekan, bu haqiqiy muhabbatdir. Tobe xodim o‘z xo‘jayini bolasini silab iljaygani esa zo‘raki muhabbat.

Bugun tushunchalarning almashtirib qo‘yilishi haqida gaplashsak. 30 yil bizning qulog‘imizga ma'naviyat deya qo‘rg‘oshin quyishdi. Asl ma'naviyat esa allaqchon mamlakatni tark qilgan edi. 

Bugun dazmolni yoqsangiz ham zakovat degan so‘z eshitiladi. Zakovat so‘zining siyqasini chiqarib, uni eshitgan odamlar qayt qiladigan holga olib kelishdi.

Ammo aql-zakovatlimiz deb bong urayotganlar xorijdagi hisobdan O‘zbekiston ichidagi vatandosh hisobiga oddiy to‘g‘ri pul o‘tkazish tizimini ham joriy qila olishmagan. Millatning pulini har xil «Vestern yunion»lar tuya qilib yotibdi.

Partiya tuzmoqchi bo‘lgan Xidirnazar Allaqulov o‘tkazayotgan yig‘ilishga shallaqi xotinlarni boshlab kelgan nusxa o‘zini matbuot vakiliman, paloncha obunachim bor, deb yoqangizdan oladi.

Aslida buning otini shantaj deydi. Bu holatning blogerlik yoki jurnalistikaga aloqasi yo‘q.

Tuman tarqaldi. Front chizig‘i ko‘rindi. Kim davlat, kim millat tarafida, kim millat va erkinlik dushmani ekani ayon bo‘ldi.

Bilgich og‘amiz Eldor Asanov yozgani ayni haqiqat:

«Ko‘p davlatlarda bu kabi faollar, marginallar, shartli “shallaqi”lar, odatda hokimiyatni tanqid ostiga oladi. O‘zbekistonda esa “men vatanparvarman”, “to‘g‘riso‘zman”, “xalq bilanman”, deb ko‘ksiga uradiganlar real korruptsionerlar qolib, monopolistlar qolib, xalqni o‘ylamaydigan amaldorlar bir chetda qolib, qo‘rqa-pisa biror o‘zgarish qilishga, biror yangi fikr aytishga jazm etgan kuchsiz, qo‘lida biror ta'sir vositasi yo‘q, oyog‘ining tagida poydevori shakllanib ulgurmagan odamlarga tashlanadi, zo‘r berib hokimu amaldorlarni himoya qiladi.

Tulkining kuchi tovuqlarga yetadi, degani shu bo‘lsa kerak. Yelkalarida o‘tirgan xojalarini jon berib himoya qiladiganlarni hech qachon tushuna olmasam kerak.

Lekin bundan-da qo‘rqinchli bir masala bor. Bu “himoyachi”larda biror tuzuk siyosiy argument yo‘q. Siyosiy bahs, mafkuralar to‘qnashuvini ko‘rmayapmiz. 

Shunchaki yoqmagan odamga “vatan xoini”, “xalq dushmani” yorlig‘ini yopishtirishlarini, hatto O‘zbekiston onasining mahriga qolganday, “O‘zbekistondan chiqib ketishsin”, deyishlarini ko‘ryapmiz. 

Yoqmagan odamni dushmanga chiqarib, mamlakatdan chiqarib yuborib, keyin “ana xoin, chetda yuribdi”, deyish Stalin qatag‘onlaridan qolgan dunyoqarashdir. 

Bunday dunyoqarashdagi odamlar oramizda hali ham ko‘pligi juda qo‘rqinchli, do‘stlar. Jamiyat faqat fikrlar xilma-xilligi negizida sog‘lom rivojlanishi mumkin.

Sizga yoqmagan fikr, albatta, butun jamiyat uchun zararli yoki xavfli bo‘lmaydi. Bu fikrni aytgan odam, albatta, sotqin bo‘lmaydi. Shunchaki jamiyat turfa odamlardan iborat, har kimning o‘z fikri, dunyoqarashi, o‘z muammosi bor. Bir-birimizga toqatli bo‘laylik, qorong‘u xonada qora mushuk, dushman yo‘q joyda dushman qidirmaylik».

Qisqa xabarlardan keyin mavzuni davom ettiraman

Qisqa xabarlar

Toshkentlik ayol qarzini uzish uchun navoiylik qizni Turkiyaga sotib yubordi.

***

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida 18 yoshli yigit qaynotasi va homilador xotinini chopqi bilan chopib tashladi.

***

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida 4 yigit kelinoyisiga gap otgan erkakni belkurak dastasi bilan kaltaklab, ayollar ro‘moli bilan bo‘g‘ib o‘ldirdi va jasadni kanalga oqizib yubordi.

***

Navoiy viloyati Nurota tumanida erkak rashk sabab xotinini pichoqladi.

***

Dunyodagi eng adolatli Xonqa sudi tomini shamol uchirib ketdi.

***

Afg‘onistonda 12 yoshdan oshgan qizlar va yosh ayollarning jamoat joylarida, ommaviy tadbirlarda kuylashi, raqs tushishi rasman ta'qiqlandi. Ular bundan buyon ko‘chada hatto mamlakat madhiyasini ham aytishi mumkin emas. Kuylash va o‘ynash endi faqat bachchalarga qoldi.

***

«Bizaga bo‘louradi. Yevropaga sholpillab qoladi». Yevropa voz kechgan AstraZeneca vaktsinasi O‘zbekistonga keltirildi.

***

Bizda inson qadri ham avvalgilarga o‘xshamas. Bu shunchaki qo‘shiq satri emas. Achchiq reallik. Shafqatsizlik va bizni tark etgan mehr- oqibat. Ko‘rayotganingiz bu ikki go‘dak – Sardorbek va Azizbekning gunohi ne edi? Nimaga ularni o‘ldirishdi? 

Samarqand viloyatining Payariq tumanida joriy yilning 13 martida 2007 yilda tug‘ilgan aka va 2013 yilda tug‘ilgan ukani o‘ldirib, murdalarini yoqib, ko‘mib yuborganlikda gumon qilingan Ozoda Tog‘aeva ushlandi.

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Payariq tumani prokuraturasi tezkor tergov guruhi tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida voyaga yetmagan qurbonlar jasadi tumandagi Navoiy mahallasidan topilgan.

Aniqlanishicha, Navoiy mahallasida yashagan Ozoda Tog‘aeva ismli ayol o‘tgan shanbada qo‘shnisi Marhabo Tuyg‘unovaning  uyiga o‘g‘irlikka kirgan. U pul va qimmatbaho buyumlarni qidirayotgan paytda Marhabo opaning  o‘g‘illari maktabdan uyga qaytib, beixtiyor ayolning jinoyatiga guvoh bo‘lib qolishgan.

Ozoda Tog‘aeva o‘z jinoyatini yashirish maqsadida bolalarni avrab, o‘z uyiga olib chiqib ketib, ikki bolani belkurak bilan urib, o‘ldirib, jasadini yoqib, hovlisiga ko‘mgan.

Rassom Tuzga maktub

Assalom alaykum, Tuz og‘a. Sog‘-salomatmisiz. Aka, bir narsa mening asabimni buzdi. O‘g‘lim Toshkent shahri chempionatida yunon-rim kurashida qatnashib, 70 kg vaznda g‘olib bo‘ldi.

Toshkent shahri hokimligi rag‘batlantirmadi ham. Jahongir  Ortiqxo‘ja degan monopolist hokim kurashchi yoshlarni qo‘llab- quvvatlasa bo‘lardi-ku.

Men Janubiy Koreyada yashab, ishlayman. U yerda Seul shahri chempioni bo‘lgan kurashchi yoshlarni TVda ko‘rsatadi. Rag‘batlantiradi… Mana shu tanqidiy gaplarimni videodasturingizda o‘xshatib gapirsangiz, zora O‘zbekistonda kurashchi polvonlarga ham e'tibor berilsa… Oldindan rahmat.

Qirg‘izlarga nega tez yordam mashinalari sovg‘a qilindi?

Yaqinda bir mulozim tez yordamning bitta borishi 140 ming so‘mga tushyapti, deb og‘ringan edi. Endi esa hukumat hech kimdan so‘ramay, o‘nlab tez yordam mashinasini Qirg‘izistonga sovg‘a qildi.

Bizning soliqdan to‘lagan pullarimizga nega Qirg‘izistondagilarga tez yordam mashinasi berilishi kerak? Davlat  qirg‘izlarga bunday mashina sovg‘a qilguncha, o‘sha mashinalar o‘tib ketgan Xo‘jaobod tumanidagi tez yordam mashinalari ahvoliga bir qarasa yaxshi bo‘lardi.

Men doim har qanday muammoni, u hatto kichik bo‘lsa ham sud hal qilishini istardim. Mana bu da'vo arizasi «Toshkent oqshomi» degan bir shisha aroqni qo‘shnidan qarzga olib qaytarib bermayotgan hamsoya haqida. Faqat kulmang. 

SSSRning nimasi yaxshi-yu, nimasi yomon edi?

Bundan 30 yil oldin o‘zbeklarga SSSRda qolasizmi yo og‘ilxonaning eshigini ochib bersak, tarvaqaylab qochib ketasizmi, deb savol beriluvdi.

O‘shanda hisoblagichi yo‘q, ammo uzluksiz yonadigan gaz bor edi. Gugurtni ayab, gaz ertadan kechgacha yoniq turardi. Gugurt bir tiyin edi. Bir farroshning oyligiga 6 ming pochka gugurt berardi. Farrosh 60 so‘m oylik olardi. Qiladigan ishi ertalab kelib, shvabra bilan yuvib chiqardi to‘rtta kabinetni. 

Keyin kuni bilan pista sotardi. Xullas, uning oyligiga 70 kilo oqqand berardi. To‘rt qop un. 15 shisha zo‘r aroq olsa bo‘lardi- «Vodka Moskovskaya». Xullas, shunaqa. Melisalarning qo‘lida dubinka yo‘q edi.

Bir-ikki milisa qazi ko‘tarib yurganini ko‘ruvdim. Maqlas buni, oka, desam, 15 sutkaga qamalgan bittasi qazini yaxshi ko‘rar ekan, ashinga, dedi.

Ana, 15 sutkaga qamalganlarga shashlik va kompot berilardi. Moshinalar qulplanmasdi. Uylarda umuman qulp yo‘q edi. Hozirgi «Porsh»dan ham zo‘r «Zaporojets» mashinasi 3 ming so‘m edi.

O‘sha farrosh xola bu pulni ikki oyda pista sotib topardi. Bir stakan pista 10 tiyin edi. O‘ris qizlarga, idi suda, devushka, mana senga semichka, desangiz anqayib ergashib ketourardi.

Eshaklar bemalol o‘tlardi. Ularni so‘yib yeydiganlar Xitoydan nariga jilmasdi. Ashnaqa zamonlar edi-ya omo-lekin.

SSSRda eshaklar bemalol o‘tlardi, ammo…

Gastronom do‘konlariga arzon go‘sht kelsa, navbat ikki kilometrga cho‘zilardi. 

Galantereya do‘konlarida faqat “Shipr” atirlari sotilardi. 

“Tet-a Tet” anqoning urug‘i edi. 

Hammadan bir xil hid kelib turardi.

Ko‘chalarda mors va kvas sotilardi. 

Morsdan benzin hidi anqib turardi.

Oq saqich topilmasdi, qora saqich kilolab sotilardi.

Sport ishtonlari uch so‘m turardi, lekin bir marta yuvsangiz, tizzasi qopga o‘xshab osilib qolardi.

O‘zbekiston 6 million tonna paxta chiqarardi, lekin paxta ko‘ylak “padprilapka” sotilardi. 

«Zaporojets» mashinasi olish uchun 10 yil navbatda turish kerak edi.

O‘rischa bilmasangiz, harip hisoblanardingiz. 

Toshkentda o‘ris opalar o‘zbek oqsoqollarini bemalol «babayka», yoshlarni esa «baran» deb chaqirardi. Hech kim xafayam bo‘lmasdi. 

“Mening og‘am rus erur”, degan she'rni aytib yurardik gorn chalib.

O‘ris ayoliga uylanganlar olqishlanardi, kar'era qilardi Islom Karimovga o‘xshab. 

O‘zTV bo‘lardi. Ertalab ikki soat, kechqurun 6 soat ishlardi. 

Oyda bir marta hindcha kino qo‘yishardi. Mahallada 10 xonadonga bitta televizor bo‘lardi.

Toshkentda bitta masjid bor edi, Qur'on o‘qish taqiqlangandi. 

Namoz o‘qiganlar jamiyatga yot unsur sifatida qora ro‘yxatga kiritilardi. 

DXXni KGB deyishardi. 

Nomi bor, o‘zi yo‘qdek edi. Odamlar yo‘qolib qolsa, hech kim so‘ramasdi. 

Tabobat bepul edi, lekin shpritslar qaynatilardi. 

Ana shunaqa zamonlar edi.

Qonun o‘rniga «ponyatka»

Shu kunlarda yo‘l qoidasini buzganlar haqida pul evaziga xabar berish kerakmi yo yo‘qmi, degan bahs bormoqda. Insoniyat borki, xabar pul turadi.

«Palon narsa haqida xabar bergan odamga palon oltin beraman», deyiladi ertaklarda. Qizingiz tug‘ibdi, deb suyunchilaganga suyunchi puli beriladi. Shu jinoyatchi haqida xabar berganga 50 ming dollar beramiz, deyiladi AQShda.

O‘zbekiston ham insoniyatning bir parchasi. 35 million odam birni ikki qilsam, deb o‘ylaydi. Zinhor filantrop emas. Mullalarni tergov qilgan operlar yaxshi biladi chaqimchilik qanday keng tarqalganni. Qissadan hissa ham shu. Xabar – bu pul.

Mana, siz temir yo‘l yaqinidan o‘tib boryapsiz. Birov shpal tagiga bomba joyladi. Bu haqda xabar bersangiz, Kusherboev nazarida «kozyol» bo‘lasiz.

Ammo xabar bermasangiz, 10 minutdan keyin o‘tadigan Toshkent-Samarqand poezdi ichida xotiningiz, ikki bolangiz bilan kelyapti. «Vorovskaya ponyatka»ga sodiq qolaman, deb bola-chaqadan ayrilish kerakmi?

Siyosiy munozara o‘rniga yo diniy, yo jinoyatchilar «ponyatka»sini tiqishtiradigan neondartal jamiyat o‘sha poezd portlaganday portlab, yo‘q bo‘lib, kukunga aylanadi. Meni aytmadi demanglar. Chantrimore.

Bloger Shahnoza Soatova fikrlari

Anchadan beri feysbukda qoidabuzarlik to‘g‘risida xabar berish haqida yana bahs qizigan. Bloger Shahnoza Soatova bu haydovchilar jamiyatining radikalligidan bezib ketib, oxiri fikrlarini tizimlashtirib yozib qo‘yibdi. O‘qiymiz:

1.  Bu mamlakat faqat haydovchilarniki emas. Mashina haydab tirikchilik qilayotganlar qancha bo‘lsa, piyoda tirikchilik qilayotganlar undan ko‘p. Faqat haydovchilar uchun, avtomobillar uchun qulay sharoit so‘rash adolatsizlik.

Yil sayin soni oshib borayotgan avtomobillarning barchasiga turargoh yetkazolmaysiz.  Ularni nazorat qilish uchun DAN xodimlari sonini ko‘paytirishga soliq to‘lovchi sifatida qarshiman.

Men 2004 yillarda mashina haydaganman, 6 oy haydab, oylikka mashina haydab bo‘lmasligini tushunganman, xarajatlarini ko‘tara olmaganman. Shuning uchun yo‘l qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni oyliklarga moslash fikrini qo‘llamayman.

Oylikka qaram odam mashina minolmaydi, deb bilaman. Jarimalar odamlarni tarbiyalash uchun yetarli miqdorda bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, 10 ming to‘lab, qizilga o‘tib ketaveradi odamlar. 

2.  Shaharni piyodalarga qaytaring. Jamoatchilik transporti, veloyo‘laklar, piyodalar yo‘laklarini ko‘paytirib bering, hurmatli mutasaddilar! Hadeb avtomobillar uchun yo‘l kengaytirib, mashina sotilaversa, bu pufakni shishirilaversa, bir kun yoriladi.

Istiqbolni o‘ylanglar: piyodalar va velosipedchilar uchun sharoit yaratib bering. Mashina yo‘llarini ta'mirlab tugatolmaysiz bunaqa hajm ortishida baribir. Odamlarda metro, tramvay, avtobus kabi muqobil transport variantlari bo‘lishi kerak. Qachongacha bu boradagi ishlar loyiha darajasida qolib ketadi???

3.  Yo‘llarda yiliga 2-3 ming odam o‘lyapti. Farzandingni maktabga jo‘natish urushga jo‘natishdek gap bo‘lib qoldi. Masalan, bundan uch yil avval o‘g‘limning sinfdoshini mashina urib ketgandi.

Shundan beri juda qo‘rqaman va men bu qo‘rquvlarimda asossiz emasman. Mashina haydagan odamda mashinani haydamaslik yoki qoida buzmasdan haydash kabi muqobil variantlar bor. Ammo qoidabuzar bosib ketgan odamda variant qolmaydi.

Haydovchilik va piyodalarning yo‘llarda yurish madaniyati yomonligini bilamiz. Yo‘llarni silliq qilib qo‘ysa, bu muammolar hal bo‘lib ketmaydi baribir.

4.  “Kozyol”, “sotqin” degan iboralarga ehtiyot bo‘lish kerak. Masalan, Amerikada birovning ko‘chirmakashlik qilayotganini professorga xabar berish chaqmachaqarlik yoki xiyonat hisoblanmaydi. Bu bilan talaba hamma uchun teng imkoniyatlar so‘rayotgan bo‘ladi.

Bizda allaqachon “sotqinlik”, “kozyollik” kabi tushunchalarimizni qayta baholash vaqti yetdi. Sovet davri komplekslaridan chiqib fikrlaylik. Dalil yig‘uvchi dalil yig‘uvchi, xolos. Bu dalillardan kimdir adolatsizlik yo‘lida foydalansa, o‘sha javob bersin.

Lekin qoidabuzarlik va jinoyat haqida xabar berish yomon ish emas (pulgami, tekingami – keyingi masala, buni, umuman olganda, aynan haydovchilarga hech ta'siri yo‘q).

Keyin, hurmatli haydovchilar, vatanni sotadi, jamiyatda bo‘linish, jadidlarni ham shunaqalar sotgan, degan balandparvoz gaplarni qo‘yaylik. Tan olinglar: qoidabuzarlik uchun jarima to‘lash muqarrarligi yoqmayapti. Ammo qoidani buzmasangiz, jarima to‘lamaysiz.

Xullas, bu bahsda konstruktivizm kerak. Ertalab ishga kelayotganimda yo‘llar tiqilinchligini ko‘raman. Har mashinada 1 ta yoki 2 ta odam bo‘ladi. 30 daqiqalik tiqilinchni hosil qilgan mashinalar ichidagi odamlarni yig‘sangiz, bitta avtobusga sig‘ardi. Afsuski, buning uchun zarur tizim yo‘q. 

Kelinglar, rivojlangan mamlakatlardadek jamoatchilik transporti va boshqa muqobil transport vositalari uchun sharoitlar so‘raylik. Chunki “nogahon bu arg‘umoq ostingda bo‘lg‘ay-bo‘lmag‘ay” deganlaridek, minib yurganingiz markab bir kun kelib sizda bo‘lmasligi mumkin.

Qorinja kitobi

Ëshi ulug‘ og‘alarimdan biriga yaqin o‘tmishda o‘zim guvoh bo‘lgan siyosiy voqealarni gapirib berganimda¸ bularni bir kitob qilib yozib qo‘y, deya nasihat qildi.

Hali kitob yozishni boshlaganim yo‘q, ammo yozilajak kitobning nomini aniq bilaman.

Bu kitobning oti «Qorinja kitobi» bo‘ladi.

Hali maktabga borib, qorinjaning chumoli ekanini bilmagan paytimda ham bu mayda, ammo intizomli hasharotlarni ko‘p kuzatganman.

Kichkina bo‘lsa ham maqsad sari duzanli bir tarzda intiladigan qumursqalar hayotda bir narsaga erishmoqchi bo‘lgan har kim uchun bir o‘rnak bo‘la oladi.

Ëshligimda Hamza teatrida qo‘yilgan «Inqilob tongi» spektaklini bir necha bora tomosha qilganman.

Avvaliga rassom Otaxon og‘a da'vat qilib, «Bor ko‘r¸ dekoratsiyasi juda zo‘r¸ ustozim Brimning shoh asari», dedi.

Menga bu spektakldagi dekoratsiyadan ham ko‘ra, O‘zbekiston tarixidagi ikki SSSR xalq artistining dialogi ma'qul keldi.

Sahnada Buxoroda demokratiya o‘rnataman deb odamlarni ko‘chaga, mitingga olib chiqqan va amir tarafidan o‘qqa tutilib hafsalasi pir bo‘lgan Fayzulla Xo‘ja (Ëqub Ahmedov ijro qilgan) onasiga (Sora Eshonto‘raeva o‘ynagan) zorlanadi:

– Ona, charchadim¸ butun harakatlarim chippakka chiqdi. Xuddi cho‘lu biyobonda uzoq vaqt suv qidirib, chashma oldiga keldim-u, chashma esa qurigan bo‘lib chiqqan kabi holatdaman.

Ona esa o‘g‘liga dalda beradi:

– O‘g‘lim chashma qurigan bo‘lsa, g‘oz o‘rningdan tur-u, yana yangi chashmani qidirib yo‘lga tush. Agar u chashma ham qurigan bo‘lsa, ruhingni tushirmasdan, yana g‘oz turib yangi chashmani qidirib odim ot. Chashmani qidir. G‘oz turgin-u, oldingga intil!

Turkiston taraqqiy topsin, millat ittihodga qovushsin deya kurashgan va bu kurash yo‘lida o‘ldirilgan Fayzulla Xo‘janing harakati, nazarimda, maqsad sari sekin bo‘lsa ham ilgari yurgan chumolining harakatiga mengzar edi.

Rahmatlik enamdan eshitgan naql budir:

Qorinja (chumoli) hajga boraman deb yo‘lga chiqibdi. Atrofdagilar uning ustidan kulib, shu zaif oyoqlaring bilanmi¸ deya mutoyiba qilishibdi.

– Ha, shu zaif oyoqlarim bilan. Balki men hajga yetib bora olmasman, lekin hech bo‘lmasa yo‘lda o‘laman. Maqsad yo‘lida.

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida qaynota uyiga ketmoqchi bo‘lgan kelinini so‘yib tashladi.

G‘aflat uyqusidan ko‘zing och! Boq zamona,

Ilm ayla! Maorif tutuni to‘ldi jahona,

Soldi hama millat bu maorifga xazona,

Biz millat etub or ila nomusi bahona,

Na maktab ilm o‘ldi, na bozorda tijorat,

Xushk o‘ldig‘imiz boisidan bo‘ldi kasolat.

Olimlarimiz ichar tama birla adovat,

Davlat elida kibru havo birla safohat,

Faxr ahli aro fisqu hasad etdi davomat,

Xotun, eru qiz yoshu qari ichra jaholat,

Topsunmi taraqqiy yana bizlarda kamolat,

Ketsunmi taassuf elidan bo‘g‘zu adorat?

Inson esang o‘lgil hama dam tolibi millat,

Ziynatlasun abadaniy g‘ayrat ila himmat,

Munosabatim 

  1. Domlaning uyi oldida o‘z qanjiqlarni yetalab olgan semiz cho‘chqa paparoza tixirligiga IIB tarafidan qonuniy baho berilishi kerak. 
  2. Jinoyat olami «ponyatkalarini» tiqishtirayotgan Kusherboevni qoralayman. 
  3. Yangi lotin alifbosi 1929 yilgi ilk variantga qaytayotganini olqishlayman. 
  4. Sardor Salim va Eldor Asanov kabi bilgich og‘alarning bitta X bo‘lishi kerak, degan gapini to‘la qo‘llayman. Turkiyada ham bitta X. Bu narsa ulardan Nobel oladigan darajadagi yozuvchi chiqishiga xalaqit bermadi. Ts harfining keragi yo‘q. Zo‘rlab tiqishtirilgan. Talaffuzda baribir S deymiz. Sirk deymiz, tsirk emas. 
  5. Qo‘shinalarga padarka deb, xalqdan so‘ramasdan, yerlarni bervorishni darhol to‘xtatish kerak. 
  6. Karantinni bahona qilib, siyosiy faollikni o‘ldirmoqchi bo‘lganlarga qarshiman. 
  7. Ëshlar ittifoqi va Ëshlar agentligini tarqatvorib, unga ajratilgan pulning hammasini yo‘llarni asfaltlashga sarflashni talab qilaman. Bo‘ldi, shu yetti talabim. (Yana bir iltimosim bor. Xalqning orasida prezervativ kiyib jinsiy aloqa qilishni targ‘ib etish kerak. Ikkita bolam bor, erim tug‘dirganda tug‘dirib, o‘zining nosiga pul topolmayapti, yordam bering, deb portalma portal yuradigan yosh onalar kamayarmidi balki).

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
5 oktyabr 2023
XIX asr o‘rtalariga kelib Turkistondagi uch mamlakat – Qo‘qon, Xiva va Buxoro xonliklarini uch yirik imperiya – Buyuk Britaniya, ...
18 mart 2019
Yakutsk shahrida mahalliy ayolning zo‘rlangani haqidagi xabardan so‘ng, 17 mart kuni kechqurun o‘rta osiyolik migrantlarga qarshi stixiyali norozilik mitingi ...
23 avgust 2017
Muhammad Solih shoir va siyosatchi. 1949 yil 20 dekabrda Xorazmning Urganch tumanida dunyoga kelgan. Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakulteti ...
14 sentyabr 2023
O‘zbekistondan Rossiyaga uchib kelgan 22 yashar Hasanboy Muhammadjonov bir kunda ikkita odamnining kallasini olishga ulgurdi. 12 sentyabr kuni u Moskvada hibsga olindi. Biroq ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...