Asosiy mavzular
24 may 2021

Advokat: «Qotillik bo‘yicha hukm dalillarga zid va ruhiy bosim asosida chiqarildi»

21 may kuni Chirchiq shahri jinoyat ishlari sudi 22 yoshli Akmal Sultonovni rus ayolini qasddan o‘ldirganlikda ayblab, 10 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Ayblanuvchining advokati Dilshod Jabborov «Eltuz»ga bu hukmning ayblanuvchiga bosim, qiynoqlar yordamida olingan iqror va uydirilgan tergov dalillari asosida chiqarilganini bildirdi. (Foto: Tatyana Yatsenyuk va Akmal Sultonov)

Voqea 2020 yilning 29 sentyabr kuni Chirchiq shahrining 2-mikrorayonidagi kvartirada sodir bo‘lgan. Shu kuni kechqurun keksa yoshdagi rus ayoli Tatyana Yatsenyukning jasadi o‘z kvartirasida osilgan holda topilgan. Sud ekspertizasi ayolning avval kaltaklanib, chalajon qilinib, keyin jasadi vannaxonaga osilganini tasdiqladi.

Chirchiq shahri prokuraturasi tergovchilari ikki shaxs, marhumaning o‘g‘li Aleksey va uning do‘sti Akmal Sultonovni qotillikda gumon qilishadi.

Alekseyning shu kuni uyida bo‘lmagani, toqqa chiqib ketgani tasdiqlangach, asosiy gumondor sifatida Akmal Sultonov tergov qilinadi. 

Sultonovning advokati Dilshod Jabborovning «Eltuz»ga bildirishicha, tergov jarayonida tezkor xodimlar Sultonovni qo‘rqitib, jinoyatni bo‘yniga qo‘yish uchun boshqa bir odamni olib kelib, uning ko‘zi oldida qiynashgan.

“Tezkor xodimlar fakt va isbot topa olmaganidan keyin uni bir xonaga olib kirib o‘zlari bir stsenariy o‘ylab topishyapti. Ya'ni boshqa shaxsni o‘lasi qilib kaltaklashyapti buning ko‘z oldida. Haligi odam hushidan ketib qolganidan keyin uni sudrab olib chiqib ketishyapti. Tezkor xodim aytyapti: “Men hozir charchab qoldim-da. Endi senga navbat keldi. Hozir qaytib kelib seni shu holatga solaman…”, deydi o‘z mijozining so‘zlaridan iqtibos keltirib advokat Dilshod Jabborov.

Akmal Sultonovga nisbatan ruhiy bosim tergov stenografiyasida ham aks etgan. Tergovchi Ruslan Boborahimov gumonlanuvchiga haqoratli va shaxsini kamsituvchi, uyat so‘zlarni ishlatib munosabatda bo‘lganini anglash mumkin.

“Tergovchi “priznanka”(iqror) olish uchun diktofonni qo‘shgan paytda Akmal yig‘layapti, tergovchi bo‘lsa unga uyat so‘zlar bilan so‘kinib baqiryapti”, deydi advokat.

Tergov stenografiyasidagi so‘kinishlar aks etgan parcha: Tergovchi – A. Gumonlanuvchi – B harfi bilan belgilangan.

Advokat Jabborovning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki tergov paytida qilingan sud tibbiy ekspertizasidagi ayolga tan jarohatlari yetkazilgani va o‘limi qayd etilgan vaqt bilan Akmal Sultonovning iqroridagi vaqt orasida ham farqlar bor:

“Ekspertiza xulosasi bo‘yicha kampirning o‘limi kechqurun soat 4 dan keyin sodir bo‘lgan. Sababi, Akmalning tergovda bergan ko‘rsatmasidan xabari bo‘lmagan ularning. Akmal o‘zining aybiga iqrorlik ko‘rsatmasida esa kunduz soat 1.30 da bo‘g‘ib o‘ldirdim, degan. Bu bilan Akmalning bergan ko‘rsatmasi yolg‘onligi isbotlanyapti”.

Buning ustiga, marhumaning qo‘shnilari shu kuni kampirning soat 3 yarimlarda tirik holda hovlida yurganini ko‘rishgan.  Akmal bo‘lsa uyidan soat 1.30 larda chiqib ketib, kechqurun 7 largacha qiz o‘rtog‘i bilan birga bo‘lgan.

«Eltuz»ga taqdim etilgan, shaharda o‘rnatilgan videokamera yozuvlarida Akmal Sultonovning qiz o‘rtog‘i bilan “Seul” kafesida o‘tirgani va shaharda sayr qilayotgani aks etgan.

Voqea yuz bergan paytda Akmal qiz o‘rtog‘i bilan "Seul" kafesida bo‘lganini videokuzatuv kamerasi qayd qilgan

«Eltuz» Akmalning onasi Lola Sultonova bilan ham gaplashdi. Uning aytishicha, o‘g‘li Aleksey bilan do‘st bo‘lgan, ular oilaviy do‘stona aloqada bo‘lib, keksa onasiga ham hurmatda bo‘lishgan.  

Buning ustiga, Lola Sultonovaning aytishicha, kampir oldin ayovsiz kaltaklangan, yuzlarini momataloq qilib urishgan. Yuziga yostiq bosishgan, yostiqda ham qon izlari qolgan. O‘g‘li bu ishni qilishi mumkin emas edi. Chunki uning o‘ng qo‘li ishlamaydi, yaqinda operatsiya bo‘lgan va panjalariga spitsa qo‘yilgan.

Advokat Jabborovning so‘zlariga ko‘ra, uning mijoziga nisbatan qiynoq va ruhiy bosimlar ostida, uydirilgan ish bo‘yicha chiqarilgan hukm prezident Shavkat Mirziyoevning BMTning inson huquqlari bo‘yicha 46 sessiyasida so‘zlagan “qiynoqlar va noinsoniy munosabatda bo‘lish holatlarini” tugatish haqidagi gaplarini ham inkor qilmoqda.  

“Akmalga ayb qo‘yilishining yagona sababi tergov xodimlarining professional bilim darajasi yetishmasligi va haqiqiy qotilni topish imkoniyalari yo‘qligidir. Ularning maqsadi soddaroq bir bolani qo‘rqitib bo‘yniga qo‘yish bilan ishni yopib yuborish bo‘lgan”, deydi Jabborov.

Advokat mijoziga chiqarilgan hukm ustidan apellyatsiya shikoyati berishini bildirdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 may 2015
«Aka buni unutib bo‘lmaydi, xali xech kim unutgani yo‘q. Yosh bola xam biladi. O‘qqa tutilgan mashinalar xam xamon 25 ...
13 dekabr 2017
12 dekabr kuni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) O‘zbekistonda hukumatning majburiy mehnatni tugatish choralarini ko‘rgani haqida bayonot berdi. XMT saytidagi ...
30 may 2017
Respublikadagi ko‘plab informatsion dasturlarning yopilishi evaziga tashkil qilinayotgan «O‘zbekiston 24» telekanali 27 iyundan efirga chiqadi. Bu kanal dasturlari O‘zbekiston ...
6 iyun 2018
Majburiy mehnat monitoringi bo‘yicha 4 iyun kuni Navoiy viloyatlariga borgan jurnalist Malohat Eshonqulova uchastka noziri kapitan Odil Qurbonov tomonidan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...