RTdan va'z: Ko‘zini ochgan tabibni o‘ldiradiganlar yurti
Surxonga nur yog‘di, jonlandi olam,
Go‘yo farishtalar bo‘lganidek jam.
Otamiz keladir mard tashlab qadam,
Surxonga jannatdan shamol yeladi,
Ey xalq, sevin, bugun Sarbon keladi
Buni o‘qigan odam Islom Karimov go‘ridan turib, Samarqanddan Surxonga kelyaptimi, deb o‘ylaydi. Aslida unday emas, Karimov yotibdi qabrda qurtlarga yem bo‘lib. Gap shundaki, Surxonga Mirziyoevning borishini ana shunday madhiyalar bilan qarshi olishmoqda. Avvaliga qisqa xabarlar bilan tanishtirib o‘tsam, keyin she'rni qolgan joyidan davom ettiraman.
Qisqa xabarlar
O‘zbekiston tarixida ilk bor bir kishi uchun bir oylik iste'mol xarajati 440 ming so‘m qilib belgilandi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga ko‘ra, iste'mol xarajatlarini hisoblab chiqishda jon boshiga 2200 kkal miqdoridagi kunlik oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar e'tiborga olingan.
Oyiga 440 ming so‘mdan kam daromad topasizmi? Agar bu savolga “ha” deb javob bersangiz, demak, siz qashshoqsiz.
—
Tayloqda 9-sinf o‘quvchisi ikki amakivachchasi bilan maktab direktori o‘rinbosarini uning xizmat xonasida tepkilashdi. Bunga o‘qituvining imtihonga kechikib borgani uchun o‘quvchiga tanbeh bergani sabab bo‘lgan. Bolalar endi qamalishi mumkin. Ustozsevar millatmiz degan joyiga to‘g‘ri keladi.
Qozog‘istonda Chevrolet Equinox ishlab chiqarish va sotish boshlanibdi.
Avtomobilning narxi o‘zbek so‘mida 310 mln. so‘m atrofida bo‘ladi.
O‘zbekistonda esa bu rusumdagi mashinani boj to‘lamasdan 414 mln. so‘mga xarid qilish mumkin. Ashinaqa, bo‘zchi belboqqa yolchimas, kulol — mo‘ndiga.
Qoraqalpog‘istonda «Qizil kitob»ga kiritilgan, brakonerlar tomonidan otib o‘ldirilgan 11 ta jayron. Shoxlarini ham kesib ulgurishgan. Zarar 134 mln 750 ming so‘m deb baholanib, jinoyat ishi ochildi.
Lekin ayiq va jayronlarni otib ketgan o‘risga qulluq qilindi, vertolyot berildi, o‘ljani olib kelib berish, dumini likillatib turish uchun tozi it qilib bir o‘zbek ham berildi. Ana shunaqa.
—
Toshkentlik 29 yoshli «erkak» 9 yilga qamaldi. U 5 yashar o‘g‘lini «iznsiz ovqat yeding» deb, urib o‘ldirgan edi. Bolasevar o‘zbeklar.
Xorazm. Yangiariq. «Neksiya» mashinasi so‘nggi qo‘ng‘iroqdan qaytayotgan 11 o‘quvchiga borib urildi. 4 o‘quvchi o‘ldi. Haydovchi qamoqda.
Shofirkon tumani Jo‘yrabod MFY raisi o‘z xizmat xonasida ish vaqtida aroq ichib o‘tiribdi. Murojaat qilib borgan fuqaroni “ketingni ayiraman”, deb orqasiga tepdi. Videodan bahra oling.
+++
«Al Jazeera» telekanali muxbiri Agneshka Pikulitska-Vilchevska tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilgani sababli Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Agneshkani la'natlayotganlar Shimoliy Koreya tutumidagi «musaffo osmon matbuoti» bilan yashash kabi baxtiqarolikka mubtalo bo‘ladi. Rassom Tuz aytmadi, demang.
Qisqa xabarlar edi. Endi esa tarmoqda shov-shuv uyg‘otgan she'rning davomini o‘qib bersam:
Kutdik necha oylab, ko‘zlar intizor,
Qalblarda sog‘inch va muhabbat bisyor.
Metinmiz, ilg‘ormiz, toki U zot bor,
O‘zbekning ko‘ksiga faxr to‘ladi,
Ey xalq, sevin, bugun Sarbon keladi
Mehrimiz payvasta, duodadir qo‘l,
Xush keling bexatar, tilaymiz oq yo‘l,
Bosgan izingizdan unsin rayhon, gul.
Sevinchdan, sog‘inchdan lablar kuladi,
Ey xalq, sevin, bugun Sarbon keladi.
Ey aziz Yurtboshim, mehribon otam,
Siz sabab zamon tinch, yashaymiz bekam,
Ishlaymiz boylabon bellarni mahkam.
Surxon eli sizga qalqon bo‘ladi,
Ey xalq, sevin, bugun Sarbon keladi.
Komila Abdullaeva, Termiz tumani hokimligi axborot xizmati.
Usmon Azim¸ Xurshid Davronlar ham xuddi Shimoliy Koreyadagi Kim Chin Ir davridagi kabi shaxsga sig‘inish qilib tashlashdi. Bir vaqtlar G‘afur G‘ulom va Hamid Olimjon va boshqalar Stalinga she'r yozdi, Leninga atab she'r yozdi, qani o‘sha she'rlar? Mayli, Usmon Azim¸ Xurshid Davron¸ Mirza Kenjabek o‘z vaqtida saroy kavushiga patak qilinib, qo‘llanib bo‘lingach, saroydan tepilgan edilar.
Karimov Parkent¸ Bo‘ka va Talabalar shaharchasida, shuningdek, Andijonda odamlarni ottirgan zolim sifatida tarixga kirdi. U qurdirgan Jasliq qamoqxonasi xalqaro hamjamiyat tomonidan zamonaviy kontslager maqomini oldi.
Karimov O‘zbekistonda loaqal konvertatsiyani joriy qila olmadi. OVIR¸ chiqish vizasi kabi faqat Shimoliy Koreyada bor zindoniy amallarni mukammal qilib vatandoshlar holini qiyinlashtirdi.
Mamlakatga Rossiyadan pul yuborib turgan mehnatkashlardan «jirkanishini» aytib, ularni «dangasalar» deb atadi. Gaz¸ chiroq yo‘qligi bir yonga.
«Plastik obnali» esa bir yonda turib baraka ketdi.
Karimov qizlarining o‘g‘irligi, milliard-miliard dollar o‘margani xalqaro sudlarda isbotlandi.
Gulnoraning o‘zi mamlakat byudjetining 5 foizini o‘g‘irlagan (bir milliard dollar).
Shunday ekan, ko‘zingizni lo‘q qilib oching, madhiya yozuvchilar.
Hayot qofiya, turoqdan iborat emas.
Shavkat Mirziyoevni ikkinchi fir'avnga aylantirib qo‘ymang.
Bundan siz ham, u ham baraka topmaydi. Meni maqtamanglar, deya Mirziyoevning o‘zi aytgan.
Prezident Shavkat Mirziyoevni o‘tgan yili Bo‘ka tumanidagi «Sarkor» fermer xo‘jaligida oyoqlari ostiga yangi kafel yotqizgan holda kutib olishdi.
Rahbarlarni ko‘zbo‘yamachilik bilan kutib olish sobiq sho‘rolar davrida rivojlangan va hanuz davom etayotgan odat.
Ikki yil oldin Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida Mirziyoev ko‘rishi uchun yo‘l bo‘yida soxta issiqxonalar qurilgani xabar berilgan edi.
Yozuvchi Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» asarida rahbar kirgan molxonaga qimmat duxi sepilgani tasvirlangan.
Haqiqat bekorga aytilishi mumkin, ammo yolg‘on bekorga aytilmaydi.
Xushomad qilayotgan odam maqtalayotgan odamga muhtojdir, maqtalayotgan odam esa unga muhtoj emas. Shuning uchun xushomad, eng avvalo, xushomad qilinayotgan odamni haqorat qiladi.
Jurnalist Karim Bahriev rost va yolg‘on so‘zga ana shunday go‘zal ta'rif bergan. Uning bitiklarini sizga muxtasar o‘qib berishga qaror qildim:
Toshchalar tog‘ bo‘lar
Jamiyatda munosabatlar xushomadga qurilsa, bu millat uchun jiddiy fojeadir.
“Kattaga gap qaytarma, betgachoparlik qilma!” degan nasihatlar hali suyagi qotmagan bolaga qilinganda, ehtimol, tushunarlidir. Ammo u o‘zini tutib olgan xalqning hayot tarziga aylanmasligi kerak.
“Rost so‘zni dab-durustdan aytsang, xalq izdan chiqib ketadi. To‘polon bo‘ladi, janjal qo‘zg‘aladi…” degan gaplar xalqqa nisbatan adolatsizlikdir. Bu, birinchidan, xalqni o‘z fikriga ega bo‘lmagan, birov bir narsa desa, ergashib ketaveradigan amorf bir go‘dak sifatida fahmlashdan kelib chiqadi.
Ikkinchidan, buning oqibatida xalqni ozod insonlarga xos hurfikrlikdan mosuvo etish yurtni orqaga, tanazzulga sudraydi. Uchinchidan, aynan rost so‘zlash, rostlik qo‘zg‘olishi mumkin bo‘lgan janjallardan saqlaydi. Zero, to‘polonu fitna rost so‘zdan emas, hamisha aynan yolg‘on so‘zlarning, makkorlik va ayyorlikning natijasida yuzaga keladi.
Bugun rost so‘z aytilmagani natijasida yashirilgan illatlar ertaga to‘planib, yig‘ilib, ulkanlashib, katta bir bo‘hronni yuzaga keltiradiki, uning ertangi muqarrar zarbasi bugun rost so‘z aytilsa, keladigan zarbadan yuz bor, ming bora dahshatlidir. Muammolarni orqaga surib, o‘zini ovutishdan ko‘ra, ularni oshkor etish va yechishga kirishish kerak. Toshchalar yig‘ilib, bir kuni tog‘ o‘laroq el boshiga tushadi.
Endi, rostini aytganda, haqiqatdan qo‘rqaman, deya o‘zini yolg‘on bilan ovutish bir odam uchun ham uyatli bo‘lganiday, butun bir jamiyat uchun ayniqsa sharmandalidir.
To‘g‘riso‘zlik – odamning boshqa odam oldidagi, xalqi va millati oldidagi burchidir.
O‘tgan asrda to‘g‘riso‘zligi uchun hukmdorlar “telba” deb e'lon qilgan va mahbusxonaga tashlagan faylasufga qo‘shilib aytish mumkinki, men xalqimga hech qachon yolg‘on so‘zlay olmayman, chunki uning ko‘ziga hamisha uyalmay tik qarashni istayman.
Men xalqimning kamchiliklarini fosh etaman, chunki uni kamchiliklarsiz, barqaror, komil va sobit ko‘rishni istayman.
Men xalqimni tanqid qilaman, chunki uni sevaman.
Men xalqimga rost so‘zlayman, chunki uni hurmat qilaman.
(journalist, karim bahriyev)
Joxaning sitisi
Ortiqxo‘jaev bu qadar vasvasa bilan Toshkentni g‘orat qilayotganini tushuntirib bersam. Shu paytgacha yer davlatniki edi. Ortiqxo‘jaev hamma yerlarni o‘ziga olib bo‘lganidan keyin yer xususiy mulk deb e'lon qilinadi. Shu tariqa Toshkent quruvchilar, davlat idoralari, Oliy sud, DXX va prokuraturadagi juliklar mulkiga aylanadi. Biz dunyoda misli ko‘rilmagan firibgarlikdan iborat firib kampaniyasiga guvoh bo‘lyapmiz. Mana «Toshkent siti»dagi osmono‘par binolardan birining ahvol. Rang ko‘ru hol so‘r.
Bizga bu video yetib kelgan bir paytda Toshkent shahri hokimi jarangdor bayonot bilan chiqdi.
Jahongir Ortiqxo‘jaev shaharni boshqargan uch yil davomida poytaxtda 70 yil ichida qurilgan inshootlarga teng qurilish qilganini aytdi.
Xususan, u so‘nggi uch yil ichida shaharning iqtisodiy ahvoli ikki baravar yaxshilangani va shu davrdagi qurilish ko‘lami o‘tgan 70 yil ichida bajarilgan ishlar hajmiga teng ekanini ta'kidladi.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida poytaxtda 22 ta yer usti va 4 ta metro metro bekati qurilgan.
U fizika, matematika, kimyo, biologiya, geografiya va ingliz tilini puxta o‘zlashtirgan talabalar hamda ularning o‘qituvchilari uchun hokimlik stipendiyasi va pul imtiyozlarini joriy etish to‘g‘risida gapirdi.
Mening ham hokimga aytar ikki og‘iz gapim bor.
Olti sinfni bitirib ko‘chada katta bo‘lgan Joxa Ortiqxo‘jaev Toshkent markazidagi binolarni buzib o‘rniga beton uy qurib sotdi.
U qurgan uylarning yo lifti ishlamaydi yoki tomi ko‘chib tushadi.
Joxa Beshyog‘ochdagi Milliy bog‘ni o‘z tasarrufiga oldi. «Kinochilar uyi»ni buzdi.
Markazdagi baquvvat binolarni buzib, o‘rniga usti shisha beton uylar qurdi.
Keyingi 30 yil ichida o‘zbek rahbarlari o‘zining moldan battar ekanini namoyon qildi.
Faqat buzdi. Qozoqlar Olmaotani buzmadi. Ular cho‘lda shahar barpo qildi. Nega siti qurmoqchi bo‘lgan bu o‘g‘rilar shahar tashqarisiga qurishmadi.
Plastmassadan oyna rom yasab sotib yurgan tujjor mikrobi shaharni boshqarmoqda.
Ortiqxo‘jaev ota -bobolarimiz qurgan Toshkentni buzib, Akfakentga aylantirdi.
Bu sitining puliga 40 mingdan ortiq sun'iy nafas oldirish jihozini sotib olish mumkin. Kelajakda. Chunki koronavirus o‘lati hali izg‘ib yuribdi Toshkent ko‘chalarida.
Gruziyada Saakashvili prezident bo‘lgan 9 yil ichida 140 ta yangi shifoxona qurilgan, 2200 ta sun'iy nafas oldirish jihozi sotib olingan ekan. Amerikaning bitta qimmatbaho antivirus laboratoriyasi olib kelib o‘rnatilgan.
Aholi soni 3,7 mln.
Karimovning 25 yillik boshqaruvidan, nari borsa, 25 ta shunaqa apparat meros qolgan.
Koronavirus keldi-yu, O‘zbekistonda 500 ta yangisiga buyurtma berilgani aytildi.
Darvoqe, Saakashvili ham sitilar qurgan.
Shovvozsoydan reportaj
O‘zbekiston buyuk yurt, buyuk davlat.
U yerda oddiy mehnatkashlar uchun Shveytsariyaning Alpida qad rostlagan Luxury dam olish maskanlaridan ham hashamatli sanatoriylar qurilgan.
Bugun bu hashamatli sanatoriyda surxondaryolik suvchi dehqonlar Chori bobo bilan Eshboy bobolar, qashqadaryolik cho‘ponlar O‘rol bobo bilan Shermat bobolar, samarqandlik ipak gilam to‘quvchi qizlar hordiq chiqarishmoqda.
Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik.
Mana bu serquyosh zamin yuzlarini qoraytirgan kishining ismi Ro‘ziboy aka. Ro‘ziboy aka, mana, 25 yildan beri temir yo‘l qurilishida oddiy ishchi sifatida mehnat qilib kelmoqda. Ro‘ziboy akaning kuvaldasi Qizilqum sahrolarida, Dehqonobod tog‘larida, Mozori Sharif yo‘llarida minglab kilometrga cho‘zilgan relslarni to‘g‘rilagan.
Bugun Ro‘ziboy aka butun oila a'zolari bilan Shovvozsoyda dam olmoqda. Chorak asrlik mashaqqatli mehnatning mukofoti bundan ortiq bo‘lmasa kerak. Ro‘ziboy akaning farzandlari ko‘zida yongan uchqunlar istiqlolimiz yo‘llarida yo‘lchi yulduz bo‘lib porlagay.
Bugun muhtaram prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yuksak g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish, yurtimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligini munosib kutib olish borasidagi mahallabay va fuqarobay ishlar tunu kun davom ettirilmoqda.
Bu borada mamlakatimizda joriy qilingan, butun dunyoda yagona bo‘lgan sektorlar tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sektorlarda o‘tkazilayotgan mahallabay o‘rganish ishlari natijasida «Oltin daftar»ga kiritilayotgan oilalar soni bugun milliondan oshib ketdi. «Oltin daftar» bu uchinchi renessansga qadam qo‘yib, ildam olg‘a intilayotgan yurtimiz ramzidir.
So‘taqo‘zi Yalaboldiev,
Susambil-24 telekanali uchun maxsus, Shovvozsoy sihatgohidan.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!