Turkiyada Xiva bobo yodgorligi ochildi
“Xiva shahri – turk dunyosi poytaxti” dasturi doirasida Turkiyaning Nevshehir viloyati hududida joylashgan O‘rtahisor yoki boshqa nomi Kapadokiya shaharchasida 10 avgust kuni Xiva bobo yodgorligi o‘rnatildi.
Turkiyada Xiva bobo (Hiba Dede) yodgorligining ochilish marosimi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi sanasiga bag‘ishlandi.
XII asrda Xorazmning Xiva shahridan ko‘chib kelgan va shu yerlarda dexkonchilik madaniyati hamda turkiy tilning rivojiga hissa qo‘shgan 9 nafar og‘a-iniga bag‘ishlab o‘rnatilgan Xiva bobo yodgorligining tantanali ochilish marosimida Xorazm teatri ijodiy jamoasi va turizm boshqarmasi vakillari ishtirok edilar.
”Tadbirda qatnashayotganimizdan judayam hursandmiz. Bu bizga boshqacha ta'sir qilyapti. Chunki bizning vatandoshimiz, bizning bobomiz o‘z og‘a-inilari bilan bir vaqtlar shu O‘rtahisor yerlarida makon tutgan ekan va, eshitishimizcha, o‘rtahisorliklar o‘zlarini xorazmliklarning avlodlari, deb hisoblashar ekan”, deydi Xorazm teatri ijodiy guruhi rahbari Dinora Ibrohimova.
Mahalliy xalq orasidagi naqllarga ko‘ra, O‘rtahisor aholisi ajdodlarining ildizlari Xorazmning Xiva kentiga borib taqaladi.
XII asrda Markaziy Osiyodan Onado‘liga turkiy qavmlarning ko‘chishi keng kuzatilgan bir davrda asli xivalik Xiva bobo o‘zining sakkiz ukasi bilan O‘rtahisorga kelib qolib, bu yerda tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo‘lgan g‘orlarni makon tutishgan.
Keyinchalik ular atrofdagi yerlarni obodonlashtirib, hozirgi O‘rtahisorni barpo etganlar.
Vaqt o‘tishi bilan “Xiva dada» qisman o‘zgarib, «Xiba dada” shaklida talaffuz etila boshlangan. O‘rtahisorning bugungi kundagi aholisining asosiy qismi Xiba dada va sakkiz birodarining avlodlari deb ishoniladi.
Xiva bobo yodgorligining ochilish marosimida Xorazm tarixiy manzaralari aks etgan ko‘rgazma ham tashkil qilindi. Tadbir doirasida xorazmlik mehmonlar o‘z qardoshlariga vatan bo‘lgan O‘rtahisorning diqqatga sazovor tarixiy joylarini ziyorat qilishdi.
Eltuz.com