Asosiy mavzular
27 avgust 2021

RTdan va'z: Mustaqillik dushmanlaridan iborat o‘lka

Bir kunda mustaqil bo‘lgan mamlakat bir sekundda oldingi holatiga qaytishi mumkin. Buni pushtun millatchilaridan iborat terrorchi to‘da – «Tolibon» oyog‘i ostiga o‘zini tashlagan Afg‘oniston misolida ko‘rdim.

O‘zbekistonda mustaqillik haqida eng ko‘p baqirgan hokim Barnoevning mustaqillik dushmani Jirinovskiy oyog‘i ostiga qo‘y so‘yib, «Katyusha»ni kuylaganini ham ko‘rdim. Yaxshiyam kovid bor ekan, bu mustaqillik dushmanini bir urib yerga kiritib yubordi.

Ammo Barnoev o‘lgani bilan mustaqillikning millionlab dushmanlari bor. Ular hukumat tarkibidagi son- sanoqsiz vazirlar va ularning o‘rinbosarlari to‘dasidir. Yaqinda bir shallaqi xotin vazir o‘rinbosarining ikkinchi xotiniman, deb yo‘l qoidasini bemalol buzishga indulgentsiyasi borligini pisanda qildi.

Bu holat davlatchilik darz ketgani va jiddiyat yo‘q bo‘lganidan dalolat. Ko‘plar nazarida Islom Karimov mustaqillik garovi bo‘lgan. Aslida u kishi ham fe'lan va fikran mustaqillikka qarshi bo‘lgan edi. 

1990 yili markaziy televidenie muxbiri bilan suhbatda Islom Karimov “Bizga mustaqillik kerak emas, biz ikkita qop ichidagi respublikamizda holimiz tang bo‘ladi», degan edi.

Markaziy televidenie muxbiri ayni ko‘rsatuv doirasida Muhammad Solihdan ham fikr so‘rab¸ «O‘zbek xalqi mustaqillikka tayyormi?» degan savolni qo‘yadi.

“Qamoqdagi odam ozodlikka qancha tashna bo‘lsa, biz ham shunchalik mustaqillikka tashnamiz. Uni bir kishi xalq minnatdor bo‘lishi uchun hadya qilgani yo‘q. Bu mustaqillikka xalqning o‘zi erishgan», deya javob qilgan edi  Muhammad Solih.

Ammo bu mubolag‘adir. Oz sonli oydinlargina mustaqillikni orzu qilgan – millionlar esa mustaqullikni. 

Vazir o‘rinbosarining o‘ynashi sobiq “zulpiyachi“mi?

Yoshi katta bir shoirning uyida o‘tiruvdim, eshik qoqildi. Kelganlar shahardagi boy otalardan biri va a'yonlari. Bitta esi past ham qizi bor ekan. Shu qizni Zulfiya mukoaotiga o‘tkazish uchun she'r buyurtma qilib kelishibdi.

3 tasi vatan haqida. Keyin ikkitasi yurtboshi haqida. Shoir boboy ham bularni mahtal qilmay, shig‘irlatib yozib berdi. Yana bitta rassom aka rasm chizib berdi. Ana shundan keyin tanlovda ham rassom, ham shoir bo‘lib o‘tdi ketdi. 

Umuman, zulfiyachilardan shu paytgtacha bir bo‘q chiqmaganini tushundim. Ana shunday zulfiyachilardan biri kattayib, tarvaqaylab Istanbulga borib qoldi. Kurd va suriyaliklarga qo‘lma-qo‘l bo‘lgan bu xonim Angliyada doktoranturada o‘qiyman deb uydagilarni aldab yurdi.

Ëlg‘on hayot tarziga aylangan avlod yetishdi. Bugun O‘zbekistondagi otidan ot hurkadigan nashrda ishlaydigan jurnalist qiz 300 ming so‘mga bitta tirrancha bachaga maqola yozib berganini aytib qoldi. Bu tirrancha tanlovda qatnashar ekan. Maqola 5 yil oldin go‘rga kirgan Karimov haqida:

“Bobomiz bizga xalqimizning ming-ming yillar davomidagi ushalmas orzusi – mustaqillik atalmish buyuk hisni, erkinlik atalmish tengsiz tuyg‘uni janggohlarda dushmanlar bilan kurashib, laxta-laxta qon to‘kib olib berdi… Islom Abdug‘anievich Karimov butun dunyo xalqlari totuvligi hamda do‘st-inoq yashashi uchun kurashgan va bunga erishgan dunyoning yagona prezidenti edi”.

Shu bulshit uchun 300 ming to‘lab ko‘ziga surtib olib ketibdi bu tirrancha. Ertaga bundan kattaroq tirranchalar tanlov hakami bo‘lib bu bo‘qni oltin deb ko‘ziga surtishadi. Ëlg‘on xuddi qor uyumi kabi kattalashib boraveradi. Millionlagan odam ertadan kechgacha bir-birini aldaydigan iston bu o‘zbekiston. Ataylab kichik harf bilan yozdim. Chunki katta harfga arzimaydi. 

Mening mustaqillik deklaratsiyam

Yaxshi hayot kechirish nima? Men uchun bu bir necha mustaqillikdan iborat. 

1. Harakat mustaqilligi. Bu mustaqillik mashina va diplomatik pasport. Mashina bilan O‘zbekiston ichkarisida dippasport bilan tashqarida harakatlanaman. 

2. Moliyaviy mustaqillik. Hisoblab ko‘rsam, Toshkentda o‘rtacha bir oy yashash (osh-ovqat, to‘lov, benzin) 820 dollar nari-berisida ekan. O‘shandan ko‘proq pul cho‘ntakda turishi kerak har oy. Toki restoranga borganda menyuning narx qismini emas, ovqat qismini rohat bilan o‘qish uchun.

3. Tashqi ta'sirlardan mustaqillik. Masalan, men terassada quyosh botishini tomosha qilib o‘tirsam, birov oldimga o‘tib manzarani to‘smasin. Men istamagan odamlar mendan sal uzoq bo‘lsin. Xavfsiz bo‘lay. Qulog‘im tinch bo‘lsin.

4. Kasalliklardan mustaqil bo‘lsam iloji boricha. Kovid, o‘lat, sil, SPID, rak va boshqa million xastalik mendan sal uzoqda tursin. Shu kamtargina tarz. Zotan, institutning ikkinchi kursidan beri ma'naviy va fikriy mustaqilman. Yaxshi yashash yaxshi. Yaxshiroq yashash undan-da yaxshi.

Varrak haqida

Shu kunlarda Toshkentda mustaqillikka atab minora qurishayotgan ekan. Bu holat menga italyan kinochisining suratga olinmagan filmini eslatdi.

1989 yili Shavkat Abdusalomov «Bir shoxli» (Yedinorog) deb atalgan filmiga natura izlab Xorazmga keldi. Birgalashib Yangiariqdagi Qal'ai jiq degan joyga bordik.

Sahro o‘rtasidagi bir kichik loy qal'a edi bu.

Afsonaga ko‘ra, bu qal'a bir vaqtlar ulkan shahar bo‘lgan¸ ammo aholisining fe'li buzilgani bois birdan kichrayib qolgan. Aholining bu qal'a ichida majaqlanib o‘lgani aytiladi.

Shavkat aka qal'aga oldin italyan kinochisi Mikelanjelo Antonioni bilan birga kelganini aytib berdi.

Rassom Shavkat aka hikoyasi

Antonioni «Varrak» degan kinoni suratga olish uchun bu qal'aga keluvdi. Bu film orzu-havas qurboni bo‘lgan bir mamlakat haqida edi.

Stsenariyga ko‘ra, qadim bir mamlakat podshosi varrak uchirishni ixtiyor qiladi. Bu varrak mamlakat ulug‘vorligi timsoli bo‘lishi lozim edi.

Nihoyat varrak uchiriladi.

Varrak osmonga o‘rlagani sayin ipga ip ulashadi. Mamlakatdagi barcha ip va arqonlar tugaydi.

Gazlamalarni va gilamlarni ipga aylantirishadi. Ammo ular ham tugaydi. Butun xalq egnidagi kiyimlarini yechib, ipga aylantiradi. Bu ham yetmaydi. Ekinzorlardagi bug‘doy va arpalarni yulib olib eshib ip qilishadi. Och va yalang‘och mamlakat ustida ulkan varrak uchmoqda. Ammo ip tugaydi.

Varrak bir sho‘ng‘ib bu mamlakat ustiga qulaydi. Mamlakat aholisi o‘zlari mahobat deya osmonga uchirgan tonna- tonna iplar ostida qolib halok bo‘ladi.

Shavkat Abdusalomovning aytishicha, bu film Xorazmda suratga olinishiga o‘sha paytdagi sovet hukumati izn bermagan.

Yillar davomida erta tongdan shomgacha ishlab topgan pul uch soatda sovuriladigan o‘zbek to‘yi o‘sha varrak emasmi?

Ëki xastalari doriga pul topa olmasdan dunyoga vido aytayotgan O‘zbekiston davlatining mustaqillik ¸ «Sharq taronalari» deb pulni osmonga sovurayotgani varrak hikoyasi emasmi?

Olis yurtdagi to‘pteparlarni millionlarga kira qilayotgan mamlakatning Antonioni rivoyatidagi yurtdan farqi bormi?

Birdan ip tugab, varrak boshimizga qulasa-chi?

Xudo ko‘rsatmasin…

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
16 mart 2020
Joriy yilning 16 martiga kelib O‘zbekistonda rasman qayd etilgan koronavirus (COVID-19)ni yuqtirganlar soni, kunning birinchi yarmida olingan ma'lumotga ko‘ra, ...
19 iyul 2022
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyatning dastlabkisi bo‘ynida 38 milliard dollardan oshiq tashqi qarzi bor mamlakatning qimmatbaho mashinalar minayotgan ...
20 avgust 2018
Muhammad Bekjon 2000 yilning 29 noyabrida O‘zbekistonning eng katta qamoqxonasi hisoblangan Navoiy zonasiga etap qilinadi. Tag‘in karantin, lomka, turma ...
11 noyabr 2019
«Eltuz» nashri «Yozarning sasi» ruknida taniqli o‘zbek shoirasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 67 yashar Qutlibeka Rahimboevaning millat va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...