Asosiy mavzular
13 sentyabr 2021

Yaqinlari qamalgan qashqadaryolik ayol Turkmanistondan boshpana so‘ramoqda

Eri, qaynatasi va qaynog‘asi qotillikda gumonlanib tergov qilinayotgan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining Chandir qishlog‘ida yashovchi Munojat Egamova bunga ularning turkman millatiga mansubligini sabab qilib ko‘rsatmoqda va o‘z yaqinlari bilan birgalikda ijtimoiy tarmoq orqali turkman prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovdan boshpana so‘ramoqda.

Ayni paytda Chandir qishlog‘idagi turkman millatiga mansub aholi vakillari Egamovaning milliy kamsitilishiga oid iddaolari haqiqatdan yiroqligini aytishmoqda.

«Ular turkman bo‘lgani uchun emas, balki qotillikda gumon qilingani uchun tergov qilinmoqda, ayol esa chiqishlarida alamidan, jahl ustida murojaat qilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov ketayotgan ekan. Lekin qishlog‘imizda hech qanday o‘zbek, turkman yoki boshqa millatlarga nisbatan yomon munosabatni sezmaganmiz. Tatar, tojik va boshqa millatlar ham yashaydi o‘zbeklar bilan bir qatorda. Hamma millatlar teng huquqli…», deydi Chandir qishlog‘i shifoxonasi bosh vrachi Sayfullo Sharopov.

Telegramdagi “Pomuq 24” kanaliga fikr bildirgan 73 yoshli Muhammad To‘ymurodov ham ayni hududda turkman va o‘zbeklar ahil yashashlarini bildirgan.

«Yaqinda eshitib qoldim. Qishloqdoshimiz Turkmaniston prezidentiga murojaat qilgan ekan. Biz asli Qashqadaryo viloyati Chandir qishlog‘ida yashaymiz, millatimiz turkman. O‘zbeklar bilan bab-baravar huquqqa egamiz. O‘rtada quda-andachilik aloqalari bor», deydi Egamovaning hamqishlog‘i To‘ymurodov.  

Joriy yilning 8 mayida Jonqul Navro‘zov, uning o‘g‘li Alimardon Allamurodov va Panji Navro‘zov shu qishloqda yashovchi cholu kampirni o‘ldirganlikda gumon qilinib hibsga olingan edi.

Qotillik 2020 yilning 4 oktyabr kuni ro‘y bergan. Shundan so‘ng gumonlanuvchilar hibsga olingan. Ularning yaqinlariga ko‘ra, 23 kun davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgan. 

Munojat Egamovaning aytishicha, eri va qaynotasi aybni bo‘yniga olmagan, qaynog‘asi esa qiynoqlarga dosh bera olmay qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgan. 

Shundan keyin gumonlanuvchilar qo‘yib yuborilgan. Ammo 6 oy o‘tib, Bosh prokuratura tergovchisi qarori bilan qamoqqa olingan.

Munojat Egamova va uning yaqinlari xalqaro tashkilotlarga videomurojaat yo‘llab, bu nohaqliklarga barham berish va Turkmanistondan boshpana olishga yordam so‘rashgan.

Shuningdek, ular videomurojaatlarida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova va Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevning iste'fosini ham talab qilishgan.

Egamovaning iddaosiga ko‘ra, uning eri va qarindoshlarini dalil-isbotsiz qamashgan. Qo‘shnilari qotillik sodir bo‘lgan vaqtda uning eri va qaynog‘asi voqea joyida bo‘lmaganini aytishmoqda. Biroq tergov bu dalillarga e'tibor bermayapti.

Munojat Egamova homilador ekani, eri va qaynatasining qamalishi ortidan uchta bolasi bilan og‘ir ahvolda qolganini ham aytmoqda.

Egamovaning eri va yaqinlariga tergov paytida qiynoqlar qo‘llanilganining rasmiy tasdig‘i «Eltuz»da yo‘q.

Biroq boshqa muammo bor – Qashqadaryo viloyatidagi mahalliy amaldorlar, ichki ishlar, sud va prokuratura xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga oid xabarlar juda ko‘p. 

Xususan, o‘tgan avgust oyida esa “Agrobank”ning Qashqadaryo viloyati bo‘limi yuristi sudlarda adolat qolmaganidan shikoyat qilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 avgust 2016
Eski ToshMIning Nikolay g‘ishtdan qurilgan va O‘zbekiston tarixiy yodgorliklar idorasi muhofazasida bo‘lgan binosi Bosh vazirning bir imosi bilan buzildi. ...
12 fevral 2021
Baxtibek to‘rt marta uylangan va har bir xotinidan ikkitadan farzandi bor. U allaqachon hech qaysi xotini bilan yashamaydi. Chamamda ...
18 avgust 2018
Muhammad Bekjonni 2000 yilning iyunida oynalari qoraytirilgan, “nam asfalt” rangli yengil “Ford” avtomobilida IIV yerto‘lasiga olib ketishadi. U Karimovdan ...
30 yanvar 2020
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoeva 29 yanvar kuni arizalariga ko‘ra lavozimlaridan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...