Asosiy mavzular
1 oktyabr 2021

RTdan va'z: O‘rmonda o‘lim yo‘q!!!

Aziz va mukarram, har biri duru javohirlar kabi qadrlilarim. Mabodo xafa bo‘lib, g‘am-g‘ussaga botgan, ishingiz yurishmagan bo‘lsa, boshlagan ishingizdan samara emas, zarar ko‘rgan yoki nimadir o‘g‘irlatgan bo‘lsangiz, judayam umidsizlikka tushmang. Birinchidan, ishi yurishmagan odam bitta siz emas.

Pulini bozorda o‘g‘irlatgan Afandi xotiniga: “Bugun bozorda hamma pulini oldirdi. Shular qatorida men ham”, deb aytgan ekan. “Oh-voh! Meni tushirib ketishdi”, deb hammaga gapirib, odamlarning vaqtini olmang. Odamlarning dardi o‘ziga yetadi. Sizniki dard ustga chipqon.

Sizga rassom Tuzdan tekin  tavsiya: Agar sizni g‘am-g‘ussa bossa, shundoq soatga qarab, taxminan bir soat olislarga (osmonga, bulutga, ko‘chaga, boqqa, daraxt yoki tuvakdagi gulga) qarab jim o‘tiring. O‘shanda ahvolingiz,  masalan, miliarder Alisher Usmonovniki bilan bir xil bo‘ladi.

Qissadan hissa: Bu dunyo tashvishini unutgan paytda boy ham, kambag‘al ham, zolim ham, mazlum ham, g‘olib ham, yengilgan ham tenglashadi.

Darvoqe, bugun cho‘ntakda turgan telefonimni avtobusda kimdir o‘maribdi. O‘g‘rining kimligini bilmaganim uchun u hali qamoqda emas. Telefonim ham yo‘q (ichida uyatsiz rasmlar bor edi-ya).

Endi esa va'z formatiga rioya qilib, xabarlarga o‘tamiz. Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiysi Davron Qambarovga ko‘ra, 8 oy ichida is gazidan 77 kishi, yong‘inlardan esa 97 kishi halok bo‘lgan.

Bu hali boshlanishi. Sovuq endi boshlandi. Odamlar uy isitaman, deb ajalga ravona bo‘lish mavsumi oldinda.

O‘zbek gazini Xitoyga ko‘tarasiga sotgan amaldor (Elyormi, Rustammi) odam-podam emas ekan. Otkat olaman, cho‘tal yeyman, deb butun xalqni yilda to‘qson kun sovuqda azoblash uchun xalq dushmani bo‘lish kerak. Odamlar bir amallab uy isitaman, deb ne ko‘rgiliklarga yuz tutdi.

O‘zbek amaldorlari O‘zbekistonni o‘zining firmasi deb o‘ylashadi. Gaz, oltin, paxta, bug‘doy va boshqa ne'matlar go‘yoki ularning firmasi omborida turgan mol. Olib chiqib sotvorib, pulni Dubay va Latviyadagi banklarga qo‘yishadi. 35 million xalq manfaatiga, mana, 30 yildan beri ko‘ndalangiga amaldorlar asbobi qo‘yilgan.

Tavsiya

Sovqotyapizmi. Battar bo‘ling. Bu amaldorlarni siz sayladingiz. Siz soyasiga salom berdingiz.

Ammo o‘zbek erkaklaridan farqli o‘laroq, ayollar amaldor patinkasini yalashga chandon orzumand emas.

Masalan, ikki farzandning onasi, Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida yashovchi Dildora Xo‘jaqulova 22 sentyabr kuni qo‘rqmasdan tuman hokimligiga arz qilib bordi.

Bu arzgo‘y ayol Milliy gvardiya xodimlari tomonidan do‘pposlandi va kuch bilan ruhiy kasallar shifoxonasiga yuborildi.

Kuni kecha Samarqand tumanida M37 Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining Samarqand avtomobil halqa yo‘li qismida yo‘lni to‘sib qo‘ygan va unda transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan bir guruh ayollar javobgarlikka tortildi.

Viloyat IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, 2021 yil 26 sentyabr kuni soat 12:10 larda Samarqand tumani, Yangiariq-1 mahallasi, Chungul ko‘chasida yashovchi 13 nafar fuqaro mahalla xonadonlarida tabiiy gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan.

Qayd etilishicha, mazkur fuqarolar Samarqand tumani hokimligiga olib kelinib, tuman hokimi, viloyat va tuman IIB rahbariyati hamda mutasaddi tashkilot xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilgan.

Holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudiga yuborilgan.

Sudning 27 sentyabrdagi qarori bilan yo‘l to‘sishda qatnashgan 13 nafar shaxs MJTKning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasida (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, huquqbuzarlikning ikki tashkilotchisiga 5 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi, qolgan 11 nafar huquqbuzarga jarima jazosi tayinlandi.

Bu ayollar gaz yo‘q deya yo‘l to‘sishgan edi. Nega ayollar, deysizmi? Chunki bu mamlakatdagi erkaklar “Tolibon”ga g‘oyinbona oshiq bo‘lib, uylarida chirayli sabr qilib o‘tirishibdi.

Shu o‘rinda shoiri zamon, dardkashi davron G‘ayrat Omondan bayt eshitishlik joizdur.

Ayollar to‘smoqda yo‘llarni bugun,

Erkaklar qolmagan g‘ururi baland…

Adolat istaydi mushfiq ayollar,

Kerakmas ularga tilla-zaru, qand…

Ro‘zg‘orning zambilin ortmoqlab sekin,

Zahmatdan qoraygan yuzin silaydi.

Biz-ku yashab o‘tdik, ko‘rmadik baxtni,

Shu bolam to‘kinlik davrin ko‘rsaydi…

Yo‘lni to‘sishadi, yurakda qo‘rquv,

Bir nafi bormikin, ko‘ngil alag‘da.

Qorni to‘q amaldor ensasi qotib,

Yugurar tovuqdek, tuxmi palag‘da…

Amaldorlar kelishar qovog‘in uyib,

Dag‘dag‘a qilishar, shovqin solishar,

Sharmanda qildinglar deya hammaga,

Chaqchayar ko‘zlari, qorni misli shar.

Darding ne deb so‘ramas birov,

Bariga aybdor mushfiq ayollar…

Bolasin dardida yo‘lni to‘sgandi,

Endi tili qisiq, qo‘rqinch xayollar…

Ey, siz qorni to‘q, yog‘ bosgan yuzlar,

Elning peshonasiga chiqqan chipqonlar,

Qachon dardin olasan mazlumalarning,

Kelajak poyiga tushgan qopqonlar…

Astra gullari haqida

Oldin aytganimdek, “saylov” degan finali ma'lum teatru haqqinda gapirib, xudo bergan nafasni bekorga xarj qilmayman. Siz ham qizishib, kirishib ketmanglar. Baribir kinoning oxiri ma'lum. Yana bir gap. Saylov muddati borasida konstitutsiyaga o‘zgartish kiritildi. Demak, “muhtaram”ning oldingi muddati bekor bo‘ldi. U “tozalanib” oldi. Bu saylov “muhtaram” uchun birinchi muddat. Keyingi muddatdan so‘ng o‘zidan o‘zi ketarkan, deb xomxayolga berilib kulgi bo‘lmanglar.

Kap-katta, bir xo‘jalikni boshqaradigan erkaklar, bir ro‘zg‘orning o‘tidan kirib kulidan chig‘adigan o‘rta bermog‘imday xotinlarsiz. Uyat bo‘ladi unaqa teatr-teatr o‘ynab yurish. Men hozir astra guli va xrizantemalar haqida o‘ylayapman.

Saylov psixologiyasi

U nuqul irrigatorni so‘kdi. Kim uni saylagan bo‘lsa, limoni qurisin, tovug‘i o‘lsin, dedi. Mana, saylov keldi. U g‘oz turib uydan chiqarkan, “qarshi ovoz beraman”, dedi qat'iy qilib.

Saylov uchastkasiga yaqinlashganida esa qat'iylik uni tark eta boshlagan edi. Xuddi miyasidagi isyonni atrofdagi milisalar rentgen qilib ko‘rib turganday terlab ketdi qish bo‘lsa ham. Mana, saylov uchastkasiga kirib, byulletenni qo‘lga olib, mulozimlarga qarab ayanch jilmaydi.

Baxmal parda bilan o‘ralgan quti ichiga kirib chuqur nafas oldi. Orti- oldiga alanglab qaradi. Keyin irrigator yana saylansin, degan joyga “HA”, deb rozilik yozib, kabinadan chiqdi.

U xuddi katta qahramonlik qilganday atrofga qarab: “Men uni yana sayladim”, deb quvonch bilan baqirishni istardi. Xuddi tsirkda eshak ustidan hatlagan ko‘ppak kabi bozingardan qand kutardi.

Ammo katta telpaklarni kiyib olgan kattalarga bu chmoning ichki tuyg‘ulari bir tiyin edi. Ular qog‘ozlarga bir narsalar yozib, telefonlarga gaplashib o‘tirishardi.

Qilib qo‘ygan ishiga rag‘bat ko‘rmagan bu taviya bo‘ynini qisib, kaltaklangan urg‘ochi itday uchastkani tark etdi. Uni sovuq va elektrsiz uy, bo‘m-bo‘sh muzlatkich va doim och bola hamda o‘qlov ko‘targan norozi xotin kutib turardi.

“Axir…”, dedi u o‘ziga o‘zi. “Axiiirr”, degan edi birdan oyog‘i yo‘ldagi chuqurga kirib ketdi. Kimdir kechasi o‘sha yerda katta hojat chiqarib, ustini ko‘mib ketgan ekan. Botinka ham ado bo‘ldi. Shu qishda uni yuvsak, qachon quriydi, deb o‘yladi bu qashshoq fuqaro.

O‘sha kuni kechqurun O‘zbekiston televideniesi irrigatorning 98 foiz ovoz olgani haqida to‘g‘ri xabar berdi. Haqiqatan ham millionlab qashshoq va taviyalar ovoz bergan edi. “Yashaasin musaffo va serquyosh yangi …istonimiz” deya yana 30 yillik uyquga ketdi bu ra'iyat.

Bu hikoyani yozib tarmoqda e'lon qilsam, Iskandar Muxtarov degan birodari aziz: “U bechoraga boshqa variant bormidi”, deya savol qo‘ydi. Menimcha, variant doimo bor. Masalan, jurnalist va shoir Karim Bahriev joriy mamlakat rahbarini saylayman, deb bayonot berdi. Shoir og‘amiz tanlovini hurmat qilamiz.

Agar parlament saylovi erkin bo‘lganida edi, bugungi saylovda ozgina erkinlik alomati bo‘lishi mumkin edi.

Afsus, hech qanaqa erkin saylov bo‘lmagandi. Deputatlar yuqoridan tushgan ro‘yxat asosida ekib qo‘yilgan. Shu bois, stakan ichra bo‘rondan ne naf?

Tekin taklif

Bugungi nomzodlarga tekin taklif: 9 yoshdan oshgan qizlarni to‘rtinchi xotin qilib berish. Koreys, o‘ris va boshqa dinsiz kofirlarga juzya to‘latish. Ularning qizlarini qul qilib sotish. Olma o‘g‘irlaganning o‘ng qo‘lini, shaftoli o‘g‘irlaganning chap qo‘lini chopish. Qatortoldagi jalaplarni toshbo‘ron qilib o‘ldirish.

Agar kimda kim prezident bo‘laman desa, shu takliflarni aytsin. Butun o‘zbek xalqi “oh!” deb tugatib yuboradi. Kafolati bizdan. Ayniqsa, “Malika”da buzuq telefon sotadigan firibgarlar aniq ovoz beradi.

“Tolibon” degan terrorchilarning ular nazdidagi “g‘alabasi” ularga motivatsiya berdi.

Chunki O‘zbekistonda ijtimoiy fikr yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Odamlar hukmron fikrga ergashadi, kuchlining fikrini sevishadi.

Ammamning baxmal ishtoni

Bu gaplarni mikrofonga o‘qiyotib, telefonimga qarasam, “shukr qiling, saylov bizda erkin”, deb yozibdi ismi abu ibn binnasa degan yuzer.

“O‘zbekistonda saylov erkin”, degan gapga qarg‘alar kuladi hatto. Cho‘loq yuraman, deydi. Ko‘r ko‘zim o‘tkir, deb iddao qiladi. Kar esa eng nozik saslarni ham eshitaman, deb sizni baland ovozda ishontiradi. Shimoliy Koreya TVsini eshitsangiz, eng shaffof va erkin saylov u yerda.

Sovet davrida ham saylov erkin bo‘lmagan. Bunga ammamning baxmal ishtoni misol.

Saylovdan keyin ammam qizil baxmal ishton kiyib yurardi. Bundan tashqari, ammamning uyida qizil baxmaldan bo‘lgan ko‘rpacha bor. Ammam sovet davrida saylov uchastkasi boshlig‘i bo‘lgan. Saylovda parda uchun ishlatilgan qizil baxmalni saylov tugagach ammamga berishgan. Ammam bu baxmaldan ko‘rpacha tiktirgan.

Brejnevni saylab bergandi geografiya muallimi bo‘lgan ammajonim. Sovet davridagi saylovdan hech bo‘lmasa saylov uchastkasi boshlig‘i naf ko‘rgan. Darvoqe, ovoz berish qutisini ham ammamga bervorishgan.

Ammam buni menga sovg‘a qildi.  Katta faner quti edi. Sharik degan itimga in qilib bergandim.

Mang‘itlik talaba savoli

Mang‘itdan kelib, Toshkentda o‘qiyotgan tolibi ilm savol yo‘llabdi. Savol: “Siz faqat tanqid qilasiz. Ammo nima qilish kerakligini aytmaysiz”, degan ma'noda. Savol mang‘it shevasida yozilgan.

Endi, tolibjon uka. “Nima qilmoq kerak?” degani ruscha savol. Amerikaliklar esa “nima qilmaslik kerak?” degan savol javobini qidirishadi.

Javob oddiy – o‘g‘ri muttahamlarga yo‘l bermaslik kerak.

Masalan, Mixail Saakashivili Gruziyadagi barcha sobiq milisa, prokuror va boshqalarni haydab yuborgan edi. Chirigan olmadan bittasi qolsa ham butun savatdagi olmalarni chiritadi.

Aripov poraxo‘r. Uning joyi qamoqda. G‘aniev – eski firibgar, uniyam joyi qamoqda. Komilov o‘g‘ri va ikki tomonga ishlaydigan agent. Oliy sudda ishlaydiganlarning hammasi poraxo‘r. Ularning joyi ham qamoqda.

Salim o‘g‘ri va boshqa ko‘rpacha vazirlarni ham eski supurgi bilan supurib tashlash kerak.

Misha (Mixail Saakashivili) kelguniga qadar Gruziyada korruptsiya darajasi O‘zbekistondan o‘n chandon yomon edi. Gruziya MDHdagi o‘g‘rilar makon qurgan pastqamlik edi.

Gaz va chiroq yo‘qligidan Tbilisi bir zulmatni eslatardi. Misha 2 yil ichida amalga oshirgan islohotdan keyin jamiyat tubdan o‘zgardi.

  1. GAI pora olmaydi.
  2. Pora bilan o‘qishga kirilmaydi.
  3. Davlat amaldorining har bir qadamini xalq ochiq kuzatish imkoniga ega.

Gruziyada Saakashvili prezident bo‘lgan 9 yil ichida 140 ta yangi shifoxona qurilgan, 2200 ta sun'iy nafas oldirish jihozi sotib olingan ekan. Amerikaning bitta qimmatbaho antivirus laboratoriyasi olib kelib o‘rnatilgan. Aholi soni 3,7 mln.

Karimovning 25 yillik boshqaruvidan, nari borsa, 25 ta shunaqa apparat meros qolgan. 500 ta yangisiga buyurtma berilgani aytildi.

Darvoqe, Saakashvili ham sitilar qurgan.

Xo‘sh, Misha buni qanday qildi? G‘arbdan grant olgani uchunmi? Agar G‘arbdan grant olgan mamlakat o‘zgarganida Afg‘oniston Shveytsariyaga aylanardi. (Darvoqe, O‘zbekiston AQSh va G‘arb yordamini Gruziyadan o‘n marta ko‘proq oldi. 2001 yildan to bugungacha). Misha azmu qarorli bo‘lgani uchun islohotni epladi.

  1. Hamma milisani birdaniga ishdan bo‘shatdi.
  2. Barcha “vor v zakone”ni qamab, bor-yo‘g‘ini shildi. O‘g‘rilar chunonam qochdiki, asti qo‘yaverasiz….

Bizning yoshullilar nima qildi? Telekomunikatsiya sohasida astronomik pora olib, xalqaro mojaro markazida qolgan o‘g‘ri Aripovni bosh vazir qilishdan boshladi ishni. O‘g‘ri Turob Jo‘raevni Samarqandga hokim qildi. O‘g‘ri Ixtiyorni DXXga rais qildi… (davom qildiravering).

Saylov yaqinlashdi, deya tarmoqqa minglab saviyasiz trollar tashlandi. Ularni oldin ermakka mazax qilaman. Keyin yozganlarini o‘chirib, o‘zlarini ham blok qilib tashayman. Qoidam bu.

Tasodifiy vizityor va trollar tug‘ma ovsar bo‘ladi. Zakovat va estetika ularning miyasini zo‘riqtiradi. Kuchli tok kelganida zaif chiroq kuyib qolgani kabi.

Ammo tarmoqda mening aziz va zarif do‘stlarim bor. Opa-singil, aka-uka kabi qadrdonlarim, azizlarim. Ularni injitgim kelmaydi.

Emin va Yosamin qissasi

Turk romanisti Latifa Takin asarlari haqida gapirib beraman, deb va'da qiluvdim. Shu va'damni bajaraman.

Latifa Takin men sevib o‘qiydigan turk yozarlaridan biri. Qaysarida tug‘ilgan. Istanbulda o‘qigan. So‘l qarashlarga ega. Go‘zal va ravon yozadi¸ Ëzganlarini o‘qigan odamda halovat hissi uyg‘onadi. Deyarli barcha romanlari sarlavhasida o‘lim va sevgi, degan jumla uchraydi. Latifa Takinning so‘nggi romanlaridan biri “O‘rmonda o‘lim yo‘q” deb ataladi.

Qalingina roman. O‘zbekchaga tarjima qilinmagan. Rus tiliga tarjima qilingan-qilinmaganidan habarim yo‘q. Romanni turkchada o‘qidim. Roman nima haqda?

Rasm chizmay qo‘ygan rassom Emin (men kabi) va esselar yozib, hech qaerda nashr qildirmay o‘zida saqlaydigan Ësamin degan ayol  hikoyasi bu roman. Emin oshiq bo‘lgani, xotin bilan ayrilgani ortidan firoq o‘tida yonib, shaharga sig‘may o‘rmonga borib yashay boshlaydi. (Men ham kundalik muammodan bezib, o‘rmonga qochishni o‘ylayman ba'zan). Kechmish hayotiga so‘ngso‘z, kelajak umriga so‘zboshi aytilgan bu hissiy surgunda Eminga Ësamin yo‘l orqadoshi bo‘ladi.

O‘quvchi Emin va Ësamin dialoglarini o‘qib, achchiq sevgi iztiroblaridan xabardor bo‘ladi.

Sevgi, armon, orzu, hijron, rashk, aldanish, yanglishish, boshning devorga borib urilishi, chorasizlik, yo‘lsizlik… Xullas, sevgan odam boshiga tushishi mumkin bo‘lgan nimaiki musibat bo‘lsa, biz uni Emin va Ësamin dialogidan anglaymiz.

Atrofda faqat ikki odam – erkak va xotin. Og‘ochlar, qushlar. O‘rmonning shag‘irlashi. Vijil-vijil bitkilar qo‘shig‘i.

Tamaddundan uzoq bu do‘g‘ol tabiat ichinda ikki odam dard to‘kadi. Dardki, adog‘i yo‘q. Dardki, huzunli. O‘rmon ichida hayqirish mumkin. Boshni daraxt tanasiga qarsillatib urish mumkin. Olov yoqib, et pishirib, tinchgina huzur ichida o‘tirish mumkin. “O‘rmonda o‘lim yo‘q” romani tabiatga olqish va gimn kabi o‘qiladi.

Romandan kichik bir uzinti: “Sen qadim zamonlarga qayt. Juda ibtidoiy, qadim o‘tgan zamonga qayt. Dunyoda ilk shamollar esa boshlaganida og‘ochlar yo‘q edimi? Yaproqlar shakliga boq! Osmonga qo‘llarini cho‘zgan daraxt shoxlariga qara. Og‘ochlar shamol kelishini oldindan bilgan kabi o‘sganini ko‘rmayapsanmi? Bu og‘ochlar shamol esganida egiladi, bukiladi, ammo yana qaddini tiklaydi. Bu og‘ochlarni hech kim kesib o‘tin qilib yoqmaydi. Ular qurib, yerga yiqilib, o‘g‘itga aylanishadi. Bu o‘g‘it bag‘rida esa boshqa fidonlar qad ko‘tarib, chinorlarga aylanadi. O‘rmonda o‘lim yo‘q!!!

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Feysbuk kanalidagi video linki: https://www.facebook.com/eltuzcom/videos/326316812581632

Tag‘in o‘qing
21 fevral 2023
Jurnalist Rahimjon Rahmat yozadi: Shu,  kam ta'minlangan toifa allada aziz,  to‘rvada mayizga aylanib ketyapti.  Mayli,  kambag‘al toifalarga un, yog‘,  ...
13 aprel 2022
Ukraina mojarosi haqida o‘qiyverib, bir qiziq voqea esimga keldi. Ancha yillar oldin bir tilshunoslar forumida ukrain tilidagi bir yo‘l ...
16 mart 2018
O‘zbekiston sobiq prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning yaqinlari orasida uning «cho‘ntagi» sifatida tanilgan shaxs – Jur'at Meliqulov qamoqdan butunlay ...
26 mart 2024
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz, ular O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand viloyatlaridan kelgan. Xatlar oqimi ayni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...