Asosiy mavzular
12 oktyabr 2021

Solijon Abdurahmonovning tutqunlikdagi 3405 kuni va tuni

Qoraqalpog‘istonlik jurnalist va huquq himoyachisi Solijon Abdurahmonov narkotik modda tashlab qo‘yilishi ortidan uydirma ayblovlar asosida to‘qqiz yildan ortiq qamoqda o‘tirdi. Ozodlikka chiqqanidan so‘ng to‘rt yildan buyon O‘zbekiston hukumatidan o‘zining reabilitatsiya qilinishiga muvaffaqiyatsiz urinib keladi. U nashrimizga bergan intervyusida hibsga olinishi va qamoqdagi hayoti haqida so‘zlab berdi.

Solijon Abdurahmonov etnik o‘zbek, 1950 yilda O‘zbekistonning Xorazm viloyatidagi Mang‘it tumanida (1957 yildan Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumani) tug‘ilgan. Toshkentdagi politexnika texnikumini suvoqchi-bo‘yoqchi mutaxassisligi bo‘yicha tugatib, armiyada ximat qilganidan so‘ng Nukusdagi pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetida o‘qigan. Pedagoglik faoliyatini 1968 yilda ikkita boshlang‘ich maktabda boshlagan. Ulardan biri keyin o‘rta maktabga aylantirilgan va u bu yerda 1993 yilgacha ishlagan. Moskvada harbiy xizmatchi o‘tab yurgan vaqtlarida harbiy muxbir sifatida “Na stroyke” (“Qurilishda”) va “Krasnыy voin” (“Qizil jangchi”) gazetalari uchun maqolalar yozib turgan. Biroz vaqt “Sovetskaya Karakalpakiya” (“Sovet Qoraqalpog‘istoni”, keyinchalik “Vesti Karakalpakstana” – “Qoraqalpog‘iston xabarlari”) gazetalari jurnalisti sifatida faoliyat yuritgan. 2001 yilgacha dehqonchilik bilan shug‘ullanib, keyin “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolari bilan hamkorlik qila boshlagan. 2005 yildan boshlab to 2008 yilda hibsga olingunga qadar “Ozod ovoz” va Uznews.net internet nashrlarida ham ishlagan.

– Solijon aka, 2008 yilda qanday hibsga olinganingiz haqida batafsil gapirib bersangiz.

– O‘sha yili iyun oyida men mashinamni Nukus issiqlik markazida qoldirdim. Bu vaqtda mening ortimdan kuzatuv qo‘yilgan ekan. Mashinani olib ketayotganimda markaz ishchisi uning atrofida qandaydir militsionerlar aylanishganini aytib qoldi. O‘shanda men bunga uncha e'tibor bermagandim. Chunki bunday sal avval harbiy shaharchada “Damas” avtomobilida qotillik izlari aniqlangandi. Buning ustiga, mashinamning davlat raqami Toshkentniki edi. Shuning uchun ularning ishi tekshirish-da, dedim. Keyin ma'lum bo‘lishicha, aynan o‘sha yerda mashinamning yukxonasiga narkotik modda tashlab qo‘yishgan ekan.

Hech narsadan shubha qilmay, men mashinamni olib ketdim va do‘stimning hovlisiga qo‘ydim. U yerda mashinam taxminan bir hafta turdi. 7 iyun kuni ertalab biz starterni tuzatish uchun mashinani avval bir avtoustaxonaga, kechqurun boshqasiga haydab bordik. Aynan o‘sha yerda biz fuqaro kiyimidagi MXXchinimi (MXX – Milliy xavfsizlik xizmati, 2018 yilda Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirilgan), jinoyat qidiruv xodiminimi ko‘rdim. U ustaning qulog‘iga nimadir deb shivirladi. Ma'lum bo‘lishicha, u mashinani kechqurun ustaxonada qoldirtirmaslikni so‘ragan ekan. Mashinani ta'mirlatgandan so‘ng kechqurun biz Nukusdagi kvartiramga qarab ketdik.

Uyimga taxminan 200 metrcha qolganida mashinani yo‘l-patrul xizmati xodimi to‘xtatdi va uni ko‘zdan kechirish kerakligini aytdi. Menda hatto hujjatlar ham yo‘q edi. Chunki men mashinani buncha tez tuzatishlarini va uni uyimga olib ketishimni bilmagan ham edim. Shuning uchun: “200 metr yuraylik, men hujjatlarimni ko‘rsataman”, dedim. “Kerak emas, hozir tezkor guruh yetib keladi”, dedi u. “Ular kelgunicha men hujjatlarimni uydan olib kelaman”, dedim. “Yo‘q, kuting”, dedi. O‘n minutlarda tezkor guruh it bilan yetib keldi.

Jinoyat qidiruv kapitani Jasur Kamolov meni to‘xtatishgan joydan sal narida, “Matiz” mashinasida ikki kishi bilan o‘tirgandi. Ularning hammasi fuqaro kiyimida edi. Kamolovni oldindan tanirdim, u bizning tumandan, Nukusda jinoyat qidiruv bo‘limida ishlardi. Hali ertalabdanoq shahar telefonimga kimdir qo‘ng‘iroq qilgan, go‘shakni ko‘targanimda esa hech kim gapirmagandi. Uydamanki yoki yo‘qligimni tekshirishgan chamamda. Uydan mashinamni ustaxonadan olish uchun chiqqanimda “Matiz”da uch kishi  yaqinlashdi, rulda Kamolov edi. Shu payt sinfdosh do‘stim birgalikda avtoustaxonaga borish uchun o‘zining mashinasida yetib keldi. “Matiz” esa bizning ortimizdan borgan ekan.

Xullas, kechqurun tezkor guruh keldi. Boshlig‘i “Qoradori” operatsiyasi o‘tkazilayotganini aytdi. Odatda narkotik izlashayotganida avval dvigatelni ochib, radiatorni qarashadi. Bular esa darhol yukxonaga tarmashishdi. U yerdan esa zaxira ballon orqasidan katta paketda marixuana va kichik paketda yoki opiy yoki nasha topishdi. Marixuanani ochishdi va ikkala paketni ham yerga qo‘yishdi. Kasbi sanitar vrach bo‘lgan do‘stim: “Bu haqiqiy marixuanaga o‘xshamaydi”, dedi. “Nahotki menga nimadir tashlab qo‘yishsa, u qalbaki bo‘ladi”, dedim men. Men uchun hammasi tushunarli bo‘lib ulgurgandi.

– Ikkala paketning og‘irligi qancha edi?

– Marixuana 514 gramm edi. Uning paketi Chimkentda uch yil oldin chiqqan gazetaga o‘ralgandi. It unga hatto qayrilib ham qaramaganiga e'tibor qildim. Marixuana shunchalik eski ekanki, hatto hidi ham chiqmagan. Bir chimdim oldim va hidlab ko‘rdim, men ham hech qanday hid sezmadim. Bunday tushundimki, paket uch yil davomida ochilmagan, lekin ko‘p marta foydalanilgan.

Nasha solingan ikkinchi kichik paket 5,98 gramm chiqdi. Keyinchalik, tergov izolyatorida biladigan odamlar menga bu kabi tashlanmalar odatda elektron tarozilarda tortilib, paketlarda kerakli og‘irlikda joylab qo‘yilishini aytib berdi. Ularda 5 yoki 6 gramm bo‘lishi kerak. Bundan xulosa shuki, bu paketlardan o‘zlarining ehtiyoji uchun ozgina olishgan.

– Keyin nima bo‘ldi?

– So‘ng tergov va sud bo‘ldi, bularning hammasi 16 dekabrgacha davom etdi, ya'ni tergov izolyatorida olti oydan ortiq o‘tirdim. Bu vaqt ichida kvartiramdan texnikalardan tashqari butun arxivimni – Qoraqalpog‘iston to‘g‘risidagi 6 ming varaqdan ortiq jurnalistik materialimni olishdi. Ularni menga haligacha qaytarib berishgani yo‘q. Ishim bo‘yicha tergov davomida uchta tergovchi almashdi. Birinchisi Nukus shahri IIBning yosh leytenanti Timur edi. Shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Abdulla Qutiboevning keyinchalik menga aytishicha, bu leytenant “mendan bu ishni olinglar”, deb yig‘lagan. Shundan so‘ng uning ota-onasi halol odamlar (onasi – Nukus universiteti o‘qituvchisi) ekani, shuning uchun o‘g‘lidan bu nopok ishdan voz kechishni talab qilgani ma'lum bo‘ldi.

Ikkinchi tergovchi aynan o‘sha podpolkovnik Abdulla Qutiboev, uchinchisi esa Qoraqalpog‘iston IIVdan mayor Erkin Nurmashov bo‘ldi. U ham o‘ziga shu ish tushganidan pushaymon bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, keyin bilishimcha, tergovchilar Timur va mayor Nurmashev tez orada doimiy yashash uchun Qozog‘istonga ketishgan. Balki ular Qoraqolpog‘istonda odamlarning ko‘ziga qarashga uyalishgandir. Qutiboev ham ko‘p o‘tmay iste'foga chiqdi. Qamoqqa olishga sanktsiya bergan sudya va Nukus prokurori ham hech qancha o‘tmay lavozimlaridan ozod qilindi.

Yana bir qiziq fakt: jami ikkita tushuntirish xati yozganman – birinchisini hisbga olinganim 7 iyun kuni, ikkinchisini 8 iyunda, menga yana bir marta yozishim kerakligini so‘rashganida. Injiq odam bo‘lmaganim uchun tushuntirish xatini yana bir marta yozib berganman.

– Ikkinchi tushuntirish xati nega kerak bo‘lib qoldi?

– Koloniyadan chiqqanimdan keyin jinoyat ishimni batafsil o‘rgandim va undan birinchi tushuntirish xatini topa olmadim. Ma'lum bo‘lishicha, uni jinoyat ishidan olib tashlashibdi. Chunki men unda may oyida “Nyu-York tayms” muxbiri bilan uchrashganimni, birgalikda Qoraqalpog‘istonning bir necha tumanlarida bo‘lganimizni yozgan edim. Xuddi shu paytda maxsus xizmatlar muxbirni tinimsiz kuzatgan va bir muddat uni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin. O‘zlarining bu xatolarini yashirish uchun ular birinchi tushuntirish xatini yo‘q qilishgan va mendan muxbirni esga olmagan holda ikkinchisini yozib berishni so‘rashgan.

– Tergov vaqtida sizni kaltaklashdimi?

– Harakat qilib ko‘rishdi, lekin, menimcha, yuqoridan menga tegmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma bo‘lgan. Bir kuni tergovchining xonasi joylashgan yo‘lakda tursam, tepadan qandaydir tezkor xodim tushib keldi va oldimdan o‘tayotib meni rezina to‘qmoq bilan urdi. Men unga o‘girildim va: “To‘qmog‘ingdan qo‘rqmayman”, dedim. U menga ajablanib qaradi va o‘tib ketdi. Keyinroq meni ikki-uch marta urishga harakat qilishdi, to‘g‘rirog‘i, urishdi. Ammo o‘zimni tutishim juda sabrli bo‘lgani uchun ular mening “irodamni sinab ko‘rish”ga botina olmagan bo‘lishi mumkin.

– Sudda prokuror kim edi?

– Meni Taxtako‘pir tumani jinoyat ishlari sudida sudlashganida sudya Qidirboev mahkama o‘tayotgan Qoraqalpog‘iston Oliy sudiga, Nukusga maxsus kelib ketardi. Ayblov tomon esa Taxtako‘pir tumani prokurorining yordamchisi edi.

– Ishingizni nega Nukus sudi emas, tuman sudi ko‘rdi?

– Men bu haqda ham o‘ylaganman. Umuman, huquq himoyachisi sifatida turli yillarda odamlarni har xil sudlarda himoya qilganman. Boshqa tomondan, mening jinoyat ishim soxtalashtirilganini barcha bilardi. Shuning uchun bu ishni ko‘rishni istaydigan sudyani topish kerak edi va uni Taxtako‘pirdan topishdi. Hozir undan qutulish uchungina shu ishni topshirishgani ma'lum bo‘lgan. Ayni paytda Qidirboev advokat bo‘lib ishlayapti.

– Sizda ham advokat bor edimi?

– Hibsga olinganimning birinchi kechasida menga advokat taklif qilishdi, lekin endi bu foydasiz ekanini bilganim uchun uni rad etdim. Ammo ertasi kuni huquqshunos ukam Bahrom Abdurahmonov keldi va menga advokat bo‘ldi. Mening jinoyat ishim bo‘yicha hukm o‘qilgandan so‘ng uni litsenziyasidan mahrum qilishdi.

Qiziq holat: tergov davomida uchta tergovchidan birortasi mendan topilgan narkotiklar to‘g‘risida so‘ramadi. Xuddi shuningdek, sudning bo‘lib o‘tgan oltita majlisida ham na sudya, na prokuror narkotik mavzusini ko‘tarmadi.

– Ularni nima qiziqtirgandi, faoliyatingizmi?

– Ha, masalan, Nukus prokurori Azamat Ismatov men u yoki bu ma'lumotni qaerdan olganim, kim menga yordam bergani, qaerdan va qancha pul olganim kabilar bilan qiziqdi. Men o‘zim bu mavzularda so‘z ochmadim. Ammo keyinchalik qamoqda o‘tirganimda, 2009 yilda mendan oq qog‘ozga imzo qo‘ydirib olishganiga “nega” deb o‘ylanib qoldim. Balki o‘sha qog‘ozga narkotiklar haqidagi ma'lumotlarni kiritmoqchi bo‘lishgandir? Chunki ilgari narkotiklar menikiligini tan olmagandim-da.

– Nega oq qog‘ozga imzo qo‘yib berdingiz?

– O‘sha paytda ular nimalarni yozishining menga qizig‘i yo‘q edi. Qolaversa, ular haqiqatga to‘g‘ri klemaydigan biror narsa yozsa, kelajakda mening ishim buyurtma ekanini ko‘rsatadigan yana bir dalil bo‘lishiga ishonchim komil edi. Bundan tashqari, agar imzo chekmaganimda ham ularning o‘zi mening nomimdan qo‘l qo‘ygan bo‘lardi. Aytgancha, ozod etilganimdan keyin jinoyat ishini o‘rganganimda unda o‘sha qog‘oz yo‘q edi. Balki ular bu qog‘ozga o‘zlariga ma'qul yozuvlarni kiritib, Abdurahmonovning ahvoli yaxshi, shikoyati yo‘q, deb xalqaro tashkilotlarga taqdim etgandir.

– Hukm, o‘zingiz aytganingizdek, dekabrning o‘rtalarida chiqarildimi?

– Yo‘q, oktyabr oyida. Ammo keyin ikki oy to‘rt kun davomida, 16 dekabrgacha tergov izolyatorida o‘tirdim. Nega? Balki oxirgi daqiqalargacha ular meni qamash yoki qamamaslik, koloniyaga jo‘natish yoki jo‘natmaslikni o‘ylashgandir. Bu vaqt ichida apellyatsiya shikoyati yozdim. Bu shikoyatim noyabr oyida Qoraqalpog‘iston Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha hay'atida Razzoqova raisligida ko‘rildi va hukm o‘zgarishsiz qoldirildi.

– Yakunda sizni qaysi moddalar bo‘yicha ayblashdi?

– Boshlanishida Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar; bu modda bo‘yicha eng ko‘p jazo – besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) bo‘yicha ayb qo‘yishdi. Menga tanishish uchun berilgan ayblov xulosasida shunday yozilgandi. Men narkotik moddalarga hech qanday aloqam yo‘qligini, jinoyat ishi bo‘yicha tergovni tugatishni podpolkovnik Qutiboevga topshirishlarini so‘rab yozib berdim. Chunki men uni nisbatan halol odam deb bilardim.

Yuqorida nomini aytganim, tergovni tugatgan mayor chiqib ketib, uch kundan so‘ng yangi ayblov xulosasi bilan qaytib keldi. Yangisida 273-moddaning 5-qismi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish; bu modda bo‘yicha jazo – 10 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish) ko‘rsatilgan edi. Tushunyapsizmi, ular meni qamashni istashmagan, 276-modda bo‘yicha aybimni tan olsam, qandaydir jarimami yoki boshqa jazo qo‘llab, ozodlikda qolishimni xohlashgan. Men aybni tan olmaganim oqibatida menga 273-modda bo‘yicha 10 yil qamoq jazosi berishdi.

Qizig‘i shundaki, 2019 yil dekabrda ozodlikka chiqqanimdan keyin Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘sha paytdagi prokurori, hibsga olinganimdan bir hafta keyin O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosarligiga ko‘tarilib ketgan Hakimboy Halimov bilan uchrashdim. Bu vaqtda u Qoraqalpog‘istonga qaytgan va Qoraqalpog‘iston prokuraturasida jinoyat ishlarini sudlarga o‘tkazishni nazorat qiluvchi prokuror vazifasida ishlayotgan edi. Hakimboy menga: “Solijon aka, siz yaxshi odamsiz”, dedi. “Yaxshi odam bo‘lsam, nega meni qamadinglar”, dedim. “Sizni men qamamadim”, deb javob berdi. Toshkentdagi MXXga ishora qildi. Huquqni himoya qilish va jurnalistik faoliyatim uchun.

– Qaysi koloniyalarda o‘tirdingiz?

– Faqat bittasida – Qarshidagi UYa-61 da.

– Koloniyada “loxmach”lar bilan to‘qnash keldingizmi?

– Albatta, ularsiz bo‘ladimi? “Loxmach”lar (tergov chog‘ida ko‘rsatma olish uchun ma'muriyat bilan hamkorlik qiladigan mahkumlar, chaqimchilar) asosan huquqbuzarliklar profilaktikasi sektsiyasi mahkumlaridan, oddiy mahkumlar ichidan ham chiqar edi. Kuchsizlarni ko‘p himoya qilardim. Masalan, chekish joyida (o‘zim chekmasdim) bitta “loxmach” keldi-da: Soli bobo (qamoqda meni shunday atashardi), sizni ham urishsa-chi”, deb so‘radi. “Urishsa, yiqilayotib ham o‘z fikrimizni aytamiz”, deb javob berdi. Shundan so‘ng u menga xuddi kichiklar kattalarga qilgani kabi doimo do‘stona munosabatda bo‘ldi.

Umuman, koloniyada “loxmach”lar hamma joyda bor edi, ayniqsa, qamoqxonaga olib kelingandan keyin bo‘ladigan 2-3 oylik karantin davrida sizning qanday odamligingizni o‘rganish uchun har tomonlama tekshirib ko‘rishadi. Bu bilan maxsus tezkor guruh shug‘ullanadi. Ular o‘zingizni kuchsiz va pastkash qilib ko‘rsatishingiz uchun sizni biror narsadan norozi bo‘lishga majbur qilishga urinishadi. “Loxmach”lar esa shu maqsadda sizni atayin haqorat qilishi yoki o‘tib ketayotib turtishi mumkin.

Nasroniylarda aytishadi-ku, agar bir yuzingga urishsa, ikkinchisini tut, deb. Musulmonlar esa: “Agar seni haqorat qilishsa, demak haqsan, shuning uchun bu haqoratlar senga tegmaydi”, deydi. Ana shu aqidalarga amal qildim. Haqorat qilishsa ham nega kulib turaverishim haqida ikki marta so‘rashgan ham. Men hech kimning ustidan kulmasligimni, tabassum ichimdan kelishini aytib javob berganman. Keyin butun mahkumligim davomida menga hurmat bilan munosabatda bo‘lishgan.

– Andijondagi 2005 yil voqealaridagi ishtiroki uchun qamalganlar bilan ham birga o‘tirganingizni aytgandingiz…

– Ha, ular ko‘p edi. Masalan, bizning otryaddagi 120 kishidan beshtasi shulardan edi. Ularning uchtasi – sobiq tadbirkorlar bilan yaxshi tanish edim. Ajoyib yigitlar, deb bemalol ayta olaman. Ularda odamgarchilikdan chekinishni biror marta ko‘rmaganman. Ko‘p yil o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman-ku, shuning uchun odamlardagi yaxshi xislatlarni ko‘rishni o‘rganganman-da. Ularda faqat ijobiy insoniy xislatlarni va jinoyatchi emasligi haqidagi ichki ishonchni ko‘rganman.

Ular bilan gaplashishga ruxsat berishmasdi, hatto avvaliga buning uchun intizomiy jazo qo‘llanilardi. Ular bilan gaplashmaslik kerakligini yig‘ilishlarda har doim aytishardi. Ammo men “quloqsizman-ku”, “promka”da (sanoat zonasi) jun titish vaqtida yonlarida o‘tirardim va gaplashardim. Brigadir meni ko‘p marta ogohlantirgan, ammo adolatsizlikka ko‘z yumib bo‘ladimi?

– Ular ozodlikka chiqarilgan holatlar ham bo‘lganmi?

– Ulardan qilgan ishiga pushaymonligi to‘g‘risida har doim tilxat olishardi. Biror aybni bo‘yniga olmaganlar sanoqli edi. Aksariyati yozib berishardi, chunki ular dindor odamlar edi. Musulmonchilikda kimdir biror narsani tan olsa, Alloh kechiradi, degan gap bor. Balki shuning uchundir, ular biror aybga iqror bo‘lib, tilxat yozib berardi. Hatto iqror bo‘lganlarni ham tanlab-tanlab ozod etishardi. Ozod etish qanchadir ming dollar turishi haqida gap-so‘zlar yurardi.

Ularning ba'zilarini men o‘sha yerdaligimda ozod etishdi, aksincha, ko‘pchiligiga Jinoyat kodeksining 221-moddasi (jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik) bo‘yicha muddat ham qo‘shib berishdi. Ozod etilganlar qanchadir dollar bergani haqida gap-so‘zlar bo‘lardi, ammo men bu gap to‘g‘riligini tasdiqlay olmayman. Lekin ularni albatta korpuslar oralig‘idagi maydonga olib chiqishardi. Sektorimizdagi to‘rtta otryadni (koloniyada hammasi bo‘lib to‘rtta sektor, har birida to‘rttadan otryad bor edi) o‘sha yerga yig‘ishardi. Tezkor xodim chiqib kim, qaysi modda bo‘yicha qamalganini e'lon qilardi. Shundan keyin bu mahkumlar hammaning oldida qilgan jinoyatidan pushaymonligini, adashganligini, prezidentdan kechirim so‘rashini, qamoqdan chiqqanidan so‘ng O‘zbekiston farovonligi yo‘lida yashashi va mehnat qilishini aytishi shart edi. Bularning hammasi videotasvirga olinardi. Bu boshqalar shunday ish qilmasligiga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining bir shakli edi.

– Siz bilan asosan kimlar o‘tirgan, jinoyatchilarmi? Ko‘pincha qaysi moddalar bilan qamalganlar?

– Bilasizmi, u yerda hech kim o‘zi haqida ko‘p narsa gapirishni istamaydi. Agar diqqat bilan atayin o‘rganib chiqmasangiz, yoningizda kissavurmi yoki qotil ekanini hech qachon bila olmaysiz. Qamoqxonaga tushishdan oldin hamma tergov izolyatoridagi bir necha oylik do‘zaxdan o‘tadi. Shuning uchun hamma bu yerga qancha bo‘lsa shuncha o‘tirishga tayyor bo‘lib keladi. To‘g‘ri, kimdir umidsizlikka tushib qoladi va o‘zini noqobil ko‘rsatib qo‘yadi, lekin bunaqalar juda-juda kam uchraydi.

Esimda, 50 yoshlardagi bir mahkum bo‘lardi. Bir kuni barak oldida oshxonaga jo‘nashni kutib navbatda turgandik. Sen odamning terisini shilib olgansan, deb kimdir uning ustidan kulishni boshlayapti, u ham kulyapti. Men bu hazil bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Chunki hech kim uni qotil deb o‘ylamasdi-da. Xullas, uni manzil koloniyaga chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun komissiyaga olib borishdi. Biz u manzil koloniyaga chiqishiga ishonardik, u esa darhol qaytib keldi. Ma'lum bo‘lishicha, koloniya boshlig‘i uning jinoyat ishini ko‘rib: “Mana, sen odam o‘ldirib, terisini shilib olibsan. Balki to‘satdan yana shunga o‘xshash biror narsa qilib qo‘yarsan? Bunaqasi boshqa qaytarilmasligiga va'da berasanmi”, deb so‘rabdi. Odatda bunaqa paytda hamma va'da beradi. Ammo unga ishonishmagan ko‘rinadi, shuning uchun ortga qaytarishgan. Men o‘shandagina u nima uchun qamalganini bilganman. Holbuki, bungacha ko‘p oylar davomida men uning qotil ekani, yana odamning terisini shilib olganini xayolimga ham kelmagan.

– Ya'ni siz bilan har xil moddalar bo‘yicha qamalgan odamlar o‘tirgan-da?

– Hammasidan bor edi! Qotillar alohida o‘tirish kerakligi to‘g‘risidagi tartib bor, lekin bu talab umuman bajarilmaydi. Jazoni ijro etish boshqarmasi uchun bu odamlarni qo‘rquvda ushlab turish uchun zarur bo‘lsa kerak. Chunki ularga nimadir kerak bo‘lsa, qotillarga tayanadi.

– Mahkumlar ichida giyohvandlar yoki narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar ko‘p edimi? Bundaylar mamlakatning qaysi viloyatlaridan ko‘proq edi?

– Qamoqqa kelganimning boshlarida otryadimizdagi 54 foiz mahkum narkotiklar bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha qamalganini hisoblab chiqqanman. Gap shundaki, butun mamlakat bo‘ylab narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilardi. Hatto uchastka profilaktika inspektorlari o‘z hududida ko‘rishni xohlamaganlar (masalan, uysiz daydilar) ham bor edi. Ularga narkotiklar tashlab qo‘yilgan, bunga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham aynan shunday moddalar bilan qamalgan bo‘lishlari mumkin.

Bundaylarning qaysi viloyatdan ko‘pligi haqida menda aniq ma'lumotlar yo‘q. Ammo kuzatishlarimga ko‘ra, chegaraoldi Surxondaryo viloyatidan, Farg‘ona vodiysi, Xorazm va Toshkentdan shunday moddalar bilan qamalganlar ko‘p edi. Qoraqalpog‘istondan eng kam edi.

– Mahkumlik davringizda qamoqxonadagi tartiblar o‘zgarib turdimi yoki taxminan bir xilligicha qoldimi?

– Qamoqxonadagi asta-sekin o‘zgarishlar, kuzatishimcha, 2012 yildan keyin boshlandi. O‘shanda koloniyaga Xalqaro qizil xoch tashkiloti vakillari ikki marta keldi, balki bu ham o‘z rolini o‘ynagandir. Ovqatlanish yaxshilana boshladi: yovg‘on sho‘rvaga ko‘proq o‘simlik yog‘i qo‘sha boshlashdi, nonushtada qaynatilgan tuxum paydo bo‘ldi (kishi boshiga bittadan, avval berilmasdi). Ammo shart-sharoit butunlay o‘zgarishi mumkin emas – qamoqxona o‘z nomi bilan qamoqxona. Koloniya xizmatchilari ham tubdan o‘zgarishi mumkin emas: agar ular mahkumni urish yoki haqorat qilishga o‘rganib qolgan va shuni xohlasa, hatto juda istagan taqdirda ham o‘z odatini butunlay o‘zgartira olmaydi.

– Islom Karimov vafotidan so‘ng qamoqxonda qandaydir o‘zgarish bo‘ldimi?

– Tezroq ozod bo‘lishga nafaqat menda, ko‘pchilikda umid paydo bo‘lganini ayta olaman. Chunki Mirziyoev hukmronligining boshlarida turli sohalarda islohotlar boshlandi va mahkumlarda optimizm ko‘paydi. Esimda, 2016 yilgi saylovdan sal oldin televizorda Mirziyoevning chiqishini ko‘rsatishdi. Uni otryadimizdan 63 kishi tomosha qilganini sanaganman. Bo‘lajak prezidentga qarayapman va yoqimli yuz hamda kelishgan erkakni ko‘ryapman. Men o‘girildim-da, tomosha qilayotganlardan: “Ozodlikka chiqqandan keyin O‘zbekiston farovonligi yo‘lida mehnat qiladiganlar bormi, to‘g‘risini aytinglar”, deb so‘radim. Hamma bir ovozdan “ha”, dedi. Men bu javob chin yurakdan aytilganini ko‘rdim. Chunki hamma Mirziyoevga va uning mamlakatda hayot yaxshilanishi haqidagi va'dalariga ishondi.

Umuman, koloniya xizmatchilarining mahkumlarga munosabati yaxshi tomonga o‘zgardi. Zero, hamma shamol qaysi tomonga esishini kutardi. Maqolalarimdan birida hazil qilib yozganimdek, agar ilgari kimdir kaltaklangani yoki tahqirlanganini har kuni yuz marta kuzatish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endi bor-yo‘g‘i o‘n marta shunday bo‘lyapti. Aslida hatto bir martasi ham biz uchun fojea, uyatdir.

– Sizni dunyoning turli burchaklaridan qo‘llab-quvvatlashgani, xatlar yozishganini eshitdim. Shu to‘g‘rimi?

– Qamoqda o‘tirganimda bunga e'tibor bermaganman, chunki bu xatlar qandaydir yordam berishiga umid yo‘q edi. Esimda, bir kuni Niderlandiyadan bolaning dastxatida yozilgan xatni berishdi va xorijda birorta tanishim borligini so‘rashdi. Yo‘qligini aytdim. Qamoqda hammasi bo‘lib to‘rtta xat oldim, bittasi Xitoydan ekani esimda. Uyimga esa, haqiqatan ham, yuzlab xatlar kelgan. Buni xotinim men bilan ko‘rishish uchun qamoqxonaga kelganida aytgandi. Ozodlikka chiqqanimdan so‘ng bu xatlarning hammasini o‘qidim. Amnesty International tashkiloti men haqimda ma'lumot tarqatgani uchun shuncha xat olgan ekanman.

– Siz jami qariyb 9 yil o‘tirdingizmi?

– 9 yil 4 oy – jami 3405 kun. Aytgancha, 2014 yilda meni ozod etishgandi. O‘shanda sog‘lig‘im tufayli Toshkentdagi “sangorod”da (UYa-18) edim. Qamoqda o‘tirgan butun davrimda u yerga 12 marta tushganman. Xullas, 14 mart kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tdim, keyin Hamza (hozirgi Yashnobod) tumani jinoyat ishlari sudi mening ozod etilishim masalasida “sangorod”da sud majlisi o‘tkazdi. Shartli ravishda muddatidan oldin ozod etilsin, degan qaror o‘qildi. Uch kun o‘tdi. 17 martda meni “sangorod” boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Botir Qodirov chaqirdi va ozod etilganim bilan tabrikladi. “Sizga videoda nima gapirishni o‘rgatish shart emas, o‘zingiz bilasiz”, dedi Qodirov. 

Keyin men fuqaro kiyimini kiydim va chiqishga tayyorlandim. Ozodlikka chiqishdan oldin uchta postdan o‘tiladi. Ofitser hamrohligida birinchisidan o‘tdim. Ikkinchisidan o‘tishimda yo‘lga pul va oziq-ovqat berishdi, kasal odam sifatida meni uyimgacha kuzatib qo‘yadigan militsionerni tanishtirishdi. Aybim uchun videoda prezidentdan kechirim so‘rashimni, tegishli xulosalar chiqarganimni aytishimni so‘rashdi. O‘sha paytlarda siyosiy, diniy ayblovlar bilan qamalgan barcha mahkumlarni shartli ravishda faqat shunday shart bilan muddatidan oldin ozod qilishardi.

Xullas, uch marta tasvirga olishdi va to‘rtinchi marta ham videoga olish zarurligini aytishdi. To‘rtinchi marta ham xuddi avvalgi uch martadagi kabi kameraga qarab, ozodlikka chiqqanimdan so‘ng mustaqil jurnalist va huquq himoyachisi bo‘lib ishlash, qonun ustuvorligini himoya qilish niyatida ekanimni gapirdim.

– Sizni to‘rt marta tasvirga olish nega kerak bo‘lib qoldi?

– Chunki men hammasida prezidentdan kechirim so‘ramagandim, ya'ni ularning talablarini bajarmagandim. Har bir dubldan keyin ular tasvirni kompyuterda tepaga kimgadir jo‘natishar, 15-20 minutdan so‘ng u yerdan qayta tasvirga olish to‘g‘risida ko‘rsatma kelardi.

To‘rtinchi martasidan so‘ng oradan 15 minut o‘tib ofitserlardan biri bugun kech bo‘lgani, ertaga chiqishimni aytdi. Ofitserga pul va hujjatlarni qaytarib berdim, meni ozodlikka chiqarmasliklarini bilib bo‘lgandim. Meni Qodirovning oldiga olib kirishdi. U bugun ulgurishmagani, ertaga qo‘yib yuborishlarini aytdi. Ertasiga ham chiqarishmadi va bir necha kundan so‘ng Qarshidagi koloniyaga qaytarishdi.

– Ular sudning sizni ozod etish to‘g‘risidagi qarorini bajarishmagan bo‘lib chiqyapti-da, to‘g‘rimi?

– U yerda sud bo‘lganmi yoki bo‘lmagani, kim va qaysi asosda meni qo‘yib yubormaganini hech kim tushuntirib o‘tirmaydi. 2014 yilda “sangorod”ga joylashtirilgunimga qadar men O‘zbekiston Oliy sudi va prezidentga 24 marta shikoyat yozganman, lekin biror marta javob olganim yo‘q. O‘shanda ozodlikka chiqa olmay qolganimdan so‘ng boshqa hech kimga shikoyat yozmadim. Chunki bularning barchasi befoydaligini tushunib yetdim.

Ozodlikka chiqqanimdan so‘ng 2014 yilda meni qaysi asosda yana koloniyaga qaytarishganini aniqlashga urinib ko‘rdim. UYa-18 ga yozma murojaat qildim. “Xatingizda ko‘rsatilgan voqealar bo‘lmagan”, degan yozma javob oldim.

Keyin men Yashnobod tumani jinoyat ishlari sudiga bordim. Sudyaning yordamchisi meni kompyuterdan topgani, ularning ma'lumotlari bo‘yicha men sud qilinmaganimni bildirdi. Haqiqatni bilmagunimcha baribir tinchimasligimni, sudya bilan maslahatlashib ko‘rishini, bir necha kundan keyin kelishimni aytdim. Shundan so‘ng mening jinoyat ishim 2014 yil 13 mart kuni sudga kelib tushgani, ammo 14 martda ish ko‘rib chiqilmagani haqida yozma javob oldim. Ammo nega ko‘rib chiqilmagani sababi ko‘rsatilmagandi.

– Ya'ni sudning sizning ozod qilinishingiz haqidagi qarori bo‘lmagan, shundaymi?

– Shunday bo‘lib chiqyapti.

– Xullas, qachon ozodlikka chiqdingiz?

– 2017 yil 4 oktyabrda.

– Ozodlikka chiqqaningizdan keyin nima bilan shug‘ullandingiz?

– 2018 yilda Galima Buxorboeva bilan hamkorlikni tikladim. U men hibsga olingunga qadar Uznews.net, keyin esa Centre1.com saytlariga rahbarlik qilgan. Men shu saytga faol yozishni boshladim. Qoraqalpog‘iston hayoti va muammolari to‘g‘risida oyiga 10 tagacha maqola berib turdim.

– Reabilitatsiya qilinishga urinib ko‘rdingizmi?

– Ko‘p marta. O‘zbekiston Oliy sudiga bir necha bor yozma murojaat qildim. Ikki marta prezident apparatida Oliy sud vakilining shaxsiy qabulida bo‘ldim. Oliy sudga har safar murojaat qilganimda avvaliga meni kompyuterdan topa olmasliklari, keyin esa mening ismim qandaydir alohida ro‘yxatga ekani ma'lum bo‘lishi haqida maqolalarimda ham yozdim. Oliy sudda ham, prezident apparatida ham “qora ro‘yxat” hunuz mavjud. Mening o‘sha ro‘yxatda ekanim ma'lum bo‘lyapti.

So‘nggi bor 2019 yil oxirida O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozimjon Komilovning Nukusda bo‘layotgan qabuliga bordim. Qabulxonaga kirganimda kimligim va qaysi masalada kelganimni so‘rashdi. Men raisning qanchalik bandligini tushunishimni, bor-yo‘g‘i 20 sekund vaqtini olishimni aytdim. Qabulxonada 20 ta odam bor edi. Men ham o‘tirdim va kutdim.

Uch minutlardan keyin meni xonaga taklif qilishdi. U yerda Komilov emas, O‘zbekiston Oliy sudi hay'ati a'zosi, Qoraqalpog‘iston jinoyat ishlari sudi raisi Rajabov o‘tirardi. Men qabul uchun bor-yo‘g‘i 20 sekund vaqt so‘raganimni, Komilovdan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligiga o‘zingiz ishonasizmi”, deb so‘rashni xohlaganimni aytdim. Rajabov esa men reabilitatsiya qilinishimni bildirdi. “Ertami, kechmi, albatta shunday bo‘ladi. Bu reabilitatsiya mendan ko‘ra O‘zbekistonga foydaliroqligiga ishonaman”, dedim va chiqib ketdim.

2020 yil 5 fevralda yana Toshkentga keldim va Oliy sudga bordim. Avvaliga meni yana kompyuterdan topa olishmadi. Keyin topishdi-da, meni rais Komilov Nukusda qabul qilgani, uning imzosi ham buni tasdiqlab turganini aytishdi. Hujjatning o‘zini qo‘limga berishmadi. Nega berishmadi? Chunki yolg‘on va soxtakorlik hatto O‘zbekiston Oliy sudida ham ildiz otgan. Xullas, reabilitatsiya to‘g‘risida haligacha birorta javob olganim yo‘q. Oxir-oqibat Rajabovni Oliy suddan haydashdi. Chunki u bir marta ham, bir daqiqaga ham, hatto bitta odamga ham ko‘nglida adolat tuyg‘usi borligini aytishi mumkin emas edi.

– Hozir Germaniyadasiz, qaysi maqsadda kelgansiz?

– Ha, o‘tgan yil avgustdan beri “Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining reabilitatsiya dasturi bo‘yicha Germaniyada yashayapman va davolanyapman. Bu yerdan turib prezident Shavkat Mirziyoevga qachondir reabilitatsiya qilinishim mumkinmi, degan savol bilan bir necha ochiq xat yozdim. Shu paytgacha biror joydan javob olganim yo‘q.

– Avvalroq ijod bilan shug‘ullanish niyatida ekaningizni aytgandingiz. Shug‘ullanyapsizmi?

– Ha, hozir qamoqxonadagi xotiralarimni kitob qilyapman. Hatto uning nomini ham topib qo‘ydim – “3405 kun va tun. Mahkumning xotiralari”. Shu bilan birga, ilhom kelganda, deydi-ku, she'rlar va badiiy proza yozib turibman.

Intervyu matni «AsiaTerra» nashridan Eltuz tarjimasi

Tag‘in o‘qing
8 mart 2019
Bugun dunyo olimlari neftga qaramlikdan qutulib, yangi muqobil energiya ustida jadal ish olib bormoqda. TYeSLA elektromobillari dunyoni zabt qilishga ...
15 aprel 2016
“Konstitutsion tuzumga tajovuz”, “Qo‘poruvchilik”, “Ta'qiqlangan tashkilotlar tuzish va ularga a'zolik” kabi bir biridan vaximali moddalar bilan ayblangan “Aramais va ...
15 avgust 2019
Komil Allamjonovning blogerlar postlar ostidagi izohlar uchun ham javobgar bo‘lishi haqidagi bayonoti qizg‘in muhokama qilinmoqda. Shu muhokamalarda ko‘zim tushgan ...
24 may 2019
Internetning o‘zbek segmentini stakan deb qarasak, bu stakan ichida vaqti-vaqti bilan to‘fonlar yuz berayotganini kuzatamiz. Ëki Matbuot agentligi bu ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...