Asosiy mavzular
19 oktyabr 2021

Sudlanuvchilar kiyimidagi qon dog‘lari marhumlarniki ekani ochiqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida 18 oktyabr kuni Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillik jinoyati yuzasidan sud davom etdi. 

Navbatdagi sud majlisida sudlanuvchi tomon guvohlari, shuningdek, sud tibbiyot ekspertizasi vakili tinglangan.   

Qotillik bir yil burun, 2020 yilning 4 oktyabrida sodir bo‘lgan. Uch nafar sudlanuvchi shu qishloqda yashovchi qarindoshlari 62 yoshli Asqar Hazratov va uning xotini O‘g‘ilxon Aymatovani o‘ldirganlikda gumon qilinib, joriy yil 8 mayda hibsga olingan edi. 

“Eltuz”ning sudda ishtirok etayotgan manbalariga ko‘ra, sud tibbiyot ekspertizasi vakili uchala sudlanuvchining kiyimlaridan topilgan qon dog‘lari marhumga tegishli ekanini tasdiqlagan.

Sudlanuvchi tomonning sudda ishtirok etayotgan guvohlari ayblanayotgan hamqishloqlari qassoblik bilan shug‘ullanib kelishlari, ularning egnilaridagi qon dog‘lari eski va so‘yilgan hayvonlarga tegishli ekanini bildirishgan.

“Eltuz” ilgari xabar berganidek, asosiy da'vogar, marhumning kichik o‘g‘li Ibrohim Payg‘ambarqulov ota-onasini o‘ldirganlikda kuyovi Panji Navro‘zov va uning ikki qarindoshini ayblamoqda.

Payg‘ambarqulovning 4 oktyabr kuni guvohlik bergan xotini Shalola Jo‘raeva qotillik sodir bo‘lgan kuni yuziga ro‘mol o‘ragan Panji Navro‘zov uning ikki yashar o‘g‘lini yerga bosib urayotganini ko‘rgani, keyin esa uni ham urib hushidan ketkazganini iddao qilgan edi.

Sud tanaffusi paytida “Eltuz” bir necha guvoh bilan telefonda bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, 18 oktyabr kuni sudga guvohlik bergan fermer Zamon Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, Panji Navro‘zovning kalishidan topilgan qon dog‘lari u shu kuni ovqat pishirish uchun so‘ygan xo‘roznikidir.

Hakimovning bildirishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni Panji Navro‘zov tovuq sho‘rvani olib kasal ko‘rgani qo‘shnisi Bahodir Qarshievnikiga borgan. Sudda guvohlik bergan Bahodir Qarshiev “Eltuz”ga bergan intervyusidan chindan ham Navro‘zovning unikiga kasal o‘g‘lini ko‘rishga kelganini tasdiqladi.

Sudda guvohlik berganlarning yana biri, Mirishkor tumanidagi xususiy choyxona egasi ayblanuvchilardan biri Alimardon Navro‘zov shu kuni uning choyxonasida ovqatlanganini ma'lum qildi.

“Eltuz” suhbatlashgan mahalliy huquq faoli Shukurullo Parpievga ko‘ra, sud tibbiyot ekspertizasi xulosasi soxtalashtirilgan yoki tergov jarayonida marhumning qoni sudlanuvchilarning kiyimlariga atay surtib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.  

“Eltuz” ayni iddaolar va guvohliklarning ekspertiza xulosalariga zid kelayotgani yuzasidan kun davomida Qashqadaryo viloyati sud tibbiyot ekspertizasi idorasiga qo‘ng‘iroq qildi, lekin idora xodimlari bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. 

18 oktyabr kuni soat 14 dan o‘tib boshlangan sud kechki 17.30 gacha davom etdi. “Eltuz” Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillikka oid sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 iyul 2022
Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish uchun ko‘plab xorijiy va xalqaro banklar, jumladan, YeTTB va Jahon bankidan millionlab dollar sarmoya olgan ...
26 oktyabr 2022
Ilgari “Kamolot” YoIH degan tashkilot bo‘lardi. Unda yoshlar, ularga pul yoki hech qanday imtiyoz bo‘lmasa ham, vatanparvarlikni namoyish qilib, ...
8 iyul 2019
Dilorom Ichoqova 1955 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. She'rlari matbuotda chop qilingan. «Erk» ...
2 oktyabr 2019
«Yozarning sasi» ruknida «Eltuz» nashri marhum shoir Rauf Parfining o‘z do‘sti Muhammad Solihga bag‘ishlagan kitobidan o‘qigan she'riy turkumni muxlislar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...