Asosiy mavzular
27 oktyabr 2021

Salimboy prezident Karimovning “fe'li og‘ir bo‘lgani»dan yozg‘irdi

O‘zbekistonda kriminal «avtoritet» sifatida ko‘riladigan 71 yoshli “tadbirkor”  Salim Abduvaliev​ qozog‘istonlik jurnalist Nursait Jilqichiboyga o‘zining Toshkent va Bo‘stonliqdagi qarorgohida suhbat berdi.

Bir soatlik suhbat joriy yilg 21 oktyabrda  yutub kanalidagi “Vaqt ko‘rsatadi” dasturida namoyish qilindi.

Suhbat davomida u joriy prezident Mirziyoevni maqtadi va marhum prezident Islom  Karimovni “fe'li og‘ir edi», deya yozg‘irdi.

O‘z o‘tlog‘ida O‘zbekiston gerbi tushirilgan mayka kiyib gapirgan Abduvaliev Mirziyoev bilan birga prezidentlikka nomzod bo‘lganlarni, xususan, mardikorlardan soliq olish tashabbusi bilan chiqqan Qodirovni tanqid ostiga oldi.

Lo‘li baronlari  sevadigan “kitch barokko” uslubidagi saroyida «Qizil kitob»ga kirgan ayiq, qoplon va qor qoploni kabi noyob hayvonlarning ichiga somon tiqilgan tulumlari fonida buzuq rus tilida gapirgan Abduvaliev o‘zining moddiy emas, balki ma'naviy boy ekanini ta'kidladi.

Salim Abduvaliev qanday qilib boyib ketdi? U o‘zining ilk kapitalini qanday qo‘lga kiritdi? Muxbirning bu savoliga javob bergan Abduvaliev ilk kapital pul tikib o‘ynalgan qimordan kelganini e'tirof qildi. Qimorvozlikni ”sharmandali kasb” deya atagan Abduvaliev boshqa qimorvozlardan ko‘ra aqlliroq va tavakkalchi bo‘lgani bois doim yutuqqa ega bo‘lganini ta'kidladi.

Abduvaliev zamonaviy samartfonni «shayton o‘yinchog‘i», deb tariflab, qo‘lidan kelsa, barcha kompyuter va internet tizimini yo‘q qilardim, deya fikr bildirdi.

Otasining ismi Qirg‘izboy bo‘lgan Abduvalievni qirg‘izlar qirg‘iz, qozoqlar esa qozoq deya bilishadi. Suhbat davomida Abduvaliev o‘zining “toza qonli o‘zbek” ekanini urg‘uladi. Muxbirning Markaziy Osiyodagi davlatlarning Turon ittifoqi tuzish istiqboli haqidagi fikriga Abduvaliev skeptik munosabat bildirib, “Turon-muronning keragi yo‘q”, dedi.

Suhbat so‘nggida Abduvaliev insonga aql, bilim va sabrdan ham ko‘proq farosat zarurligini aytadi.

Abduvaliev yoshligidan insonlar mehri bois mashaqqatlararo muvaffaqiyatga erishganini aytar ekan, «Birovga o‘lim tilaguncha o‘zinga umr tilagin» maqolini o‘zbekcha keltirib o‘tdi.

Suhbat davomida diniy iboralarni qo‘llagan bo‘lsa ham Abduvaliev o‘qigan namozi, qilgan haji  bilan maqtanadigan mullavachchalarni sevmasligini urg‘uladi. «Eshak ham ka'baga boradi, ammo eshakligicha qaytib keladi», deya ta'kidladi Abduvaliev:

“Menga endi qarigan chog‘ingizda toat-ibodat qiling, deyishadi. O‘zbek maqoli bor: o‘g‘ri qarisa, mulla bo‘ladi, g‘ar qarisa, otinoyi”.

Reportaj davomida Abduvalievning uyi devoriga osilgan fotolar ko‘rinadi. Fotolarda uning rossiyalik sovetparast qo‘shiqchi marhum Iosif Kobzon, shanson Grigoriy Leps va  “Yalla” qo‘shiqchisi Farruh Zokirov bilan birga turgani aks etgan.

Rus pop qo‘shiqchilari O‘zbekistonga kelganida Abduvalievning uyida mehmon bo‘lishadi.

Postsovet hududlardagi ko‘plab kriminal avtoritetlarni madh etgan marhum shanson qo‘shiqchi Villi Tokarev Salim Abduvalievga «Salimbay» albomini bag‘ishlagan edi.

Salim, Salim, Salimboy – Toshkentning grajdani, vaqtni ketkizmasdan sharob quy!” deya kuyladi Villi Tokarev Salimboyga bag‘ishlagan qo‘shig‘ida.

Salimboy Abduvalievga bag‘ishlab boshqa ko‘plab estrada qo‘shiqchilari ham kuy va qo‘shiqlar bastalagan.

Taniqli xonanda, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulaziz Karim ko‘pchilik jinoyat olamiga aloqador deb biladigan Salim Abduvalievni shoir Bobur Bobomurod madh qilgan matn asosida  qo‘shiqqa solib  kuylagan edi. Qo‘shiqda “Salim aka, hayotingiz bizga ibrat”, deya ulug‘lanadi.

2004-2007 yillarda AQShning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan Jon Purnellning Wikileaks sayti yoyinlagan diplomatik yozishmalarida Salim Abduvaliev O‘zbekistonda katta ta'sirga ega “mafiya boshlig‘i” sifatida ta'riflangan. Toshkentdan Vashingtonga yuborilgani aytilgan bu hujjatlarda Salim Abduvalievning hukumat mulozimlari bilan yaqin aloqalari, xususan, davlat lavozimlari va hukumat shartnomalarini sotishda vositachilik qilishi haqida yoziladi.

Qozog‘istonlik muxbir joriy yil e'lon qilgan suhbat so‘nggida: “Uyingizda qancha milliard dollar bor”, deb so‘raydi. Bunga javoban Abduvaliev pulini bankda emas, balki 3 litrlik bankalarda saqlashini aytib hazil qiladi.

Bunday ta'rifga qadar na Salim Abduvaliev va na O‘zbekiston rasmiylari uning boyligi miqdori haqida ochiq munosabat bildirmagan. Qolaversa, Abduvaliev 2008 yilda marhum prezident Karimov tomonidan o‘zbek sporti rivojiga qo‘shgan hissasi uchun rasmiy mukofot bilan taqdirlangan edi.

2016 yilgi prezident saylovida Abduvaliev “Mirziyoev – moy prezident” deb yozilgan futbolka kiyib rasmga tushdi. Asnoda uning joriy prezident Mirziyoev bilan qo‘l ushlashib tushgan surati tarmoqda aylandi.

Salim Abduvaliev 1997 yildan beri O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi prezidenti lavozimini ham egallab kelmoqda. Yillardan beri Salim Abduvalievning Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston milliy jamoasiga homiylik qilib kelgani aytiladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 mart 2019
O‘zbekistonlik shoir, 56 yashar Mahmud Rajab 26 mart kuni ertalab 8.30 larda Gurjistonning Tiflis shahridan qaytayotganida Toshkent aeroportida o‘zbek ...
13 may 2019
Boya saytda firibgarlik aybi bilan qo‘lga olingan mansabdor haqida bir maqola paydo bo‘ldi. Keyin kirib qarasam, maqola o‘chirtirilgan. Va ...
5 fevral 2020
«– Begjonov, men sizga aytdim, u qizingiz ekstremist! U Amerikani maqtab, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt ustidan kulgan! O‘rtancha va ...
9 aprel 2018
«O‘zbekkontsert» davlat muassasasida 30 mart kuni muhokama etilgan to‘ylarni ixchamlashtirish haqidagi Senat qarori tasdig‘i noma'lum muddatga qoldirilgan edi. Eltuz.com
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...