RTdan va'z: Gilamlarni silkitish davri
Dunyoga tarqatib oltinlarimiz,
Ancha yengil tortdi botinlarimiz.
Tezakni tutatib palov pishirar –
Naqadar baxtlidir xotinlarimiz…
(HAMROQUL ASQAR)
Kech kuz ramzi – noyabrning ilk haftasida siz bilan ko‘rishayotganimdan ichimga sig‘may, sevinib o‘tiribman. Bormisiz mehri uqyonus, matonatli, sabrli va zahmatkash og‘am-inim, singlim, opam, onam? Siz borsizki, men borman! Siz tarafdan salom deya yangrayotgan o‘n minglab ovozlarni his qilyapman! Bugun siz bilan hijrat haqida emas, qaytish haqida gaplashamiz.
Hozir esa xabarlar:
O‘zbekistonlik popstar, hoji ona Yulduz Usmonova mualliflik huquqini buzgani uchun 185 mln so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Bor-yo‘g‘i ikkita to‘y narxi opoyga.
+++
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Chumchuqli mahallasida yashovchi ayol va uning voyaga yetmagan ikki farzandi 30 oktyabr kuni is gazidan o‘ldi. Falokatdan oilaning bir vakili omon qoldi, xolos. Biz yaqinda o‘zimiz foydalangan, o‘zimizda qazib olingan gazni tobora unutib, qoramolning orqasiga tobora ko‘proq tikiladigan bo‘lib boryapmiz. Sovqotgan odamning xayolida isinishdan o‘zga narsa bo‘lmaydi. Bolasi sovqotgan odam esa nafrat bilan yashaydi.
+++
Toshkentda 25 yoshli qiz «Neksiya»ni olib qochdi. Mashinani kechaning o‘zidayoq tinim bilmas izquvarlarimiz topishibdi. Mashina egasida, Shumaxerning singlisi qamoqda.
+++
Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik ikki qizaloq tashlab ketildi. Bolalarning otasi Piterda yallo qilib yuribdi. Bolalar hostelda. Bolasevar millatmiz.
+++
3 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati sudi hukmi bilan «Effekt.o‘z» nashrining sobiq muxbiri Elyor Tojiboev uch yilga qamaldi. Saytning amaldagi muxbirlaridan ikki nafarining ozodligi cheklandi. Uchala jurnalist Termiz tumani sudi raisi qabuliga kirishga uringani uchun tergov ishiga aralashish, haqorat, tuhmat, vakolatli shaxslarga qarshilik ko‘rsatish kabi bir qancha jinoyatlarda ayblangan.
+++
Ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklaganlikda ayblanayotgan «O‘zkomnazorat» rahbari G‘olibsher Ziyoev ishdan olindi. Prezident matbuot xizmati bu yuzadan tergov olib borilayotgani haqida xabar berdi. Bundan oldin O‘zbekistonda Telegram, YouTube, Instagram, tik-tok hamda Facebook tarmoqlari cheklangani haqida xabarlar chiqqan edi. “O‘zkomnazorat” rahbarining ishdan olinishi tasodifmi – yo‘q, zarurat!
+++
Toshkentda taniqli jurnalist va rassom Shuhrat Bobojonning ko‘rgazmasi ochildi. Rassom O‘zbekistonga yigirma yil deganda shaxsan prezident taklifi bilan qaytdi. G‘animlar ayyuhannos solmoqda, do‘stlar esa shodu masrur. Bu haqda yana batafsil to‘xtalaman.
+++
Pul yig‘ib, «Malibu» olaman-da, oyim bilan dadamni hajga yuboraman. O‘tgan hafta mana bu video trendga aylandi.
Xasta bo‘lgan hoji ona
O‘tgan oy shoir Yo‘lchi Ro‘ziev fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga xonandaga nisbatan “Xasta bo‘lma” qo‘shig‘ining she'r muallifi sifatida mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma'naviy zarar undirish haqidagi da'vo arizasi bilan murojaat qilgandi.
29 oktyabr kuni ish sudda ko‘rilib, qabul qilingan hal qiluv qarori bilan Yulduz Usmonovadan da'vogar Yo‘lchi Ro‘ziev foydasiga 50 mln so‘m ma'naviy zarar uchun kompensatsiya va mualliflik huquqini buzgani oqibatida yetkazilgan zarar uchun jami 185 mln so‘m miqdorida tovon puli undirish qarori olindi. Yashasin bizning odil sud!
Sudda taraflardan nizoni o‘zaro kelishib hal qilish uchun muddat berilgan. Ammo sud yakuniga qadar kelishuvga erishilmagan.
Xullas, Yulduz opa xasta bo‘libdi «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘idan.
Yutubu instadan o‘chirdim, deyapti bu qo‘shiqni. TV va radiodayam aytmayman, debdi hoji ona.
Opaning o‘zi aytdi sahifasida o‘tirvolib. «Xasta bo‘lma» qo‘shig‘i Yo‘lchi Ro‘ziev she'ri bilan endi umuman aytilmaydi. Aytmasangiz aytmang, opa.
Umuman olganda, o‘zbeklar Yulduz opaning xurmacha qiliklariga ko‘p yillardan buyon o‘rganib qolgan. Hoji ona ham trendda bo‘lishni sevadi. O‘rgangan ko‘ngil – o‘rtansa qo‘ymas.
Joriy yil may oyida xonandaning Isroil-Falastin mojarosi yuzasidan bildirgan fikrlari AQSh va Isroildagi Buxoro yahudiylari jamoasida g‘azab va xavotir bilan qarshilangan edi.
Jamoa vakillari Usmonova “antisemit ohangidagi chiqishlari uchun Isroil xalqidan kechirim so‘rashi kerak»ligini ta'kidlashgan bo‘lsa, ulardan ayrimlari Yulduz Usmonovani “xalq artisti unvonidan mahrum qilish”ga chaqirgandi.
O‘tgan yili Usmonovaning Instagram’dagi jonli efirda ichki ishlar xodimlari haqida aytgan so‘zlari uning ustidan ma'muriy ish ochilishiga sabab bo‘lgandi.
Shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda Usmonovaning uzr so‘rab chiqqan videosi tarqaldi.
Marhum prezident Islom Karimov davrida 11 yil davomida taqiqda bo‘lgan va mamlakatni bir muddat tark etgan Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelishi ortidan yana sahnaga qaytdi.
O‘z vaqtida hozir qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimovaga atab “Gulisan” deya qo‘shiq kuylagan xonanda yaqinda Shavkat Mirziyoevning yangi tug‘ilgan nevarasiga atab ham qo‘shiq ijro etgan.
Ishlarni tartibga solayotganda san'atkorlarga, fohishalarga va murabbiylarga tegmang, ular har qanday hokimiyatga xizmat qiladi, degandi o‘ris sarkardasi Kolchak. Xulosa sizdan.
Qadimda bobolar odil,
O‘g‘rilarga berarkan jazo.
Barmoqlarin kesarkan avval,
Etisharkan el aro sazo.
Goh o‘ylayman-mana shu qonun
Joriy bo‘lsa bizda ham ilkis.
Barmog‘idan ajrardi kimdir –
Qolar edi qanchasi qo‘lsiz.
Shunday bo‘lsin deyman-u, bir zum,
Qo‘llarimga qarayman g‘amgin.
Yuragimni vahima bosar –
Barmoqlarim zirqirar sekin…
(Hamroqul Asqar)
Yolg‘onlarga ishongan Islom Karimov
Jurnalist Rahimjon Rahmat yozadi: Xalifa Xorun ar-Rashid juldur kiyim kiyib bozorlarni, karvonsaroylarni, mahallalarni aylangan, oddiy odamlar bilan suhbatlashgan, ularning yashash sharoitini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, deyishadi.
Nega u shunday qilgan, nima maqsadda aholi ichiga kirib borgan?
Buning sababi shuki, vazirlar, mansabdorlar podsholarga aholining haqiqiy turmush sharoiti, qiyinchiliklari, mashaqqatlari to‘g‘risida to‘g‘ri ma'lumot yetkazmaydi.
Xorun ar-Rashid esa farosatli, dono xalifa, vazirlar uni informatsion izolatsiyada saqlashini, haqiqiy ahvolni yashirishini biladi, shu bois fuqarocha kiyim kiyib, o‘zi yashirincha xalq orasiga kirib borgan.
Bir paytlar marhum prezident Islom Karimov Rossiyada ishlab yurgan vatandoshlarimizni «dangasalar» deb malomat qilgan edi.
Ho‘sh, nega Islom Karimov migrant yigitlarimizni aynan dangasalar dedi, boshqa so‘zni ishlatmadi.
Dangasa deb kimga aytiladi?
Qiladigan ish ko‘p, lekin ishlashni xohlamaydigan insonlarni dangasa deymiz.
Demak, Islom Karimov tilidan chiqqan dangasalar so‘zi zamiridagi ma'noni tahlil etsak, bunday gap paydo bo‘ladi: o‘zimizda serdaromad ish o‘rinlari yetarli, lekin bular ishlagisi kelmay, ko‘cha supurishdek yengil ish izlab chetga ketyapti.
Islom Karimov «Axborot» ko‘rsatuvini ko‘rardi, deyishadi. Davlatga qarashli bu informatsion dasturda ikki beti lo‘ppi, keti tog‘oraday, hatto peshonasigacha yog‘ bosgan muxbirlar mamlakatimizda har kuni yuzlab, minglab ish o‘rinlari yaratilayotgani, aholi to‘q va farovon yashayotganligi haqida qip-qizil yolg‘on gaplarni tarqatardi.
Islom Karimov ishonardi muxbirlar tarqatgan yolg‘onlarga.
Men xorijiy radioning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan muxbiri sifatida mustaqillik tantanalarida ko‘p bor ishtirok etganman va Islom Karimovning raqsga tushganini kuzatganman.
Marhum prezident rostdan ham O‘zbekistonda jannat qura oldim, deb ishonardi va bayramlarda samimiyati jo‘sh urib o‘yinga tushardi.
Ayrim o‘rtoqlar menga – xorijiy radioning Toshkent ofisi boshlig‘iga O‘zbekiston haqida ijobiy eshittirish bering, kattaga olib kiramiz, derdi. Men bir bahona topib, yo‘q, derdim.
Biz boshdan kechirgan qattol tuzumni
Iloho, ko‘rmasin hech kim, hech qachon
Bunchalar ham qattiq tishlabmiz mumni,
Og‘iz ocholmasdan yuribmiz hamon.
(Erkin Vohidov)
Har kimning o‘z imzosi bor
Toshkentdagi “Hamar” va Urganchdagi badiiy galereyalarda taniqli o‘zbek rassomi va jurnalisti Shuhrat Bobojonov asarlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Shuhrat brat 20 yil avval siyosiy bosimlar tufayli O‘zbekistonni tark etgan edi. Baxtli yigit ekan – oradan yigirma yil o‘tib yaqinlari bilan ko‘rishdi, hamkasblari bilan dardlashdi.
Karimov davrida Shuhrat Bobojonning o‘nlab art asarlari yoqib yuborilishiga bir bahya qolgandi.
Shuhrat Bobojon «Toshkent siti»da turib Qalampir.uzga intervyu berarkan, O‘zbekistonda «zamon o‘zgargani» va «o‘zgarishlar Mirziyoevning siyosiy irodasi bilan bog‘liq» ekanini aytdi.
Bu, albatta, Shuhrat bratning yurtboshiga nisbatan aytgan ilk iliq fikri. Uning bu so‘zlari samimiy ekaniga shubha qilmayman. Ammo shubha qilganlar ko‘p bo‘ldi.
Ayniqsa, siyosiy qarashlari uchun uni yoqtirmaydigan g‘animlari “dod” deb yuborishdi.
Uni sotildi, deyishdi, Mirziyoev piari, deyishdi.
Ularga aytar javobim shu: Shuhrat Bobojonning O‘zbekistonga qaytishi – Mirziyoevning siyosiy irodasi va uni million marta tanqid qilgan rassomning jasurligiga isbot.
Mirziyoev Karimov davrida 30 yil davomida Shuhrat Bobojonga qarata otilgan malomat toshlari va butun boshli adovat kampaniyasini to‘xtata oldi.
Butun boshli qatag‘on mashinasini sindirish mumkinligini amalda ko‘rsatdi Mirziyoev.
Hali vatandan tashqarida yurgan oydinlar ko‘p. Ularga ham navbat kelib qolar, degan umiddaman.
Yana bir narsa – Men, rassom Tuzni Shuhrat Bobojon bilan adashtirganlar ham ko‘p ekan.
Moshalloh. Shuhratday avangard shoir, mohir jurnalistga tenglashtirishgan bo‘lsa, ne a'lo. Lekin mening o‘z imzoim, uning o‘z imzosi bor. U mo‘yqalamda tuzlaydi, men so‘zda. Farqimiz shu.
Komilov tushirgan «qovunlar»
22 oktyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiyaning bir qancha nashrlariga intervyu berarkan, o‘z ta'birida, xorijdagi tizimlashmagan muxolifatga to‘xtaldi.
“Nafaqat tizimlashmagan, balki tarqoq va alohida shaxslardan iborat deb aytgan bo‘lardim. Ko‘p hollarda ular bir-birlari bilan o‘zaro bog‘lanmagan, o‘zlarining orasida xorijdagi muxolifat ichidagi birinchilik uchun musobaqa ketadi”, dedi Abdulaziz Komilov.
O‘zbekistondagi eng keksa va eng qo‘rqoq vazirning birdan bunday bayonot berishiga sabab nima?
Bu savolga Londondan tahlilchi Alisher Ilhomov samimiy va mantiqli javob qaytardi:
«Odatda ichki siyosiy masalalar yuzasidan jamoatchilik fikridan o‘zini tiyadigan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov to‘satdan xorijda “pistirma”da turgan “muxolifatchilar”dan yozg‘irdi. U 22 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiyaning NTV telekanali jurnalisti savoliga javob berarkan, dastlab tizimli muxolifat nima ekanini tushunmadi. Keyin esa O‘zbekistondagi hukmron rejimni tanqid qilayotgan o‘zbek muxolifatchilarini ayblay boshladi.
Keling, gap nima haqida borganini bir boshdan aniqlaylik va hammasini birma-bir xotirjam javonga teramiz.
Gapni “tizimsiz” muxolifatdan boshlaymiz. Aslida O‘zbekistonda shunday narsaning o‘zi yo‘q. Chunki tizimli muxolifat ham yo‘q. Parlamentda o‘tirishga ruxsat berilgan cho‘ntak partiyalar mutlaqo tizimli muxolifat emas. Chunki ular umuman muxolifat ham emas.
«Tizimli» va «tizimli bo‘lmagan» muxolifat atamalari, umuman, faqat avtoritar rejimlarga nisbatan qo‘llaniladi, lekin faqat u yerda hech bo‘lmaganda haqiqatan ham faol muxolifat mavjud bo‘lgan taqdirda. Masalan, Rossiya Federatsiyasida tizimli muxolifat – bu haqiqiy siyosiy partiyalar, KPRF, LDPR va «Yabloko» partiyalaridir. Ularning saylovda qatnashishiga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, bosim, soxtalashtirish va ovoz berish natijalarini uydirish yo‘li bilan kerakli miqdorda ovoz to‘plashlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Tizimli bo‘lmagani esa parlamentga umuman kiritilmagani. O‘zbekistonda haligacha bunaqasi yo‘q. Taxtda faqat xon va uning vassallari bor.
Keyin janob Komilov rejimning barcha tanqidchilarini «muxolifat» degan atama ostiga birlashtirib mutlaqo xato qildi. Axir jurnalistning savolida gap faqat muxolif partiyalar haqida borayotgan edi. Xorijiy diasporamizda esa bu toifaga faqat «Erk» bilan «Birlik»ni kiritishimiz mumkin. Boz ustiga, «Birlik» allaqachon faoliyat ko‘rsatmay qo‘ygan, «Erk» esa hozircha juda zaif va faoliyati sust tuzilmadir.
Xorijiy diasporada siyosiy muxolifatdan tashqari huquq faollari va jurnalistlar ham bor. Lekin ularni hecham muxolifat deya atamaslik kerak. Ularning o‘z kun tartibi va ish uslublari bor. Hukmron tuzumning qora ishlarini tanqid qilishlari yoki fosh qilishlari bu siyosiy muxolifat degani emas.
Ammo Komilov ayblovining markaziy nishoni xorijdagi rejim tanqidchilariga qaratilgan bo‘lib, ular go‘yoki o‘zlarining shaxsiy g‘arazi yo‘lida yoki G‘arb donorlaridan mablag‘ olish umidida rejimga dushmanlik qilishmoqda. U buni qaerdan biladi?
Aslida esa quvg‘inda yurgan bu omma ichidagi sanoqli faollargina grant olishadi va buni ular O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishlarini hujjatlashtirishgani uchun olishadi.
Albatta, tanqid konstruktiv bo‘lishi kerak. Bunday konstruktiv tanqid esa surgundagi faollar og‘zidan yetarlicha yangramoqda. Korruptsiyaga, majburiy mehnatga chek qo‘yish, fermerlar huquqlarini ta'minlash yuzasidan real choralar ko‘rish chaqiriqlari allaqachon yangragan. Taklif etilayotgan konstruktiv chora-tadbirlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.
Shu tariqa, janob Komilov jurnalist savoliga javob berarkan, kamida o‘zining layoqatsizligini, noxolisligini, o‘zi o‘ylab topgan narsani rost deb bilishini ko‘rsatdi. Umid qilamanki, o‘zbek hukumati bunday yondashuvdan voz kechadi va muzlarni chindan eritishga kirishadi».
Alisher Ilhomov,
Ciyosiy tahlilchining feysbuk sahifasidan
Gilamlarni silkitish
Darvoqe, rassom Shuhrat Bobojonning Toshkentdagi ko‘rgazmasi “Gilamda aks etgan urush” deb nomlandi. Rassom buni ibtidoiy ajdodining voqelikni san'atda aks ettirish ehtiyojiga yo‘yadi. Ammo siyosatda ham «gilamlarni silkitish», degan tushuncha bor. Bu, bir tomondan, fizika qonunlariga asoslangan tushuncha bo‘lsa, boshqa tarafdan, siyosat, urush yoki biznes strategiyasi hamdir. Masalan, keng bir hududda kamroq harakat, inertsiya bilan katta to‘lqinlar, o‘zgarishlar hosil qilish, ya'ni shu yo‘l bilan muayyan hududni gilam kabi egallagan va noto‘g‘ri joylashgan quloch yetmaydigan maydonni o‘zgartirish, tozalash va to‘g‘rilash. Masalan, O‘zbekistonda 30 yildan ortiq davom etgan yakkahokimlik va turg‘unlik davrida qotib, mog‘or bosgan va oyoq osti bo‘lib, shakl- shamoyilini yo‘qotgan, burishgan eski gilam kabi tuzumni tozalash va to‘g‘rilash uchun avval uni yaxshilab silkitib, qoqish kerak.
Eskisin buzmay turib
qaytadan qurish kerak,
So‘ng eski arobani
O‘ngu – so‘l burish kerak.
Oyoqlarni tushovlab
oldingga yurish kerak,
Mazlumlar boshin silab
ketiga urish kerak.
Gullab-yashnashdan avval
ozgina chirish kerak,
Tinchlikni saqlash uchun
salgina urush kerak…
(Hamroqul Asqar, 1989 yil)
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz