Konstitutsiyani o‘zgartirish Mirziyoevning yangi muddatiga yo‘l ochadimi?
Prezident Shavkat Mirziyoev 6 noyabr kuni yangidan lavozimiga o‘tirish oldidan qasamyod qilarkan, O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish niyatini bildirdi. Biroq u qanday o‘zgarishlarni nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.
”Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak», dedi u Senatning yangi binosida o‘tgan tantanali yig‘ilishda.
Bu yuzadan Eurasianet nashri jurnalist Joanna Lillisning maqolasini chop etdi.
“Mirziyoev 2016 yilda hokimiyatga kelganidan beri ulkan iqtisodiy iyaslohotlarni ko‘zlovchi ambitsiyali dasturni ilgari surdi, so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyati uchun ko‘proq joy berdi. Biroq keng ko‘lamli siyosiy islohotlar aslida bunday islohotlarning yo‘qligi bilan ko‘zga tashlanmoqda”, deya yozdi jurnalist.
Uning ta'kidicha, bu muddat ichida biror muxolifat partiyasi ro‘yxatga olinmagan va o‘tgan oyda bo‘lgan saylovda prezident faqat o‘zining “sinalgan otlari” bilan saylov poygasiga kirishgan.
«Saylov erkin demokratik, ochiq-oshkora, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash ruhida o‘tgani xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar tomonidan ham e'tirof etildi», dedi prezident o‘z nutqida.
Biroq jurnalist Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeHHT Parlament assambleyasi va Yevroparlament kuzatuvchilari xulosasi o‘zgacha bo‘lganiga e'tibor qaratadi.
Ular caylovda «muxolifat partiyalarning chetlatilgani va haqiqiy raqobatning yo‘qligi, shuningdek, saylov kuni qonunbuzarliklarning ko‘p bo‘lgani» kuzatilganini alohida ta'kidlashgan edi.
Mirziyoev esa mamlakatda demokratik islohotlar bo‘layotgani va davom etishini ta'kidlamoqda:
“Biz xalqimiz bilan boshlagan demokratik islohotlarni yanada qat'iyat bilan davom ettiramiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz! Biz birgalikda, albatta, yangi O‘zbekistonni quramiz!” deya xitob qilgan edi prezident Mirziyoev o‘z nutqida.
Jurnalist, shuningdek, prezidentning “so‘z va matbuot erkinligini ta'minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar ko‘rish” va'dalariga ishora qiladi.
“U ommaviy axborot vositalari erkinligiga aralashganlik uchun mansabdor shaxslarning mas'uliyatini oshirishga qaratilgan chora ko‘rishga va'da berdi. U bir qancha ijtimoiy tarmoqlarni bloklagan yuqori martabali amaldorlarni ishdan bo‘shatgani, shundan so‘ng ular blokdan chiqarilgani haqida gapirdi, ammo boshqa saytlarga kirish hamon imkonsizligicha qolmoqda”, deya yozdi Eurasianet muxbiri.
Jurnalist prezident Mirziyoev konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha o‘z rejasini ommaviy tashabbus sifatida taqdim etgani haqida ham yozdi.
“Barcha elektorat vakillaridan deputatlikka nomzodlar saylovoldi yig‘ilishlarida hayotning o‘zi talab qilayotgan o‘zgarishlarni taqozo etayotgan yana bir muhim taklifni ilgari surishdi. Bu mamlakatdagi konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdir”, deya iqtibos keltirdi jurnalist prezident nutqidan.
Amaldagi konstitutsiyaga ko‘ra, so‘nggi besh yillik vakolat muddati Mirziyoev 69 yoshga to‘ladigan 2026 yilda tugarkan, u hokimiyatni topshirishga tayyormi yoki yo‘qmi, deya savol qo‘yadi jurnalist.
Uning ta'kidicha, Markaziy Osiyo prezidentlari hokimiyatga yopishib olish uchun konstitutsiyalarini tez-tez o‘zgartirib kelishgan.
Jumladan, Mirziyoevdan oldingi prezident Islom Karimov o‘sha ikki muddati o‘tganiga qaramay, chorak asr davomida turli g‘irromliklar bilan rahbarlik qilishda davom etgan edi.
Bir paytlar konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilgani Karimovning yangi konstitutsiyaga ko‘ra navbatdagi muddatga nomzodini qo‘yishi uchun asos sifatida qo‘llangan va u tag‘in nomzodini qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan edi.
«Nazariy jihatdan Mirziyoev ham konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritsa, shunday argumentdan foydalanishi mumkin.
Markaziy Osiyodagi boshqa prezidentlar esa o‘z konstitutsiyalaridan hatto muddat cheklovlarini ham olib tashlashgan yoki o‘zlari uchun shaxsiy imtiyozlar kiritib olishgan.
Mirziyoev konstitutsiyani o‘zgartirish rejasi haqida gapirarkan, yaqin haftalar ichida hammaning diqqat- e'tibori bu o‘zgarishlar aynan nimalardan iborat bo‘lishiga qaratiladi», deya mushohada qiladi Joanna Lillis «Eurasianet» nashrida chop qilingan maqolasida.
Joanna Lillis olmaotalik jurnalist, “Qorong‘u soyalar: Qozog‘istonning maxfiy dunyosi ichida” kitobi muallifidir.
Eltuz.com