20 yillik «safar»: Shuhrat Bobojon yurtga qaytdi
Toshkent va Xorazmga sayohatim va ko‘rgazma haqida o‘zim hikoya qilsam. Turk ota so‘zida aytilganidek, «o‘ksiz o‘z kindigini o‘zi kesadi». Qolaversa, 1994 yildan beri jurnalistlik kasbini qilgan odam sifatida ham o‘zim haqimda o‘zim gapirishga haq qozondim, deb o‘ylayman.
Xullas, 2021 yilning yoz kunlaridan birida ishdan uzoq muddatli ta'til olib, onam va ukalarim bilan dengiz soxilida dam olayotgan paytimda O‘zbekistonga borish haqida taklif tushdi. Mening ijodimni sevgan o‘zbekistonlik sarvat sohiblarining bu taklifini 16 yildan beri yaxshi tanigan olim do‘stim saslantirdi.
Qarindosh, maslakdosh va do‘st-yoronlar bilan maslahatlashsam, O‘zbekistonga borishimni olqishlashdi. Taklifga rozilik berishim va pasportga viza yopishtirilishi orasidagi bir oycha vaqt 20 yil O‘zbekistonda “zapret”da bo‘lgan kaminani hamma ham orziqib kutmayotganini bildiradi.
O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasining Sarvarbek ismli xushmuomala xodimi iltifot bilan pasportimga viza yopishtirib berdi. Pragadan Istanbulga, Istanbuldan esa Toshkentga uchdim.
Yarim kechasi uchoq Toshkentga qo‘ndi. Trap oldida turgan odam «Bobojonov» deb chaqirdi. Trap yonidagi avtomobilga taklif qilindim. Milisaning qamoq mashinasi bunday hashamatli bo‘lmasligini o‘ylab taskin topdim. Aeroportning VIP zalida meni tadbirkor do‘stlarim, ko‘rgazma tashkilotchilari kutib turishar edi.
Yevropadan olib kelganim 11 ta san'at asari bagajdan chiqquniga qadar bu do‘stlar bilan dastturxon atrofida suhbatlashdik. Tashqarida esa meni «Hamar» galereyasi xodimi Shirin Tosheva, ukam G‘ayrat va jiyanim Humoyun doxil o‘nlab yaqinlar kutib turardi. Qisqa uchrashuvdan keyin Oloy bozori yaqinidagi mehmonxonaga joylashdim.
Ertasiga ertalab Toshkentdagi qarindoshim uyida meni kutib turgan onam va singillarim bilan uchrashdim. 20 yil o‘tib singillarim bilan nonushta qildim. Keyin men tushgan mashina shahar markazidagi “Hamar” galereyasiga qarab yo‘l oldi.
Mashina oynasidan tiyramoh sarg‘aytirgan shaharni tomosha qilib ketdim.
Yoshlik zangor fasl, kechdi, sarg‘ardi,
To‘kildi u. Shafqat bilmas bargrezon.
Qora sovuqlarga otib yubordi,
Shamollar poyida sinmoqda xazon.
Yoshlik zangor fasl. Kechdi. Sarg‘ardi.
(Rauf Parfi)
«Hamar» galereyasi joylashgan ko‘rgazmalar zalini 1978 yildan beri bilaman. Har bir toshi tanish. Shunday bo‘lsa ham kiraverishdagi toshga qoqilib ketdim. Oyoqdan chaladigan chaqirtoshlar hanuz bor, degan mujda edi bu.
Ko‘rgazma ochilishida mening rasssom bo‘lishimga sabab bo‘lgan ustozlarim Yanis Salpinkidi, Vyacheslav Oxunovga minnatdorlik bildirdim. Ko‘rgazma o‘ziga xos muhtasham san'at bayramiga aylandi…
Rassom Salvador Dali ijodkor kambag‘al va xokisor bo‘lganidan ko‘ra badavlat va mag‘rur bo‘lgani ma'qul, degan edi. Men bu ko‘rgazma orqali rassom do‘stlarim ko‘nglini ko‘tarib, rassomlik sharafli maslak ekani haqidagi mujda tagini chizdim. Parij va Londondagi ko‘rgazma zallaridagi ziyofat suprasidan kam bo‘lmagan dasturxon tuzadik.
Shu o‘rinda ko‘rgazma haqida gapirsam.
Ko‘rgazma nomi – «Gilamlarda aks etgan urush» (War in carpet).
Ko‘rgazma slogani – «Dunyodagi dolzarb voqealar faqat OAVda emas, balki tasviriy san'at asarlarida ham o‘z aksini topadi». Ko‘rgazmada 1983 yildan to 2021 yilgacha yaratgan asarlarim namoyish qilinadi. Bu asarlarda dunyoda yuz bergan voqealarga (11 sentyabr fojeasi kabi) ishoratlar bor.
Ko‘rgazma kontseptsiyasi: Tosh davrida yashagan eng birinchi rassom g‘or devorlariga o‘zi ko‘rgan voqealarni chizib qo‘ygan. Bu rasmlarda qo‘lida qurol bilan ov qilayotgan odamlar aks etgan. Keyinchalik miniatyura, keramika va to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, gilamlarda ham qurolli odamlar tasvirlari paydo bo‘ldi.
Kamondan o‘q otayotgan va qilich ushlaganlar tasviri bu asarlar bosh mavzusi edi. Zamon rivojlanib, modern qurollar paydo bo‘ldi va bu qurollar ham tasviriy sana'at va xalq ijodi namunalarida aks etdi. 19-asrda Xorazmning Kattabog‘ qishlog‘ida yaratilgan keramik tovoqlarda poroxli miltiqlar tasviri bor edi.
Bu kabi tasvirlar Buxoro miniatyura asarlarida ham uchraydi. O‘tgan asrning saksoninchi yillarida Afg‘onistonda boshlangan urush davrida bu o‘lkada yashaydigan turkmanlar o‘zlari to‘qigan gilamlarda «Kalashnikov» avtomati, vertolyot va raketalarni aks ettirishdi.
Urush gilamlari nomini olgan bu asarlar G‘arbda war rug (ingl. — «urush gilami») deya ko‘rgazmalarda namoyish qilindi. Bu gilamlarning G‘arb va AQShda mashhur bo‘lishiga amerikalik san'atshunos va kollektsioner Kevin Sudeyt katta hissa qo‘shdi. 1993 yili avstriyalik turkolog olima Ingaborg Baldauf bilan uchrashganimda, Afg‘onistondagi urush gilamlari, deya nomlangan san'at turidan xabar topdim.
1980 yildan boshlab Afg‘onistonga muntazam safar qilib afg‘on o‘zbeklari haqida tadqiqot olib borgan doktor Baldauf kollektsiyasidagi gilamlar meni ilhomlantirdi. Rassom o‘z rangtasvir asarlari va kollajlarida urush ishoratlarini istehzoli tarzda ishlata boshladi. Bu asarlar 1993 yildan 1999 yilgacha Germaniyada – Erlangen, Saarbrukken va Berlindagi ko‘rgazmalarda namoyish qilindi.
2000 yili Toshkentdagi Yesenin muzeyidagi ko‘rgazmada tank va miltiqlar suratini yangi davr ornamenti o‘laroq tamsil qilgandim. 2003 yili Germaniyaning Vermer shahrida “Pravda vostoka” instalyatsiyasi ham urush mavzusida edi. Dunyoda olovli nuqtalarda borayotgan qurolli to‘qnashuvlarni OAV va internet orqali kuzatamiz. Ayni paytda bu voqealar haqida rassomlar ham mushohada qiladi.
Masalan, britaniyalik rassom Benksi asarlari zamonaviy voqealik mundarijasiga asoslangan. Mashhur aforizm bor: qurol gapirganda, muzalar indamaydi. Urush o‘z zambaraklari bilan rassomlarni o‘ldiradi.
Talantli o‘zbek rassomi Baxrom Hamdamiy 1941 yili urushda o‘lgan edi. Urush yashayotgan rassomlar bilan qatorida kelajakda rassom bo‘lishi mumkin bo‘lgan bolalarni ham o‘ldiradi. Ayni paytda urushlar rassom va ijodkorlar uchun ilhom manbai bo‘lib qoladi. Haqiqiy san'at va adabiyot urushni anglash natijasida paydo bo‘ladi.
Agar Lev Tolstoy Qrim urushida qatnashmaganida, nafaqat «Sevastopol hikoyalari», balki «Urush va tinchlik» ham yozilmagan bo‘lardi. Birinchi jahon urushidan keyin G‘arbda «yo‘qolgan avlod» adabiyoti paydo bo‘ldi (E. Xeminguey, E. M. Remark, R. Aldington).
Rossiyadagi fuqarolar urushini ko‘rgan 1920 yillar rus yozuvchilari davr manzalari aks etgan ajoyib asarlar yozishdi. Shu ma'noda yer kurrasida bo‘layotgan ziddiyatlarni o‘z asarlarida aks ettirishimda hikmat borligini bildim.
Ko‘rgazma ochilganidan 3 kun o‘tib Xorazmga yo‘l oldim. Urganch aeroportida meni qarindosh va tanish-bilishlar muhtasham kutib olishdi.
Xorazm tarafdan esdi shamollar,
Yelkanlar yelkamga qo‘ydilar qo‘lin.
Xorazm tarafga ketdi betizgin,
Mening sog‘inchlarim bir kema bo‘lib.
(Qudrat Bobojon)
Aynan Xorazmda o‘zimni ona bag‘ridagi farzand kabi aziz sezdim. Otam Rajabboy Bobojon, buvim va tog‘alarim qabrini ziyorat qildim. Yetti ota-buvam yotgan Shahobiddin xo‘ja qabristoni xuddi tarix kitobi kabi menga qadimiy shajara va sulolam haqida bilgi berdi.
Qadim arobalarning izlari qolgan yo‘llardan yurib Xivani kezdim. Yuz yilcha oldin Xorazmga Fayzulla Xo‘jaev kelganida Safo Mug‘anniy unga peshvoz chiqib qo‘shiq kuylagan edi.
Xo‘ja o‘g‘li Fayzulla,
Yurtimizning oqsoqoli,
Xo‘sh keldingiz Xorazmga.
Xorazmdir uzoq okrug,
Boray desak temir yo‘l yo‘q….
Keyin Urganchdan uchgan uchoq meni Toshkentga eltdi. Toshkent qum va chang to‘zon ichida qolgan va meteorologlar bunday hodisa keyingi yuz yilda ilk marta bo‘layotganini aytishdi.
Nozim Hikmat yozgani kabi:
Havo qo‘rg‘oshinday og‘ir!…
Baqir
Baqir
Baqir
baqiryapman…
Choping qo‘rg‘oshinni
bir-bir,
Eritmoqqa
Chaqiryapman…
U aytadi menga:
ey sen,
O‘z ovozingdan yonasan,
Kul bo‘lasan
Karam kabi,
Yonib
Yonib
Yonib
Yonib…
«Dard ko‘p, hamdard yo‘q»
Yuraklarning qulog‘i kar,
Havo qo‘rg‘oshinday botar…
Men aytaman unga, xo‘p men,
Kul bo‘layin Karam kabi,
Yonib yonib yonib yonib…
Men yonmasam,
Sen yenmasang,
Biz yonmasak…
Qanday ichar qaro tunlar,
Oydinlikdan qonib, qonib?!…
Havo tuproqday qorindor,
Havo qo‘rg‘oshinday og‘ir…
Baqir, baqir, baqir, baqiryapman,
Choping, qo‘rg‘oshinni mumday
Eritmoqqa
Chaqiryapman…
Nozim Hikmatning bu she'ri ilk bor 1930 yilda «Ovozini yo‘qotgan shahar» kitobidan o‘rin olgan edi. Toshkentda kuzak so‘ng kunlarini yashamoqda. Kuz shunchaki fasl nomi. Fasllar o‘rtasidagi bir muvaqqat ko‘prik. Mavsumdan mavsumga o‘tish yo‘lidagi adaptatsiya yo‘lagi deymizmi.
Tabiatdagi qum-to‘zonga qaramay, siyosat ob-havosida ochiqlik ko‘rdim. Uchoq ichida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bilan suhbatlashib ketdim. Suhbat asnosida mamlakatda o‘zgarishlar tarafdori bo‘lgan arboblar yetishib chiqayotgani haqida umid uyg‘ondi.
Men tushgan uchoq Praganing Vaslav Havel nomidagi aeroportiga qo‘ndi. Bu shaharga 2001 yilning sovuq dekabrida ilk bora kelgan edim. Hali egnimda Xorazmda sotib olganim kiyimlar bor edi. Hali men Urganch vaqti bilan yashashda davom etayotgan edim.
Praga men uchun navbatdagi temir yo‘l turori edi. O‘zbekistondan keltirgan kiyimlarim solingan jomadonni Pragada o‘g‘irlab ketishganida ham meni jomadon kayfiyati tark qilmagan edi. Men xuddi reysi kechikkani uchun qo‘nalg‘ada kutishga mahkum uchoq yo‘lchisi kabi his qilar edim o‘zimni. O‘zbekistondan kiyib kelganim jo‘roplar yirtilib ado bo‘lib¸ kiyimlar o‘g‘ri urgan jomadonga qo‘shilib badar ketar ekan, men ham asta-sekin Praga sokiniga aylanib sokinlashdim.
Bu shaharga kelib mamlakatini sog‘ingan bir menmi? Masalan 1958 yil bahorida bu shaharda men sevgan shoir Nozim Hikmat o‘zining «Mamlakatim» she'rini yozgan edi:
Mamlakatim¸ mamlakatim…
Sen endi faqat sochlarimning oqida,
yuragimdagi infarktlarda,
peshonamdagi chiziqlardagina qolding.
Mamlakatim, mamlakatim…
Shuhrat Bobojon,
jurnalist va rassom