Asosiy mavzular
3 dekabr 2021

RTdan va'z: Qo‘ynimga kirgin, Gulbadan!

Uylarim isirmikin o‘tin yorib,

Go‘ng-tezak yoqsammi yo tappi qorib.

Arzi-hol aytsam dedi hokim borib,

Bor, o‘chog‘ing yoq, mani va'dam solib!

Gulbadan, ey Gulbadan, ey Gulbadan,

Tur, qara-chi, keldimi gaz trubadan,

Oy chiqur, oydinda dars qilsin qizing,

Sharqirar qumg‘onda suv, yuv kir yuzing,

Svet va gazdur xom xayol, har bir so‘zing,

Hidlanursan sigir soqqanday o‘zing.

Gulbadan, ey Gulbadan, eh Gulbadan

Ust-boshingda, ayta qol-chi – kul nadan?

(Otabek Artikov telegram sahifasidan, 2021 yil)

Mashhur qo‘shiqning telegram sahifasidagi gazsiz versiyasi edi bu. O‘zbek dardini she'rga to‘kishni yaxshi ko‘radi. Chunki o‘z jonini saqlab qolish instinkti unda kuchli. Shunga turli isti'ora va tashbehlar bilan o‘z jonini saqlaydi o‘zbek. She'r so‘zlarini o‘zgartirib, boshqacha ma'no berishga ham usta o‘zbek. Xuddi biznesda bo‘lgani singari.

O‘qib berganim she'rda qish payti elektr va gazsizlikdan qiynalayotgan xalq dardi bitilgan. Mening dono va zakiy do‘stlarim, mana, qish fasli ham kirib keldi. Sizga yilning eng qisqa kunlari va eng uzun tunlarida yaxshi kayfiyat va ko‘taringki ruh tilayman.  

Qisqa xabarlar

Oliy sudning ma'lum qilishicha, terrorchilikni moliyalagani uchun 2016 yildan buyon 62 nafar shaxs sudlangan.

***

Xo‘jaylida mayor rutbasidagi uch qamoqxona noziri avariyada o‘ldi. Ular videoselektordan qaytishmoqda edi.

***

Jirinovskiy Turkiya hududidagi turklarni O‘zbekistonga deportatsiya qilish va Turkiyani parchalab tashlash g‘oyasi bilan chiqdi. Ikki yil oldin Jirikni Buxoro hokimi qo‘y so‘yib kutib olgandi.

***

Ayni paytda Toshkentdagi «Abu Saxiy» bozorida faqiru fuqaroga tekin osh tarqatildi. Tekin osh uchun izdihom boshlandi. Qancha odamning oyoq ostida qolib o‘lgani noma'lum.

Virtual do‘stim G‘ayrat Omon aytmoqchi, “tekin osh uchun navbat talashib, bir-birini oyoqosti qilishdan toymaydigan yovvoyi olomon orasida yashash ham bir jasoratdir”.

***

UzAuto Motors hozir mashina kutayotgan xaridorlariga avtomobil yetkazib berish muddati ikki oyga kechikishini ma'lum qildi. Kompaniya bunday kechikish o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli bo‘layotganini aytdi. O‘zbek och qolsayam mashina minishi kerak. Buni «o‘zavtochi»lar yaxshi bilarmikin?

***

Haftaning eng trend xabari Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jaevga “ixtiyoriy ravishda, beg‘araz hadya etilgan» S-Klass Mersedes Hybrid mashinasi bo‘ldi. Hokimlik telegram kanalida yozilishicha, fuqaro Ziyoda Latipovaning qimmmatbaho mashinaning «hokimlik tasarrufiga ixtiyoriy ravishda beg‘araz (tekinga) berish haqidagi taklifi»ni shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘z qarori bilan ma'qullagan. Hokimga xayr qilingan ayni versiyadagi mashinaning O‘zbekistondagi narxi 250-300 ming dollar atrofida. Sadaqa raddi balo, deydi hokim. Xullas, tilamchisiga yarasha sadaqasi.

TEZAK-AKFA

Gulbadan, gul ham o‘zing, qul ham o‘zing,

Gul o‘tinday kuygan-u, kul xam o‘zing,

Tanga darmon bo‘lmadi bu va'dalar,

Cho‘pchaklarga ishongan go‘l el ham o‘zing,

Gulbadan, ey Gulbadan, qo‘y Gulbadan,

Dard yuqodir – deydi, chiqsang kulbadan.

Uy tutun, yuz-ko‘z qaro bu «surma»dan,

Ochma so‘z qo‘y go‘shtida qovurmadan,

Chiq, qara – musaffo yurt osmonida

Bormu darak bahorda qaytguchi turnadan,

Gulbadan, hey Gulbadan, voy Gulbadan,

Muzlayurman – bosh chiqarsam ko‘rpadan…

Sovet davrida bir sinfdoshim dadasidan: “Brejnev ham hojatxonaga chiqadimi?” deb so‘ragan edi. Shunda ota o‘g‘liga: “Yo‘q, bolam. Uning oldiga shlanka, orqasiga tuvak ulab qo‘yilgan”, degan edi. Rosa kulgan edik.

O‘zbek matbuotida ham ora-sira shunaqa “qovun” tushirib turiladi.

Yaqinda feysbukdagi “Mirziyoev qisqa muddatli ta'tilga chiqdi”, degan xabar ostiga biri: “Endi nima bo‘lar ekan? Shu ta'til paytida yurtboshimiz yurt boshqaruvini kimga topshirgan ekan-a?”, deb vahima qildi.

Ko‘rdingizmi, azizlar?!

O‘zbek xalqi qishda gazsiz va elektrsiz qanday kun kechirishi haqida emas, yurt boshqaruvi to‘rt-besh kunga kimga berilishi haqida qayg‘uryapti. O‘zining bu qayg‘usini u vatanparvarlik, yurt istiqboli haqida qayg‘urish, deb biladi.

Ha, basharangga asbob tushgur, bir sen qoluvding kursi haqida o‘ylamagan!

Odam xalq bilan birga bo‘lishi kerak, hukumat bilan emas.

Odam degani tezak tannarxini tushirish, uning yonuvchanligini oshirish texnologiyalari ustida bosh qotirishi kerak.

Deylik, Dehlida, ya'ni Hindistonda mol tezagi “navalom”.

Shu mol tezagini hindilar Ganga daryosiga oqizishadi. Shuncha tezak uvol!

O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Hindiston rahbariyatiga chiqib: “Tezaklaringizni bizga bering, o‘zimiz olib chiqib ketamiz”, desa bo‘lmaydimi?! Hind tuprog‘ida qanchadan-qancha molning po‘qi uvol bo‘lyapti.

Bundan tashqari, odam go‘ngidan yonuvchan tezak yasash ustida ham bosh qotirishimiz kerak.

Masalan, hukumat a'zolari va ularning atrofidagi monopolist tadbirkorlar ko‘p yeyishadi. Bu esa ular ko‘p chichadi, degani hamdir.

Shunday ekan, bugungi kunda ko‘p yeb, ko‘p chichayotgan vazirlar, hokimlar, monopolistlar va ko‘tani katta boshqalarning tezagini gazsiz va elektrsiz o‘tirgan aholiga tarqatish kerak.

Harna-da! O‘shanda gazsizlik haqida she'r bitilmasmidi?

Shu taklifni aytgan edim, bir hamkasbim: “Shunday qilinsa, ular hatto tezagini ham pulga sotishadi. Tezak sohasini ham monopoliya qilib olishadi, dedi.

O‘ylab qarasam, Ortiqxo‘jaevlarga o‘xshagan monopolistlarga navbatdagi monopoliya uchun g‘oya o‘ylab topibman.

Mana shu g‘oyamni Joxa Akfamen eshitib qolsa bormi, ertasi kuni “TEZAKFA” yoki “TEZAKARTEL” degan kompaniya ochib, indiniga Aripovdan tezak sohasini faqat shu ikki firmaga topshirish haqida maxsus qaror ham chiqartirib oladi.

Qarabsizki, xalq o‘z sigirining yoki ho‘kizining tezagidan ham bir zumda ajraladi.

Nimaga shunday bo‘ladi, bilasizmi?

Chunki O‘zbekistonning boshida monopolistlar bilan birgalashib yurtni talayotgan, Rossiyaga tuqqan onasini ham sotadiganlar o‘tiribdi. Har qanday yaxshi taklif va g‘oya bilan chiqing, ular hammasini o‘z foydasiga burib, o‘zingizni tunashadi.

Za bazar otvechayu! Chao pomidorro, kurva kokain!

G‘alati zamon

Ajoyib makon va zamonda yashayapmiz. Zerikishga vaqt yo‘q- suvchilar futbol maydoni quryapti, quruvchilar miroblik qilyapti, mardikorlar damba qurishyapti, temiryo‘lchilar oromgoh, shoir kino olyapti, kinochi she'r yozyapti, artistlar hokimga maslahatchi. Abgor domlalar razbor qilsa, mafiozalar hayotdan va'z o‘qiyapti. Professorlar taksichilik qilishmoqda, taksichilar siyosatdan gapirishmoqda. Biznesmenlar hokim bo‘lib olgan, hokimlar biznesga o‘tgan, prezident qizi qamoqda o‘tiribdi, xotini muzey quryapti, yaloqxo‘r jurnalistman deydi, jurnalistga qalang‘i-qasang‘i deydi, firibgar bloger bo‘lib olgan, xotinlar mardikor, erkaklar enaga… Hech kim hech narsadan uyalmaydi.

To‘nkaligentsiya

Ikki kun muqaddam, qishning ilk kunida Qozog‘iston Milliy banki nominal qiymati 20 ming tanga bo‘lgan, old va orqa tomonlarida sobiq prezident Nursulton Nazarboevning suratlari tushirilgan banknot muomalaga chiqarilganini e'lon qildi.

Odatda tarixiy shaxslar o‘lganidan keyin ularning suratlari banknotlardan o‘rin oladi. Ammo qozoqboshi Nazarboev bu an'anaga ko‘z yumgan ko‘rinadi. Umuman, Elboshi shaxsiga sig‘inish qozoqlarda bugun boshlangani yo‘q. 

10 ming tangadagi Nazarboev portreti tushirilgan ilk yubiley banknot 2016 yilda muomalaga chiqarilgandi. Milliy bankning o‘sha paytdagi raisi Doniyor Akishev banknotni tanishtirar ekan, Nazarboevni Nelson Mandela,  Mustafo Kamol Otaturk,  Li Kuan Yu, Uinston Cherchill kabi portretlari milliy banknotlarga joylangan tarixiy shaxslarga qiyoslagan edi.

Nazarboevni Otaturkka o‘xshatish xuddi qirchang‘i eshakni bo‘yab, bozorda “uchar ot bu” deb sotishga urinishdek gap. 

Doniyor Akishev qozoq to‘nkaligentsiyasining tipik vakilidir.

Doniyorga o‘xshaganlar o‘zbeklar orasida ham tiqilib yotibdi.

Ularni men “to‘nkaligentsiya” deb atayman.

Endi o‘zbek lug‘atiga kiritmoqchi bo‘lganim “to‘nkaligentsiya” so‘zining ma'nosini tushuntirib bersam.

“To‘nkaligentsiya deb har qanday hokimiyatning eti va ko‘tini yalab, uning xizmatida bo‘lishga, uning har qanday jirkanchligini oqlashga yoki yashirishga tayyor bo‘lgan siyosatchilarga aytiladi.  Ular – bugun axloqi ustida o‘tirgan egasini rozi qilishdan iborat bo‘lgan aqldan mosuvo to‘nkalardir. Ziyolilar yo‘q qilingan,  o‘ldirilgan, mamlakatdan haydalgan, qamoqxonalarga yashirilgan, sirini ochgan, og‘ziga tiqilib ruhiy tushkunlikka tushgan sharoitda bu siyosiy jalablar qo‘g‘irchoq-masxaraboz ziyolilar rolini o‘ynaydi. Xullasi kalom, ular millatning vijdoni bo‘lgan intelligentsiyaning tom aksi, antonimi va antipodidir.

Muhojirlar – har ishga qodirlar

Germaniyadagi Maynts degan shahar o‘z tarixida ikkinchi bor dunyo markaziga aylanmoqda. Qarzga botgan bu shaharni Turkiyaning olis Iskandarun shahrida 1965 yil tug‘ilgan va gastarbayter ota-onasiga ergashib Germaniyaga kelib, o‘qib olim bo‘lgan Ug‘ur Shohin qutqardi. Koronaga qarshi vaktsina ixtiro qilgan turk olimi Shohin va uning xotini O‘zlam To‘rachi Maynts shahrida qurgan zavodi ortidan shahar dunyo virusologiyasi markaziga aylandi. Ug‘ur va uning zavodi to‘lagan soliqlardan shahar xazinasi to‘lib toshdi. Shahar qarzdan qutuldi. Ishsizlik kamaydi.

Birinchi marta bu shahar 1440 yilda dunyodagi ilk bosmaxonani ixtiro qilgan Gutenberg bois qaddini rostlagan edi. Muhojir kadrlar – har ishga qodirlar.

O‘zgalarni kutib

Karimov hukmronligi yillarida biror kamchilik haqida gap ochdingmi, tarafdorlari cho‘ntakni qidirib o‘tirmay darrov javob qaytarishardi: “O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga endi falon yil bo‘ldi, yosh bolaga o‘xshab endi tetapoya qilyapti. Hammasi yaxshi bo‘ladi”.

Karimov ham prezident bo‘lgan yili kuzgacha hammasi yaxshi bo‘ladi, degandi.

Yillar o‘taverdi, Mustaqil bo‘lganimizga endi… degan jumladan keyin keladigan raqam ortib boraverdi. 5-10-15-20-25 yil.  Va'dalar bilan birga qo‘rquv fazosi ham, ommaviy kuzatuv ham kuchayib bordi, qatag‘on, ayg‘oqchilik usullari ham tarvaqaylashdi. Teshik tog‘ora teshikligicha qolaverdi. Mardikorlar ulg‘ayib, farzandlari ularning o‘rnini egallay boshladi, Turkiya va Dubayda oqsoch, enaga va xizmatkor ayollar safi kengayaverdi. Bugun O‘zbekiston arzon ishchi kuchi yetkazib beruvchi ulkan bir zavodga aylandi. Vassalom.

Bu orada 90-yillar boshiga qadar ochlik timsoli bo‘lgan Xitoy dunyoning eng rivojlangan iqtisodiyotiga aylandi, minglab zavod va fabrikalar qurdi, Hindiston guruch eksport qilish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatiga aylandi, Gurjiston iqtisodiyoti Yevropanikiga yaqinlashdi.

Xo‘sh nega bunday bo‘ldi? Bu savolga javob izlar ekanman, aniq javob topa olmadim. Asnoda dunyoga mashhur “Apple” shirkatiga asos solgan Stiv Jobs so‘zlariga ko‘zim tushdi va javobni topganday bo‘ldim. Mana u nima degandi:

“Vaqtingiz cheklangan, shuning uchun uni birovning hayoti bilan o‘tkazmang. Boshqa odamlarning fikrlash natijalari bilan yashash degan dogma tuzog‘iga tushmang. Boshqalarning fikri, shovqini sizning ichki ovozingizni bo‘g‘ib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang. Va eng muhimi, o‘zingizda qalbingiz va sezgingizga ergashish jasoratini toping”.

Stiv Jobs aytganidek, biz vaqt qadriga yetmadik-mi? Futbol deganda Braziliya, orgtekxnika deganda Yaponiya, mashina deganda Germaniyaga boqib, ularning innovatsiyalari va fikrlari bilan yashamadikmi? O‘zgalar fikri va shovqiniga quloq solaverib, o‘zimizdagi erk va tafakkurni bo‘g‘ib qo‘ymadikmi?

Bugungi kunda zulmga itoat qiladigan, ichimiz o‘limtaga aylangan bir maxluqqa aylanib qolmayapmizmi?

Shu nuqtada shoir va jurnalist Rahimjon Rahmatning o‘z feysbuk sahifasida qoldirgan bitiklarini juda asosli deb o‘ylayman.

“Tiling adolatdan so‘zlayotganda joning jannat rohatini his etadi, garchi keyinchalik adolatparvarliging uchun yaxshigina jabr cheksang ham adolatni gapirishdan tuygan rohating tengsizdir.

Balki keyinchalik adolatdan bahs etgan tilingni kesib olishar yoki Mashrab kabi dorga osilarsan, nima bo‘lganda ham adolat tantanasi uchun otilib oldinga chiqib kurash ulug‘ ishdir.

Esimni taniganimdan buyon adolat tarafdoriman, haq gapni gapirmay turolmayman.

Hayotimda juda ko‘p ishxonalarda ishlaganman va adolatparastligim sabab hech qaysi ishxonada ikki-uch oydan oshiq ishlamaganman.

Maktabni bitirgan yilim tumanimizdagi Qolgandaryo cho‘lida paxta brigadasida ishlagandim. Brigadir maosh yozishda adolatsizlikka yo‘l qo‘yganida qattiq g‘azablanib, ringga chiqqan bokschiday ochiq joy-xirmonning o‘rtasiga borib brigadirga baqirganman: «Ke, yakkama-yakka urishamiz»!

Brigadir dadam tengqur edi. Urisholmagan.

Shundan keyin paxta brigadasidan ketib, paxta punktga ishga kirdim. Bu yerdagi brigadir ishchilarni o‘z uyida ishlatishni xush ko‘rarkan. Bir gal menga: «Dalada sholim bor, o‘shani o‘rishga borasan», dedi. Men o‘sha ondayoq brigadirning og‘zidan chiqqan gapni yoqasiga yopishtirdim: «Bormayman. O‘z ishingizni o‘zingiz qiling». Bechora brigadir gapimni eshitib, mulzam bo‘ldi.

Shahardagi qurilish tashkilotiga ishga kirdim, u yerda ham adolatparastligim uchun ikki oygina ishladim. Boshliqlar ishchilarning mehnat haqqini o‘zlashtirgani ayon bo‘lib qoldi.

Men – yangi ishga kirgan ishchi o‘ylab o‘tirmay ishxonamizga shahar prokuraturasidan ikkita tekshiruvchini boshlab keldim.

Boshqa ishxonalarda ham ishladim, adolatdan so‘zlaydigan tilim sabab bironta ishxonada bir yilga yetib ham ishlamaganman.

(Har turli idora boshliqlari, nazarlaringda qo‘rqinchi odamman-a?)

Talabalik paytim ham o‘qituvchilar kursdosh qizlarga adolatsizlik qilsa, isyon ko‘tarardim. Bunaqa fe'lim kursloshlarim esida bordir.

Xorijiy radioda ishladim. Boshliq ham bo‘ldim. Tepadagi boshliqlar bilan Toshkentdagi muxbirlarning gonorarini oshirasan deb, ziddiyatlashdim.

Bu talabimga javoban yuqoridagi boshliqlar meni ishdan haydamoqchi bo‘ldi, ziddiyatlar kuchaydi…

Buni nima uchun yozdim?

Bugungi kunda boshlig‘ining zulmiga qullarcha itoat qiladigan, ichida isyoni o‘chgan insonlar ko‘payib ketdi».

(Rahimjon Rahmat)

Bu yozuvchi Rahimjon Rahmat fikrlari edi. O‘zbek xalqi ham farog‘atli va boy hayot kechirishga haqli. Faqat bunga qo‘shimcha qilib, yashash tarzini o‘zgartiraylik, deyman.

Besh yil Rossiyada ishlab, topgan-tutganimizni sunnat to‘yi yoki farzandni uylashga sovurish emas, bu mablag‘ni ularning o‘qishi, yaxshi kasb egasi bo‘lishi uchun sarflaylik. Gapga borib, osh yeyaverib qorinni qappaytirish o‘rniga vaqtimizni farzand tarbiyasi, kitob o‘qish, sport yo bo‘lmasa gul ekishga sarflaylik. O‘shanda o‘zbekdan ham Stiv Jobsu Ug‘ur Shohinlar chiqadi. Hech bo‘lmasa, 50 yoshimizdan keyin qand va qon bosimiga ketadigan pulni iqtisod qilgan bo‘lamiz.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2023
MTRK boshlovchisi Dilshoda Matchonovaning O‘zbekiston konstitutsiyasida qoralangan irqchilik, qirg‘inni qo‘llab-quvvatlab 70 millon kishini o‘choqda yoqqan Gitlerga oshiq bo‘lgani jurnalistika ...
18 fevral 2019
AQSh poytaxti Vashingtonda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi vakillari bilan uchrashdi. Bu uchrashuv koalitsiyaning yillik strategik yig‘ilishi ...
1 dekabr 2023
Kuzakning oxirgi oyidamiz. Anomal qish «atmen» Dekabrda havo harorati 22 daraja issiq bo‘ladi.  O‘tkan yildagi kabi sovuqdan qaltirash yo‘q. ...
14 yanvar 2019
Quyidagi maqolada keltirilgan ma'lumotlar Davlat havfsizlik xizmati tarkibida ishlaydigan shaxsdan kelib tushdi. O‘zbekiston kabi yopiq mamlakatda davlat organlari ko‘p ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...