Asosiy mavzular
11 fevral 2022

RTdan va'z: Hammasiga Tik Tok aybdor!

Aziz va mukarram, har biri duru javohirlar kabi qadrlilarim. Mabodo xafa bo‘lib, g‘am-g‘ussaga botgan, ishingiz yurishmagan bo‘lsa, boshlagan ishingizdan samara emas, zarar ko‘rgan yoki nimadir o‘g‘irlatgan bo‘lsangiz, judayam umidsizlikka tushmang. Birinchidan, ishi yurishmagan odam bitta siz emas. Yaxshisi tarmoqni kuzating.

Shum bola bozordagi samosudni tomosha qilib zerikkach, dorbozlar tarafga qarab ketadi. Tarmoq ham shunday. Soxibqironga til tekkizildi, deb endi dodlashni boshlashuvdi. Sal narida Nargiz chiqib «Noshud erning nima keragi bor?» deyishi bilan 100 foiz noshud erlardan iborat olomon guvv etib ashi tarapga keeetvordi.

Burgut boshqa g‘ajir boshqa. G‘ajir shaklan burgutga o‘xshasa ham u faqat o‘laksa yeydi.

Katta va kichik davralarda intriganligi bilan tanilgan Komil Allamjonov turli platformalardagi o‘z sahifalarida so‘nggi kunlarda imoli va ishorali postlar qoldirmoqda. Bir qarasangiz, tog‘lar uzra qanot qoqayotgan burgut gifi, yana bir qarasangiz, o‘z jonini xatarga qo‘yib, dorbozlar singari, o‘ta ehtiyotkorlik bilan yuqori voltli stolba yonida, osma zinadan yurib borayotgan odam suratini joylashtiradi. Ikkala postda ham 2022 yil xeshtegi qo‘yilgan. So‘nggi postida esa «Hammasi siz o‘ylaganchalik emas. Yaqinda hammasini tushunib olasiz» deya folloverlarini sabrga chaqiradi. Ushbu postlar barobarida so‘nggi haftada bir necha mashinada tana qo‘riqchilari bilan o‘ziga qarashli telekanal idorasiga ikki marta  borgani Allamjonovning juda baland marraga intilayotganiga ishora etadi. Bularning bari, bir bilgichning aytishicha, hokimiyat korridorlarida turli shivir-shivirlarni va oliy rahbariyatga yaqin qudratli shaxslar orasida g‘azabni kuchaytirgan. K. Allamjonov yangi pulyutgich apparat ixtiro qildi, g‘azab sabablaridan bir shudir.

Xo‘sh, 3-fevral kuni Sergeli tumanida nima bo‘ldi? Bu aholi pulini so‘rib supurib olishning «qonun zarqog‘oziga o‘ralgan» usullarini amalga oshirishdan boshqa narsa emas. Ko‘rinishidan hamma narsa chiroyli va olijanob tarzda joylashtirilgan, jinoyat yo‘q. Darhaqiqat, davlat tomonidan haydovchilik guvohnomasining pullik imtihon topshirish huquqi xususiy korxonaga o‘tkazilishida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Zero, O‘zbekiston Respublikasining aynan mana shu qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qarori bilan avvaldan o‘zgartirilgan. Darhaqiqat, ushbu hujjat hammaga ma'lum – aynan u E-IJRO AUKTsION tizimi orqali tadbirkorlik sub'ektlariga yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto va video qayd etish joylarini joriy etishni tartibga solgan. Xo‘sh, xuddi shu qarorning to‘rtinchi bandi kamroq muammoli va ancha foydali biznesni – haydovchilik maktablari bitiruvchilari uchun imtihonlarni shaxsiy qo‘llarga topshirish edi. Nega ideal biznes modeli emas? Chunki, xuddi shu qarorga ko‘ra, “Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi, kelib tushgan mablag‘lar esa to‘liq hajmda ularning ixtiyorida qoladi”. Bu ajoyib, to‘g‘rimi? Agar ilgari Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi Yo‘l Harakati Xavfsizligi idorasining ro‘yxatga olish-imtihon bo‘limlari tariflari davlat tomonidan tartibga solingan bo‘lsa, endilikda “Autodriver Study” timsolida yangi tashkil etilgan g‘ayritabiiy monopoliya negadir o‘zining har qanday narxini yasab qo‘yishi mumkin.

Janoblar mana bu jihatga e'tibor qarating! Pul so‘radigan bu ajoyib sxema tashabbuskorlari orasida ko‘rinishidan, aynan bo‘lajak foydani hisobga olgan holda,  Autodriver Study asoschilari davlat rahbariga nutq yozib beradurg‘on mualliflaridan biri bilan aql bovar qilmaydigan tarzda aloqa qilishgan. Negaki, xususiy EETs ochilishiga  bir hafta qolganda Shavkat Mirziyoev tom ma'noda shunday deganini fantastik tasodifdan boshqa narsa tushuntirib bera olmaydi: (video) “Umuman, haydovchilik guvohnomasini o‘qimasdan olish oddiy holga aylanib qoldi. Shuning uchun, avariyalar soni soat sayin oshib bormoqda. Biz o‘qiganimizda 3 yil haydovchilikka o‘qitgan. Hozir darsga bormay, pul berib guvohnoma olyapti. Nimaga? O‘zbekistonda qonun yo‘qmi?»

Xuddi shu gapni kutib turgandek Allamjonovga oid YeETs – yagona imtixon markazi ochildi.

Biroq, tasodifni inkor etib bo‘lmaydi: OAV tomonidan prezidentga maslahat berganlarning hech biri unga shunday «o‘z vaqtida» maslahat bermagan bo‘lishi mumkin. Va yana bir bilvosita tasdig‘i, nafaqat yuqori martabali amaldorlarning nutqlari, balki qonun hujjatlari ham chinakam zo‘r odamlar tomonidan yozilgan. Mazkur farmonning yana bir bandida “Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlar davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida o‘tkaziladi”, deyilgan. Ya'ni, barcha pul – xususiy savdogarlarga va barcha mas'uliyat – avvalgidek, davlatgami? Yaxshi o‘ylangan! Unda nega imtihon jarayonini oddiygina avtomatlashtirib, inson omilini bartaraf etib, imtihonlarni Ichki ishlar vazirligiga topshirib bo‘lmaydi?

Hammasi olam gulistonday ko‘rinadi. Ammo. Mustaqil jurnalistlar tufayli bir nechta juda qiziq tafsilotlar oshkor bo‘ldi. Birinchidan, “Autodriver Study” filiali o‘sha  olamga mashhur davlat sigirini sog‘adigan Avtotest avtomaktab filiali joylashgan Alisher Navoiy ko‘chasi birinchi uyda joylashgan. Va ikkinchidan  “Avtotest” ham, “Milliy” TV ham asoschisi Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashining hurmatli rahbari Komil Allamjonov ekanligini eslatib o‘tishim kerak.

Xabarlar

Adliya vaziri Ruslan Davletov ayrim domlalarning ma'ruzalari ixtilofga sabab bo‘lishi haqida gapirib, vazirlik bu masalalarni nazorat qilib borishini ta'kidladi. «Diniy tashkilotlarning ayrim vakillari chiqib, ‘U ishni qilsa, bunday bo‘lar ekan, bu ishni qilsa, bunday bo‘ladi. Bu narsani ichsa, bunday bo‘ladi, bu viloyatliklar bunday’, degan gapiga huquq nuqtai nazaridan biz chidab turolmaymiz. Chunki bu, birinchidan, jamiyatimizning bo‘linishiga olib kelyapti, ikkinchidan, diniy tashkilotlarning bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘q. Bilasizlarmi nimaga? Chunki odamlarga tamg‘a bosish huquqi yo‘q. Dinga xohlasa, ishonadi, xohlamasa, ishonmaydi. Xohlamasa, umuman tarki dunyo qilib yashaydi. Bu odamning konstitutsiyaviy huquqi.», — degan Ruslan Davletov.

Taniqli jurnalist va yurt oydini Eldor Asanov: Ruslanbek Davletovning bayonotiga qarshi postlar yozayotgan blogerlarning fikrlari bilan tanishib chiqib, ular normal, argumentli bahsga ham, ko‘zguga qarashga ham mutlaqo tayyor emas degan xulosaga kelganini aytadi:

«Ozgina xolislikka ega, vaziyatni chetdan baholay olgan odam Davletov nimani nazarda tutayotganini tushunadi. Jamiyatimizda agressiv dindor toifa vujudga kelgani, u internetda (hozircha faqat internetda) o‘zgacha fikrlovchilarga kun bermayotgani, xorazmliklar va psixolog opa misolida bu agressiya endi reallikka ham ko‘chib, jiddiy ijtimoiy ixtilof keltirib chiqara boshlagani kunday ravshan. Faqat Davletov emas, juda ko‘p faollar, ekspertlar, blogerlar nechchi oylardan buyon buni ta'kidlab keladi. Bu muammoni allaqachon payqab bo‘lishgan, vazir Amerika ochgani yo‘q. Davletov shu kabi keyslarni nazarda tutyapti, umuman dinga yoki diniy targ‘ibotga taqiq qo‘ygani yo‘q.

Mana shu yuzada turgan holatlarga ko‘z yumib, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatishga urinayotgan diniy blogerlar bilan sog‘lom bahs yuritib bo‘ladimi? Bunga ishonchim kun sayin so‘nib boryapti.

PS: men bu kabi gaplarni yozganimda ba'zi diniy faollar «bir guruh odamning qilig‘iga qarab bizga ayb qo‘ymang» degan argumentni aytadi. Fursatdan foydalanib, yana shu argument yangrashini bilib turib, javobimni aytib ketsam. O‘sha «bir guruh odam» sizga aloqador bo‘lmasa, ularni himoya qilmang. Siz «islomofob» va «din dushmani»ga chiqarayotgan faollarning mutlaq ko‘pchiligi ana shu bir guruhning qilg‘iliqlaridan xavotirda, sizlardan emas. Modomiki ular bilan – psixolog opani yoqvorishni istaydigan (va, aftidan, jazosini olayotgan), butun boshli viloyat aholisini haqorat qilgan, evolyutsiya singari umume'tirof etilgan ilmiy faktlar haqida yozgani uchun olim va faollarga nisbatan kiberbulling uyushtirayotgan, «murtad»ga chiqarayotganlarni qo‘llab-quvvatlasangiz, fikriga qo‘shilsangiz, jabhadosh bo‘lsangiz, shuni ochiqroq ayting. Jamiyatda qandaydir yuksak missiyalarga da'vo qiluvchi odamlarda ozgina printsip ham bo‘lishi kerak.»

O‘zbekiston – dunyoviy davlat. Adliya vaziri sizlarga Konstitutsiyadagi gapni aytdi xolos. Dunyoviy tizim yoqmasa, Hayraton ko‘prigi ochiq.

+++

Xatto gugl nimaligini bilmaydigan Karimov ham nega bitta «Boing» uchoqni to‘rtta «Boing» narxiga olding deb vitsepremerning yuziga kuldon bilan solgan va Arslon og‘ani turmada chiritgan edi. Xozirgi rahbarning muborak qo‘linda Oypod¸ oypod ichinda har narsani bilguvchi ustod Gugl qori o‘tirgan bo‘lsa. Nechun bu razolat, safolat, ziroat va ismat? Youtong elektrobuslarining har birini 300 ming dollardan sotib olishdi. Bu avtobuslarni «Alibobo» saytidan 70 ming dollarga sotib olish mumkin. Qolgan pul qaerga ketdi deb so‘rarsiz? Otkat. O‘zbek mulozimlari suygan so‘z bu. 637 ta elektrobus sotib olinsa, har biridan 230 mingdan daromad qolsa, bu 146,510,000 dollar bo‘ladi. aldagani o‘zbek yaxshi

+++

O‘rta Osiyoliklarga alohida muhabbati bilan ajralib turuvchi Rossiyadagi Liberal-demokratlar partiyasi lideri Vladimir Jirinovskiy kasalxonaga yotqizildi. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra,  siyosatchi koronavirusning omikron shtammiga yo‘liqqan.  Liberal-demokratik partiya rahbarining o‘pkasi 50-75% atrofida yallig‘langani aytiladi. Eslatib o‘tamiz,  Jirinovskiyga COVID-19 ga qarshi 7 marta emlangan. Jirinovskiy degan balo uzoq bo‘lsin, degan edi Islom Karimov

Vıdeo

Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida olib borilgan restavratsiya ishlari ahvoli o‘rganilganida majmuada restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani oqibatida uning badiiy bezaklari, naqshlari, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

+++

Yanvar oyi oxirida Amerikaning AeroVironment kompaniyasi AQSh Mudofaa hamkorlik agentligi bilan Puma 3 AYe dron uchoqlarini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi.  Shartnoma qiymati 8,5 million dollarni tashkil etadi. Shu tariqa Qo‘shma Shtatlar Markaziy qo‘mondonligi Afg‘onistondagi vaziyatni kuzatish qobiliyatini kuchaytirmoqchi.

Ushbu Amerika kompaniyasi O‘zbekiston bilan anchadan buyon hamkorlik qiladi.  AeroVironment  2019-yilda to‘rtta BLA RQ-11 Raven (masofadan turib idora etiluvchi uchuvchisiz mini josuslik uchoqlari) yetkazib bergandi. Afg‘onistondagi Tolibon harakatini yaqindan kuzatib borishni maqsad qilgan Pentagon so‘nggi oylarda O‘zbekistonga e'tiborini kuchaytirdi.

+++

Beruniylik 20 yashar qizni  4 fevral kuni mashinasiga bosib olib qochib ketgan uch kishi ustidan 7 fevralga kelib surishtiruv boshlandi.

+++

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Qudratilla Rafiqovning o‘g‘li Mirsoatov Habibulla Qudratullaevich Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari etib tayinlandi.

+++

Mirishkor hokimining o‘rinbosari 50 ming dollar pora olayotganda ushlandi.

+++

AKT vaziri Shuhrat Sodiqov vazir lavozimidan ketishi bilanoq xotini nomiga 492 900 000 so‘mlik KIA Sorento, davlat raqami 10 L 010 SA,  o‘g‘li nomiga vazirlik balansida bo‘lgan Mercedes-Benz’ (10 T 010 OA) avtomobillarini o‘zlashtirib oldi. Yana bir o‘g‘liga 602 900 000 co‘mlik KIA K8 va Traverse avtomobillarini xarid qildi. Barcha mashinalarni raqami 010.

+++

Polsha Qrim-tatar xalqi yetakchisi Mustafo Jemilevni Tinchlik uchun Nobel mukofotiga tavsiya qildi.

+++

Bugun kino idorasi rahbarini erinmagan odam tanqid qilmoqda. Kino olaman deb davlat pulini «uxlatish» mavzulari ham o‘rtaga chiqdi. Endi bu gaplarni kamina ikki yil oldin satira qilib yozuvdim. Shunga yana bir ko‘z yugurtirsak.

Faloniyning sallasi nega yo‘q?

Prezidentga bir sallali odamning rasmi obkiriladi. Bu Faloniy sakkiz asr oldin Arnasoyda yashagan donishmand deyishadi. Prezident xursand bo‘lib kino qilinglar bu odam haqida deydi.

Muddao shu edi o‘zi. Prezident moliyachisi 500 mingga qo‘l qo‘ydirib to‘rtyuzming dollarni sallali rasm obkirgan odamga beradi.

U odam to‘ryuzmingni yuz mingini maslahatchi bilan bo‘lishib oladi. Qolgan 300 mingni kinoning kattasi 30 ming otkat berib oladi va darrov 70 mingni cho‘ntagiga uradi.

200 mingdi 50 mingini besh nafar xudsovet a'zosi o‘zaro bo‘lib oladi. Yutgan kinochi 50 mingni kinoning kattasiga otkat qilib beradi. 30 mingini o‘ziga oylik qilib yozadi. 70 mingiga kino oladi. Kinoni prezidentga ko‘rsatishadi. Prezident xayron. «Faloniyni sallasi qani?»

«Byudjet oz bo‘lgani uchun kostyumdan pul tejashga to‘g‘ri keldi. O‘zi bosh kiyim sunnat, kiysa ham bo‘ladi kiymasa ham.»

Prezident bosh irg‘ab ma'qullaydi.  Eshikda anavi odam yana bir sallali kishini rasmini ko‘tarib kelgan edi.

Bu kennayimizning yurti Ho‘qandi Sharifda yashagan Pistiyoniy.  Prezident maqullaydi va sallaga pul yetmay qolmasin deb 800 ming dollar ajratadi. Prezident moliyachisi 800 mingga qo‘l qo‘ydiradi. Qolgan voqealar yuqoridagi tartibda davom etadi.

Savol: taqdimotda Pistiyoniy salla kiyadimi yoki yo‘q?

Majruh to‘da

Eltuz yutub kanalidagi va'z tagiga ruhshunos Nargiz Sattorovaga qarshi 135 ta izoh qoldirishibdi. Izohlar o‘ta savodsizlarcha yozilgan. Harf xatolari g‘ij g‘ij. O‘zlari ma'nosini ham tushunmaydigan o‘rischa so‘kishlarni xato qilib chala chulpa yozishgan. Menimcha, o‘rislar har kuni ularni shu so‘zlar  bilan  siylasa kerak. Har xolda Nargiz Sattorova o‘z fikrini mukammal ifoda qila oldi. Tasanno. Bu xonim inshodan besh olgani aniq. Odam o‘z fikrini ifoda qila olishi uchun maktabda insho yozdiriladi. Bular o‘z fikrini hech bir tilda ifoda qila olmaydigan to‘da. Xatto King Kong ham o‘z fikrini bir tarzda ifoda qila oladi. Ammo bular bundan mosuvo. Bular menimcha ota onasi Rossiyayu Qozog‘iston bo‘ylab sargardon bo‘lib yurganida o‘qimay qolib ketgan avlod. Qorni to‘yib ovqat yemagan, mehr ko‘rmagan, yegani kaltak, eshitgani haqorat bo‘lgan safil to‘da. Ko‘pi impotentligi va pul topa olmasligini bilgani uchun ham ruhiy majruhlikka mubtalo. Nargiz ularni zambarakdan to‘pga tutdi. Nishonga tegdi. Ular esa kaltaklangan qanjiq it kabi yerlarga yelkasini ishqab g‘ingshiyapti xolos. Tangri bularni isloh qilmasa bandasining kuchi yetmaydi.

O‘zbekistonda yana tik tokni taqiqlash chaqiriqlari yangramoqda. Aslida Tik tok ham bir ko‘zgu. Tik Tokni taqiqlash bu ko‘zgu ishlab chiqaradigan zavodni buzish bilan teng.

Uyda birdan o‘chdi tok

Aybdordir Tik Tok

Kimdir uzar o‘q

Aybdordir Tik Tok

Odamlar bo‘ladi shok

Aybdordir Tik Tok

To‘kilib ketsa sok

Aybdordir Tik Tok

Chalinsa jaz yoki rok

Aybdordir Tik Tok

Benzin oshdi gaz yo‘q

Aybdordir Tik Tok

Xassa qilar to‘q to‘q

Aybdordir Tik Tok

Yo‘l o‘rtasida bo‘q

Aybdordir Tik Tok

Ko‘zini qilsa lo‘q

Aybdordir Tik Tok

yuz kishi och biri to‘q

Aybdordir Tik Tok

Buni yozdi Rassom Tuz

Zanjiringni endi uz.

Nevaralar bo‘ynidagi qarz

Xullas poezd ketayotganda temir yo‘l tugab qoldi. Poezd mashinisti buyruq berdi. Orqadagi yo‘lni qo‘porib oldinga qo‘ying deb. Shunday qilishdi va poezd olg‘a yurdi… Bu anekdodni eslashimga sabab O‘zbekiston olgan yangi qarz summasi. O‘zbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan  rekord darajada ko‘p – 690 million AQSh dollari miqdorida qarz oldi. Qarzni kelajak avlod to‘laydi. Anavi mashinist orqadagi yo‘lni qo‘porib tashlagan bo‘lsa, bizning mashinist kelajakdagi yo‘lni qo‘pormoqda. Qarzni biz olamiz, ammo nevaramiz to‘laydi degan g‘oya kelajak nasslarga nisbatan insofsizlikdir.

9 fevral – Alisher Navoiy tavalludi kuni

15 asr jahon ma'naviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevralda Hirotda tug‘ildi. U turkiy tilni kamsitishdan qutqarishga bel bog‘lagan buyuk shoir va davlat arbobi edi.

Alisher Navoiyning mukammal asarlar to‘plami O‘zbekistonda 1987-2003 yillarda 20 jildlik kitoblar shaklida chop etilgan.

Rassom Tuz o‘zining hajviy rasmida bugungi yoshlarning kitob o‘qimasligiga ishora qilib, keksa kitobxon tilidan: «Navoiy aypedda yo‘q bo‘lsa, kutubxonada bor. Navoiyni ham o‘qi, bolam», deydi.

Navoiy va monologchi

Eski-tuski bozorida Rahmatjon akani hamma «monologchi» deb ataydi. Oddiy bir montyorning bunday ism sohibi bo‘lishiga eski bir radiola sabab bo‘lgan edi.

(Marhum jurnalist Rahmatjon aka Omonov xotirasiga bag‘ishlayman)

Rahmatjon aka uyma-uy yurib eski elektr asboblari sotib olib yurganda, kimdir uyidan eski radiola olib chiqib berdi.

Rahmatjon aka radiolani uyiga olib bordi. Kuygan predoxranitelini almashtirgan hamoni sariq baxmal qoplama burchagidagi yashil tugma yarq etib yondi.

Rahmatjon aka radiola ichidagi plastinka changini artib yiltiroq ignali dastakning tumshug‘ini barkashga tekkizishi bilanoq gulduros ovoz yangradi.

“Xalqimga bo‘lgan muhabbatim Guliga bo‘lgan muhabbatimning bir uchqunudur¸ xolos”.

Plastinkada Hamza teatrida o‘ynalgan Alisher Navoiy spektaklining ovozi muhrlangan edi.

“Juvonmarg ketgan bechora g‘unchaniy ham unutma.” Bu so‘zlarni eshitgan Rahmatjon akaning ko‘ziga yosh keldi. 11 yoshida zotiljamdan o‘lgan qizi Gulnora esiga tushdi. Rossiyaga mardikorlikka ketgan xotini va ikki o‘g‘lini o‘ylab ezildi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi.

“Yana ko‘z yoshimi. Ko‘nglimni buzma. Bu g‘am daryosida kemaday suzma. Bu daryo xavflidur¸ g‘arq qilgusi bot…

Essiz taqdir ekan qaydin bilibmiz¸ Azizim dunyoga bevaqt kelibmiz.”

Rahmatjon aka shu tuni uxlamadi. Radiopostanovkani qayta-qayta eshitdi. Ëdlab ham oldi.

Ertasiga Rahmatjon bozorni boshiga kiyib Navoiy monologini o‘qidi. Bozorda izg‘ib yurgan soliqchilarga qarata “Xo‘tik birlan kuchukni qanchalar qilma tarbiyat, it bo‘lur eshshak bo‘lur bo‘lmaslar aslo odamiiy” deganida¸ bozordagilar xandon otib kuldi.

Rahmatjon aka bora-bora monologni zamonga moslab aytish hadisini oldi.

Bir-ikki to‘yda monolog aytgan edi, odamlar tarafidan yaxshi qarshilandi. Rahmatjon monolog aytayotgan paytda hofizlar tin olib tushgan pullarni tor g‘ilofiga solishar¸ raqqosalar esa ko‘ylak almashtirib olishardi.

O‘rtaga tushgan puldan bir-ikki so‘m Rahmatjon akaga ham tegadigan bo‘ldi. Boz ustiga to‘yda qorin ham to‘yadi, ikki kulcha, qand qurs qiyiqchaga tugilib qo‘ltiqqa ham uriladi.

Xullas¸ eski-tuski bozorining kasodini shou biznes yamab ketadigan bo‘ldi.

Shanba kuni ertalabki izg‘irinda bozorda turgan Rahmatjon aka ko‘nglini kechqurungi to‘y umidi ilitar edi. Kamazchi Aminboy aka ikki o‘g‘lini birdaniga uylayotgan edi.

Bolalar kolyaskasiga jo bo‘lgan eski-tuski temir tersaklarga xaridor ham yo‘q edi. Bitta narkoman bola kelib nasiyaga payalnik so‘radi. Rahmatjon aka bu bolani quvib soldi. Vaqt peshindan oshdi. Sotilgan narsa yo‘q. To‘yga yetishib boray¸ degan Rahmatjon aka aravani uy tarafiga qarab itardi.

To‘y bo‘layotgan joyni topish qiyin emas. Karnaydan chiqayotgan bir, bir, bir, degan ovoz tarafga qarab yursangiz hech yanglishmaysiz. To‘yni mahalla oqsoqoli ochib berib, mikrofonni yiltiroq kamzil kiygan hezmijoz o‘rtakashga uzatdi.

“Jahonning shodligi yig‘ilsa butun, Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.”

O‘rtakash tilidan minginchi bora yangrayotgan Rudakiyning bu so‘zlaridan keyin so‘z olgan zamprokuror yoshlarga baxt tilab, yurtboshi taxtiga ko‘z tikayotgan noma'lum terrorchilarning go‘riga g‘ishtlar qaladi..

Keyin zapravkachi Shokir bir narsa deb g‘udrangan bo‘ldi. Sud ijrochisi, raystat boshlig‘i tabriklaridan keyin mikrofon Rahmatjon aka qo‘liga tegdi.

Ko‘k izolenta bilaan o‘rab tashlangan kumushrang mikrofonni qo‘liga olgan Rahmatjon aka:

“Mozorim ustida ochib gul g‘unchalar qilganda xanda “ deyishi bilanoq o‘rtaga jimlik cho‘kdi.

Davraning xos burchagida hurmatli mehmonlar qatorida o‘tirgan viloyat zamhokimi Eshbo‘taev bu jimlikdan hushyor tortib monolog o‘qiyotgan kishiga tikildi.

“Siz va biz ko‘ra olmagan baxtli va adolatli, to‘q, farovon kunlar, albatta, avlodlarimizga nasib qilajak”.

Eshbo‘taevning yonida o‘tirgan oblkultura boshlig‘i tushuntirish berdi. “Navoiy monologi bu. Alim Xadjaevich o‘ynaganlar“.

– Da? – savol alomati bilan qaradi Eshbo‘taev.

Oblkulturaning kattasi o‘zining teatr sohasidagi bilimini boshliqlar oldida namoyish qilish mavridi kelganini angladi. “Alim Xadjaevich Hamza teatrida partkom edilar rahmatlik. Qani o‘sha kishining xotirasi uchun yuzta oldik. “

Qadahlardagi araq boshliqlar oshqozonidan o‘rin olgach miyadagi xavotirlar ham yurt tashqarisiga badarg‘a bo‘ldi.Odatda kamgap Eshbo‘taevning jag‘i ochildi.

“Qirg‘izistonda Alisher degan bir tirrancha jurnalistni o‘ldirib ketishibdi. Tili boshiga yetdi bu enag‘arni.”

“Mavlono Xondamir¸ oltin qalaminguz birlan avloddan avlodga yetguvchi tarix sahifalariga raqam qilingkum¸ Alisher mirzoning o‘limi¸ zulm xonadoni boshqarayotgan isqirt saltanatning inqirozidan darakdur”.

Eshbo‘taevning yana kayfi qochdi. “Buning litsenziyasi bormi o‘zi, repertuari tasdiqlanganmi. Bunaqa politichiskiy gaplarni aytish uchun razresheniyasi bormi?”

Oblkultura rahbari yelkasini qisdi.

Rahmatjon aka esa dunyoni unutib na'ra tortar edi.

“Siz Qur'onga qo‘l qo‘yib qasam ichib bu qasamga xiyonat qildinguz. Xalqimizni ochlik va g‘am daryosiga uloqtirdingiz. Xalqimiz orasiga nifoq urug‘ini sochdingiz. Asl o‘g‘lonlarimizni zindonband qildingiz. Odamlarga non o‘rniga tosh berdingiz¸ baliq o‘rniga ilon tutqazdingiz.

Xalq ochlikdan qiynalayotgan bir paytda mulozimlaringiz meshday semirmoqda. Mamlakatda poraxo‘rlik avj oldi. E'tiroz bildirganlarni tilini sug‘urdingiz.”

Eshbo‘taev bu gaplarni eshitib ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. Shu payt uning qo‘lidagi telefon jiringlaadi. “Da. Yest. Konechno. Saylov arafasida g‘iring etgan ovoz chiqishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Yest. A kak je? “

Telefonda gaplashayotgan Eshbo‘taev qo‘li bilan shofyori Maratga imo qildi. “O‘chir anavining ovozini“, dedi Eshbo‘taev.

Marat o‘qday uchib borib Rahmatjonning qo‘lidan mikrofonni tortib olishga urindi.

“Siz atrofingizdagi oqil odamlarni mamlakatdan quvdingiz. Millat va mamlakatni jar yoqasiga olib bordingiz. Siz….”

Rahmatjon akaning lunjiga kelib tushgan Maratning mushti monologga nuqta qo‘ydi.

“Zatknis. Toje mne Navaiy”

Kisavurlik qilib qo‘lga tushib Navoiydagi qamoqxonada uch yil jazo o‘tagan Marat Navoiy degan so‘zdan nafratlanar edi.

Og‘zi burnidan qon oqayotgan Rahmatjon akani to‘yxonadan chiqarib yuborishdi. To‘y egasi Aminboy aka uzr so‘raganday bo‘lib, Rahmatjon akaning qo‘liga yelim xalta tutqazdi. Xaltada to‘rtta somsa, bitta araq bor edi. Lunjidagi qonni qo‘lro‘mol bilan artayotgan Rahmatjon akaga Amin akaning rahmi keldi. Cho‘ntagini kavlab ozroq pul chiqardi. “Xafa bo‘lmang aka. Hozir vaziyat chatoq . Ortiqcha gapirib bo‘lmaydi.”

Rahmatjon aka yelim xaltani qo‘ltig‘iga qisib, pulni cho‘ntagiga soldi. Ishtonini ho‘l qilgan boladay iymanib, to‘y egasiga jilmayib qarab qarab asta to‘yxonadan uzoqlashdi.

Bu vaqtga kelib to‘yxonada shog‘ol bazmi boshlangan edi. Ichib olgan yoshu qari, erkagu ayol vahshiy bir tarzda raqsga tushar¸ ular ustida pullar chirpirak kabi uchardi.

Yarim yalang‘och ashulachi qiz mikrofonni olib qo‘shiq kuylardi. “Agar sizning ko‘nglingizni ololmasam¸ arazingiz ochilmaydi¸ arazingiz.”

Qishloqning oy yorug‘i tushgan yolg‘izoyoq yo‘lida daydi itday boshi egik ketayotgan Rahmatjon aka Navoiy monologining so‘nggi satrlarini aytardi.

“Men umrimga sira achinmaymen, ammo zoe ketgan pandu nasihatlarimga achinadurmen. Men endi xalqimning millatimning orasiga ketdim..”

Rahmatjon aka bu gaplarni deyarli shivirlab aytdi va atrofga xavotir bilan qarab qo‘ydi. Atrofda esa hech kim yo‘q edi.

Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
8 avgust 2019
“Eltuz” nashri sobiq siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamoqda yozgan “Qo‘rquvning nariyog‘ida” ikkinchi kitobi 12-qismi audioversiyasini taqdim etadi. Kitobning bu ...
6 yanvar 2023
Bir vaqtlar juda shiddatli bo‘lgan daryoning quyi qismi bo‘ylab sayohat qilar ekan, muayyan ekologik halokatning oldini olish qanchalik mushkul ...
21 mart 2019
O‘zbekiston hukumati fermerlik harakati siyosatini qaysi yo‘nalishda davom ettirishini bilmay, shuncha yillardan buyon halak bo‘lmoqda. Bundan bir necha oy ...
21 sentyabr 2017
20 sentyabr kuni Rossiya Havfsizlik Kengashi (SB) kotibi Nikolay Patrushev Toshkentga keldi va O‘zbekiston Havfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...