RTdan va'z: Separatorga aylangan kir moshina
Zebra degan hayvon bor. Eshshakning bir turi. Go‘shti halol bo‘lgani uchun so‘yib yesa bo‘ladi. Zebraning usti oq qora yo‘l yo‘l bilan qoplangan. Odam yoki jamiyat hayotida ham bir safar oq bir safar qora kunlar bo‘ladi.
Matchon Cuqulish: Ot bilan eshakning farqini minganlar biladi. Eshak ustida o‘tirgan odam mudrab nazoratni boy bersa eshak ko‘tini bir ko‘tarib ustidagi odamni irg‘itib tashlaydi. Ot unday emas. Ustida yastanib uxlasangiz bo‘ladi. Tuz og‘a Nukusdagilar oyoqlanib jamiyatni tashvishga qo‘ydi. Kandirni bo‘sh tutsang qo‘lni kesadi. Ularni ham bovurim, jigarim deb taltaytirib yubordik. Talafotlar qanday? U tarafdan nechtayu, bu tarafdan qancha qurbon bor?
RT: Nukusdagi to‘balashuvda 243 kishi jumladan, 38 huquq-tartibot organlari xodimi yaralangan.Bosh prokuraturaga ko‘ra 18 kishi o‘lgan. Oblava davom etmoqda, Xozircha 516 kishi qamoqda. Qoraqalpoq televideniesidagi provakatorlar guruxi tekshirilmoqda.
MS: Yo‘llarda qonlar daryo bo‘lib oqib yottani aks etkan videolar tarqaldi.
Ehtiyot bo‘ling! Soxta!
RT: Tarmoqda har xil bo‘lginchi va provokatsion va asosan yolg‘on postlar qo‘yilmoqda. Ommaviy bitiklarda “Qoraqalpoq jigitlerini sartlar o‘ldirdi”, “jallodlar va qurolsiz tinch aholi” degan so‘zlar va boshqa manipulyatsiya klishe tamg‘alar qo‘llanilgan.
Shunday postlardan birida maxsus texnika va huquq-tartibot idoralari Nukus ko‘chalarida tartib o‘rnatgan paytida go‘yoki «qon to‘kkan» degan kadrlar tarqatilmoqda. Aslida bu qon emas. Bu tartibsizlarni keyinchalik aniqlash uchun sepilgan maxsus o‘chmas bo‘yoq.
Yo‘llarda qon emas qizil bo‘yoq
Xozirgi zamonaviy texnika zo‘ravonlarni aniqlash uchun maxsus bo‘yoqni olomonga purkaydi. Keyinchalik politsiya kiyimidagi bo‘yoq yuqisiga qarab zo‘ravonlarni topib oladi. Isyonchilarga bo‘yoq purkash yangilik emas. Bu praktikani dunyodagi barcha politsiyachilar amalga oshiradi. Masalan, Belarusda norinj rang qo‘llanilgan bo‘lsa, Indoneziyada pushti rang ishlatilgan. Agar rostdan qon bo‘lganida Nukus quyoshida u tezda qorayib ketardi. Va unaqa uzoqqa oqib bormasdi. Buni har qanday tibbiyot xodimi tasdiqlaydi.
Feyk tasvirlar
Bundan tashqari provakotorlar boshqa mamlakatlar xususan shu yil yanvar oyida Qozog‘istonda yuz bergan g‘alayonlar rasmini qo‘yib «bu hozir o‘zbekistonda yuz bermoqda» deya o‘tirik tarqatishmoqda.
MS: Tuz og‘a separatist degani nima o‘zi?
RT: «Separat» yana to‘g‘rirog‘i «separator» so‘zini ilk bor eshitganimda hali yosh bola edim. Hali Kosova oyoqlanmagan, Bo‘shnoq turklari qo‘yday bo‘g‘izlanmagan, Qorabog‘ va Dnestr bo‘yida go‘daklar tiriklay yoqilmagan davr edi. Bola edim, bola edi bu dunyo. Tashvishlardan xoli edi bu dunyo…
Separatorga aylangan kir moshina
Uy sharoitida sariyog‘ qilardik. Buning uchun «kuvi» («kuppi») deb atalgan sopol idishga sut solinib, uchida tslindr bo‘lgan tayoq bilan juda uzoq chayqash lozim edi. Og‘ir va mashaqqatli ish. O‘shanda separator ya'ni sutdan sariyog‘ni ajratib oladigan elektr uskuna sotib olish masalasi kun tartibiga chiqdi. SSSR mayda ishlab chiqarishni mafkuraviy qo‘llamaydigan davlat bo‘lgani uchun aholiga separator sotilmasdi. Sanoat miqyosida ishlaydigan ulkan separatorlar ishlab chiqilardi. Onam Vengriyaga borganida o‘sha yerdagi qishloq aholisi Sovet kir moshinalarini separator sifatida qo‘llanganligini ko‘rib qaytdi.
«Evrika» dedi onam vannadagi Arximed kabi. Uydagi mavjud kir mashinani separator sifatida ishlatishni ma'qul ko‘rmadik. Shunday qilib, do‘kondan yana bir «Kirgiziya» degan kir moshina sotib oldik. Ichiga sut solib, tugmani bosdik. Bir pasda sutdan sariyog‘ni ajratib berdi. Ayronga o‘xshash sыvorotka suvini esa rezinka quvur orqali chelakka quyib oldik. Uni ichish o‘ta foydali. Xamirga solsa ham bo‘ladi. Separator qanday ishlaydi? Sut bu ichida yog‘ zarrachalari bo‘lgan suyuqlik. Tsentrofuga yordamida qattiq chayqatilsa, suv va yog‘ bir biridan ajraladi…
Jamiyatni chayqatib yog‘ini olmoqchi bo‘lganlarga ham «separatchi» deyiladi. Jamiyatga chayqalish emas uyg‘unlik lozim. Xorazm taraflarda sutdan qatiq qilish jarayoni «uyutish» («ivitish») deyiladi. Sud ichiga tomizliq solsangiz, yog‘ zarrachalari shu tomizliq atrofida birlashib, qatiq bo‘lib uyidi. Uyg‘unlashadi. Suv bir yon, yog‘ bir yon bo‘lmaydi. Bu uyg‘unlashish sokin bir jarayon.
Xulosa: Bizga separatchilar kerak emas!
Ayirmachilik
«Ayirmachilik, ya'ni separatizm (lotin tilida separatisme separatus-alohida degan mazmun beradi) – nazariya, siyosat va amaliyot, ajralib chiqish, ayrilish (ajratish) istagi. Bu hududning bir qismini davlatdan ajratishga chaqiradigan va olib boradigan mafkuraga asoslangan siyosiy va boshqa harakatlar yoki tendentsiyalarning alohida turi. Bunday harakatlar, qoida tariqasida, ommaviy tartibsizliklari fonida sodir bo‘ladi va hududni davlatdan ajratishga, uning ushbu qismi ustidan suverenitetini yo‘q qilishga qaratilgan.
Separatizm aksariyat siyosatshunoslar tomonidan o‘z taqdirini o‘zi belgilashning o‘ta salbiy va radikal shakli sifatida qaraladi.»
Bu mening gaplarim emas. Davlat quriishi haqidagi ilmiy kitobdan ko‘chirma.
Endi, shundan kelib chiqib, Nukusda g‘alayon qilganlarni separatist deb ayta olamizmi? Ha, ayta olamiz. Bu harakatni Toshkentdan turib boshqargan «dohiy» Lolagul Kallixanova o‘z videochiqishlarida «O‘zbekistondan butunlay ayrilib chiqish»ga chaqiradi. Kallixanova talqinidagi ayrilish – bu aynan separatizmdir.
Vaziyat taqozosi
Eltuzga ma'lum bo‘lishicha, separatchilar quyidagi ishlarni bajarishni rejalashgan:
1. Qoraqalpoq mustaqillik deklaratsiyasini e'lon qilish;
2. Muddatsiz namoyish boshlash;
3. Yangi shakldagi gimn va boshqa milliy atributlarni joriy qilish;
4. Aeroport, IIV, Ichki ishlar tuman bo‘limlari va harbiy qismlarni nazoratga olish.
Bu g‘oyalar ularda doim bo‘lgan, ammo 1-iyul, juma kuni ular nazarida ko‘tarilish uchun eng ma'qul payt deb topilgan.
Separatizmni Nukusdagi deyarli barcha etnik qoraqalpoq jurnalistlar va o‘rta bo‘g‘in rahbarlari yoqlagan va imkon qadar qo‘llab-quvvatlab kelgan. Televidenie kanalidagi jurnalistlarning chiqishi bunga misol.
1-iyul kuni bir guruh jinoyatchi shaxslarning davlat boshqaruvi organlarini egallashga qurolli urinishi qayd qilindi.
O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari xodimlariga qarata o‘q otildi va o‘ldirildi.
Ko‘chalarda yuk mashinalari yoqib yuborildi.
Namoyishni qo‘llamagan turkman, qozoq, o‘zbek va boshqalar haqorat va tajovuz nishoni bo‘lishdi.
Bulardan kelib chiqib, Nukusda harbiylar nazorati o‘rnatildi.
Bu vaziyat taqozosi edi.
«Ular separatchi emas, konstitutsion huquqlarini himoya qilmoqda», degan vatandoshlar uchun yozildi bu bitik.
Davlat bitta etnos, bitta din yoki mafkura vakiliga ustunlik bermaydi.
O‘zbekistonda barcha teng huquqli.
Kimdir alohida huquq talab qilib «kamazlarni yoqsa», buni to‘xtatish aynan davlatning vazifasidir.
O‘zbekiston – unitar davlat. Bu davlat qoidalari Termizda ham Kegaylida ham bir xilda ishlaydi.
Alohida imtiyoz
MS: Alohida imtiyoz berilsa bo‘lmaydimi masalan shu qoraqalpoqlarga?
RT: 1918 yili taniqli fantast yozuvchi Gerbert Uells bolsheviklar Rossiyasiga kelib Lenin bilan uchrashadi. Uchrashuv paytda Uells «SSSRda imtiyozli qatlam bormi?» deya so‘raydi. Lenin bo‘lsa «SSSRda faqat bolalar uchun imtiyoz bor» deya javob beradi.
Mamlakatda tabaqalar, imtiyoz sohiblari bo‘lishida xayr yo‘q. O‘zbekistonda ham shunday bo‘lishi kerak. Odam Toshkentda yashaydimi yoki Mo‘ynoqdami bir xil huquq va imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Kimgadir ajralib chiqish huquqnii berish yomon pritsidentdir.
O‘zlarini O‘zbekiston qonunlaridan yuqori qo‘yadiganlar esa ayni qonunlar asosida jamiyatdan izolyatsiya qilinadi.
Haqiqat etik kiyguncha…
MS: Tuz og‘a, siz doim tanqid qilar edingiz. Nega bu masalada dosmol siqib, paxta qo‘yib yotibsiz?
RT: Haqiqat etik kiygunicha, yolg‘on dunyoni aylanib chiqadi. Hozir bo‘linish va hokimiyatni tanqid qilish zamoni emas, balki O‘zbekiston nomli mamlakatni himoya qilish zamoni. Eltuz joriy hukumatni hammadan ko‘p va achchiq tanqid qiladi. Buni barcha yaxshi biladi. Biz liberal demokratik qadriyatlarga tayanamiz. Tanqid – kelajak mevasi. Tanqid qilarkanmiz, shu xalq uchun nafimiz teksin, hukumat korruptsiyadan tozalansin, oshna og‘aynichilik, qarindosh-urug‘chilik bo‘lmasin, deb umid qilamiz.
Ammo, kun tartibiga Vatan, Davlat va O‘zbekiston olib chiqilarkan, mavqeimiz qat'iydir – Tuproq berilmas, Vatan bo‘linmas! Dushman ichdan va tashqaridan tahdid solarkan, barchani bir bo‘lishga chaqiramiz: xoh ular avtoritar davlatchilik tarafdori bo‘lsin, xoh demokratik jamiyat, xoh diniy xoh dunyoviy davlatchilik, xoh sog‘chi bo‘lsin, xoh so‘lchi.
Tanqidni qilaveramiz, chunki qo‘ynimizdan olib qo‘njimizga. Shunday ekan ortiqcha ehtiroslarga berilmasdan, mamlakatdagi bir qavm yoki irqni yerga urmasdan e'tiborni O‘zbekiston birligi va yaxlitligiga qarataylik. Qirg‘iz maqoli bor: Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar! Bugun bu maqol ostida birlashishning ayni zamoni, ertaga kech bo‘lishi mumkin!
Xorazmdagi ikki yop
Xorazmda men bilgan ikki kanal bevosita migratsiya bilan bog‘liq.
1. Urganch o‘rtasidan o‘tgan «Qirg‘izyop» kanali.
2. Xivadagi «Polvonyop»
Urganchdagi kanalni Xiva xoni Abulg‘oziy Baxodirxondan panox so‘rab kelgan qozoqlar qazib bergan. Evaziga ular xozir Cholish poselkasi deb atalgan Amudaryo qirg‘og‘idan yer olib joylashishgan. Sovet davrida ular yashagan yer qozoq ovul deb nomlanar va aholi uzum yetishtirish bilan shug‘ullanar edi. Xozir ularning aksari o‘rolmon bo‘lib qozoqqa ketib qolgan. Xivadagi kanalni esa Xindistondagi qullikdan ozod qilinib, Xorazmga keltirilganlar ularni qutqargan Paxlavon Mahmud hurmati uchun qazib berishgan. Bu ikki kanaldan xozir ham suv oqib turibdi. Buni yaxshilikka yaxshilik deydi. Yaxshilikka yomonlik nimaligini bugun ko‘rib turibmiz.
Siyosiy odob chegaralari joriy qilinishi kerak. «Sart», «Xarip» kabi so‘zlar haqorat deya tasniflanib bu so‘zni qo‘llaganlar jazolanishi kerak. Bugun videolarda o‘zbeklarga qarata «sheshengdi sigey o‘zbeklar», «sartlarga o‘lim» degan chaqiriqlar qulog‘imga chalindi. Tashqarida 21 asr. Neondartallar qirilib ketganiga 150 ming yil bo‘ldi.
Qulog‘imga shivirla, jonim…
«Qulog‘imga shivirla jonim. Qayda xuzur, qani oromim». Britaniyalik Videobloger Sofi Mishel Sophie Michelle hozir moda bo‘lgan ASMR janrida videoroliklar yozib tarmoqqa qo‘yadi.
Bu janrning asosiy hususiyati shuki, rolikda bir ayol faqat shivirlab, ba'zan esa, erkalanib gapiradi.
Televizorda baqirayotgan dikturlardan zada bo‘lgan aksar Sofi Mishelning «bir og‘iz shirin so‘zi»ni nondek arzanda qilmoqda.
Chesterdagi san'at kollejdi studenti Sofi Mishel shu kunlarda aktyorlik mahorati bo‘yicha o‘qimoqda. Uning ASMR, formatdagi va'zlari ustozlar nazarida a'lo.
Bu janr dunyo tashvishlaridan toliqqanlarni tinchlantirish, uyqusizlikdan azob chekayotganlarni uxlatish uchun ham ishlatiladi.
Sofi Mishel o‘z videolarida titroq va seksi sasda shivirlab gapiradi. Sofi ba'zan vizajist, ba'zan vrach yoki oddiy sotuvchi qiyofasiga kirib, siz hayotda kutgan ammo uchratmagan mayin ohangda sizga yoqadigan gapni shivirlaydi.
Masalan, deylik, «seni sevaman jonim» so‘zini oxirgi marta kim sizga afsunli titroq sasda shivirladi. Uning o‘rniga «musorni to‘kishni unutma», deya eshitganingiz baqiriq esa haqiqatga yana yaqin.
Britaniyalik vloger Sofining olmaxon yungiday shivirlashini teranroq eshitish uchun siz turgan bo‘lsangiz, o‘tirasiz, o‘tirgan bo‘lsangiz, yonboshlaysiz.
Sizga hech kim o‘shqirmaganligining o‘zi ham saodat. Insonga shirin so‘z bering, orom va huzur bering, qulog‘iga shivirlang.
Oddiy talaba qiz Sofi bu chiqishlaridan yiliga 60 ming paund ko‘kidan pul topadi.
Sofi bizning rahbarlarga o‘xshab odamlar qulog‘iga lag‘mon ilmaydi. Shunchaki lobar sas ila shivirlaydi.
Assalom O‘zbekiston Juma muborak!
Rassom Tuz