Asosiy mavzular
11 avgust 2022

EP-24: Axlat uyumlari, aqli oshgan elektr hisoblagich, notarius arzi va ijobiy natijalar

Eltuz portalining bugungi soni kengaytirilgan formatda. Ya'ni undan beshta shikoyat, shuningdek yana ikkita shikoyatning ijobiy hal bo‘lgani yuzasidan olingan munosabatlar o‘rin olgan. Shikoyatlar mazmuni bog‘cha atrofidagi chiqindilar uyumi, elektr hisoblagichning noto‘g‘ri ishlayotgani haqidagi iddao, notariuslar arzidan iborat. Shuningdek baxtli yakun – ijobiy hal etilgan ikkita muammoli xolat haqida muhokamamizning ohirrog‘ida bilib olasiz. Demak dastlabki shikoyat Samarqand viloyati Paxtachi tumanidan.

Aqlli elektr hisoblagich kasofati

«Assalomu aleykum Tuz og‘a yaxshimisiz? Samarqand viloyati Paxtachi tumanidan murojaat qilayapman.
Elektr energiyasiga yangi hisoblagich qo‘ysak ham tuman Elektr bo‘limi umuman yaxshi ishlamayabdi. Ilgari hisoblagichda oz pul qolsa ogohlantirardi, yoki o‘chib qolsa hisobni to‘ldirsa zudlik bilan elektr energiyasi kelardi.
Hozirda na sms xabar keladi na pul tashlangiz yonmaydi. Nimaga kerak unda aqlli hisoblagich. Tuman elektr bo‘limi hech kimdan qo‘rqmaydi raqamlariga telefon qilsak olmaydi».

Keyingi shikoyat Surxondaryo viloyati Termiz tumanidan kelgan. Eltuz portalidagi doimiy va sevimli mavzu – chiqindi va axlatlar uyumi haqida.

Bolalar bog‘chasi atrofidagi chiqindi uyumi

«Surxondaryo viloyati Termiz tumani Yangihayot MFYdan murojaat qilyapmiz. Sh.Rashidov ko‘chasidagi 4-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti yonini qurilish va maishiy chiqindi bosib ketgan bo‘lsa-da, mutasaddilarning parvoyiga kelmaydi. Mazkur ko‘chadagi ko‘p qavatli uylar yonida ham chiqindi yig‘ilgan. Tuman kommunal va ekologiya xizmatlarining bu holatdan xabari bormi? Chiqindi to‘kib ketayotganlarga qonunda belgilarga tartibda jazo choralari ko‘rishlarini kutib qolamiz»

Navbatdagi shikoyat Toshkent viloyatining Olmaliq tumani taksi haydovchilaridan kelgan. Ular o‘tkazilgan tender xulosasidan norozilik bildirishgan.

Tenderga qo‘yilgan mashina qaerga g‘oyib bo‘ldi?

«Assalomu alaykum Eltuz.
Bizga bo‘layotgan nohaqlik, nayrang, adolatsizliklar yuzasidan murojaat etishga majbur bo‘lmoqdamiz.
Qisqasi bizlar «Olmaliq fidokori» MChJ ga qarashli Olmaliq-Uyshin (sobiq A.Ikromov) QFY yo‘lovchi tashish yo‘nalishida aholiga taksi xizmati ko‘rsatamiz. Yaqinda tender bo‘lib o‘tdi. «Olmaliq fidokori» MChJ Tender xulosasiga ko‘ra, «Xojiakbar medikal» MChJga mag‘lub bo‘ldi.
Ammo tanganing ikkinchi tomoni bo‘lganidek, afsuski tender haqqoniy bo‘lmadi. Sababi «Olmaliq fidokori» MChJ tomonidan tenderga qo‘yilgan davlat raqami 10 Y 688 UA Damas avtoulovi «Olmaliq fidokori» MChJ ning monitoringi kuni «Xojiakbar Medikal» raxbari Sattarov Sayfulla tomonidan yashirib qo‘yiladi.
Moritoring hulosasiga ko‘ra, tenderga qo‘yilgan 15 ta avtoulovdan 14 tasi monitoringda qatnashadi. 1 ta mashina yo'qligi sababli g‘oliblik «Xojiakbar Medikal» ga beriladi.
Biz xaydovchilar siz orqali prezidentimizdan, yuqori vazirliklardan ushbu masalaga haqqoniy yechim topilishiga yordam so‘rab qolamiz.»

Navbatdagi maktub ham haydovchilardan kelgan. Urganch shahridagi GAIda texpasport olish uchun navbatda turgan haydlovchilar ikki kundan beri baza ishlamayotganidan arz qilishmoqda.

Texpasport bazasini ishlatib qo‘yishsin…

«Assalomu alaykum Tuz og‘a yaxshimisiz?
Urganch shahridagi GAIda 2 kundan buyon mashinani texpasportini almashtirish uchun navbatdamiz. Sababi baza ishlamay qolgan ekan. Bugun ham ishlashi aniqmas akan. Ishlarimiz qolib ketti, mashinani texpasportsiz boshqarib bo‘lmasa.
Shuni kanalingizda yozib chiqsangiz tepadagilar o‘qib, shu bir tiyinga qimmat bazasini ishlatib yuborarmidi…»

Albatta huquqlari buzilayotgan oddiy vatandoshlarni tushunish mumkin. Lekin huquqshunoslar, adliya tizimidagilar, notariuslar huquqini kim himoya qiladi. Paradoksga o‘xshaydi. Xorazmlik notarius Eltuz portaliga litsenziyalar xech bir sababsiz to‘xtatilgani bois 6 oydan beri ishsiz qolayotganidan arz qilmoqda.

Notariuslar arzini kimga aytsin?

«Assalomu alaykum.
Men notarial idorada ishlaganman. Murojaatimdan maqsad, hozirgi kunda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarial idora xodimlari taqdiri bilan bog‘liq.
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning faoliyatini nazorat qilish borasidagi, ta'bir joiz bo‘lsa “individual” tekshiruvlardan so‘ng notariuslarning va ularning qo‘l ostidagi xodimlarining ishidan ayrilishi, ya'ni biror bir muddatga ularning lisenziyalarini to‘xtatilib turish holatlari kuzatilmoqda.
Xorazm viloyatida ko‘pchilik notariuslarning faoliyatini naqd 6 oyga tugatishdi. Notarius va uning xodimlari 6 oy mobaynida ishsiz va daromadsiz qanday kun kechiradi? Adliya vazirligi shu haqida biror marta o‘ylab ko‘rganmikan? Axir 6 oygacha insonni ishidan va daromadidan mahrum qilish uchun bilasizmi kamida qanday sabablar bo‘lishi kerak? Arzirli sabablar bilan tugatishsa mayli edi… Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarga xuddiki dushman nazari bilan qarashlari aqlga sig‘maydi. Notariuslarni himoya qiluvchi tashkilot bormi o‘zi?
Faqatgina nomiga “xususiy tashkilot” degan maqom bor xolos. Xullas, Adliya vazirligi tekshiruv reglamentini va yakuniy xulosaviy natijalari ijrosini bir bor qayta ko‘rib chiqib, isloh qilsa yaxshi bo‘lardi.»

Qochgan ham, quvgan ham shu kunlarda Eltuz portaliga yozmoqda. Eslasangiz, ko‘rsatuvimizning o‘tgan sonlarida notarius aybi bilan uysiz qolganidan shikoyat qilgan namanganlik muxlisimiz bir necha bor murojaat qilgan, adliya boshqarmasi raddiyaliga raddiyalar yozgan edi. Bugun u nihoyat Adliya boshqarmasi ustidan g‘olib chiqqani, appelyatsiya sudi uning foydasiga qaror chiqargani haqida yozdi. Quvonarli holat.

ELTUZ NATIJA: «Adliya boshqarmasining shikoyati qanoatlantirilmadi!»

«Salom Eltuz, mening murojaatimni kanalingizda yoritib berganingiz uchun katta raxmat!
Xursandchiligimni siz bilan ulashmoqchiman, bugun appelyasiya sudi bo‘lib o‘tdi. Adliya boshqarmasining shikoyati qanoatlantirilmadi!
Namangan viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atiga, shikoyatimni har tomonlama o‘rganib, men va oilam jinoyat oqibatida uysiz qolganimiz, olti yildan beri sudma sud sarson bo‘lganimizni, boshi berk ko‘chaga kirib qolib aziyat chekib kelganimizni inobatga olib adolatli qaror chiqarib bergani uchun katta raxmat aytmoqchiman!
Qarorda Adliya boshqarmasi menga moddiy va ma'naviy zararni to‘liq qoplab berishi ko‘rsatilgan.
Eltuz, sudning qarori bajarilishi haqida sizga albatta yozaman va bu ishga nihoyat nuqta qo‘yiladi degan umiddaman!
Sizga xurmat bilan S. Rasulova».

Yana bir shunday natija Denov tuman hokimligi tomonidan rasmiy munosabat tarzida noqonuniy qurilishlarning to‘xtatilishi yuzasidan bildirildi.

ELTUZ NATIJA O‘zboshimcha qurilishlar bartaraf etildi

«Joriy yilning 8 avgust kuni ijtimoiy tarmoq orqali «Mehr-oqibat» mahallasi 32-ko‘p qavatli uylar atrofi fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rab olganligi bo‘yicha murojaat qilingan.
Denov tumani hokimligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi.
Murojaat tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganildi. Ayni vaqtda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar bartaraf etilmoqda.»

Hullas uysiz uyli bo‘ldi, noqonuniy imorat solganlar esa jazosini oldi – shunday xulosa bilan Eltuz portalining bugungi soniga baxtli yakun yasaymiz. Qolgan shikoyatlarga ham tegishli idoralar e'tibor qaratadi deya umid qilamiz. Eslatib o‘tamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 mart 2017
Dollar narxi oshishi bilan ayniqca kartoshkaning narxi oshgani odamlarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.
26 mart 2023
Toshkentda Rauf Parfining ilk haykali ochiladi. 27 mart soat 11 da Tadbir Amir Temur prospektidagi davlat san'at muzeyida bo‘ladi. ...
22 may 2016
O‘g‘uzxon nomidagi Turkmanfilm kinostudiyasi boshlig‘i Saparmuhammad Jolliev o‘tgan hafta “ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari” sababli ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Turkmanfilm ...
5 may 2016
Turkiyada o‘zbekistonlik er-xotin turkiyalik taniqli yahudiy tadbirkor Jak Karako va uning rafiqasi Jorjiya Karakoni o‘ldirganlikda ayblanib, 2014 yili hibsga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...