Asosiy mavzular
23 sentyabr 2022

RTdan va'z: Cho‘pon ko‘paysa qo‘y xarom o‘ladi

Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib, siz bilan birgaman. Kunduzlari issiq bo‘lsa ham, kechga borib qish shivirini eshitsa bo‘ladi. Salqin tushayotir. Rossiya gazisiz yevropa qiynalib o‘ladi, deb sevinayotgan o‘zbeklarni ko‘rib, rahmim keldi. Yevropa bir kunini ko‘rar, ammo siz tadorigingizni ko‘ring.
MS: Tuz og‘a, biz zakalenniy bo‘lib ketganmiz. Nu i chto. Is gazinnan bo‘g‘ilib bir ikki ming odam o‘lsa. Urushda shuncha odam o‘lib duripti. Ina qarang, Pokistonda nechchasi suvo oqib getdi. Eng xo‘psiz yoqilg‘i tazzak. Hali tazzak po‘rtlab getdi diyan gapni eshitmadik.
RT: Tezak yaxshi isitmaydi. Matchonboy. Uni ko‘mirning ustiga qo‘shimcha qilib yoqsa o‘xshaydi. Ey, mardum! Sizga aytar so‘zim shu. To‘yanaga atagan pulingizga bir arava ko‘mir olib, uyga apkirib qo‘ying. Deraza romlarini ikki qavat qiling. Tirqishlarini plastik ko‘pik bilan izolyatsiya qiling. Kigizga o‘xshash izolyatsion karton bilan uyni o‘rab ustidan penoplast qoplab, uning ustidan setka yopishtirib suvalgan uyni shag‘am bilan ham isitsa bo‘ladi.
MS: Tuz og‘a, o‘ris yurtda qurilishda ishlayan o‘xshiysiz,  opitingiz ko‘p. Bizani tarafda o‘y yarim metrli paxsa loydan bo‘ladi. Ustinnan qalin atib somon loy uriladi. Uni ustinnan chaga loy. Kegin haklab qo‘ysangiz o‘yni ichi yozda salqin, qishsa issiq bo‘ladi. Xonqalila biladi buni. Lekin uyni issi saqlash bo‘yicha nemislar xonqalilarga paxsa qo‘yar ekan.
RT: Nemislarning bilgani bilgan. Mana 21 sentyabr kuni tagi namanganlik kreml oligarxi Alisherboy ota Usmonovning Germaniyadagi uyi musodara qilindi. Katta uy edi.
MS: Qaysi o‘y. Anavi go‘z duxtirxonani yonindag‘imi? O‘y emas vu. Saroyku vu ko‘lni bo‘yinda. Ko‘lda o‘rdaklaram bor adi. Bir qo‘shiq aytaymi.
Ko‘l suvini ichinda sang boradi sang galadi. Sang bilan sakkiz o‘rdak dang boradi, deng galadi. O‘rdaklani oyoqina ipak garak jonim chiqon. Boy ota bo‘lib yurish uchun yurak garak jonim chiqon.
RT: Barakalla Matchon Suqulish. Ozodbekka aytsak senga litsenziya beradi. To‘yma to‘y yurib, Alisher akangni uyidan ham zo‘r qasr qurasan. Xullas, Germaniyaning Bovariya o‘lkasi Razzia am Tegernsee bo‘lgasidagi Alisher Usmonovning uyini nemislar musodara qildi. Soliq to‘lamagani uchun tergov ham boshlashdi.
MS: O‘zi shu saroylardan poyda yo‘q. Ina O‘zbekiston ho‘kumati 25 milliard ajratib kinofestival o‘turdi. Hamma juuk dadi. Issop.

Ota turkning temir yo‘li

RT: 1931 yili Mustafo Kamol G‘ozi Poshsho Otaturk Malatiyada qilgan nutqida «Temir yo‘l va umuman yo‘llar qurilishi millat taraqqiyoti uchun saroylar qurilishidan muhim» deya aytgan edi. Otaturk uchun millatni birlashtirish masalasi yo‘l qurishda tajassum qilgandi. «Bu yo‘ldan o‘ngchi ham, so‘lchi ham, faqir ham, zangin ham yuradi. Bu yo‘l bizni taraqqiyotga eltadi» degandi buyuk reformator. Turkiya jumxuriyatining ilk yillaridanoq  byudjetning katta qismi yo‘l qurilishiga sarflangan edi. Otaturk nazarida,  yo‘ldan keyin muhim ko‘ringan ikkinchi narsa maktab qurish edi. Olis qishloqlarda qurilgan otaturk maktablarini bitirgan millionlab yoshlar jaholat botqog‘idan qutulishdi. Nobel olgan kimyogar Aziz Sanjar olis Mardindagi  otaturk qurgan o‘rta maktabda ilk ta'limni olgan. Demak Turkiya bo‘yicha info shu yerda tugadi. O‘zbekistonga qaytsak.

Saroy kimga kerak?

RT: Bizga «Xumo» va «Shovvozoy» kabi saroylar kerakmi?  Masalan, kino olamida pogoda yasamaydigan o‘ttiz beshinchi so‘rt festival nega kerak? Toshkent xalqaro festivali uchun  byudjetdan kamida  25 mlrd so‘m  xarj bo‘ldi. Shu pulga nechta maktab qursa bo‘lardi? Afsus Otaturk kabi islohotchisi bo‘lmagan davlatlar o‘zi och bo‘lsa ham, to‘y qilib o‘lib ketaveradi.
MS: Tuz og‘a, lekin jo‘rangiz rassom Bobur Ismoilov yasagan Samarqanddag‘i Boqiy shahar majmusi yomon yitti chiqibdi. Daji Erdo‘g‘onni xotininam og‘zi yarim sat ochilib durdi. Peshsha girmasin dap, telexlar majburan yoptiripti galin biyini og‘zini.
RT: Samarqand shahri tabiiy tarzda O‘zbekistonning poytaxti o‘laroq ko‘rindi keyingi uch to‘rt kun ichida. Konstitutsiyaga Samarqand O‘zbekistonning boshkenti deb yozib qo‘yish qoldi xolos.
MS: Tuz og‘a, shu shosmi shxtmi degan yetim jiynoqda yoshulli zoti ko‘pligi go‘rindi. O‘zbekiston vazirlik, agentlik, boshqarmayu qo‘mita soni ko‘pligi bo‘yincha rekordni urib Ginnesa girisha tayyor duripdi. Bir quruvchig‘a do‘rt prorab diyan mamlakat biza bo‘ldiq.
RT: Matchonboy, O‘zbekistondagi vazirlik va unga tenglashtirilgan agentliklar sonini radikal qisqartirsa bo‘ladi. Ko‘p xollarda parallel ish qilayotgan vazirliklar qisqarsa byudjet zimmasidagi yuk ozayar edi. Masalan, Madaniyat vazirligini tugatish kerak. (Turizm va madaniy meros vazirligi yetadi) Vazirliklar  nomi qisqa va aniq bo‘lsin. Bugungi O‘zbekistonga sakkizta vazirlik yetib ortadi.
1. Tashqi ishlar vazirligi.
2. Ichki ishlar vazirligi.
3. Mudofaa vazirligi.
4 Adliya vazirligi.
5. Moliya vazirligi.
6 Ta'lim vazirligi
7. Turizm va madaniyat vazirligi
8. Iqtisod va transport vazirligi.
Shu 8 tasi yetib ortadi. Bosh vazir lavozimi bilan prezident adminstratsiyasi rahbari lavozimini bitta qilib qo‘shvorish kerak. Xozirgi sharoitda Umrzoqovni qoldirib, Abdulla akani pensiyaga uzatvorish kerak. Maqol esa mana budir: Cho‘pon ko‘paysa qo‘y xarom o‘ladi.
Xotinqullar bayrami
MS: O‘zim kal bo‘lsamam ko‘nglim nozik, dap palon pula soch aktiradon xilinnan bila. Tuz og‘a nishatish garak. Ko‘chadayi gap o‘ya do‘g‘ri gamasa. Men ataman o‘ttiz. Xotin qilar to‘s-to‘s. Yarim oxshomdagi ko‘rpa birg‘isini oytmin qo‘yavarin.
RT: Jamiyat xotin qizlarning o‘sib unib, siyosat bilan shug‘ullanishini ta'minlashi kerak. Xotin poshsho, xotin xokim va xotinbekalar ko‘p bo‘lsa, xotinqullar shuncha oz bo‘ladi. O‘zi davlatni boshqara olmagani uchun erining soyasida gizli hukmini o‘tkazgan ne ne yalmog‘izlarga tarix guvoh. Eng yaqin tariximizda ham Karimovning xotini Tatyana Farg‘onadagi o‘g‘irliklarning onavoshisi bo‘luvdi. Bugun bu alvastini oyog‘idan osib tagidan o‘t qo‘yilsa o‘tin xayf. Davlat rahbari xotin yoki erkak bo‘lishidan qat'iy nazar, o‘z yaqinlari, to‘shakdoshlari va qarindoshlari ta'siriga tushmasligi kerak. G‘arbda bu narsani oldini olish uchun qudratlar bir-biridan mustaqil xolda taqsimlanadi. Mabodo bitta xotinqul rahbar kechasi to‘shakda yotib xotini ko‘magida lavozim sotsa, buni parlament, sud va eng muhimi gazetalar urib chiqadi. Amerikada «Gazeta urganidan ko‘ra, xudo urgani yaxshi» degan maqol bor. Ammo lyuboy ketmon dastasini ham yoshulli qilib qo‘ysangiz, elashtirmay sig‘inadigan aholi poda xolida yashaydigan istonlar va Yaqin sharq davlatlarida samimiy bir odamning ham lavozimga kelgach, xotinquliga aylanib qolganining guvoh bo‘lamiz. Ya'ni xalq bitta odamga rahbar bo‘lish uchun ovoz beradi. Natijada rahbarning to‘rtta xotini, beshta o‘ynashi, sanoqsiz kuyov va tog‘alari tinimsiz o‘g‘irlaydigan boshqaruvga ega bo‘ladi. Bu adolatdan emas. Ammo shunaqa. Bu sho‘rlik xalqlar  keyingi besh ming yil mobaynida faqat hukmdorga sig‘inib, to‘nqayib, patinka yalab, genlari buzilib musorga aylanib ketgan. G‘arb va AQShga lop-loyiq yarashgan demokratiya bularga sholpillab qoladi. Hullas qizlaringizni o‘qiting. Zora ulardan kelgusida yaxshi rahbar yetishib chiqsa. Darvoqe 18 sentyabr xotiniga sodiq, xotin chizig‘idan chiqmaydigan erkaklar bayrami bo‘lib o‘tdi. Kechikib bo‘lsa ham  bayram qutlug‘ bo‘lsin xotinqullar.
MS. Xotinqullar chirigan g‘arbda Tuz og‘a. Bizda hamma krutoy.

Chirigan g‘arb
RT: SSSRdagi olimlar sovet kishilari o‘z taviya turmushini tashab qochmasin deya «Chirigan G‘arb» terminini kirtitishuvdi. Bu asosan yaxshi yeb-ichmay, aqlan va jisman majruxlar uchun ishlaydiigan termin edi. Ne ajabki taqvosi kuchaygan o‘zbeklarning ham tili kelishgan gapi «chirigan g‘arb» bo‘lib qoldi. Ayni paytda bu munofiq taviyalar podasi G‘arb va Amerika texnologiyasi asosida ishlangan smartfon va tarmoqlarda o‘z almoyi jalmoyisini tarqatishadi. Jon deb, G‘arb mashinplari va texnik uskunalarini ishlatishadi. Meksika botqoqlarida ko‘tini timsohga tishlatib bo‘lsa ham Amerikaga borvolishni uy ichisi bilan kechayu kunduz orzu qilishadi. Xudo qarg‘aganlar deb shularni aytsa bo‘ladi. G‘arb esa, taraqqiyot sari dev  qadamlar tashlab nafaqat o‘z xalqi balki millionlab qochoqlarni ham bag‘riga bosib mexr ko‘rsatmoqda.
MS: Tuz og‘a, bizaram rivojlanib getishimiz uchun repetitora qatnasaqmi akan? Ë xususiy maktab ochib aqlli yoshulli chiqarsaqmi?
RT: Finlandiya va Germaniyada xususiy maktablar yo‘q. Germaniyada davlat maktablari sifatini ta'minlashgan. Turkiyada ham gulenchi dindorlar ta'lim tizimiga sizgunga qadar davlat maktabi sifatli bo‘lgan.  Nobel olgan Aziz Sanjar ham oddiy o‘rta maktabni tugatgan. O‘zbekistonda ham davlat maktablari sifatini oshirib, iloji bor qadar xususiy maktab ochmaslik kerak. Nega? Birinchidan jamiyatda tabaqalanish ortidan paydo bo‘ladigan salbiy tengsizlik yuzaga keladi. Buning umuman zarari katta. Ikkinchidan, xususiy maktablar «til o‘rgatish» fortochkasi orqali allaqachon diniy ekstremistlar tayyorlashni boshlab yubordi. Uzog‘i bilan  3 yoki 4 yilda bu markazlarda ongi zaharlangan  ekstremistlar O‘zbekistonni, har kuni beliga bomba boylagan shaxidlar portillatadigan Yaqin Sharqdagi davlatlarga o‘xshatib qo‘yishadi. O‘zbekistonning yaqin kelajagi haqida zarracha qayg‘uradigan davlat odamlariga aytadigan gapim shu: Elning bolasiga davlat o‘z maktabida yaxshi sifatli ta'lim bersin. Test yechishnigina o‘rgatadigan repititorlar armiyasini tor-mor qilish joiz (testdan yuqori bal olib, nemis tili bo‘yicha o‘qishga kirgan studentning umuman til bilmasligini qanday tushunish mumkin). Eng asosiysi avom xalqning «o‘lganimda ustimda duo o‘qisin» degan orzusini su'iste'mol qiladigan din tujjorlarini ta'lim tizimiga yaqinlashtirmaslik kerak. Xalq ta'limi cherkov, sinagog va machitdan ajratilishi bu dunyoviylikning asosiy talabi. Frantsiya misolida buning samarasini ko‘rish mumkin.
MS: Baribir, o‘zimizdan qo‘ymasin. Qashqadaryoda buzilg‘an mashinlara avtomexanikdan aldin, mo‘lla chaqirib kinna soldirib «o‘qitish» udum bo‘libdi. Mo‘lla o‘qib qo‘yg‘an moshinni motori stuk ochmas ekan. Bu gapni Teslani ullisi Ilon birat eshitsa konveyr  liniyasina bir donadan mo‘lla qo‘yar edi. Har chiqqan moshinni «o‘qib qo‘yadigan»
RT: Ha, Matchonboy eshitdim. Dehqonobodda ekan bu kinnachi mullalar.
MS: Eng katta yoshullilaram kasto‘mini ichina Dehqonobodli kinnachi mo‘lla yozib bargan tumorni tikib qo‘yar ekan. Shunda spokoyniy yurar ekan. Lekin qozoqni elboshisi Nursulton og‘amizni kasto‘minda tumor yo‘q ekan. Go‘z daydi.
RT: Elboshining ko‘rguligi bu . Tirikligida haykali tiklandi, tirikligida ontarildi. Tirigida shaharga oti qo‘yildi, tirikligida bu nom olib tashlandi. Qozog‘istonning Nur-Sulton shahar kengashi poytaxtga Astana nomini qaytarish tashabbusini ma'qulladi.
Ilgari bu taklifni Qozog‘istonning iqtidordagi prezidenti Tokaev qo‘llab-quvvatlagan edi. «Vatan – Ostonadan boshlanadi!»
MS:  Toshkent aeroporti odinam o‘zgartirish garak. Shoir Jamol Kamol bir marta aytib chiqvadi. Lekin izi tim-tirs. Tarmoqda hamma gap bo, lekin odolat yo‘q¸ sodakat yo‘q. Ishvalak chirtib yuribti hammasi.

OTAJON OG‘A DIYDORI

RT: Tarmoqdagi baqir-chaqirlardan bezib, ancha oldin dunyodan o‘tkan buyuk shoir Matnazar Abdulhakimning bir she'rini esladim.
She'r tiqilinch avtobus ichidagi shovqin-suron tasviri bilan boshlanadi.
Kimdir hamyonini oldirgani bois dod solgan. Yana birov tiqilinchda oyog‘ini bosib olgan xotinga o‘shqirgan. Kimdir kelini, yana kimdir qaynanasini qarg‘agan.
Baqir chaqir, so‘kinish va haqoratlar yig‘indisi bo‘lgan yoqimsiz shovqin.
Shunda kimdir magnitofon tugmasini bosib qo‘shiq qo‘yadi.
Otajon Xudoyshukurov kuylagan «Dunyoda borligingdan quvonaman» degan qo‘shiq.
Birdan hamma jim bo‘ladi.
Dunyoda boshqa bir odamning borligidan quvonadigan yana bir  odam mavjudligidan hayratlanishadi.
Nafrat o‘rnini xuzun va halovat egallaydi.
Xazoraspdan Urganchgacha bo‘lgan 70 km yo‘l davomida  avtobus ahli jimgina qo‘shiq tinglagab uzun o‘y surib ketishdi.
Endi avtobus tiqilinch emasligi, dunyo kengligi va unda shodligu quvonchga ham joy borligi  ayon bo‘lgandi…
O‘sha avtobus ichida men ham bor edim. Qo‘shiqni eshitib, eng avvalo onam ko‘z oldimga keldi. Onam meni dunyoda borligim uchungina hech bir ta'masiz quvonadigan zot. Men ham onamning borligi va tirikligi uchun quvonaman. Menga ta'lim bergan ustozimnig dunyoda borligi uchun ham quvonaman. Farzandlarim oyog‘iga tikan kirmagani uchun ham quvonaman.
Dunyoda borligingdan quvonadirman.
Baqir-chaqir urush to‘polon mushtumzo‘rlik avjiga chiqqan bir paytda kimdir tugmani bossin.
Jimgina ichimizga ko‘milib, Otajon og‘a qo‘shig‘ini eshitaylik.  Jag‘imiz bir oz dam olsin. Nafrat, kin va adovatdan olisda bizni yaxshi ko‘radiganlarni o‘ylab ichimiz yorishsin.
Dunyoda, biz yaxshi ko‘radigan va bizni yaxshi ko‘radiganlar bor va ular sog‘u salomat bo‘lsin.
MS: Tuz og‘a, shu she'rni o‘zi qaytisina bir oytib baring. Ishitali. Dam soz, dam so‘z bo‘lsin og‘a.
She'r OTAJON OG‘A DIYDORI deb nomlanib shoir Sayfi Najmiyning  Otajon Xudoyshukurov aytgan “Dunyoda borligingdan quvonadirman”degan satri so‘z boshi qilingan. She'r avtobus yo‘lovchisi bo‘lgan shoir tilidan hikoya qilinadi.
Kelayotir edim Hazoraspdan jim,
Tirband avtobusda horg‘in, asabiy.
Xuddi bu tirbandlik, to‘polon uchun
Boshqalar oldimda gunohkor kabi.
Kimdir so‘kinardi, no‘noq kissavur
Cho‘ntagiga qo‘shib tanin kesgandek.
Har bir yangi bekat biz uchun javr,
Har yangi hamrohdan rosa bezgandik.
Avtobus oynasi diqqinafasdan
Botgandi ko‘zyoshdek-ko‘zyoshdek terga.
Ayovsiz bir qarg‘ish lahza tinmasdan
Kimnidir qarg‘ardi teng qilib yerga.
Bilmadim, gunohi ne edi uning,
Hech kim ham hech kimning aybin bilmasdi.
Shu payt bitta yigit magnitofonning
“Chirq” ettirib nogoh tugmasin bosdi.
Qorong‘u dillarni yoritib birdan,
Jaranglay boshladi nurafshon so‘zlar.
Alanglab turdi-da bunday sehrdan,
Mo‘ltirab qoldilar o‘qraygan ko‘zlar.
Xonanda chekardi kassetada oh,
Kimningdir kimgadir zorligi uchun.
Yurakdan hayqirib quvonardi goh,
Birovning dunyoda borligi uchun.
Ilg‘ab har bir so‘zdan qutlug‘ ziyoni,
Ko‘zlarini ochdi bir parcha voha.
Har yurakda pinhon ming bir dunyoni
Yoritib yubordi Otajon og‘a.
Sarob yo‘qolgandek shu bir nafasda,
Ketdi anduhlarni yangroq kuy olib.
Boya maymunlardek edik qafasda,
Endi-chi, turardik mulzam, uyalib.
Yigitni indamay tushundik bizlar,
Bildik g‘amimizni yeganligini.
Angladik, dunyoda musaffo hislar
Abadiy barqaror ekanligini.
Yigit bir bekatda tushib qoldi so‘ng,
Bir-birovga boqib, jim o‘yga toldik.
Eng baxtli tush birdan kelgan kabi o‘ng,
Mashina keng ekan – biz payqab qoldik.
Esladik: hamisha shodlanganmiz-ku
Kimningdir bizlarga zorligi uchun.
Hozir ham safarga otlanganmiz-ku,
KIMNINGDIR DUNYoDA BORLIGI UChUN.
Shundan beri meni qiynar o‘zga hol,
O‘zga uqubatdan yuragim g‘am yer.
Ba'zan havolanib gar sursam xayol
O‘sha avtobusga o‘xshab ketar Yer.
To‘g‘ri, sayyoramiz hududsiz, lekin
Ko‘ngillar torlikdan unda motamlar.
Oftob bepul, havo bo‘lmasa tekin
Qirilib ketgudek sho‘rlik odamlar.
Bir chimdim tuproqqa ko‘zi to‘yguvchi
Yuhofe'llar hamon yashar qalashib.
O‘z o‘rnin eplashga yetmas-ku kuchi,
Chang solar o‘zganing yerin talashib.
G‘addor rejalardan turmasak ogoh,
Yer ham bir tugmaga bog‘liq taqdir-ku.
Tugmani men bossam… yangrasa nogoh
Bombalar o‘rniga mehrbaxsh bir kuy.
Anglasalar hamma beizoh, besharh,
Mening ko‘nglimdagi orzuni ham jim.
Axir, ona zamin yashar urib charx,
Odamning odamga zorligi uchun.

Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/yaAVWiKfCPA

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
18 sentyabr 2019
“Bizdan jiz-z!”ning bugungi sonida Shvetsiyada yashovchi o‘zbek faoli Do‘stnazar Xudoynazarov «Eltuz» muxlislari uchun butun qo‘y go‘shti boldiridan dimlama qanday ...
15 fevral 2022
Eltuzga 10 fevral kuni tasvirga olib yuborilgan videoda Qashqadaryo viloyatning Qamashi tumani Tolli qishlog‘ining loyli ko‘chalari aks etgan. «Shu ...
19 avgust 2019
«Jamol aka menga baqrayib turib, birdaniga kulib yubordi. – Nimaga kulasiz? – deb so‘radim Jamol akadan. – Melievning xona ...
19 iyun 2019
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi 2019 yilning 3 iyunida huquq faoli Malohat Eshonqulovaga qarshi Jinoyat kodeksining ikki moddasi – ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...