Iroq qamoqxonasidagi IShIDchi ayollar O‘zbekistonga qaytarilmaydi
27 aprel kuni Iroqdagi “Rosafa” qamoqxonasida saqlanayotgan 44 nafar o‘zbekistonlik mahkuma ayollar O‘zbekiton Prezidenti Shavkat Mirziyoevga ularni yurtiga qaytarish maqsadida ko‘mak so‘rab videomurojaat qilishgan. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lumot berdi.
Kecha Eltuz tarqatgan videodan ma'lum bo‘lishicha, 44 nafar o‘zbekistonlik mahkuma ayollar prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat qilib, 6 yildan buyon Bag‘doddagi qamoqxona qolishayotgani 4 yil burun ularning farzandlari O‘zbekistonga jo‘natilganini bildirishgan, bugungi kunda ular qamoqda ochlik e'lon qilib, O‘zbekistonga qaytarishlarini talab qilishmoqda.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, Ishid jangarilari sifatida 2017 yilda Iroq hukumati tomonidan qo‘lga olingan ayollarning 4 nafari umrbod va qolganlari 15 yildan 20 yilgacha qamoqqa hukm qilingan. Qamoqxonadagi sharoitlar qoniqarli bo‘lmagani bois 2019 yil Iroq hukumati bilan kelishuvga asosan mahkuma ayollarning 64 nafar farzandi O‘zbekistonga olib kelinib, yashash manzilidagi qarindoshlari qaramog‘iga hamda mehribonlik uylariga topshirilgan.
“Mazkur mahkuma ayollarning jazo muddatlari nihoyasiga yetganidan so‘ng, xalqaro huquq normalariga asosan ularni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘riladi”, deyilgan xabarda.
Shu tariqa Bosh Prokuratura tarqatgan xabar O‘zbekiston hukumatining o‘zbek ayollarini vatanlariga qaytarish niyati yo‘qlini anglatadi. Eltuz voqealar jarayonini kuzatishda davom etadi. Kanallarimizga obuna bo‘lishni unutmang.